So’nggi yangiliklar

10:16«Акрон» Шерзод Эсановни қанчага сотиб олгани маълум  1 09:50Жоау Феликс фаолиятини АПЛда давом эттиради  2 09:47Мўжиза рўй бермади – аммо, ҳали барчаси олдинда. Ўзбекистон – Испания ўйинидан хулосалар  7 09:21Александр Хомяков: «Ёзги йиғинни қандай ўтказганимизни иккинчи давра ўйинлари кўрсатиб беради»  2 08:48«Фулад» Ўткир Юсуповни қанчага сотиб олди?  16 08:20"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз - 12 ёшли Арслан Шакиров  0 07:55Мадрид «отмен». Артём Довбик фаолиятини Италияда давом эттиради  4 07:29Расман. "Бунёдкор" хорватиялик ҳужумчи билан шартнома тузди  3 00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  4 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  4 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  8 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  14 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  12 22:44Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ легионери терма жамоа ихтиёрини вақтинчалик тарк этди  21 22:22Ўртоқлик ўйини. Бразилиялик футболчини кўрикдан ўтказаётган "Динамо" "Бунёдкор"ни мағлуб этди  6

No'mon Hasanovning mavsum haqidagi taassurotlari va rejalari Yangiliklar

No'mon Hasanovning mavsum haqidagi taassurotlari va rejalari

27 dekabr kuni “Qo'qon-1912” jamoasi uchun bayram dasturxoni yozildi. Biz esa anchadan beri bosh murabbiy No'mon Hasanov bilan suhbatlashish niyatida yurgandik.

Ammo mavsum tugaganidan keyin u sog'ligida biroz muammolar borligi sababli davolanayotgandi. SHu bois bunday paytda Hasanovni bezovta qilishni xohlamadik. Biz uchun qulay fursat esa bayram tadbiri edi. Negaki, u erga bizni ham taklif qilishgandi.

No'mon Hasanov qiyin vaziyatda qolgan jamoani qabul qilib oldi va ikkinchi davrada deyarli o'zi istagan o'zgarishlarni amalga oshirdi. Natijada klub uning boshchiligida oliy ligada qolish vazifasini bajardi. SHu orqali u ishqibozlarning ham mehrini qozondi deyish mumkin. Qolaversa, uning o'zida ham murabbiy sifatida yanada yaxshi nom qoldirish istagi bor. SHu sababli “Qo'qon-1912”da astoydil ishga kirishgan. Umuman aytganda, u bilan suhbatlashish uchun sabablar ko'p edi. Buning ustiga keyingi reja va maqsadlari ham biz uchun qiziq edi. SHu sababli tadbir davomida uning bo'sh paytini poyladik va fursatdan foydalanib u bilan suhbatlashish niyatimiz borligini aytdik. Hasanov esa tarkibga kimlar keladi, kimlar ketadi, umuman, yangi mavsum xususidagi savollarni bermaslik sharti bilan gaplashishga rozi bo'ldi. (Suhbat 27 dekabr kuni bo'lib o'tgan) U ko'p narsa yangi yildan keyin hal bo'lishini takidladi.

- No'mon aka, sog'ligingiz yaxshimi? Aslida nima bo'lgandi?
- Sog'ligim borasida muammolar paydo bo'lib qolgandi. Mavsum tugashi bilanoq operaciya stoliga yotdim. Toshkentda 15 kun davolandim. Dastlabki operaciya yaxshi o'tdi. Endi ikkinchi operaciya bo'ladi. Hozir tiklanish jarayoni davom etmoqda. Og'ir narsalar ko'tarish menga mumkin emas. Ikkinchi operaciyani ham qildirsam bo'lardi. Ammo bu erda jamoamizning dastlabki yig'ini ham boshlanib qolgandi va o'zim ishtirok etmasam bo'lmasdi.

- Operaciyadan so'ng mashg'ulotlarda qatnashib qiynalib qolmadingizmi?
- Yo'q, yordamchilarim bor. Ko'rsatmalarimni ular maydonda bajarib turishdi. O'zim esa kuzatib turdim. Qisqasi, qiynalib qolganim yo'q, hammasi yaxshi o'tdi.


- “Qo'qon-1912” jamoasining birinchi va ikkinchi davradagi natijalarini solishtirganda farqi yaqqol sezildi. Ayniqsa, bosh murabbiylikda ish boshlaganingizdan keyin jamoani oliy ligada saqlab qolishni uddaladingiz.
- To'g'ri, men kelganimdan keyin qandaydir o'zgarishlar qilindi. Tarkib masalasida ham nimadir qilishimiz kerak edi. SHu bois yangi o'yinchilarni olib keldik. Ayrimlari bilan esa xayrlashdik. Futbol – bu jamoaviy o'yin hisoblanadi. Futbol ham bir oiladir. Mening birinchi maqsadim o'yinchilarni jipslashtirish edi. SHu sababli mashg'ulot va o'yinlar paytida barchamiz butun jamoa sifatida bir joyga yig'ilib, o'z o'yinimizni ko'rsatdik. Men barcha futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Ular mening istaklarimni va ko'rsatmalarimni to'g'ri tushunishib, mashg'ulotlarda astoydil ishlashdi. SHuning natijasi o'laroq ular o'yinlarda rejalarimizni amalga oshira olishdi. To'g'ri, menga vaqt kerak edi. Etibor bergan bo'lsangiz, oxirgi beshta uchrashuvda yutqazganimiz yo'q. Futbolchilarimiz ham bu paytda o'z sport formasiga kirib qolishgandi. Nima bo'lganda ham jamoani saqlab qoldik va qolganini keyingi mavsumga qoldirdik. Nasib qilsa, homiylarimizning yordami bilan 2017 yilda yanada yaxshi jamoa tuzmoqchimiz. Maqsadimiz muxlislarni xursand qiladigan chiroyli o'yinlarni namoyish etib, yuqori o'rinlarni qo'lga kiritish. SHunday ekan, biz har bir uchrashuvga faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz. Futbolchilarimiz ham hozirdan bu narsani yaxshi his qilishyapti. Bu erda ish boshlaganimdan so'ng mashg'ulotlarga o'zgartirishlar kiritdim. Rosti, jamoadagi o'yinchilar bungacha yangi mashqlar ustida ishlashmagandi. SHuning uchun yigitlarga bizning usullarimiz yangilik bo'ldi. Klubdagi har bir o'yinchi katta ishtiyoq bilan ishladi. O'ylaymanki, jamoamiz tomonidan namoyish etilgan o'yin muxlislarga manzur bo'ldi.

- Ayting-chi, qaysi o'yindan keyin jamoangizning oliy ligada qolganini aniq his qildingiz?
- O'zingiz ham kuzatgan bo'lsangiz, biz oxirigacha kurash olib bordik. Oldimizda turgan masuliyat hamda vazifani to'liq tushungandik. Jamoaning o'tgan yilgi natijasini ham yaxshilashimiz kerak edi. Albatta, doim futbolda o'zingiz o'ylagan narsa amalga oshavermaydi. SHuni inobatga olganda, ayrim uchrashuvlarda alamli tarzda ochkolarni yo'qotdik, ayniqsa, oxirgi daqiqalarda gol o'tkazib g'alabadan mahrum bo'lgan paytlarimiz ham bir nechta bo'ldi. Agarda mana shunday yo'qotishlarga duch kelmaganimizda biz bundan-da, yuqori o'rinlarga ko'tarilgan bo'lardik. Baribir shuni unutmaslik kerakki, jamoamiz nisbatan yosh va bu yil shakllanishni boshladi. Tabiiyki, bunday paytda hamma narsa o'z vaqti soati bilan keladi. Umid qilamanki, yangi mavsumda bu yilgi ayrim o'yinlarda yo'l qo'ygan xatolarimizni takrorlamaymiz.

- Yana bir gap: bir yil davomida “Qo'qon-1912” darvozasini besh nafar posbon qo'riqladi. Oliy liga jamoalari ichida eng ko'p darvozabondan foydalangan jamoa aynan sizniki bo'ldi. Bu nimadan dalolat? Yoki darvozabonlar masalasida ishonchingiz u qadar bo'lmadimi? Balki buning boshqa sabablari bordir?
- Siz ham bilasiz, hozirgi kunda O'zbekistonda yaxshi saviyadagi darvozabonlarimiz ko'p emas. Hozirgi paytda ham bizni bu muammo qiynab kelmoqda. Maydonda darvozabonning bajarishi kerak bo'lgan ishlari ko'p. Oddiy misol, burchakdan to'p tepilayotgan paytda u avvalo to'g'ri joy tanlay olishi va sheriklarini joylashtira olishni ham bilishi kerak. SHuningdek, u oyoqlari bilan ham yaxshi o'ynay olishi darkor. Doim ularga mana shunday jihatlar bo'yicha gapirib kelyapmiz. SHuning uchun Aziz Ashurovni yana qaytardik.

- Siz bilan ikkinchi davra boshida suhbatlashganimda, endi boshqacha “Qo'qon-1912”ni ko'rasizlar deb aytgandingiz. CHindan ham sizning boshchiligingizda bu jamoa o'yin sifati bo'yicha ancha o'sishga erishdi. Masalan, bu narsa “Andijon” bilan uchrashuvda yaqqol ko'zga tashlangandi. Umuman aytganda, bosh murabbiy sifatida shogirdlaringizning o'yinidan har jihatdan qoniqdim deya olasizmi?
- To'g'ri aytasiz, rostdan ham o'yin tarafidan qaraganda futbolchilarimizning hatti-harakatlari menga yoqdi. Lekin bu o'yinimizda kamchilik qolmadi degani emas. Baribir yana ishlashimiz kerak. CHunki o'yinimizda hali echimini topishi kerak bo'lgan muammolarimiz bor. Hech qachon bir yoki ikki oyda jamoani shakllantirishning iloji yo'q. Har doim har qanday murabbiyga vaqt kerak, buni unutmaslik kerak. Lekin jamoamizda yaxshi yigitlarni to'plaganmiz. Ular bizning ko'rsatmalarimizni to'g'ri bajarishga harakat qilishdi. Mashg'ulotlarda ham zo'r ishtiyoq bilan ishladilar. Baribir o'yinning yaxshi chiqishi avvalo mashg'ulotga bog'liq. Futbolchilarimizning ishga bo'lgan munosabati ham menga maqul keldi.

- Demak, katta etirozlaringiz yo'q-a?
- Ha, to'g'ri. Boya oxirgi daqiqalarda o'z darvozamizdan gol o'tkazib g'abalardan mahrum bo'lgan o'yinlarimiz bo'lgani haqida gapirdim. SHuningdek, o'ta qiyin kechgan bahslarda ham bir ochkodan ishladik. Bunga misol qilib, Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi o'yinni aytgan bo'lardim. Lekin yana bir tan olishimiz kerak bo'lgan haqiqat shuki, jamoamiz barqaror ravishda bir maromda o'ynay olmadi. Nima bo'lganda ham jamoaga vaqt kerakligi bilinib qoldi. SHuning uchun oxirgi beshta o'yinda futbolchilarimiz yaxshi o'ynay olishlarini o'zlari ham his qila olishdi deb o'ylayman. Albatta, shularni hisobga olganda, o'zim ham ko'rsatgan o'yinimizdan qoniqish hosil qildim.

- O'tgan haftada PFL bosh direktori Farhod Magomedov yangi mavsumdan etiboran barcha jamoa bosh murabbiylarida “Pro” licenziyasi bo'lishi shartligi haqida gapirdi. Sizda esa “A” bor. Endi qanday yo'l tutmoqchisiz?
- “Pro” licenzisi uchun o'quv-kurslari tashkil etilganida albatta men ham qatnashaman. Qaror chiqqanidan keyin hamma harakatga tushib qoladi. Jamoamizda esa hech kimda bunday licenziya yo'q. Bunday vaziyatda esa boshqa mutaxassisni olib kelish ham noto'g'ri bo'lardi. SHu sababli yaqin orada “Pro” uchun o'qishlar boshlansa men ham borib o'qiyman.

- Umuman olganda, bunga sizning munosabatingiz qanaqa? Siz ham ushbu qarorni qo'llab-quvvatlaysizmi?
- “Pro” licenziyasi asosan xorijda ishlash uchun joriy etilgan. O'zimizning murabbiylarga esa “A” licenziya ham bo'laveradi. Lekin murabbiy uchun yana qo'shimcha o'qishlar zarar qilmaydi.

- Endi jamoangizning tayyorgarlik rejalari haqida ham o'rtoqlashsangiz. Mana, dastlabki yig'in ham yakunlandi. Qolgani qanday ko'rinishda tashkillashtiriladi?
- Yangi yil bayramini o'tkazganimizdan so'ng yanvarning dastlabki kunlarida Toshkentda to'planamiz hamda 23-sanagacha shug'ullanamiz. U erda ko'proq nazorat uchrashuvlarini uyushtirmoqchimiz. Asosiy etiborni shu narsaga qaratishni o'ylab turibmiz. Poytaxtdagi yig'inni yakunlaganimizdan keyin Qo'qonga qaytamiz. Rejamiz bo'yicha Farg'ona viloyat hokimi Kubogida qatnashmoqchimiz. Balki ushbu turnirda oxirigacha qatnashmasmiz. Nimaga deganda 5 fevralda Turkiyaga ketmoqchimiz. Agarda bu rejamiz “o'xshab” qolsa ajoyib ish bo'lardi. Xorijda yig'in o'tkazishimiz “Qo'qon-1912” uchun juda foydalidir. U erda kuchli jamoalar bilan nazorat o'yinlarini o'tkazish futbolchilarimizning o'yin saviyasini ham oshiradi.


- SHu o'rinda legionerlar mavzusi haqida ham to'xtalmoqchimiz. Ikkinchi davrada “Qo'qon-1912”ga qo'shilgan Nikola Valentich bilan Darko Gojkovich xususida ko'pchilik juda iliq fikrlarni bildirishdi. Darhaqiqat, bu narsa o'zaro natija va raqamlarda ham aks etdi. Masalan, jamoa birinchi davraga nisbatan ikkinchi davrada kamroq gollar o'tkazdi. Tabiiyki, bu o'sha himoyachilarning xizmatidir. Menimcha, ularni ortga qaytarish oldingizda turgan asosiy vazifalardan biri bo'lsa kerak? Bu kabi legionerlarni yana olib kelish sizga muammo bo'lmasmikin?
- Umid qilamanki, muammo bo'lmaydi. Serbiyada mening bir qator do'stlarim bor. Futbolchining familiyasiga etibor bermayman. Avvalo ular bilan ko'rishib, o'yinlarini kuzataman. Qo'qonga kelib ish boshlaganimda birinchi navbatda himoya chizig'ini jiddiy kuchaytirmasak bo'lmasligini sezgandim. SHuning uchun ikki nafar serbiyalikni olib keldik. Endi esa ularning safiga yana bir legionerni qo'shib olish niyatimiz bor. To'g'risi, Valentich bilan Gojkovich hammamizda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Ular nafaqat o'yinda yoki mashg'ulotda, balki maydondan tashqarida ham yigitlarda ajoyib taassurot qoldirishdi. O'yinchilarimiz ulardan ko'p narsani o'rganishdi. Aytmoqchimanki, serbiyaliklar jamoamizga har tomonlama yordam berishyapti. Quvonarlisi, futbolchilarimiz ularga qarab o'sishga erishishyapti. Xullas, legionerlarning professional tarzda ishlashi menga yoqdi. 5 yanvar kuni Valentich bilan Gojkovich Toshkentga etib kelishadi.

- Adashmasam, siz yana bir legioner o'yinchi qidiryapsiz va bu hujumchi bo'lishi kerak, shundaymi?
- Ha, to'g'ri.

- CHunki oldin aytgandingiz, bizga hujumchi kerak deb…
- Albatta, shunday. Yaqin kunlarda uning kimligini aytaman. Muzokaralarimiz natijasiga ko'ra hozircha menga ikki nafar hujumchi yoqmoqda. Yaqin kunlar ichida ulardan birini tanlab olishim kerak.

- Oxirgi savol: rejangiz bo'yicha tarkibni necha foizga almashtirmoqchisiz?
- (biroz o'ylanib) Tarkibimizda o'ynagan futbolchilarni u qadar ko'p almashtirmasam-da, baribir qisman o'zgarish bo'ladi. Bir-ikkita yangiliklar yuz beradi. Menga ko'proq zaxiradan maydonga tushib o'yinni kuchaytira oladigan o'yinchilar kerak.

- Bundan chiqdi, zaxira o'rindig'ini kengaytirmoqchisiz…
- Ha, to'g'ri aytdingiz. Bizga o'yinni kuchaytira oladigan futbolchilar kerak. Bu yil ancha qiynaldik. Yani, o'sha zaxiramizdan maydonga tushib o'yinni kuchaytira oladigan futbolchilar borasida qiynaldik. Endi esa menga har bir chiziqqa ikkitadan teng kuchli o'yinchi kerak.

FIRDAVSXON suhbatlashdi.
“Futbol Ekspress” gazetasidan olindi.

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика