OAVga "yopiq" Srechko Katanecning O'zbekistondagi 1244 kunlik sarguzashti
29 jan 17:45
Yangiliklar
OAVga "yopiq" Srechko Katanecning O'zbekistondagi 1244 kunlik sarguzashti
Sloveniyalik mutaxassis 2021-2025 yillar davomida terma jamoamizni boshqarib bordi. Ushbu vaqt ichida mamlakatimizning asosiy jamoasi chiroyli g'alabalar va alamli mag'lubiyatlar tamini totishga ulgurdi. Srechko Katanecning to'rt yillik faoliyati qanday o'tdi? Keling, ushbu vaqt ichiga bosib o'tilgan yo'lga nazar tashlaymiz.
SHartnoma imzolanishi
19.08.2021
Iroq terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketgan Katanec 19 avgust kuni tunda Toshkentga uchib keldi. Tez orada sloveniyalik mutaxassis O'FA bilan muzokaralarning so'nggi bosqichini o'tkazadi.
27.08.2021
Srechko Katanec O'FA bilan shartnomaga qo'l qo'ydi va rasman terma jamoamizning yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi. SHu munosabat bilan matbuot anjumani ham tashkil etildi.
"Barchaga xayrli kun. Men va murabbiylar shtabim bilan shu erda ekanimdan xursandman. O'FA rahbariyatiga ishonch uchun rahmat aytmoqchiman. Videorolik uchun rahmat aytaman, ko'p narsa yodimdan chiqqan ekan. Futbol bir joyda turmaydi. Albatta, bizning maqsadimiz – Jahon chempionatiga chiqish, ammo ungacha qiladigan ishlarimiz ko'p. Yosh va quvvatga to'la jamoa tuzishimiz kerak. Matbuot vakillarining ham yordami kerak bo'ladi. Jamoa yutganida ham, yutqazganida ham qo'llab-quvvatlashingizni so'rab qolaman.
Hammamiz bir xil insonlarmiz. Albatta, o'zbek futboli jamoatchiligi muhim, balki eng muhimidir. Futbol muhitini aynan sizlar yaratasizlar. Yutamizmi yoki yutqazamizmi, sizlar tanqid qilishga haqlisizlar. Agar nimadir o'xshamasa, buni to'g'ri qabul qilaman. Ammo har doim sizlar bilan birgalikda yo'l topib ishlashga umid qilaman. Maqsadimiz — har bir bahsda g'alaba qozonish!
Ijtimoiy tarmoqlarda: feysbuk yoki instagramda umuman sahifalarim yo'q. CHunki buning uchun vaqtim ham yo'q. OAV uchun doim ochiqman va doimo birga ishlashga tayyorman", - deya javob bergandi Katanec o'zbek futbol ommasi bilan muloqotda bo'lish haqidagi savolga.
Biz atigi 1 hafta oldin O'zbekistonga keldik. Oldimizda turgan asosiy vazifa Jahon chempionatiga chiqish. Ko'plab yoshi katta futbolchilar terma jamoadan ketdi, ularnining o'rnini yoshlar bilan to'ldirish kerak. Oldingi murabbiylar haqida gapira olmayman. Sizlar yaxshiroq bilasizlar. Terma jamoada men digan narsa yo'q, terma jamoada biz degan narsa bor!", - degan edi Srechko Katanec dastlabki nutqida.
Srechko Katanecning MTJdagi debyuti
5.09.2021
O'rtoqlik uchrashuvi.
SHveciya - O'zbekiston 2:1
Stokgolm. "Friends Arena".
Gol: Abdulla Abdullaev (avtogol), 6, 1:0, Isaak Kize Telin, 35, Eldor SHomurodov 70, 2:1
"Jamoa ushbu o'yinda ko'rsatgan natijadan qoniqdim. Biz juda yaxshi o'ynadik. Albatta, bazi xatolarga ham yo'l qo'ydik, bu esa normal holat. Jamoamizda yosh o'yinchilar juda ko'p. Endi biz bu yoshlar bilan yangi jamoa qurishimiz kerak. Umuman olganda, bizda bor o'yinchilar va ularning o'yinidan qoniqish hosil qildim. Kelajakda ham shu ruhda davom etishimiz kerak. Kuchli jamoalar bilan kuchli o'yinlar ko'rsatishimiz kerak. SHveciya termasiga kelsak, ular bir necha yillardan beri yuqori darajada o'yin ko'rsatib kelishmoqda. Bizga qarshi ikkinchi tarkib o'ynagan bo'lsa ham, ular juda ajoyib o'yin ko'rsatishdi. Ular bir necha kun oldin Ispaniyani mag'lub qilishdi. Bu biz uchun albatta, ajoyib tajriba bo'ldi".
Srechko Katanecning dastlabki g'alabasi
09.10.2021
Xalqaro o'rtoqlik uchrashuvi
O'zbekiston - Malayziya 5:1
Amman. "Amman International Stadium"
Gollar: Doston Hamdamov 17, - 1:0. Doston Hamdamov 29, - 2:0 (Jaloliddin Masharipov). Husayn Norchaev 33, - 3:0 (Farruh Sayfiev). Badrol Baxtiyar 45+1, - 3:1, Ibrohimhalil Yo'ldoshev (Jaloliddin Masharipov) 68, - 4:1, Aziz Amonov (Igor Sergeev) 87, - 5:1
"Muxlislarga o'yin oson o'tgandek tuyilishi mumkin. Aslida esa, uchrashuv juda qiyin kechdi. Sababi, jamoamiz 90 daqiqa davomida pressing amalga oshirdi, xushyor o'ynashga harakat qildi. Maydon markazidagi to'p uchun kurashlarni ko'pini yutib chiqdik.
To'g'ri, bugun bitta gol o'tkazib yubordik. Ammo, u golda faqat himoya chizig'ini ayblash noto'g'ri bo'ladi. CHunki, biz birinchi bo'lim so'ngiga kelib nafaqat himoyada, balki hujumda va maydon markazida ham biroz tempni tushirdik, agressiv o'yin ko'rsatmadik. Futbolchilar birinchi bo'lim tugadi degan kayfiyatda harakat qilishdi va shuning oqibatida gol o'tkazib yuborishdi. Umuman olganda esa, men himoyamiz va umman jamoaviy o'yinimizdan to'liq qoniqish hosil qildim".
Dastlabki yirik mag'lubiyat
12.10.2021
Xalqaro o'rtoqlik uchrashuvi
O'zbekiston - Iordaniya 0:3
Gol: Faisal Baha 30, 0:1, Al Nasib Abdullox 56, 0:2, Hamza Al Dardur 83, 0:3
Srechko Katanec koronavirusga chalindi
12.01.2022
"Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanec Dubaydagi yig'inga Sloveniyadan etib kelishi rejalashtirilgan edi. Biroq, bevosita ketish oldidan topshirilgan test musbat natijani keltirib chiqargan. SHu tariqa, sloveniyalik mutaxassis o'z yurtida karantin o'tashga majbur bo'ldi. Umid qilamizki, karantin davri tugagach, murabbiyimiz o'z sog'lig'ini tiklagan holda terma jamoa boshqaruviga qaytadi. Unga qadar Katanesning yordamchi murabbiylari yig'inning boshlang'ich qismida terma jamoani boshqarib turadi", - deya xabar bergandi O'FA matbuot hizmati.
Osiyo Kubogi-2023 qura natijalari
22.02.2022
"Quradan avval ham favorit edik, chunki reyting jihatdan qaraydigan bo'lsak, O'zbekiston terma jamoasi boshqa terma jamoalarga qaraganda yuqoriroqda joylashgandi. O'ylashimcha, quradan keyin ham favoritligimizni saqlab qolganmiz. Lekin o'z tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, jamoani iloji boricha yaxshiroq tayyorlashimiz, futbolchilarni ruhlantira olishimiz hamda o'yin boshlanmasidan oldin yutqazish kerak emasligini futbolchilarga etkazib bera olishimiz lozim. SHu sababdan, futbolchilar bilan juda qattiq mehnat qilishimiz hamda o'zimizni eng yaxshi darajada tayyorlay olishimiz talab etiladi. Aks holda, bilamizki, futbolda o'ziga xos syurprizlar yuzaga kelishi mumkin.
Qisqa qilib aytganda, O'zbekiston doimgidek Osiyo kubogiga yo'l olishi kerak, biroq hech qaysi o'yinni boshlanmasdan avval yutib bo'lmaydi. O'zbekiston favorit sifatida ko'rilmoqda, men, murabbiylar shtabi hamda futbolchilar birgalikda oldinda kutib turgan o'yinlarda g'alaba qozonib, Osiyo kubogiga yo'llanma olish uchun zarur bo'lgan barcha ishlarni amalga oshiramiz. Tez orada Toshkentga qaytaman hamda boshqa masalalarni o'sha erda muhokama qilamiz. O'zbek xalqiga, barcha O'zbekiston fuqarolariga sog'lik-salomatlik tilab qolaman, chunki bu eng asosiysi hisoblanadi. Barcha yaxshi tilaklarni bildirib, ko'rishguncha deb qolaman"
"Navruz Cup-2022" musobaqasi
24.03.2022
"Ushbu musobaqa biz uchun yangi futbolchilarni sinab ko'rish va kamroq maydonga tushganlarni sinovdan o'tkazib olaman. Legionerlarimizning hozirgi formasi qandayligini kuzatamiz. Bunday darajadagi o'yinlarda mahalliy futbolchilarimiz qanchalik tayyorligini ko'rib olamiz, o'z navbatida biz har bir o'yinda g'alaba uchun maydonga tushamiz", - degandi Katanec musobaqadagi dastlabki uchrashuvdan oldin.
"Bugun maydonda "Navbahor" o'ynadimi yoki terma jamoami, tushunmay qoldim. Iltimos, kim terma jamoa o'yinlariga kelsa terma jamoani oxirigacha qo'llab-quvvatlasin!", - dedi Katanec Qirg'izistonga (3:1) qarshi bahsdan so'ng.
"Eng zaif chizig'imiz – himoya? Bu fikringizga to'liq qo'shilmagan bo'lardim. Himoyamiz bilan hammasi joyida. To'g'ri, gol o'tkazib yubordik, ammo bu himoyadagi xatolar tufayli bo'lmadi. Agar ular urgan birinchi golni ko'rganingizda bunday demagan bo'lardingiz. Ugandaning ikkinchi goli chiroyli chiqdi, himoyachilarimiz to'sqinlik qila olishmadi", - deya fikr bildirdi Katarenc Uganda qarshi kechgan final bahsidan so'ng.
Osiyo Kubogi-2023 saralash musobaqasi
07.06.2022
"Assalomu alaykum. Jamoa ertangi o'yinga tayyor. Biz faqat ertaga emas, barcha o'yinlarda g'alaba uchun harakat qilamiz. Biz diqqat etiborni saqlagan holda o'ynashimiz kerak. Hech kim o'yin boshlanmasdan oldin g'alaba qozona olmaydi, shu bois o'yinga futbolchilarni yaxshi tayyorlashimiz kerak. Barcha jamoalarni hurmat qilishimiz kerak, aks holda futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin va sizni jazolashlari mumkin"
"Haligacha jamoa shakllanishda davom etmoqda. SHukurov, SHomurodov, Masharipov kabi futbolchilar jamoaning asosiga aylandi. O'ylaymanki, bular bilan jiddiyroq natijaga erishamiz. Bizda yosh talantli futbolchilar ham ko'p. Terma jamoaga nafaqat jamoaviy o'ynaydigan, balki individual o'yinchilar ham kerak, chunki bularsiz pas bilan natijaga erishib bo'lmaydi", - degan edi Srechko Katanec SHri-Lankaga qarshi kechgan bahsdan so'ng.
"O'zimiz qilishimiz kerak bo'lgan ishni amalga oshirdik. Barchani g'alaba bilan tabriklayman. Maldiv orollari murabbiyini ham tabriklayman. Ular himoyaga yotib olmasdan, ochiq o'yin taklif etgan holda yaxshi o'yin namoyish etdi. Ular kelgusida o'sadigan jamoa hisoblanadi", – deya fikr bildirgandi termamizning sobiq ustozi Maldiv orollariga qarshi kechgan bahsdan so'ng.
"SHuningdek, futbolchilarga ham minnatdorchilik bildiraman. Bugun yaxshi o'yin namoyish etdik. To'g'ri, oldinga bahslarda ham ishonchli o'ynaganmiz, biroq bugungi o'yin eng yaxshisi edi. Uchrashuv davomida kamida 5-6 ta gol urishimiz mumkin edi. Endilikda qolgan o'yinchilarni ham kuzatamiz. Sentyabr va noyabr oylarida FIFA kunlari o'tkaziladi. O'ylaymanki, bundan foydalanib, kuchli jamoalar bilan o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazamiz", - degan edi Katanec Tailandga qarshi kechgan bahs yakuniga ko'ra.
Kamerun va Kosta-Rika terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik bahslari
19.09.2022
"Kamerun o'yinlarini kuzatdim. Iskanderov Kamerunga qarshi o'ynay olmaydi. Kamerunga qarshi o'ynash boshqa daraja. Ularning eng kichkina futbolchisi 1.80 sm bo'yga ega. Hammasi jismoniy tomonlama baquvvat futbolchilar. Balki noyabr oyidagi yig'inga Iskanderovni chaqirarmiz".
Qozog'istonga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi
16.11.2022
"To'g'ri, siz va ko'pchilik uchun bu derbi bo'lishi mumkin. Lekin men fikrimni o'zgartira olmayman. Bu murabbiy sifatida men uchun navbatdagi o'rtoqlik o'yini. 2007 yildagi o'yinda janjal yuzaga kelgan, lekin terma jamoalarda o'sha tarkibdan hozir hech kim qolmagan. Albatta, futbolchilar astoydil g'alaba uchun harakat qilishadi. Legionerlar kech etib kelishdi, bir yarim kungina to'liq mashg'ulot olib bora oldik. Bu bizga muammo keltirib chiqaradi. Hozir ko'pchilik bu o'yinga jiddiy ahamiyat qaratishni so'ramoqda. Lekin men ham taktik ishlanmalar ustida ishlashim mumkin. Agar menda sehrli tayoqsa bo'lganida, har bitta o'yinda g'alaba qozongan bo'lardik. Biroq men bu erga murabbiy sifatida rasmiy o'yinlarni yutish uchun taklif qilinganman. Bu bahs oldidan hech qanday bosim him qilmayapman".
"Bugungi o'yindan olgan taassurotlarim ijobiy, sababi bugun g'alabaga erishdik. Taktik jihatdan yaxshi o'yin ko'rsatdik. Hozirgi holatdan kelib chiqib, yigitlar ham eng yaxshi o'yinini ko'rsatishga harakat qilishdi. Ular barcha taktik ko'rsatmalarni amalga oshirishdi. Biroq jismoniy tarafdan ancha ishlashimiz lozim. O'ylaymanki, bu borada ham yaxshilanishga erishamiz", - o'yindan keyingi fikrlar.
Rossiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi
19.11.2022
"Doim himoyamiz kuchsiz, degan savol beriladi, ammo himoya hujumdan boshlanadi. Agar barcha poziciyalar yaxshi o'ynasa, natija ijobiy bo'ladi. Hujumchi va yarim himoyachilar o'z ishini yaxshi qilmasa, demak, himoyachilarga ish ko'payadi. Zamonaviy futbolchi har bir poziciyada alohida o'ynashi ilojsiz. Kuchli jamoalarga qarasangiz, himoyalanishga faqat himoyachilar javobgar emas. Himoyachi beradigan birinchi pas hujumga shiddat berishi mumkin".
"Uchrashuvdan olgan taassurotlarim yaxshi. Natija adolatli bo'ldi deb ayta olaman. Tarkiblarga nazar soladigan bo'lsak, jamoamiz ikkinchi o'yinda maydonga tushmoqda, shu sababdan jismoniy tarafdan muammolar uchragan bo'lishi mumkin. Qolaversa, Rossiya terma jamoasi Tojikistonga qaraganda butkul boshqa tarkibda maydonga tushdi. SHunga qaramay, birinchi bo'limda Rossiya terma jamoasida deyarli imkoniyat yuzaga kelmadi, biz esa ikkita qarshi hujum tashkil etdik. O'sha vaziyatlardan birida Erkinov SHomurodovga aniq pas bera olganida, qulay imkoniyat sodir etardik. Ikkinchi bo'limda esa yosh va yangi o'yinchilarni sinab ko'rish maqsadida o'zgarishlarni amalga oshirdim. SHu sababli, uchrashuvdan qoniqdim, deyishim mumkin", - o'yindan keyingi fikrlar.
Osiyo Kubogi-2023 qura natijalari
11.05.2023
"Qura natijalari haqida gapiradigan bo'lsam, barcha guruhlar bir-biriga yaqin darajada, yani har bir guruh juda murakkab. Bizning guruhdagi Avstraliya Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri sanaladi. Suriyani ham hurmat qilamiz. Ularda kuchli futbolchilar, shu jumladan, yaxshi hujumchilar mavjud. SHu bois, bu jamoaga qarshi o'yinda ehtiyot bo'lishimiz lozim. Hindistonning turnirda bor kuchini berib o'ynashiga ishonaman. Ularning bazi uchrashuvlarini kuzatganman. Jamoada bosh murabbiy xorvatiyalik Igor SHtimac hisoblanadi. U juda yaxshi mutaxassis va jamoani turnirga yaxshi tayyorlay oladi. O'ylaymanki, biz qita birinchiligiga tayyor holatda boramiz. Barcha futbolchilarimiz jarohatlarsiz musobaqaga etib borishiga umid qilaman. Yaxshi natija ko'rsatishimizga ishonaman".
CAFA Nations Cup-2023 musobaqasi
10.06.2023
"Barcha biladi, biz ushbu turnirga tayyormiz. Bir nechta yig'inlar orqali ko'p o'yinchilarni sinab ko'rdik. Ayrim sabablarga ko'ra asosiy tarkibdagi futbolchilarimiz bizga yordam bera olishmaydi, shu sabab yangi va yosh futbolchilarga imkoniyat beramiz. Agar ular o'zini yaxshi namoyish etsa, terma jamoada muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lishadi. Ushbu musobaqa Osiyo Kubogi uchun tayyorgarlik bo'ladi".
"O'zingiz ko'rganingizdek, o'yin yaxshi bo'ldi. Yigitlarni g'alaba bilan tabriklayman. Birinchi bo'limda yaxshi o'ynadik, ikkinchi taymning boshida esa muammolarga duch keldik. Ob-havo ham biroz noqulay edi, shunga qaramay yigitlar yaxshi o'yin o'tkazishdi",- dedi Katanec O'monga qarshi bahsdan so'ng.
AQSH va Meksika terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik bahslari
04.09.2023
"Bo'lajak o'yinlarga munosib tayyorlanish kerak. AQSH va Meksika men bosh murabbiy bo'lganimdan keyingi eng kuchli raqiblaringiz bo'lishi mumkin. O'zimizning holatimizni bilib olish uchun yaxshi imkoniyat".
Srechko Katanec terma jamoa bilan birga AQSHga uchib keta olmadi
07.09.2023
O'z pasportida ko'plab Osiyo davlatlarining kirish vizasiga ega bo'lgan Srechko Katanec Istanbul aeroportida ushlab qolindi va terma jamoa bilan AQSHga uchib keta olmadi.
AQSHga qarshi o'yin
10.09.2023
O'rtoqlik uchrashuvi
AQSH - O'zbekiston 3:0
"City Park" stadioni, AQSH
Gol: 1:0 — 4, Tim Vea, 2:0 — 90, Rikardo Pepi, 3:0 — 90, Kristian Pulishich.
Meksikaga qarshi bahs
13.09.2023
"Uchrashuv yaxshi o'tdi, ehtimol biz bundan-da ko'prog'iga munosib edik. Meksikadek terma jamoaga qarshi o'yin biz uchun yaxshi tajriba bo'ldi. Meksika juda kuchli va texnikali futbolchilarga ega jamoa. Birinchi taymda raqibning bir qancha asosiy futbolchilari zaxirada qolgan bo'lsa-da, ular yaxshi o'yin namoyish etdi.
Biroq yigitlardan xursandman, o'yindan ko'nglim to'ldi, chunki aksar futbolchilarimiz klublarida etarlicha o'yin amaliyotiga ega bo'lmayotgan edi. Umid qilamanki, keyingi oy Jahon chempionati saralash o'yinlarigacha ular yanada yaxshiroq sport formasida bo'lishadi. Men ular bilan faxrlanaman va biz o'sishda davom etamiz”.
Xitoyga qarshi o'yin
15.10.2023
"Jamoamiz o'yinga tayyor. Barcha futbolchilarimiz o'yinga tayyor. Jarohat yoki bosh muammolar yo'q. SHunday ekan, o'yinga tayyormiz deya olaman.
Ertaga biz uchun eng muhimi futbolchilarimizning jarohat olmasligi. Bunday maydon juda xavfli hisoblanadi. Bu oddiy o'rtoqlik uchrashuvi, natija hech qanday ahamiyatga ega emas. SHu sabab ham biz boshqacha uslubda o'ynashimiz mumkin. Ko'p futbolchilarga imkon berish, har xil taktikalarni sinab ko'rish ehtimolimiz bor. Eng asosiysi futbolchilarimizning hamjihatligini taminlash va keyingi muhim o'yinlarga tayyor holda etib kelish".
"Biz bugun g'alaba loyiq o'yin ko'rsatdik. O'zbekiston terma jamoasi 90 daqiqa davomida hujum qildi, raqibimiz esa yaxshi himoyalandi. Birinchi bo'limdan unchalik ham ko'nglim to'lmadi. O'yinchilarimiz to'p bilan juda sekin ishlashdi va buning natijasida xatolar etarli bo'ldi. Ikkinchi bo'limda biz boshqacha o'yin ko'rsatdik, xatolarimizni to'g'riladik. Bahsda yaxshi harakat qildik va gollar urdik. Bu g'alaba bilan futbolchilarni tabriklayman", - degan edi Katanec uchrashuvdan so'ng.
JCH-2026 saralashi saralashi boshlanmoqda. Dastlabki raqib - Turkmaniston
15.11.2023
"To'liq jamoa bo'lib birgina mashg'ulot o'tkazdik. Bilasiz, O'zbekiston terma jamoasida ko'p mashg'ulot o'tkazish uchun imkoniyat bo'lmaydi. SHu sababli ertaga bizni qiyin uchrashuv kutib turibdi desa ham bo'ladi. Raqib ham yaxshi jamoa. Umuman olganda, barcha raqiblarga katta hurmat bilan qarash kerak. Turkmaniston termasining bir qancha yaxshi futbolchilari bor. Ertangi o'yinda futbolchilarimdan maksimal kuch bilan o'ynashlarini talab qilaman.
Ertaga suniy maydonda o'ynaymiz. Umuman olganda, bunday darajadagi o'yin uchun bu unchalik yaxshi holat emas. Men uchun bu futbol emas, shunchaki, sportning boshqa turi, balki, buni futzal yoki boshqa nimadir deb ham nomlasa bo'ladi. Bu maydonda futbolchilarning jarohat olishi ham osonlashadi, shuningdek, boshqa xavf ham bor. Turkmaniston termasining vingerlari juda tez, ular standart holatlarida juda xavfli qurolga aylanishadi. Bu futbol, ular birinchi bo'lib gol urishlari mumkin, biz ham urishimiz mumkin. Saralashning ilk o'yini barcha uchun juda muhim.
Albatta, hozirdan kim o'ynay olishini ayta olmayman. Biroq ertaga o'zimizning eng yaxshi o'yinimizni namoyish qilishga harakat qilamiz. Bunga vada beraman. Bu terma bilan ishlayotganimga 2 yildan oshdi. Jamoani o'yinga tayyorlash borasida hali muammo bo'lgani yo'q. Futbolchilar doimo 100 foiz kuch bilan o'ynashadi. SHu bois ertaga chiroyli o'yin ko'rishimiz mumkin".
"Biz g'alabaga loyiq edik. Men yigitlarim namoyish etgan o'yindan ko'nglim to'ldi. Bugungi uchrashuv biz uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Agar bugun g'alaba qozona olmaganimizda keyingi uchrashuvga qadar katta bosim bo'lardi, deb o'ylayman. Turkmaniston terma jamoaga bitta zarba berib hisobni ochdi. Natijani meni qoniqtirdi.
Nima sababdan g'alaba qozondik? Biz Turkmanistonga terma jamoasiga tinimsiz bosim qildik. Raqibga nisbatan ko'proq hujum qildik. Mening jamoamning darajasi ham yaxshiroq. Maydon dahshatli holatda edi. Men bunday maydonda futbol o'ynashni tasavvur qila olmayman. Turkmaniston terma jamoasi esa bunday maydonda har doim o'ynaydi va ular uchun bu normal holat. Mening futbolchilarim esa suniy qoplamada bir yilda bir marotaba o'ynashi mumkin. Suniy maydonda to'p boshqacha harakatlanadi. O'yin tezligi tushadi, to'pning sapchishi ham boshqacha. O'zbekistondan kuchli terma jamoalar ham bunday maydonlarda mag'lub bo'lishi mumkin. Suniy maydonda himoyaviy o'yin namoyish etish ancha oson. JCH-2018 saralashida ham KHDRga suniy maydonda o'ynab yutqazganmiz. JCH-2022 saralashida ham Falastinga mag'lub bo'lganmiz. Yana o'sha suniy maydon bizga to'sqinlik qilgandi. O'yindan avval yigitlarga biz raqibdan kuchliroq ekanligimizni, ammo biz buni maydonda yana bir isbotlashimiz kerakligini aytgandim", - deya fikr bildirdi bosh murabbiy Turkmanistonga qarshi kechgan o'yindan so'ng.
Eronga qarshi o'yin oldidan (mashg'ulotlardan birida)
17.11.2023
"Yana bir bor g'alaba bilan tabriklayman. Hali hech narsaga erishmadik. Bu oddiy 3 ochko. Birinchi bo'limda qanday o'ynaganimizni bilasizlar. Xatolarimiz bo'ldi. To'g'ri, maydon faktori sabab bo'lishi mumkin. Lekin Eronga qarshi bunday o'ynab bo'lmaydi. Raqib jiddiy. SHuning uchun diqqatni yo'qotmaymiz. Do'stlar, tanish-bilish yaxshi. Lekin har doim koncentraciyani saqlash, mashg'ulotda ham borini berib ishlash kerak. Har bir mashqni tezroq bajarishga harakat qiling. Tezkor qaror, tezkor paslar zarur.
Ko'ryapman, sekin yuribsizlar. O'yin paytida sekin harakat qilib bo'lmaydi, tezkor qaror qabul qilish kerak. Bu mashg'ulotdan boshlanadi. Boshqa narsani o'ylamaymiz. Bilaman hammani ota-onasi bor. Lekin biz professionalmiz. Diqqat - etiborni saqlagan holda ishlaymiz. Ijobiy natijaga erishish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz. Biz Eronni yutamiz. Faqat birdamlik bilan, kompakt o'ynab bunga erishish mumkin. Biroz diqqatni yo'qotsak, muammo yuzaga keladi", - dedi Srechko Katanec.
Eronga qarshi o'yin
20.11.2023
"Eron terma jamoasini hurmat qilaman. Haqiqatan ham Eron terma jamoasi juda kuchli, ular Osiyoda eng kuchlilaridan biri. Futbolchilarga motivaciya berishim ham shart emas, ular barchasini tushunib turishibdi. Ertaga qarshi o'ynash har doim qiyin, lekin futbol uchrashuvi har doim 0:0 hisobidan boshlanadi. Ertangi uchrashuv futbolchilar uchun haqiqiy chaqiruv bo'ladi, biroq biz xotirjammiz, so'ngi uchrashuvlarda ko'p gollar uryapmiz. Eronga qarshi kechagidan bahsda biz aslida nimaga qodir ekanligimizni bilib olamiz.
Biz oddiy tayyorgarlik olib boryapmiz. Ko'p gapirishni istamayman. G'oliblik ruhi futbolchilarning klublardagi faoliyatiga ham bog'liq. Ular top-klublarda o'ynab, yaxshi natijalarga erishishsa, termaga foyda, chunki shunda ularning ruhiyati ham yaxshi holatda bo'ladi. Ertangi uchrashuv sinov bo'lishi aniq.
To'g'risini aytsam, men yigitlarni kichik terma jamoalarga qarshi tayyorlashim og'irroq kechadi. Katta uchrashuvlarda esa futbolchilarga motivaciya berib o'tirishning hojati yo'q. Ertaga qanday natija qayd etilishidan qati nazar hech nima o'zgarmaydi. Biz asosiy maqsadimizga erishsak bo'lgani".
"Bugun o'yinni zaxiradan tomosha qilish oson bo'lmadi. Eronga qarshi erishilgan durang - yaxshi natija va men yigitlarni tabriklayman. Birinchi bo'limda ko'proq agressiv o'yin namoyish etishimiz kerak edi deb o'ylayman. Lekin ikkinchi taymda o'yinimizni yaxshiladik. 2:0 hisobidan durangga erishdik va bu juda yaxshi natija deb hisoblayman. Gollarni o'zimizning aybimiz tufayli o'tkazib yubordik", - dedi Katanec Eronga qarshi durangdan so'ng.
Osiyo Kubogida ishtirok etadigan tarkib elon qilindi
30.12.2023
Darvozabonlar: Botirali Ergashev (OKMK), O'tkir Yusupov ("Navbahor"), Abduvohid Nematov ("Nasaf").
Himoyachilar: Abduqodir Husanov ("Lans"), SHerzod Nasrullaev ("Nasaf"), Farruh Sayfiev ("Paxtakor"), Xojiakbar Alijonov ("Paxtakor"), Zafarmurod Abdirahmatov ("Nasaf"), Rustam Ashurmatov ("Rubin"), Umarbek Eshmurodov ("Nasaf"), Husniddin Aliqulov ("Rizespor"), Muhammadqodir Hamraliev ("Paxtakor"), Abdulla Abdullaev ("Xorfakkan").
Yarim himoyachilar: Jamshid Iskanderov ("Navbahor"), Hojimat Erkinov ("Paxtakor"), Otabek SHukurov ("Fotih Karagumruk"), SHahboz Umarov ("Ordabasi"), Abbosbek Fayzullaev (CSKA), Aziz Turg'unboev ("Paxtakor"), Odiljon Hamrobekov ("Paxtakor"), Diyor Holmatov ("Paxtakor"), Jamshid Boltaboev ("Navbahor"), Jaloliddin Masharipov ("Panserraykos"), Oston O'runov ("Navbahor").
Hujumchilar: Eldor SHomurodov ("Kalyari"), Igor Sergeev ("Patum Yunayted"), Bobir Abdiholiqov ("Ordabasi"), Azizbek Amonov ("Nasaf").
Osiyo Kubogi boshlanmoqda
12.02.2024
Biz o'zimizning eng yaxshi o'yinimiznimizni ko'rsatishni maqsad qilganmiz. Hammasi oddiy, ertaga uchrashuvda g'alaba qozonish uchun maydonga chiqamiz.
Oldin bir necha marta Suriyaga qarshi o'yinlar o'tkazganman. Ular juda kuchli va keskin jamoa, jangovarlik juda yuqori. Hozir ular haqida barcha narsani bilamiz, ular ham biz haqimizda hamma narsani bilishadi. Bu safar raqib tarkibida yangi futbolchilar bor. Bir nechta kuchli legionerlar ham bor. Bu albatta ularning kuchli tarafi. Suriyaga qarshi o'yin juda qiyin bo'ladi. Umid qilamanki, biz yaxshiroq harakat qilamiz.
Men ancha yildan beri futboldaman. Har safar yangi narsa o'rganman. Oldin zo'r harakat qilgan futbolchi, bu safar yomon o'ynashi mumkin. Futbol shunisi bilan qiziq. Hammasi vaziyatga, referilarga va holatga bog'liq. Umuman har bir detal muhim. Oldindan hech narsani bila olmaymiz. Bizning ishimiz o'z o'yinimizni ko'rsatish va tartibni saqlash".
"Natijadan qoniqmadim. Butun o'yin davomida hujumlar qilaverdik, ammo gol ura olmadik. Yigitlarga hech narsa deya olmayman. Suriya 90 daqiqa himoyalandi. Qanday gol urishni bila olmadik. Boshqa aytadigan gapim yo'q.
Men raqib bunchalik zich himoyalanishini kutmagandim. Bu noqonuniy emas, albatta. Suriya terma jamoasi shunchaki bunker qurdi. Siz raqib qanday o'ynasa, shunga moslashishingiz kerak. Himoyaviy o'ynash ayb emas. Tajribamda ko'p o'yinlarni shu tarzda yutqazganman", - degandi Katanec Suriyaga qarshi o'yindan so'ng.
Hindistonga qarshi bahs
17.01.2024
"Albatta, agar Hindiston hujumkor o'yin ko'rsatadigan bo'lsa, bu bizga qulayroq bo'ladi. Hindistonning o'yinini tomosha qildik. Jamoa yaxshi shakllangan, tartibli, shu bilan birga, ular juda agressiv. Biz bo'sh nuqtalar topishimiz kerak. Kecha Saudiya Arabistoni qanday gol urganini ko'rdingiz. Bir futbolchi uch himoyachidan o'tib, gol urdi. Bu qiyin bo'ladi, ammo men jamoamni shunga tayyorlashim kerak. Asosiysi, biz ertaga sabrli bo'lishimiz kerak".
"Hurmat bilan aytaman, men o'zbek jurnalistlari nima yozayotganini umuman o'qimayman. Tarjimonim Davrondan ham menga o'zbek matbuoti nima deb yozayotganini hech qachon aytmasligini so'raganman. Men bor etiborimni o'z ishimga qaratganman. Jurnalistlarni hurmat qilaman, ammo tabiatim shunday. Bugungi taktikamiz bo'yicha xohlaganingizcha yozishingiz mumkin.
Sizlar menga xat jo'natinglar. Bu xatda menga Avstraliyaga qarshi kimlar o'ynashi kerakligini yozing. Agar bu reja ish bersa yaxshi, ammo biz mag'lub bo'lsak kim javobgar bo'ladi? Masala shunda. Jurnalistlar natijaga javob berishmaydi. Siz istagan narsangizni yoza olasiz, ammo natijaga men javob beraman. Farqimiz shunda. Jurnalistlar terma jamoamiz ichidagi 10% malumotni bilishi mumkin. Qaysidir o'yinchida jarohat borligi va hokazo. Oldimizda Avstraliyaga qarshi muhim o'yin kutib turibdi. Biz bor etiborimizni shu o'yinga qaratganmiz", - deya fikr bildirdi Srechko Katanec Hindistonga qarshi bahsdan so'ng.
Avstraliyaga qarshi o'yin
22.01.2024
"Avstraliyaning raqiblari ikkala o'yinda ham to'liq himoyalanishdi. Ertaga biz bunday o'yin ko'rsatmaslikka harakat qilamiz. To'g'ri takidladingiz, Avstraliya yaxshi shakllangan jamoa. Ular standart vaziyatlarda, burchak zarbalarida juda kuchli. SHu kabi holatlarda ehtiyotkor bo'lishimiz kerak. Umuman olganda, hammasi joyida. Men uchun hayron qoladigan hech narsa yo'q. Ertaga tarkibimizda biroz o'zgarish bo'ladi.
Umuman olganda, bizga raqibning ahamiyati yo'q. Tajribamda shunday vaziyatlar bo'lgan. Oxirgi Osiyo kubogida aynan shunday vaziyatga tushganman. Biz o'z o'yinimizni ko'rsatamiz. Bitta o'yindan keyin juda ko'p narsa o'zgarib ketishi mumkin. Futbolchilardan doim professional bo'lishlarini so'rayman. Hozirgi kunda istalgan jamoa bizga jiddiy raqib sifatida qaraydi"
"O'yindan oldin qiyin bo'lishini bilardik. Avstraliya jismonan o'ta kuchli jamoa. Biz bugun yaxshi futbol o'ynadik. Birinchi bo'limda bazi tushunmovchiliklar bo'ldi. Biroq, shu holatda ham 2-3 ta xavfli qarshi hujumlar uyushtirdik. Ikkiga bir qolgan holatimiz ham bo'ldi, ammo vaziyat ko'kka sovurildi. Endi dam olamiz va keyingi o'yin haqida o'ylashni boshlayman.
Hakamlarga eng yaxshisini tilayman. Ulardan vaziyatga ko'proq etibor berishlarini so'rayman. VARda qanday o'zaro aloqa qilishlarini bilmayman. VAR qanday ishlayotganini tushunish juda qiyin. Xamrobekov to'pni ko'rmagandi va yiqilayotgandi. Penalti qo'yilgani etmagandek, hakam sariq kartochka ham ko'rsatdi. Hakamlar har doim haq, ammo bu vaziyatda bilmadim. Agar bunday holatga penalti berilsa, bitta o'yinda 10 ta penalti belgilanishi kerak bo'ladi. Bugungidek xato sabab turnirni tark etganimizda nima bo'lardi? Umuman VARda juda ko'p tushunmovchiliklar bo'lmoqda. Hatto Evropada bu kabi holatlar kuzatilmoqda. "Real" va "Almeriya" o'yinida ham VAR bilan muammolar bo'ldi", - Avstraliyaga qarshi o'yindan keyingi fikrlar.
Tailandga qarshi uchrashuv
29.01.2024
"Ertangi o'yindan oldin bizda etti kun vaqt bo'ldi. Biz o'yinga tayyormiz. Ertaga nima bo'lishini kuzatamiz. Ertangi natija barchasini ko'rsatadi. Jarohatlarga kelsak, bizga bu muddat hech qanday yordam bermadi. Jarohatlangan futbolchilarimiz asosan uzoq muddatga safdan chiqishgan.
Musobaqadan oldin biz faqat bitta o'yinga tayyorlanishimiz va reja qilishimizni aytgandim. Tailand birorta gol o'tkazmagan. Yaxshi shakllangan jamoa. Ular kuchli pressing amalga oshirishadi. Himoyadan hujumga ham tez o'tishadi. Tailandga qarshi o'ynayotganimiz omad emas. Ha, bazi muhim o'yinchilarni yo'qotdik. Hozir ham yaxshi o'yinchilarimiz safda, ular ertaga jamoaga kerakli natijani qayd etishda yordam berishadi"
"O'yin menga juda yoqdi. Futbolchilarimning harakatidan qoniqdim. Ular yaxshi harakat qilishdi. Muxlislarga rahmat, ularni xursand qildik deb o'ylayman. Birinchi bo'limda bir necha gol kiritishimiz mumkin edi. Keyingi o'yinda bugungi kabi imkoniyatlarni ko'kka sovursak, keyingi bosqichga o'tishimiz qiyin bo'ladi.
Fikrimcha, siz bugungi g'alabimizdan xursand emasdek taassurot qoldiryapsiz. Hujumchisiz o'ynagan bo'lsak ham oldindagi uchta o'yinchi bugun yaxshi harakat qildi. Sal kamtarroq bo'laylik. Terma jamoa ichkarisidagi muammolarni ko'pchilik bilmaydi. Biz dunyoning eng zo'r jamoasi emasmiz. Bugungi g'alabamizdan qoniqishingiz kerak. Ishoning, bu oson emas. Oxirgi payt futbolchilarimizda o'yin amaliyoti kam edi. Masharipov oxirgi olti oy ichida qancha o'yin amaliyotiga ega bo'lganini bilasizmi? SHunday holatdan keyin uning bugungi ko'rsatgan o'yini oldida shlyapamni echaman. Bazida, Braziliya yoki Argentina terma jamoasi murabbiyimanmi deb o'ylab qolaman. Hozir imkoniyatlarimizdan kelib chiqib harakat qilyapmiz. Sal kamtarroq bo'lishimiz kerak", - Tailandga qarshi bahsdan so'ng.
Qatarga qarshi o'yin oldidan
02.02.2024
"Qiyin o'yin bo'lishini bilamiz. Etarlicha dam oldik. O'yinchilarimiz Qatar bilan bahsga tayyor. Men ham g'alaba qozonishi uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman. Ertaga yaxshi o'yin ko'rsatamiz deb o'ylayman.
Mag'lub bo'lganimni eslatganingiz uchun "rahmat". Ko'rfaz kubogi ochilish o'yinida Qatarni mag'lub qilganimni ham eslatib o'tmoqchiman. Mening ishim jamoani to'g'ri tayyorlash, ularga ishonaman. Qatarga qarshi to'g'ri o'yin qura olishimiz lozim. Qatar qo'rqishi kerak bo'lgan jihatlarimiz etarlicha. Murabbiy g'alaba qozonsa, uni barcha aqlli deb hisoblaydi. Aslida esa natija o'yinchilarning harakatlariga, o'sha paytdagi vaziyatga, jarohatlar va yana boshqa ko'p faktorlarga bog'lik bo'ladi. Biz allaqachon yaxshi bosqichgacha etib keldik. Qatarga qarshi o'yin oldidan qo'rqadigan narsamiz yo'q.
Ertaga oldimizda chorak final o'yini turibdi. Qatarga qarshi eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatishimiz shart. Men doim bitta o'yinga etibor qaratishimni aytib kelganman. SHunday ekan, bor etiborim Qatarga qarshi bahsda. Nima yaxshi, nima yomon keyin malum bo'ladi. Bizda yaxshi o'yinchilar etarli. CHorak finalga chiqdik, buyog'iga yo'qotadigan narsamiz yo'q"
Katanec hakamlar haqida gapira olmay qoldi.
Matbuot anjumanida davomida Alexando Senstarya ismli jurnalist, terma jamoamizning sobiq bosh murabbiyiga shunday savol beradi:
- Avstraliyaga qarshi o'yindan so'ng futboldagi eng xavfli narsalardan biri - hakamlarning qarori deb aytib o'tdingiz. Ertaga mezbon jamoaga qarshi o'ynaysizlar. Yomon gumonga boradigan bo'lsak, ertaga hakamlar bilan bog'liq sizga yoqimsiz holatlar ro'y berishi mumkinligidan qo'rqmaysizmi?
Matbuot anjumani rasmiysi: Bu savolni o'tkazib yuborishga majburmiz.
Srechko Katanec matbuot anjumani so'ngida: Boyagi jurnalistning hakam haqidagi savoliga qisqa javob berib ketmoqchiman. Ertaga hakamlarga omad!
Qatarga qarshi o'yindan so'ng
03.01.2024
"Hammasini o'zingiz ko'rdingiz. Bunday o'yindan keyin xafsalamiz pir bo'lishi turgan gap. Futbolchilar o'zlari ko'rsatgan o'yindan faxrlanishlari kerak. Yaxshi o'yin o'tkazdik. Penaltilar seriyasi esa har doim xavfli bo'ladi. Biz musobaqani tark etdik. Bu futbol, mag'lubiyatni qabul qilishimiz lozim. O'yin davomida yaxshi harakat qilgandik. Kutilmaganda gol o'tkazib yubordik. Hisobni tenglashtirib olganimizdan keyin Qatar hech qanday vaziyat yarata olmadi. Turnirda yomon ishtirok etmadik.
Men ularga himoyalaning deb aytibmanmi? Men ularga ortga qaytib, himoyalaning deganim yo'q. Dunyodagi biror murabbiy bunday demaydi. Bu futbolchilarga bog'liq. O'sha vaziyatdagi futbolchilarning ruhiy holatiga bog'liq. Ikkinchi bo'limda ko'p pressing qildik. Futbolchilar ham tabiiyki charchab qolishdi. Biz durangdan qoniqib harakat qildik demagan bo'lardim.
Hech narsa deya olmayman. To'g'risi, hakamlar chiqarayotgan qarorlar, VAR qanday ishlashini tushuna olmayman. Yaxshisi, bu mavzuga to'xtalmay qo'ya qolaman.
O'yinda doim boshqacha bo'ladi. Penaltilar seriyasi har doim xavfli bo'lgan. Mashg'ulotlar jarayonida qanday penaltini amalga oshirmaylik, haqiqiy o'yinda bari qiyinroq.
Yuqorida aytib o'tdim. Osiyo kubogida ko'rsatgan natijamizdan qoniqish hosil qildim. Biz yaxshi o'yin ko'rsatdik. SHuncha jarohat va muammolar bilan chorak final bosqichiga chiqqanimiz men uchun qoniqarli natija hisoblanadi.
Tez orada JCH saralashi. Terma jamoamiz kelajagini ishonsa bo'ladigan yoshlar bizda etarli. Ular o'sib kelishmoqda. Ushbu musobaqada ham yosh futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Mart oyida FIFA kunlari bo'ladi. Ushbu o'yinlarga tayyorgarlik ko'ramiz. Musobaqadagi ishtirokimiz yomon chiqqani yo'q. Mavjud imkoniyatlardan yaxshi natija qayd etdik deb o'ylayman. Kimdir qoniqmagan bo'lsa, bu ularning muammosi. Masalan, birinchi o'yinda Suriya bilan durang qayd etganimizda ko'pchilik bizni tanqid qildi. O'zbekistonlik jurnalistlar yoki yana boshqa shaxslar Suriyadan oson raqib yasab qo'yishgandi. Biz durangdan qoniqmagandik. Suriya terma jamoasi esa Eron bilan qanday o'yin ko'rsatganini barcha ko'rdi. Eronliklar faqatgina penaltilar seriyasidagina g'alaba qozona olishdi", - degan edi sloveniyalik mutaxassis o'yindan keyingi matbuot anjumanida.
Srechko Katanec "Mixed Zone"da ham o'zbekistonlik jurnalistga intervyu beradi, biroq jurnalistning tanqidiy savoli javobsiz qoladi
- Janob Katanec, biz Osiyo Kubogini tark etdik va o'rtacha natija qayd etdik. Jamoadagi kelajagingiz haqida nimalar deya olasiz? JCH saralashi uchun ham jamoada qolasizmi? Istefo haqida gap-so'zlar bo'lmadimi?
- Hazillashayapsizmi?(kuladi)
Srechko Katanec OFK rasmiy saytiga intervyu berdi
19.03.2024
"Jahon chempionatining saralash uchrashuvlariga yosh, tajribasiz va yangi futbolchilarni jalb etib, ularni o'yin uslubiga moslashtirish uchun vaqt yo'q, chunki bu juda murakkab. Bunday muhim bahslar oldidan bizni kelajakda nimalar kutayotganini bilishimiz zarur. Uzoq parvozlar va qisqa vaqt davomida etarli darajada mashg'ulot o'tkazmagan holda mezbon jamoaga qarshi bahs olib borish, so'ng parvoz va bir necha kundan so'ng yana o'yin o'tkazish oson bo'lmaydi.
Alijonov Osiyo kubogigacha bizning eng yaxshi futbolchilarimizdan biri edi, u oxirgi bir qancha uchrashuvlarda ajoyib o'yin ko'rsatdi, so'ng jarohati sababli maydonga tusha olmadi va hozir ham tarkibda emas. SHomurodov safga qaytdi, ammo biz uning jismoniy holatiga etibor qaratishimiz kerak
Biz maydonda borimizni berishimiz kerak. Hongkong Osiyo kubogida muvaffaqqiyatsiz ishtirok etgan bo'lishi mumkin, ammo ular avvalgi uchrashuvlarga qaraganda yangilangan tarkibga ega bo'lishlari aniq. Demak, bu bahs oson bo'lmaydi. Futbolchilarni o'yinga jiddiy yondashish kerakligiga ishontirish — mening vazifam. Ha, biz raqibga qaraganda ustundek ko'rinishimiz mumkin, lekin uchrashuvga tayyor bo'lmasangiz, futbol sizga kutilmagan syurprizlarni taqdim etishi mumkin. Agar oldindagi ikki o'yinda g'alaba qozonsak, katta ehtimol bilan, keyingi bosqich masalasini ijobiy hal etgan bo'lamiz.
Uchinchi yildirki jamoani qurishda davom etyapmiz. Biz Osiyo kubogida eng yaxshi hujumchisi turnirda ishtirok etmagan yagona jamoa edik. Agar SHomurodov safda bo'lganida uning eng kamida 4-5 ta gol urishiga ishonchim komil edi.
Eng katta o'zgarish shuki, jamoa avvalgiga qaraganda umuman boshqa uslubda o'ynamoqda. Men bazi futbolchilarni masuliyatni o'z zimmasiga olishlari kerakligiga ishontirdim. Ularda o'zlariga bo'lgan ishonch ruhi oshgan. SHu sababli, har qanday jamoaga qarshi bahsda yaratilgan imkoniyatlarning aksariyatidan unumli foydalanmoqdamiz. Biroq himoyaviy o'yin ko'rsatadigan jamoalarga qarshi muammolarimiz bor.
Futbolchilar men nimani istayotganimni yaxshi tushunishadi, bu juda muhim, chunki ular bilan har kuni ham birga ishlay olmayman va milliy jamoaga jalb etilganlarida, ulardan nima talab qilinayotganini bilishlari muvaffaqqiyat sari katta qadamdir".
Gonkongga qarshi bahs
20.03.2024
"Biz bu erga g'alaba qozonish uchun keldik. Bir hafta davomida o'yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko'rish uchun barcha ishni qilamiz. Iroq terma jamoasi murabbiyi sifatida avval Gonkong terma jamoasiga qarshi bahs olib borganmiz. Biroq bu umuman boshqa darajadagi o'yin edi. O'shanda raqib jamoa chuqur himoyalangan. Hozir vaziyat o'zgargan. Jamoa Osiyo kubogida ham yorqin o'yin namoyish etdi.
Gonkong Eronga qarshi va guruhdagi boshqa uchrashuvlarda bir qancha xavfli hujumlar tashkil etdi. Bu jamoa qanday qilib turnirda ochko qo'lga kirita olmagani va faqatgina bitta gol urgani hayratlanarli. Futbolchilarimga bu o'yinga oddiy bahs sifatida qaramasliklarini maslahat beraman. Kimdir oson o'yin bo'ladi deyishi mumkin, biroq unday emas. Gonkong tarkibida bir qancha braziliyalik mahalliylashtirilgan futbolchilar bor. Ushbu jamoani hurmat qilamiz".
"Birinchi navbatda jamoamni g'alaba bilan tabriklamoqchiman. Bugun yaxshi o'yin namoyish etdik va ajoyib ish bajardik. Uchrashuvda ko'p vaziyatlar yaratdik, ammo vaziyatlardan foydalana olmadik. Birinchi bo'limning o'zidayoq uchta gol urib, masalani hal etishimiz mumkin edi. Ikkinchi bo'limda esa raqib darvozasi yaqinida agressivroq o'ynashni boshladik va ikkita gol urdik. SHu bilan o'yin masalasi hal etildi. Bugungi natijadan ko'nglim to'ldi.
Osiyo kubogidan avval ham ushbu gapni ko'p marotaba aytganman. Eldor men uchun eng muhim o'yinchi. SHomurodov terma jamoada tarixidagi eng yaxshi to'purar. U hujumda juda xavfli va to'pni o'zi bilan yaxshi ushlab tura oladi. Afsuski, Osiyo kubogida Eldorsiz o'ynadik. Biroq u vaqt o'tib ketdi va tarixga aylandi. Oldindagi o'yinlar haqida o'ylashimiz kerak", - deya fikr bildirdi Katanec bahsdan so'ng.
Srechko Katanec sog'ligidagi muammo sabab Sloveniyaga uchib ketdi
23.11.2024
"O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanec sog'lig'i bilan kutilmaganda yuzaga kelgan muammolar tufayli o'z vatani Sloveniyaga jo'nab ketishga majbur bo'ldi", - deya xabar bergandi O'FA matbuot hizmati.
Turkmanistonga qarshi o'yin
05.06.2024
"Jahon chempionatiga chiqish uchun meni emas, futbolchilarning ruhiy-jismoniy holati yaxshi bo'lishi kerak. Sog'ligim haqida to'liq aytib bersam ancha vaqt kerak bo'ladi. O'z vaqtida organizimimni eshitmaganman. Juda ko'p jarrohlik amaliyotlarini o'tkazganman. SHu sababli davolanishga to'g'ri kelmoqda. Inson faqat hasta bo'lganidan keyingina sog'lig'i haqida o'ylar ekan. Ayni paytda sog'ligim ancha yaxshi. Agar uchinchi marta terma jamoani sog'ligim tufayli tark etsam boshqa qaytib kelmayman. Ishonchim komilki, bu narsa sodir bo'lmaydi. Albatta, U-23 jamoasini kuzatib boramiz. Ularni Olimpiadaga yo'l olgani bilan tabriklab qolaman. Bizda juda yaxshi futbolchilar avlodi shakllangan. Bu bilan manmanlikka berilmaslik, futbolchilarning oyog'i erdan uzilmasligi lozim. Barchamizning ruhiy holatimiz Jahon chempionatiga chiqishga tayyor bo'lishimiz shart. Butun millat Jahon chempionatiga chiqishni istashi kerak. Nafaqat muxlislar balki OAV ham. Futbolchilar buni his qiladi. Men Sloveniya terma jamoasida ishlaganimda buni boshimdan o'tkazganman.
O'yindan oldin tarkib haqida gapirishni istamayman. Sizga aytishim mumkinki, ertaga tarkibda katta va jiddiy o'zgarishlar bo'lmaydi. Yangi futbolchilarni jalb qilmoqchi ekansiz, terma jamoa o'yinini qaytadan tuzishingizga to'g'ri keladi. Bu malum bir vaqtni talab qiladi. O'yinni asosiy tarkibda boshlaymiz va ikkinchi bo'limda yoshlarga imkon beramiz. Ayrim futbolchilar oxirgi uchrashuvini 20 may kuni o'tkazgan. Ularga ilk daqiqalardan imkon berish noto'g'ri bo'ladi. Futbolchilardan o'yinga jiddiy qarashni so'rab qolardim. Oddiy xatolarga yo'l qo'ymaslik kerak. Oxirgi marotaba mart oyida o'ynaganmiz, mana endi yig'ildik, keyingi uchrashuvimiz sentyabr oyida o'tkaziladi. 6 oy davomida terma jamoada 2-3 ta o'yin o'tkazish juda kam. SHu bois asosiy tarkib futbolchilariga ko'proq o'yin amaliyoti berishimiz lozim".
Futbolchilarni g'alaba bilan tabriklayman. Birinchi taymda ko'plab imkoniyatlar bo'ldi, ammo unumli foydalana olmadik, ikkinchi bo'limda esa raqibga bosimni davom ettirdik va kerakli natijaga erishdik. Hozirgi kunda barcha terma jamoalar bizni hurmat qilishadi. Umid qilamanki, sentyabr oyida ham futbolchilar shunday yaxshi formada bo'lishadi.
Jahon chempionati saralash o'yinlarida rotaciyaga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Gonkong va Eron o'rtasidagi o'yinni ko'rdingizmi? Eron safida Azmun, Taremi kabi etakchilar maydonga tushishdi. 10 yildan buyon birga o'ynab kelayotgan futbolchilar o'ynashdi. Uzoq safarga borib, Gonkongga qarshi uchrashuvda asosiy futbolchilar to'p tepishdi. Fayzullaevdan so'rab ko'ring, 23 yoshgacha terma jamoada o'ynash qanday va MTJda to'p tepish qandayligini aytadi. Dunyo futbolida ikkinchi taymda maydonga tushgan futbolchilarning natijaga hissasi katta bo'lmoqda. Bizga Jahon chempionatiga chiqish uchun 10 nafar futbolchi etmaydi, kamida 17-18 nafar futbolchi kerak", - degan edi Katanec Turkmaniston mag'lub etilganidan so'ng.
Eronga qarshi bahs
10.06.2024
"Biz ertangi uchrashuvga tayyormiz. Eronni yaxshi bilamiz, ular bilan ko'p bor to'qnash kelganmiz. Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri hisoblangan Eronga qarshi bahs oson o'tmasligi aniq. Futbolchilarim o'z darajalarini ko'rsatishlariga ishonaman. Umid qilamanki, har ikki jamoa toza futbol ko'rsatadi va kartochkalarsiz o'yin guvohi bo'lamiz. Biz ham o'z darajamizga egamiz, istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz. Bor etiborimiz ushbu bahsga qaratilgan.
Eronga qarshi g'alabasiz seriya bu shunchaki statistika xolos. Ertangi bahsda eronlik qaysi futbolchilar katta sahnaga chiqadi buni bilmayman. Asosiy etiborim o'z o'yinimizga qaratilgan. Jamoamdagi har bir futbolchi Taremi va Azmun singari futbolchilarga qarshi nima qilayotganini aniq bilib turishlarini istayman. Albatta, ehtiyotkorlikni ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Bosimni engib o'ta olgan jamoa g'olib bo'ladi".
Uchrashuv yaxshi o'tdi. Natijadan qoniqish hosil qildim. Bugun himoyada ishonchli harakat qilib, Eronga imkoniyat qoldirmadik. Ikkinchi bo'limda raqib jamoa tomonidan yo'llangan zarba darvoza ustuniga tegib qaytgani ko'ngilni biroz xotirjam qildi. Umuman olganda, yaxshi o'yin namoyish etdik va hech bir futbolchi jarohat olmaganidan xursandman. Eronga ham yaxshi mezbonlik uchun minnatdorchilik bildiraman.
Odatda, o'z maydonimizda hujumkorlik ko'rsatamiz. Eronning 20 ta o'yindan iborat golli seriyasi to'xtagani bu shunchaki raqamlar, xolos.
Bellashuvda g'alaba qozonish-qozonmasligimiz reytingga tasir qiladi deb o'ylamayman. Biz uchun yutqazmaslik muhim edi va bu borada alohida fikr bildirmayman.
O'runov va Masharipov ko'rsatmalarimni yaxshi bajarishdi, ular himoyada ham jamoadoshlariga yordam berishdi. Erondagi durangdan ko'nglim to'ldi", - dedi Katanec Eronga qarshi o'yindan so'ng.
JCH-2026 uchinchi saralash bosqichiga qura tashlandi
27.06.2024
"Kuchli jamoalardan iborat yaxshi guruh shakllandi. Eng asosiysi, biz uzoq safarlarni amalga oshirmaymiz. Bunday terma jamoalar bizning guruhga tushmagani va Qirg'iz Respublikasi biz bilan bir guruhdan joy olgani yaxshi bo'ldi, chunki bizga yaqin mamlakat, uzoq safar qilmaymiz.
Nima bo'lishidan qati nazar JCHga chiqish har bir futbolchi uchun o'ziga xos motivaciya. Yigitlar hozirdan ilk uchrashuvga tayyorgarlikni boshlashlari kerak", - deya fikr bildirdi terma jamoamiz ustozi qura natijalari haqida.
24.08.2024
JCH-2026 uchinchi saralash bosqichi startidan avval Srechko Katanec Championat.asia saytiga katta intervyu berdi. Ushbu intervyu Srechko Katanecning O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi lavomizidagi mahalliy OAVlarga bergan yagona intervyu bo'lib qoldi.
KXDRga qarshi o'yin
04.09.2024
"Terma jamoamizda hozircha barchasi yaxshi, futbolchilar sog'lom. O'yinchilarimiz ertangi bahsga yuz foiz tayyor. Futbolchilar etiborini bir joyga jamlashgan va bu meni xursand qilmoqda. Ertaga albatta g'alaba qozonishni maqsad qilganmiz.
KXDR va bizning o'rtamizda farq shundaki, KXDR terma jamoasi yig'in tashkil eta oldi va o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazdi. Biz uch yildan beri birgamiz va barcha futbolchilar nimani maqsad qilganimizni juda yaxshi bilishadi. Futbolchilar terma jamoa ixtiyoriga bir xil holatda etib kelgani yo'q, qaysidir futbolchilar ko'proq o'ynamoqda, qaysidir futbolchi esa kamroq. O'yinchilar dushanba kuni terma jamoa bilan shug'ullanishni boshladi. Ikkita mashg'ulot o'tkazdik, bugun rasmiy mashg'ulotda ishtirok etamiz va ertaga o'yin, lekin futbolchilar nima qilishni juda yaxshi bilishadi. SHuningdek, juda ko'p xohish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Bu shunchaki ortiqcha bosim xolos. Motivaciyaning ko'payib ketishi yoki umuman bo'lmasligi ham yomon. O'z ishimizni bajarishda davom etishimiz kerak, KXDR ham bekorga so'nggi bosqichga qadar etib kelmagan".
"To'g'ri, bugun yaxshi o'yin namoyish eta olmagan bo'lsak ham, g'alaba qozondik. Lekin barcha o'yinlarda mana shunday o'ynab bo'lsa ham, g'alaba qozona olsak men rozi bo'lardim. CHunki natija eng muhimi. Men bu tomonlama mamnunman. Biz gol ura oldik va KXDR esa yo'q. Biz o'zimiz ahmoqona penalti olib keldik va raqib bundan unumli foydalana olmadi. KXDR keyingi o'yinlarda raqiblarga muammolar tug'diradi deb o'ylayman.
Albatta maydon holati yaxshi emas. Lekin bizning asosiy muammo - futbolchilarning jismoniy holati bo'ldi. Futbolchilar dushanba kuni jamoamizga qo'shilishdi. KXDR esa bir necha o'rtoqlik o'yini ham o'tkazishga ulgurdi. Ular askarlardek harakat qilishdi. Umid qilamanki, keyingi o'yinlargacha hali vaqt bor va barchasi joyiga tushib ketadi.
Aytib o'tganimdek, bugun etarlicha imkoniyatlarga ega bo'ldik. Biz to'rt nafar himoyachi bilan o'ynash raqibga etarlicha imkoniyatlar yaratishi mumkin edi. Bugun markazdagi o'yinchilarimiz ko'proq kreativ harakat qilishlari talab etilardi. SHuningdek, qanot futbolchilarimizdan ham faollik talab qilinardi. Agar bular amalga oshsa, bizda barchasi yaxshi bo'ladi. Bu terma jamoaga past nazar bilan qarash kerak emas. Ular Yaponiyaga minimal hisobda mag'lub bo'lishdi.
Savol to'g'ri bo'ldi. Bizning asosiy vazifamiz - tomoshabop o'yin emas, JCHga chiqish. Maqsadimiz natija. Avvalgi cikllarda O'zbekiston chiroyli va tomoshabop o'yin ko'rsatgandi. Lekin JCHga chiqa olmagan. Bizga jahon chempionati kerak.
Biz ikkita mashg'ulot qilamiz. Ikkitagina mashg'ulot bilan qanday qilib qo'shamiz? Imkoni bor deb o'ylaysizmi? Biz avval Qirg'izistonni yutishimiz kerak. Keyin esa Eron va Qatar bor.
Afsuski ko'plab imkoniyatlar yaratgan bo'lsak-da, bundan foydalana olmadik. Agar ochkolarni maksimal to'play olsak, to'plar nisbati katta ahamiyatga ega bo'lmaydi", - degan edi Katanec KXDRga qarshi uchrashuvdan so'ng.
Qirg'izistonga qarshi o'yin
09.09.2024
Tayyorgarligimiz har doimgiday o'tdi. Ertangi uchrashuvga tayyormiz. Maydon holati qanday ekanligidan xabarim yo'q. Afsuski, maydon tabiiy qoplamali emas. Bunday holat bilan oldin ham to'qnash kelganmiz. Biz o'z maqsadimizni bilamiz – Jahon chempionatiga chiqishni xohlaymiz. Iliq kutib olganingiz uchun katta rahmat va ayniqsa, milliy qalpoqcha uchun.
Avvalroq aytib o'tganimdek, biz haqiqiy "askarlar"ga qarshi o'ynadik. Ularning jismoniy holati shunchaki ajoyib edi. O'yindan keyin videotahlilni ko'rganimda, biz yomon jismoniy holatda bo'lmagan ekanligimizni ko'rdim. Etarlicha vaziyatlar ham yaratgandik, faqat ulardan foydalana olmadik. Ahvolimiz bunchalik yomon emas. Faqatgina vaziyatlardan foydalanishimiz kerak edi xolos.
Biz o'z sifatimizni namoyish etishimiz kerak. G'alaba qozonishga majburmiz. Men terma jamoada ishlayotgan vaqtimdan beri futbolchilarga "yigitlar kechirasiz, biz ertaga g'alaba qozonishimiz kerak emas", demaganman. Hech qaysi murabbiy bunday demasa kerak. Har bir uchrashuvning o'z tarixi bor. Biz aqlli o'yin namoyish etishimiz kerak, raqibdan kuchliroqmiz deb xohlagan ishimizni qilish kerak emas. Sababi har bir jamoa bizni jazolab qo'yishi mumkin. Faqat yuguraverishning foydasi yo'q, aqlni ham ishlatish kerak. O'z o'yinimizni namoyish eta olsak, ertaga barchasi yaxshi yakun topishiga ishonaman. Ertaga uch ochko uchun maydonga chiqamiz".
"Futbolchilarim namoyish etgan o'yindan qoniqdim va muhimi biz g'alaba qozondik. Bunday "syurpriz" gollarni o'tkazib yuborishimiz yaxshi emas, bunday gollar raqib jamoaga sovg'a bo'ladi. To'g'ri, biz birinchi bo'lib gol o'tkazib yubordik, ammo darhol javob qaytara oldik. Ayniqsa, SHomurodov o'z goli bilan juda tez javob qaytardi. G'alabaga loyiq edik deb o'ylayman. Dastlabki ikki uchrashuvda maksimal natija qayd etdik va keyingi uchrashuvlarni katta ishtiyoq bilan kutmoqdamiz.
O'yin avvalida keraksiz xatolarga yo'l qo'ydik. Bunga nima sabab bo'lganini bilmadim, balki maydon holatidir yoki boshqa bir sabab. Bugun raqibga ko'p marotaba "sovg'a" ulashdik, keraksiz vaziyatlarda oddiy xatolarga yo'l qo'ydik. Bu bosqichda xatolarga yo'l qo'yishga haqqimiz yo'q. Koncentraciyani yo'qotganimiz asosiy muammo bo'ldi. Etiborli bo'lmasak, har qanday jamoa bizni jazolab qo'yishi mumkin", - degandi Srechko Katanec Qirg'iz Respublikasi terma jamoasi safarda mag'lub etilganidan so'ng.
Qirg'izistonga qarshi o'yindan so'ng o'zaro suhbatda
"Asosiy tarkibimizdagi besh nafar futbolchi, ayni damda o'z klublarida o'yin amaliyotisiz qolib ketyapti. Bu vaziyatni o'nglab olish uchun yana bir oy vaqtimiz bor. Abduqodir Husanovning ham safga qaytishini kutyapmiz. Keyingi FIFA kunlarida jismoniy holatimizni yanada yaxshilab olishimiz kerak. Jismoniy holatimiz yaxshilanishi ruhiy tomonlama tayyorgarlik va koncentraciyaga bog'liq. Biz o'zimizning to'liq mahoratimizni namoyish etmay turib, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Qanday holatda bo'lishimizdan qatiy nazar, biz g'alaba qozonishga va ochkolar jamg'arib borishga majburmiz.
Futbolchilar har doim ham bir zonaga javobgar bo'lavermaydi. Har doim ham bir joyga turib o'ynashning iloji yo'q. Futbolchilar maydondagi to'liq erkinlikka ega va ular maydonda o'zi istagan harakatlarni bajarishlari mumkin. Ular "robot" emas-ku. Futbolchi xohlagan qanotda o'ynashi mumkin. Biz birinchi bo'limda juda ajoyib o'yin namoyish etdik, ammo raqib darvozaboni shunchaki "dahshatli" o'ynab yubordi va o'z jamoasini uchta goldan saqlab qoldi. Yagona muammo - biz gol o'tkazib yuborganimiz. To'p nazorati bizda edi, raqib esa qarshi hujumda gol urdi. Bugungi o'yinimizdan juda xursandman".
07.10.2024
Srechko Katanec uchinchi marotaba terma jamoa yig'inlariga kela olmaydigan bo'ldi
"Bosh murabbiyimiz Srechko Katanec salomatligi yomonlashgani sababli shifokorlar tavsiyasiga ko'ra ushbu yig'inda qatnasha olmaydi. Ikkita uchrashuvga jamoamizni yordamchi murabbiylar Aleish CHex hamda Vlado Radmanovich tayyorlashadi. Srechko Katanecga salomatlik tilaymiz", – deyiladi O'FA xabarida.
Aynan shu noutbuk orqali terma jamoa murabbiylar shtabi Srechko Katanec bilan aloqada bo'lib turishgandi.
Qatarga qarshi bahs
14.11.2023
"Birinchi bo'limda yo'q joydan ikkita gol o'tkazib yubordik. Keyin o'zimizni o'nglab ikkita gol urdik. Bu futbol, biz oxirida gol o'tkazib mag'lubiyatga uchradik.
Qanday qilib so'nggi daqiqada oddiy gol o'tkazdik, buni bilmayman. Ancha paytdan beri mag'lubiyatga uchramayotgan edik, shuning uchun bu muxlislar uchun og'ir. Oldimizda yana 5 ta o'yin bor.
Men futbolchilarga himoyalaning demadim. Bilmayman nima uchun bunday bo'ladi, boshqa o'yinlarda ham ko'rsangiz ham shunday voqealarni ko'rasiz. Bu savolga dunyoning eng kuchli muarbbiylar ham tushuntira olmaydilar. Bunday vaziyatda futbolchilar durang natija qoniqarli bo'ladi deb o'ylashadi", - degan edi Katanec Qatardan uchralgan alamli mag'lubiyatdan so'ng.
KXDRga qarshi o'yin
18.11.2024
"Aytish mumkinki, birinchi uchrashuvdan so'ng bizda tayyorgarlik uchun etarlicha vaqt bo'ldi. 4 kun ichida futbolchilarning barchasi tayyorgarlikni davom ettirishdi. Faqat maydon masalasida muammoga uchradik, maydon holati yaxshi emasdi. SHunga qaramay, ertaga bizni muhim bahs kutib turibdi. Biz ijobiy natija uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz.
Saralash doirasidagi barcha 10 ta uchrashuvni yo'qotishlarsiz o'tkazishning iloji yo'q. Ertaga maydonga tushadigan futbolchilar o'zini ko'rsatish vaqti keldi deb o'ylayman. Ular bu imkoniyatdan unumli foydalanishlari kerak".
"Birinchi bo'limni yaxshi o'tkazdik, raqibda imkoniyat bo'lmadi. Ikkinchi bo'limda Bobir Abdixoliqov vaziyatdan foydalanganida o'yin engil kechishi mumkin edi. Himoyalanayotgan vaqtda jarima maydonchasi ichida to'p qo'lga tegishi bo'lib turadi. Baxtimizga O'tkir Yusupov penaltini qaytardi va biz o'zimizga kerakli natijani qayd eta oldik.
90 daqiqa bir xil o'ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo'lsa kerak, balki 1-2 ta top jamoalarni inobatga olmasa. Bugun qiyin sharoitda o'ynadik. Yuqori namlik, vaqtdagi farqlar. Qatarga qarshi o'yinda oxirgi soniyalarda o'tkazib yuborilgan gol futbolchilarni ruhiyatiga tasir qilmasdan qolmasdi. SHunga qaramay, yigitlar o'ziga kelishga muvaffaq bo'ldi. Tan olish kerak bugun ayrim etakchi futbolchilarsiz keldik. Ularning o'rniga tushganlar juda yaxshi o'yin ko'rsata olishdi. OFKga murojaat qilmoqchi edim. Bunday maydonda o'ynash futbolchilarning sog'lig'i uchun xavfli. Mashg'ulot maydonimiz bundan ham yomon holatda edi. Bu erdagi tashkiliy qo'mitaga etirozim yo'q, faqat maydonni gapirdim.
Men o'z ishimni qilyapman. Futbolchilarga qo'llab-quvvatlash uchun rahmat aytaman. Qatar bilan o'yindan so'ng yaxshi vaziyatda emasdik. Oldingi murabbiy almashinuvlariga kelsak, bilmayman. Buni rahbariyat biladi. Hozirgi holatimizga kelsak, mavjud 6 ta o'yin ichidan 18 ochkoning 13 tasini to'plashga muvaffaq bo'ldik. Bizni yana 4 ta o'yin kutmoqda. Endi keyingi 12 ochko uchun harakat qilishimiz kerak. Futbolchilarga doim kurash oxirigacha bo'lishini aytaman. Ertaroq hal qilamiz degan ruhiyat bo'lmasligi kerak. Albatta, mundial yo'llanmasini erta qo'lga kiritsak yaxshi bo'lardi. Ammo biz oxirigacha kurashishga tayyormiz. 10 ta o'yinni yutish oson emas, ayniqsa muhim futbolchilar ishtirok eta olmasa", - degan edi Srechko Katanec KXDRga safarda mag'lub etilganidan keyin.
20.01.2025
Katanec terma jamoamizning navbatdagi yig'inida ham ishtirok eta olmaydi
"O'zbekiston milliy terma jamoasi bugun Qatar poytaxti Doha shahrida navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'inlariga kirishadi. Bosh murabbiy Srechko Katanec salomatligi yomonlashgani sababli shifokorlar tavsiyasiga ko'ra ushbu yig'inda qatnasha olmaydi. Yig'in davomida jamoamiz bilan yordamchi murabbiylar Alesh CHex hamda Vlado Radmanovich ish olib borishadi. Srechko Katanecga salomatlik tilaymiz",- deyiladi O'FA matbuot xizmati elon qilgan xabarda.
22.01.2025
Srechko Katanec O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini tark etdi
O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanec sog'lig'i bilan bog'liq muammolar sababli O'zbekiston futbol associaciyasi bilan tuzilgan shartnomani o'zaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qildi.
Sloveniyalik murabbiy o'z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to'laqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etdi. Doimiy qo'llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun associaciyaga o'z minnatdorchiligini bildirdi. Terma jamoamizga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tiladi.
O'z navbatida, O'zbekiston futbol associaciyasi Srechko Katanecga terma jamoamiz boshqaruvidagi mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiradi. Salomatligini tiklab, murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirishini tilaydi.
O'FA hamda Srechko Katanec o'rtasidagi shartnoma o'zaro do'stona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilindi. O'zbekiston futbol associaciyasi milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzod tayinlash borasida ish olib bormoqda.
Xulosa
Srechko Katanec terma jamoamizni deyarli uch yarim yil davomida boshqarib keldi. Sloveniyalik murabbiy qo'l ostida terma jamoamiz 42ta bahsda ishtirok etib, 26ta uchrashuvda g'alaba qozondi, 8ta bahsda durang qayd etdi va 8 marotaba mag'lub bo'ldi. Katanec hozirgi kungacha terma jamoamizni eng uzoq muddat boshqargan bosh murabbiyga aylandi. G'alabalar soni bo'yicha rekordni ham ushbu murabbiy yangiladi. Agar Katanecning sog'liq bilan muammolari bo'lmaganida, mutaxassis o'z lavozimida qolishi deyarli aniq edi.
Katanec terma jamoamizni JCH-2022 saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng qabul qildi va ikki yildan ortiq vaqt davomida rasmiy uchrashuvlarda jiddiy raqiblar bilan to'qnash kelmadi va katta musobaqalarda ishtirok etmadi, ammo o'rtoqlik uchrashuvlarida Kamerun, Kosta-Rika, AQSH va Mekskika kabi jahon birinchiliklarida muntazam ishtirok etib keladigan jamoalar bilan bahslashdik. Meksikaga qarshi durang va Kamerun ustidan qozonilgan g'alabalar, Katanec davridagi eng yorqin lahzalar bo'lib qolishi aniq.
2024 yilning boshida terma jamoamiz Osiyo Kubogida ishtirok etdi. Pandemiya tufayli yana bir yilga surilgan musobaqada terma jamoamiz chorak finalga qadar etib bordi. Avstraliya, Suriya va Hindiston bilan bir guruhdan joy olgan terma jamoamiz, guruh bosqichida besh ochko to'pladi va guruhda ikkinchi o'rinni band etgan holda pley-off bahslariga yo'l oldi. Nimchorak finalda Tailandni 2:1 hisobida mag'lub etgan bo'lsak, chorak finalda mezbon Qatarga penaltilar seriyasida mag'lub bo'ldik. Terma jamoamiz Osiyo Kubogida yaxshi ishtirok etdi, ammo yangi natija qayd etilgani yo'q, biz har doim etib borgan va ko'pchilik bizdan kutgan bosqichga qadar ishtirok etdik, ammo Osiyo Kubogi avvalidan terma jamoamizning asosiy futbolchisi Eldor SHomurodov jiddiy jarohat oldi va qita birinchiligini o'tkazib yubordi. Musobaqadan oldin o'tkazilgan Falastinga qarshi nazorat uchrashuvida esa Husniddin Aliqulov jarohatlandi. Musobaqa davomida SHerzod Nasrullaev, Hojiakbar Alijonov va Igor Sergeevlar safdan chiqishdi.
Jarohatlarni hisobga olgan holda terma jamoamiz yomon ishtirok etmadi, biroq shu holatda ham biz Qatarni mag'lub eta olar edik, nazarimda. Aslida to'qnash kelgan raqibimizdan kuchliroq ekanligimizni isbotlay olmadikmi? Demak, bu yomon ishtirok.
Janob Katanec Qatarga qarshi uchrashuvdan keyin shunday degandi:
"Biz ajoyib musobaqa o'tkazdik. Biz duch kelgan barcha muammolarni hisobga olgan holda shunday deyapman. Mening fikrimcha, biz Qatardan ustunroq edik. Hujumchisiz bo'lsa ham ko'proq vaziyatlar yaratdik. Penaltilar esa umuman boshqa masala"
JCH saralashi ikkinchi bosqichini ancha muvaffaqiyatli o'tkazdik va 14 ochko bilan ikkinchi o'rinni band etdik. Peshqadam bo'lgan Eron ham 14 ochko bilan kifoyalandi. Ikkinchi saralash bosqichidagi eng yorqin bahs esa, Toshkentda o'tgan Eronga qarshi o'yin bo'ldi. Birinchi bo'limdan so'ng 0:2 hisobida mag'lubiyatga uchrayotgan "oq bo'rilar" tanaffusdan so'ng Oston Urunov va Igor Sergeevlarning gollariga evaziga hisobni tenglashtirishdi va durang qayd etishdi. Aynan ushbu o'yin, kelajak avloddagi muxlislar uchun Srechko Katanec davridagi eng yaxshi o'yinlardan biri bo'lib qoladi.
Sloveniyalik mutaxassis yaxshi natijalar qayd etganiga qaramay, ko'p xatolarga yo'l qo'ydi va ancha konservativ murabbiy ekanligini ko'rsatib qo'ydi. Muhim musobaqalarga pallasi yaqinlashib borishi bilan terma jamoamiz tarkibi umuman o'zgarmaydigan bo'lib qoldi. Bosh murabbiy yangi nomzodlarga murojaat etmadi va muammoning alternativ echimini qidirmadi. SHu sababli, Osiyo Kubogida SHomurodovsiz qolib ketgan terma jamoamiz yakunda muxlislarga kerakli bo'lgan natijani qayd eta olmadi. So'nggi ikki yil davomida terma jamoamizda deyarli rotaciyaga qo'l urmadi. Istisno sifatida ketma-ket ikki yildan buyon yurtimizda "Eng yaxshi futbolchi" deb tan olinayotgan Abbosbek Fayzullaev va yaqinda "Manchester Siti"ga ko'chib o'tgan Abduqodir Husanovlarni ko'rsatishimiz mumkin. Bu ikki iqtidorli futbolchi qisqa vaqt ichida terma jamoamizning asosiy futbolchilariga aylanib olishdi. Katanecning o'yin uslubi OAV vakillari tomonidan ko'p marotaba tanqid qilindi, bosh murabbiy esa avvaldan OAV bilan muloqot qilishni xo'sh ko'rmasligini aytdi.
Srechko Katanec terma jamoamizni muvaffaqiyatli tarzda boshqardi, bir nechta rekordlar va mag'lubiyatsiz seriyalar qayd etdi, lekin Katanecga berilgan vaqt va "ishonch krediti" bunga qadar terma jamoamizni boshqargan hech qaysi murabbiyda bo'lmagan. Bunday imkoniyatlar hech qaysi murabbiyga yaratib berilmagan.
Fikrlar
ÕZ BEK mizda baribir!)))
Бу ёғига яна битта гол етмади беб ўтирмасак бўлди. Катанецга соғлик тилайман.
Катанец футболчиларимизга, хатто янги қўшилган ёшларгаям ўзларини профессионал футболчи эканлигига ишонтиролди.
Videoda ko‘rsa bo‘ladi Katanesga bemani savollar va bosim qilish avval boshdan bo‘gan.