Nozim Umurov: “Buxoro”ning qayta “jonlanishida” Baqoev va Ashurmatovning xissasi beqiyos”
02 noy 2017 19:28
Yangiliklar
Nozim Umurov: “Buxoro”ning qayta “jonlanishida” Baqoev va Ashurmatovning xissasi beqiyos”
Boisi iqtidorli futbolchi bir qator uchrashuvlarda o'zini ko'rsatib, o'ziga bildirilgan ishonchni oqlashaga xarakat qilib kelmoqda.
Tayanch yarim himoyasida xarakat qilayotgan 26 yoshli Umurov ko'plab uchrashuvlarda o'zidan iliq taassurot qoldirmoqda. 27- tur o'yini oldidan Nozimni suxbatga chorladik.
- Nozim, eng avvalo futbolga kirib kelishingizga qanday kechgani to'g'risida aytib bersangiz. Millionlar o'yiniga kirib kelishingizga kim sababchi bo'lgandi?
- Yoshlikda ko'plab bolalar kabi menda ham futbolga bo'lgan qiziqish paydo bo'lib, o'z tengqurlarim bilan birga futbol o'ynab yurardim. Keyinchalik o'z oldimga jiddiy maqsadlarni qo'yib, futbol bilan jiddiy shug'ullana boshladim. Bunga eng avvalo do'stlarim sababchi bo'lgan. Ularning qo'llab-quvvatlashi natijasida ishtiyoqim ortib borgan. Birinchi murabbiyim buxorolik Ismat aka Sayfullaevich bo'ladilar. Olti yil davomida futbolning ilk sir-asrorlarini u kishidan o'rgandim. Keyinchalik mamlakatimizning nomdor jamoalaridan biri bo'lgan “Paxtakor” jamoasidan taklif tushdi va bunga “labbay” deya javob berdim. Ikki yil “Paxtakor”ning o'rinbosarlar jamoasi tarkibida to'p surdim. Marat Kabaev boshchiligida (U-16 -17) yoshlar terma jamoasida ham muntazam ravishda to'p surib keldim. Afsuski, o'sha paytda Osiyo chempionatidan keyin Jaxon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kirita olmagandik. 2011 yilgi mavsumga kelib Jamshid Saidov meni “Buxoro”ga chorladi. SHundan buyon mana olti yildirki “Buxoro” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqdaman. Albatta, bundan juda xursandman.
- Hozir sizni maydonning tayanch yarim himoyasida xarakat qilayotganingizni ko'rmoqdamiz. Bu erda o'ynash o'zingizga ham yoqadimi?
- Ilgari qanot yarim himoyachisi sifatida ham o'ynaganman. Joriy mavsumga kelib esa bosh murabbiyimiz Ulug'bek Baqoev meni asosan tayanch yarim himoyachisi sifatida o'ynatmoqda. Menimcha professional futbolchi uchun qaysi chiziqda xarakat qilishning ahamiyati yo'q. Muhimi har bir bahsda tarkibdan o'rin olishdir. Murabbiylarimiz xarakatlarimdan qoniqyapti shekilli, asosan tayanch yarim himoyachisi sifatida o'ynab kelmoqdaman.Bu qaysidir manoda o'zimga ham yoqmoqda deyishim mumkin. Hech qanday muammo yo'q. O'zimni erkin his qilyapman. CHunki bu poziciyada o'ynash menga yangi qirralarimni ochishga turtki berdi. Fursatdan foydalanib Ulug'bek Baqoevga bildirayotgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildirib qolaman. O'z navbatida bunga javoban men ham murabbiylarimizning ishonchni oqlash uchun har bir o'yinda bor kuchim bilan o'ynashga xarakat qilaman.
- “Buxoro” bu yilgi chempionatda bungacha turli o'rinlarni band etdi. Aytingchi mavsum so'nggiga kelib, nechanchi pog'onadan joy olishi mumkin?
- Ochig'ini aytganda, bu yilgi chempionatda 2-o'ringa ko'tarilishimizni sira ishonmagandik. Sababi o'zingizga yaxshi malumki, 2017 yilgi chempionat boshlanishi arafasida klubda jiddiy islohotlar olib borildi. Jamoada yangi ish boshlagan murabbiylar shtabi, tarkibni boshqatdan shakllantirishiga to'g'ri keldi. O'sha paytda vaziyatni shuni taqozo etardi. O'tgan mavsumdagi tarkibdan ko'plab futbolchilar jamoani tark etishga qaror qilib, o'zlarini boshqa klublarda sinab ko'rishni istagandi. CHempionat startiga 20 kun qolganida Baqoev va Ashurmatov juftligi selekciya ishlarini ajoyib tarzda o'tkazdi va imkon qadar kurashchan jamoa shakllantirishga xarakat qildi. Menimcha ular qaysidir manoda maqsadiga erishdi ham. Asosiysi buxorolik muxlislarga qayta ishonch bag'ishlay oldik. Vaziyatga real qaraydigan bo'lsak, bu oson ish emas. SHuning uchun bemalol aytishim mumkinki, “Buxoro”ning qayta “jonlanishida” Baqoev va Ashurmatovning xissasi beqiyos.
Murabbiylardan minnatdormiz. O'z navbatida bizni har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelayotgan rahbariyatgaham minnatdorchilik bildiraman. To'g'ri, malum fursat turnir jadvalida 2 – o'rinda ham bo'ldik. Keyinchalik egallab turgan o'rnimiz pastlab ketdi. 5- pog'onaga tushib ketganimizning sababi so'nggi turlarda kutilmaganda o'zimizning yo'l qo'ygan xatoimiz tufayli, qimmatli ochkolarni boy berdik. Lekin bundan ortiqcha fojea yasash noto'g'ri bo'ladi. Nazarimda bugungi kunda egallab turgan o'rnimiz ham chakki emas. CHempionat yakunlanib bormoqda. Oldindan mana bu o'rinni egallaymiz deb bo'lmaydi. Men faqat shuni aytishim mumkinki, qolgan turlarni ko'tarinki ruhda o'tkazib, imkon qadar yuqori pog'onalardan joy olishga bor kuch-g'ayratimizni ishga solamiz. Bunday deyishimning sababi, tarkibdagi har bir futbolchi o'ziga ishonadi. Qolaversa bizda ahil jamoa yig'ilgan.
-Futbol ishqibozlariga tilaklaringiz bo'lsa marhamat.
- “Buxoro”ning ashaddiy muxlislariga va umuman barcha futbol ishqibozlariga bizni hamma vaqt qo'llab-quvvatlab, yolg'izlatib qo'yishmagani uchun katta raxmat aytaman. Futbol eng avvalo muxlislar uchun o'ynaladi. Ishqibozlarning qo'llab- quvvatlashlari bizga doimo ruxan ko'tarinki rux bag'ishlaydi. Hamma vaqt sog'-salomat bo'lishsin. Hamisha futbol ishqibozi bo'lib qolishsin.
“Buxoro” matbuot xizmati.
Fikrlar