"Navbahor": “Bunyodkor” yoshlari bilan durang qayd etildi

Narzulla Saydullayev
28 yanv 2015, 16:32
Mavsumga tayyorgarlikni davom ettirayotgan "Navbahor" bugun “Bunyodkor” yoshlari bilan navbatdagi nazorat uchrashuvida kuch sinashdi.
“Bunyodkor” o'yingohining sun'iy qoplamali maydonida o'tkazilgan bahsda murabbiylarimiz oldingi uchrashuvlarda maydonga tushmagan va kam o'yin amaliyotiga ega bo'lgan futbolchilar xizmatidan foydalanishdi. Uchrashuvning birinchi bo'limida yosh “qaldirg'ochlar” hisobni ochishga erishishgandi.

Tez orada Serbiyadan taklif etilgan hujumchi Aleksandar Leposavich o'rtadagi muvozanatni tikladi. Tanaffusdan keyin ham futbolchilarimiz ustunlikka erishib, raqib darvozasi qarshisida ko'plab vaziyatlarga ega bo'lishdi. Lekin, Otabek Valijonov (2 marta) va Yuriy Rijkolar imkoniyatlardan foydalana olishmadi. Uchrashuv oxirlarida “Bunyodkor” yoshlari penaltini aniq amalga oshirib, oldinga chiqib olishgandi. Tez orada A'zam Aliev javob to'pini kiritib, bahsni 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlanishini taminladi. 

Jamoamiz uchrashuvni quyidagi tarkibda maydonga tushdi: Doston To'xtaboev, Tohir Shamsiddinov, Omon-Biik Halilov, Yuriy Rijko, Botir To'raboev, Otabek Valijonov, G'ayrat Jo'raev, Alisher Mahmudov, Aleksandar Leposavich, Muhammad Rasulov, Aziz Turg'unboev.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Xurshid Xo'jaev, A'zam Aliev, Ilhom Boydedaev, Robbim Hasanov.

Tarkib xususida gap ketganida, o'tgan mavsumni G'uzorning “Sho'rtan” klubida o'tkazgan himoyachi Qahramon Mahammadjonov mavsum yakuniga etgach jamoa ixtiyoriga qaytgandi. Ma'lum vaqt davomida mashg'ulotlarda qatnashgan himoyachi “Qo'qon-1912” jamoasiga ijaraga berildi. Ayni paytda jamoamiz markaziy himoyasida jiddiy raqobat yuzaga kelganligi uchun murabbiylar shunday qarorga kelishdi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz