So’nggi yangiliklar

01:39Расман: Ўткир Юсупов — "Фулад" футболчиси!  5 01:32"Арсенал" Рафиньянинг трансфери бўйича "Барселона"га кўп миллионлик таклиф тайёрлайди  0 01:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1, Ҳимоядаги хато қимматга тушди  7 00:53"Атлетико" ва Испания терма жамоаси собиқ футболчиси фаолиятини якунлади  0 00:15РПЛ. Эсанов ҳаракат қилаётган "Акрон" меҳмонда "Факел"ни ишончли ҳисобда мағлуб этди  15 23:35Тимур Кападзе: "Иккала ўйинда ҳам ютишимиз мумкин эди"  109 23:01Расман: "Атлетико" Испания терма жамоаси футболчиси билан шартнома имзолади  1 22:29"Навбаҳор" назорат учрашувида йирик ҳисобда ғалаба қозонди. Қувватовдан норасмий дебют, Никабадзедан хет-трик  10 21:31"Манчестер Юнайтед" форварди ПСЖга ўтиши мумкин  5 21:05Париж-2024. Ўзбекистон иккинчи турда Мисрга ютқазди ва гуруҳдан чиқиш имкониятини йўқотди  849 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  7 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  5 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3

Noodatiy kiyinadigan darvozabon - Gabor Kiray haqida Yangiliklar

Noodatiy kiyinadigan darvozabon - Gabor Kiray haqida

Evro-2016 qahramoni, katta kulrang shim kiyib yuradigan Vengriyaning kalbosh darvozaboni yodingizdami?

Gabor Kiray 1 aprel kuni 43 yoshga qadam qo'yadi. 108ta o'yinda maydonga tushib, rekord natijani qayd etganidan so'ng, termadagi faoliyatini yakunlagan edi. Biroq haligacha Vengriyaning “Xaladash” futbol klubi darvozasini himoyalab kelmoqda. Kiray posbonlik faoliyati, armiyada xizmat qilgani, shaxsiy akademiyasini ochgani hamda nima uchun faoliyatini haligacha tamomlamagani haqidagi savollarga javob berdi. Bularning bariga quyidagi maqola orqali javob topishingiz mumkin.

Nima deb o'ylaysiz, Kirayning qaysi jihati uni afsonaga aylantirdi ekan?! Uning ajoyib seyvlari-yu, uzoq yillik faoliyati emas, balki uzun shimi uni butun dunyoga mashhur qila oldi desak, adashmaymiz. Ana shu shimida 26 yil avval “Xaladash”dagi faoliyatini boshladi, Berlinga bordi, APLda o'zini sinab ko'rdi hamda yana Germaniyaga qaytdi. 40 yoshida Vengriya termasi bilan birinchilar qatorida Evro-2016ning pley-off bosqichiga chiqdi. O'shanda ular bilan guruhda Portugaliya, Islandiya va Avstriya bor edi. Kiray hozirda Sombatxeyning “Xaladash” klubida faoliyat yuritmoqda.

Harbiy xizmatning yarmi chegarani, qolgani esa darvozani qo'riqlash bilan o'tgan

– Siz bor kuchingiz bilan shug'ullanib, to'pni ilib olish uchun yuqoriga sakrayapsiz. Buni ko'rib ochig'i, hayratlandim. Jadvalning eng so'nggi pog'onasini band etib turgan autsayder jamoa deb nimaga bunchalik kuyib-pishyapsiz?

– Men o'zimni o'yindan tashqarida tasavvur qila olmayman. Hali kuch-quvvatim etarli. Buning ustiga, har mashg'ulot paytida g'ayratim va shijoatim yanada ortadi. Bahsning bir bo'lagi bo'lish menga yoqadi. SHu sababli, o'rnimni boshqasiga bo'shatib berishga hali tayyor emasman. Har tongda uyg'onib, mashg'ulotlarga yo'l olaman. O'zim, murabbiy, sheriklar hamda menga ishonch bildirgan barcha insonlarning tanlovini oqlashim kerak. Bir kuni faoliyatimni tugatarman ham, lekin hali kuch-quvvatim borligida hamda menga ishonib turishgan bir paytda maksimal darajada o'zimni ko'rsatib berishga harakat qilaman.

– Biroq “Xaladash” bilan tuzgan shartnomangiz muddati iyunda o'z nihoyasiga etadi. Nahotki yana yangi shartnoma imzolamoqchisiz?

– Hali bir qarorga kelganim yo'q. To'rt yil avval klub bilan eksklyuziv huquqlar asosida, faqat bitta o'yinda ishtirok etish sharti bilan shartnoma imzolagan edim. Men o'ynashni boshlagan jamoamda faoliyatimni tugatishni istagandim. Lekin keyinchalik hammasi boshqacha tus oldi. Mana 4 mavsumdirki, shu erdaman. Men bu erda ulg'aydim, katta futbolda debyut qildim. Berlinning “Gerta” klubi skautlarining etiboriga tushdim hamda u erga jo'nab ketdim. Rejalarim bo'yicha 17 yildan so'ng jonajon vatanimga qaytib, faoliyatimni chiroyli tarzda yakunlamoqchi edim. Men — “Xaladash”ning bir qismiman, u ham mening yarmim. Futbol sohasi uchun yoshim ancha kattalik qilishini bilaman. Lekin klub mendan mamnun ekan va hali kuchim borligi uchun futbol o'ynashda davom etaveraman.

– Klub bu yil yuz yillik yubileyini nishonlashi va so'nggi paytlardagi yutuqlarini hisobga olsak, hozir klubdan ketishning ayni vaqti emas. Nima dedingiz?

– Bu nafaqat menga, balki jamoa uchun ham qiyin davr. Navbatdagi o'yinlarda qanday qilib g'alaba qozonish mumkinligi haqida bosh qotiryapmiiz. Biroq shuni takidlashim joizki, “Xaladash” 4-divizionga tushib ketgan taqdirda ham u bilan birga bo'laman. Bu klub – mening hayotim.

– Keling, tarixga nazar tashlaymiz. 17 yoshingizda “Xaladash”da debyut qilgan edingiz. Bir yildan keyin esa sizni harbiy xizmatga chaqirishdi. Qanday qilib, ham harbiy xizmat, ham futbolchilik sohanigizni olib borgansiz?

– Eh, mening har kunlik ishim juda ajoyib edi: kazarmadan stadionga borardim. Kechasi policiyaning ko'ziga ko'rinmasdan, ortga qaytar edim. O'sha paytlarda Vengriya armiyasida xizmat qilish barcha erkak fuqarolari uchun majburiy edi. Albatta, sportchilar ham bundan mustasno emasdi. Birinchi oy armiya yig'inlarini Sombatxeyda o'tkazdim. Biz xizmat asoslarini o'rgandik. O'sha paytlar futbolni biroz yoddan chiqarishga to'g'ri keldi. Keyinchalik boshliqlar bilan kelishib, “Xaladash”dagi mashg'ulotlarimni davom ettira boshladim. SHuni takidlashim lozimki, o'sha paytlar sportchilarga faoliyatini olib borib, o'z ustida ishlashiga to'sqinlik qilishmagan. 

– Kim bo'lib xizmat qilgansiz?

– CHegarachi bo'lganman. Hattoki, AK-47dan o'q uzib, avtomatni yig'ish va sochish normativlarini topshirganman. Esimda, buni topshirish uchun 20 sekund vaqt belgilangan edi. Men vazifani undan tezroq bajargandim. Gapning qisqasi, harbiy xizmatning bir qismini chegarani, qolganini esa darvozani qo'riqlash bilan o'tkazganman.


– Sizni Berlinning “Gerta” klubiga taklif qilishganida, endigina 21 yoshga qadam qo'ygan edingiz. Sombatxeyning oddiy bir jamoasidan Berlin klubiga ko'chib o'tganingizda, nimalarni his qilgansiz? 90-yillarda ajoyib vaqtlar bo'lgan axir: tungi klublar, restoranlar va h.k.

– To'g'risi, hayolim umuman boshqa narsalar bilan band bo'lgan: yaxshi ovqatlanishim, tartibga rioya qilishim va ko'proq shug'ullanishim kerak edi. Qolgan narsalarga esa qiziqishim bir muncha kamroq bo'lgan.

– Nima hech qachon tungi hayotinngiz bo'lmaganmi?! Ishonish qiyin...

– Mening eng katta orzum professional futbolchi bo'lish edi. Bu amalga oshmaguncha boshqa ishlarga vaqtimni sarflashni istamasdim. Tatil kunlari uyga kelib biroz dam olardim, ammo mavsum payida emas. O'zimga kelib olishim uchun ikki-uch haftalik tatil menga kifoya edi.

– “Gerta”ga kelgan paytingiz nemis taomlarini sinchiklab o'rgangan ekansiz. Aytingchi, ular Vengriya oshxonasidan nimalari bilan farq qilar ekan?

– Germaniyada ovqatlanish madaniyati niki. Vengriyaliklar birgina salat tayyorlashi mumkin va o'shaning o'zi bazida asosiy taom sifatida ham tanavvul qilinaveradi. Germaniyaniki esa umuman boshqacha: avval ozgina salat, sho'rva, keyin asosiy taom va desert. Ular uchun ovqatlanishda ham tartib bo'lishi kerak. To'g'ri, nemislar ham, vengriyaliklar ham qovurilgan go'sht, sosiskalarni yoqtirishadi.

– Nimani ko'proq yaxshi ko'rasiz?

– SHokolad. Lekin mavsum paytida umuman shirinlik emayman.

Akademiya tashkil qilgan Kiray Vengriya futbolining muammoalari haqida so'zlab berdi

2006 yil “Xaladash” sportkompleksiga bolalar va o'smirlar akademiyasi qo'shildi. Uni Kiray ochdi va u “Kiraly sport” deb nomlandi. Imperiya yildan yilga o'sib, rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda uning tarkibida kattalar futbol klubi — “Kiraly FC” bor. U mamlakat chempionatlarida ishtirok etadi (Vengriya to'rtinchi ligasida). SHuningdek, “Kiraly SZE” nomli “U-6”dan “U-19”gacha bo'lgan bolalar va o'smirlar jamoalari bor. O'yinchilarning soni 200tadan ortiq.

Kiray jamoalarini shaxsan o'zi nazorat qiladi va barcha mashg'ulotlarda ishtirok etishga harakat qiladi. U bundan tashqari, “International Goalkeeper School” (xalqaro darvozabonlar maktabi)ni tashqil qilgan. U har ikki oyda 10 yoshdan 21 yoshgacha bo'lgan posbonlarni o'z safiga qo'shib oladi va 3 kun davomida ular bilan sinov mashg'ulotini o'tkazadi. U erga butun Vengriya hamda yaqin davlatlardan kelishadi. Tashrif buyurgan bolalar mehmonxona (2 kecha) va 3 mahal ovqatlanish bilan taminlantiriladi. Buning narxi unchalik qimmat ham emas — 45 ming forint (tahminan 10 ming rubl).

– Siz akademiya va sportkompleksdan tashqari, yana boshqa ishlar bilan shug'ullanish niyatingiz bormi?

– Men UEFA tomonidan “A” kategoriyasi bo'yicha murabbiylik licenziyasiga ega bo'ldim. SHuningdek, darvozabonlik licenziyam ham bor. SHu sababli, futbol sohasida qolsam kerak. Biroq “Kiraly sport” akademiyasidagilarga yordam berishni istayman. Aynan ular uchun men Angliya yoki Germaniyada qolmay, bu markazni tashkillashtirgan edim. Licenziyam esa hech bir muammolarsiz u erda ishlashimga yordam beradi.

– Agar sizni terma jamoaga bosh murabbiylik lavozimiga taklif qilishsa...?

– SHundoq ham meni u erga taklif qilishyapti. Har yarim yilda faoliyatimni tamomlaganim yo yo'qligini aniqlashtirib ketishadi. Ularning taklifiga rad javobini berolmasligimni juda yaxshi bilishadi. Agar haqiqatdan ham ularga yordamim tegsa, bundan faqat xursand bo'lar edim.

– Ha aytgancha, sportkompleks sizga foyda keltiradimi?

– Albatta. U 2003 yilda tashkil topgan. O'sha paytlar men “Gerta”da o'ynardim. SHu vaqt mobaynida kompleks ijobiy tomonga o'zgardi. Yangi suniy chim yotqizilgan hamda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy maydon bor.

– Bularning barini o'z hisobingizdan barpo etganmisiz yoki homiylar bo'lganmi?

– Avvaliga hech qanday homiy yo'q edi. Kompleksni o'z mablag'imga qurganman. Keyinchalik, asosiy ishlar yakuniga etganidan so'ng, homiylar ham topilavergan. Homiylar hozirda logistika, ovqatlanish, texnik jihozlar hamda infrastruktura ehtiyot qismlari bilan taminlab turadilar. Lekin asosiy yuk mening zimmamda. Bir narsani hisobga oling, sportkompleksdan tashqari, mening akademiyam ham bor. U erda teng yoshdagi bolalar guruhi bor. SHuningdek, “Kiraly Shop” magazinim bor. Do'konda ismim yozilgan suvenir va o'yinchoq idishlar sotiladi.

– “Xaladash” sizning markazingizda mashg'ulot o'tkazgani uchun sizga ijara haqi to'laydimi?

– Ha. Aniq summasini aytolmayman. Klub bu erda kompleks ochilganidan buyon shug'ullanadi. Ular uchun eshigimiz doim ochiq.

– Davlat tomonidan qanday yordam berib turiladi? Axir Vengriya termasi Evrodagi yutuqlari milliy g'alabangiz axir?!

– Afsuski, hammasi ham biz xohlagandek bo'lavermas ekan. To'g'ri, biz shon-shuhratga ega bo'ldik. Hamma biz bilan suratga tushishga oshiqardi. Ammo aniq yordam yoki investiciyalar unchalik ko'p bo'lmadi. Bu erda gap mening sportkompleks va akademiyam haqida emas, balki mamlakat futbolini rivojlantirish to'g'risida ketyapti.

– Eshitishim bo'yicha, 14 yoshli o'g'lingiz Matyash sizga o'xshab darvozabon poziciyasida faoliyat yuritayotgan ekan. U Vengriya yoshlar termasida ham debyut qilishga ulguribdi. Matyash ham sizning akademiyangizda shug'ullanadimi?

– Ha. Lekin uning yutuqlari haqida gapirishga hali juda erta. Yoshlar termasi — asosiy jamoa emas. Biroq ota sifatida Matyashdan mamnunman.

– U bilan faxrlanasizmi?

– Men uni boshqa yo'llar bilan ruhlantirib turaman. Masalan, termadagi birinchi o'yinidan avval 108 raqami yozilgan qo'lqop sovha qilgan edi. Bu mening termadagi maydonga tushgan o'yinlarim soni. O'g'lim bundan ham yuqori cho'qqiga erishishini istayman. Uning bazasi yaxshi. CHunki u men bilan Angliya va Germaniyaning bolalar klublarida o'ynagan. Hozircha unga tezlik etishmayapti.

– Siz unga tasir o'tkazishga harakat qilasizmi?

– Men hech qachon uni nimadir qilishga majburlamaganman. Agar u katta futbolga borishni xohlamasa bundan hafa bo'lmayman.  Ha, kasbim davomchisi bo'lmasligi mumkin, lekin uning qarorini hurmat qilaman. U zavqlanib futbol o'ynayotganidan juda ham xursandman.

Kiray nima uchun shim kiyishni tanlagan?

– Bir narsani tushunmayapman, nima uchun Matyash Kiray maydonga kulrang shim kiyib chiqadi?

– Boshqa iloji ham yo'q-da (kulib). Ishoning, darvozabon uchun eng qulay kiyim — shim. Men unga qorasi shim yoki shortik kiy deb tavsiya qildim. Lekin u kulrang shimda maydonga tushaverdi. SHunda o'zini qulay his qilishini aytadi.

– Bu shim sizning “Kiraly” brendingizdanmi?

– Ha. Bittasining narxi — tahminan 30 evro turadi. Do'kondagi deyarli hamma narsa shu erda, Vengriyada ishlab chiqarilgan.

– Klub va terma jamoa homiylari o'rtasida nizo kelib chiqmaydimi?

– Biz allaqachon hammasini kelishib olganmiz. Men o'z markamdagi qo'lqop va shimda o'ynayman. “Gerta” Nike bilan hamkorlik qilishiga qaramay, mening brendim o'sha klub magazinida ham sotiladi. Hammasi mana bunday bo'lgandi: bir necha yil avval “Gerta” marketing vakillari bilan uchrashganmiz. O'ylashimcha, mening Berlin klubidagi 7 yillik faoliyatim va “Kiraly” brendim Nike sotuviga halal bermaydi.

– Yaxshi. Unda yo'l bo'yi meni qinagan savolni sizga bersam... Siz termadagi o'yinlar soni bo'yicha rekordchi yoki Evropa chempionatining eng qari ishtirokchisi sifatida emas, balki katta kulrang shim kiygan darvozabon sifatida futbol tarixida qolasiz. Bu sizga alam qilmaydimi?

– To'g'risini aytsam, buning menga farqi yo'q. Asosiysi men maydonda nimani namoyish eta olishim. O'zingiz ham bilsiz, kulrang shim meni kuchliroq qilagani, termaga olib kelgani, milliy rekordimizni o'rnatib bergani va 43 yoshda o'ynashimga yordam berayotgani yo'q. Har doim bir narsani takidlaganman: bu moda emas, shunchaki o'zimga qulay.

– Siz va o'g'lingizdan tashqari, shim kiyib o'ynaydigan yana bir yigit bor — quvaytlik posbon Salex Maxdi. U ham “K1raly” brendidagi shimni kiyadi. Lekin qanaqasiga? Quvayt chempionatida issiq shim kiyish...?

– Yaxshi savol. 10 yil avval o'sha bola mavsum davomida Budapeshtning “Gonved” jamoasida o'ynardi. Nazarimda, unga mening uslubim juda yoqqan. U o'ziga bir nechta kiyim sotib olib, yana yurtiga qaytib ketgandi. Biz u bilan suhbatlashib turamiz. Salex shu yozda faoliyatini yakunlamoqchi edi. Lekin u Quvaytda bunday issiq shimda qanday qilib o'ynayotganiga men ham hayronman...

– Faqat Angliyada siz bir nechta o'yinda shim kiymagan edingiz. Nima uchun?

– Keling, yaxshisi nima uchun shim kiyishni boshlagan haqida aytib beraman. Vengriyadagi faoliyatim boshida stadionlardagi chim yaxshi emas edi. SHuning uchun, oyoqlarimni asrab shim kiyardim. SHuningdek, shim kiygan paytim “Xaladash” ijobiy natijaga erishardi. Keyinchalik bu odatga aylandi. Germaniya va Angliya gazoni havas qilarli darajada emas. Lekin u erda baribir shortik kiyib, o'ynay olmadim.

– Aynan shu narsa Evro-2016da mashhur bo'lishingizga sabab bo'lgandi. 40 yoshli posbonning bunday ko'rinishi ko'pchilikning qiziqtirgan edi.

– Evro-2016dan keyin menga katta qiziqish bilan qaray boshlashdi. Biroq chempionatgacha 20 yildan ortiq shim kiyib o'ynagandim. Men shunchaki o'z ishimni bajaraman. 26 mavsumda 885 o'yinda ishtirok etdim.

– Ajoyib statistika!

– Bu shunchaki terma va klublardagi rasmiy o'yinlar. Hali o'rtovlik bahslarini hisobga olganim yo'q.

Tushkunlik ustidan qozonilgan g'alaba hamda Robert Enke fojeasi haqida

– Qanday futbol uslubi sizga ko'proq mos kelgan – ingliz yoki nemis?

– Vengriyaniki (kulib). Umuman olganda – nemis. U texnik jihatdan ancha rivojlangan. Boshqa Bir tarafdan, Angliya premer-ligasidagi tartib yoqar edi. To'g'risini aytsam, faoliyatim davomidagi har bir klubda mazza qilib o'ynaganman.

– Lekin “Gerta”dagi faoliyatingiz yakuniga oz qolganida, haqiqiy tushkunlikka tushib qolgan edingiz?!

– Agar buni “tushkunlik” deb tushungan bo'lsangiz, mayli shunday deyaqoling. Bunga qarshiligim yo'q. Aslida, 2003/04 yilgi mavsum boshida jamoa juda yomon natijalar qayd etgandi. SHuning uchun, ko'proq ijobiy natija ko'rsatishga urinardim. SHeriklarimdan ham shuni talab qilardim. Biroq menga jarohat halal berib qoldi. Yangi bosh murabbiy Xans Mayerchempionatning ikkinchi qismi mensiz boshlanishini elon qildi. Jamoaga yordam bera olmay, ilk bor zaxirada o'tirish mening kayfiyatimga juda katta salbiy tasir ko'rsatdi.

Bu vaziyat kayfiyatimga salbiy tasir ko'rsatdi va hafsalam pir bo'ldi. Men avval darvozabon bo'lgan Vengriya futbol afsonasi Dyula Groshichga murojaat qildim. Uning aytishicha, yordamni jamoaga emas, balki birinchi navbatda o'zimga berishim kerak ekan. Agar ular sizning yordamingizga muhtoj bo'lishmasa, nima uchun ularga yordam berishingiz kerak? Agar u psixologik tomondan menga dalda bermaganida, kim bilsin holim ne kechardi?! O'sha paytdan boshlab men o'z ustimda ishlay boshladim. Oradan yarim yil o'tib, o'zimni boshqarishni o'rgandim va hammasi joyiga tushib ketdi.

– Sizningcha, o'shanda Robert Enkega nima bo'lgan (“Gannover 96” hamda Germaniya termasi darvozaboni, 2009 yil  10 noyabrda poezd tagiga o'zini tashlab vafot etgan)? Nima uchun u muammolarini enga olmagan deb o'ylaysiz?

– Robert bilan sodir bo'lgan voqeani eshitganimda terma jamoa bilan birga edim. – Robert bilan sodir bo'lgan voqeani eshitganimda terma jamoa bilan birga edim. Bu nafaqat uni tanigan-bilgan hamkasblariga, balki butun futbol muxlislariga ham yomon xabar bo'lgan. Sizga bir narsani tushuntirib beraman: posbonlar o'z dunyosida yashaydi, psixologiya jihatdan ular maydondagi boshqa o'yinchilardan juda katta farq qiladilar. Biz har bir o'tkaziyu yuborilgan to'p uchun javobgarlikni o'z bo'ynimizga olamiz. SHuning uchun, tashqi bosimlarga tasirchan bo'lib qolamiz. Omadim bor ekan, o'z vaqtida bunday bosimlarga qarshi kurasha oldim.

Biroq Robert bilan biroz boshqacharoq vaziyat bo'lgan: uning faoliyatida pasayish va zaxirada qolib ketishlar ko'proq bo'lgan. Bundesliga hamda Germaniya termasidagi bosimlarning esa oxiri yo'qdek edi, go'yo. Yodimda, “Gannover”ning bir omadsiz o'yinidan so'ng, nemis gazetalaridan birida “Darvozabon xatosi” nomli maqola chop etilgan: yani xuddi hamma ayb Enkeda ekan... Tasavvur qilyapsizmi, o'zi har bir o'tkazib yuborgan goli uchun tushkunlikka tushib qolgan insonning ahvoli, bu maqoladan keyin nima kechgan ekan?! Bunga yana oilaviy muammosini ham qo'shsak-chi?! Enke o'z joniga qasd qilishidan uch yil avval 2 yoshli qizi olamdan o'tgan edi. Aynan shu narsa kun-u tun uning hayolida edi.

Robert bilan yuz bergan o'sha voqeadan so'ng, matbuot ham yo'nalishini biroz o'zgartirdi: darvozabonlarga ochiqchasiga bosim o'tkazmadi. Yana anig'ini bilmadimku, lekin boshqa keskin va tanqidiy maqolalarga ko'zim tushmadi.

– Qanchalik qo'pol eshitilmasin, demak ommaviy axborot vositalari keskin tanqid qilish mumkin emasligini tushunib etishi uchun ularga “qurbon” kerak bo'libdi-da?!

– Aynan shunday. Darvozabon — jamoadagi birinchi va oxirgi o'yinchi. To'p o'tkazib yubordimi? Demak, posbon aybdor. Lekin har doim ham shunday bo'lavermaydi. Ammo tahlilchilardan boshqa hech kim o'yinni qaytadan qo'rib, vaziyatni tushunishga harakat qilmaydi. Umuman olganda, jamoada undan tashqari yana 10ta o'yinchi bor. Ularning har biri o'tkazib yuborilgan to'p uchun golkiper bilan birdek javobgar.

Avlodlar o'rtasidagi farq va yutuqlar haqida

– Yosh futbolchilar haqidagi fikringiz? Ular bilan o'zingizni bemalol his qilasizmi yoki boshqa sayyoraga tushib qolgandek bo'lasizmi?!

– Hammasiga hurmat qilaman. Har birining o'z o'rni bor. Bir narsaga aminmanki, har qanday vaziyatda ham oyoqda tik tura olishingiz zarur. Ko'pchilikka mashhur yulduzga aylangan bo'lishi va 5talab gol urgan bo'lishi mumkin. Lekin asosiysi insoniyligini yo'qotmasligi. Faoliyati bir yakunlanadi, atrofdagi shov-shuv ham nihoyasiga etadi, lekin inson o'sha-o'shaligicha qoladi.

– Futboldagi eng katta yutug'ingizni ayta olasizmi? 

– Terma jamoalar miqyosida olsak – Evropa chempionati-2016. Klubda esa aniq bir javob bera olmasam kerak. Vengriyadan tashqari, men Angliya va Germaniyada to'p tepganman, CHempionlar Ligasi va UEFA Kubogi doirasidagi uchrashuvda maydonga tushganman. Futbolda birgina orzuim bo'lmagan. Aytaylik, men «Manchester Yunayted» yoki «Barselona» safida maydonga tushsam bo'ldi orzum ushaladi demaganman, aynan qaysidir sovrin "ishqida kuymaganman". Men shunchaki jahon darajasidagi darvozabon bo'lishni niyat qilgandim. Umid qilamanki, niyatimga etdim. Yodimda, ilk bor CHempionlar Ligasi madhiyasi ostida «Gerta» safida tribunaostidan maydonga chiqib kelganman. Tanaffusda jamoadoshlarimga endi faoliyatimni yakunlayversam ham bo'laverishini aytgandim. O'shanda men 22 yoshda, bundan 20 yil avval yuz bergandi.

– SHunday bo'lsa ham: keyinchi Gabor?

– "Xaladash"ni elitada saqlab qolish uchun mashg'ulotlarda chin dildan shug'ullanish va g'alaba qozonish. Bundan tashqari akademiyam va sport kompleksim mavjud. Maydondan biroz narida qurilish ishlariga ko'zingiz tushgandir? Yaqin oylar ichida yana qator loyihalarni amalga oshirish, yakuniga etkazish darkor. Keling endi intervyuni yakunlaylikda sizga magazin va trenajer zalini ko'rsatay.

Ofis oldida "Citroen Picasso" turibdi – bu Kirayning mashinasi. Undan tashqari Gabor ancha eski bo'lgan birinchi model "Mini"si ham bor. 

Bir-ikki daqiqa o'tgach, biz zal va ikkinchi ofis binosini ko'zdan kechirdik. Uning devorlarida Gabor Kirayning futbolkalarini va futbolchilik faoliyatida u forma almashganlarning futbolkasini ko'rishingiz mumkin. U erda ko'plab yulduzlarni ko'rish mumkin, ammo Noyer, Ronaldu va yana bir qancha zamonaviy futbol yulduzlarining formasi ajralib turardi. Magazinda tamirlash ishlari olib borilayotgandi, shuning uchun K1raly logotipi tushirilgan tovarlar vitrinalarda emas, balki stol ustida va devor oldidagi qutilarda turardi. Kirayni ishchilar to'xtatishdi va ular uzoq nimalarnidir muhokama qilishdi. Undan so'ng Gabor meni shahargacha tashlab qo'yishini aytdi, men rozi bo'ldim. Yo'l-yo'lakay biz u yoqtirgan Bon Jovi guruhi haqida ham gaplashib ulgurdik. U quvonch bilan bundan 20 yil avval guruh azolarining barchasidan dastxat olishga muvaffaq bo'lganini aytib berdi. 

Qaysidir manoda Gabor Kiray o'ta sodda, to'g'ri va shu sababli biroz zerikarli shahsdek tasavvur uyg'otishi mumkin. Kirayni zamonaviy top-futbolchilar bilan solishtirish mushkul vazifa. Sababi u ancha kech mashhurlikka erishgan va u yoshgacha bugungi futbolchilarning eng matonatlilari ham faoliyatini tugatib ulgurmoqda. U ijtimoiy sahifalardagi sahifalarida sanog'i yo'q selfilar bilan "jonga tegmaydi" va hatto mamlakatning o'zida ham eng mashhurlardan hisoblanmaydi. Unda oddiy kiyim, oddiy mashina, 26 yillik mustahkam oila, ona shahridagi foydali ishi bor. Xavas qilsa arzigulik hayot yo'li, shunday emasmi?


Nozima Zaripova tarjimasi

Reyting: +21   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика