"Napoli"ni chempion qilgan besh yigit
05 may 2023 16:15
Yangiliklar
"Napoli"ni chempion qilgan besh yigit
Safarda "Udineze" bilan durang o'ynagan Luchano Spalletti boshchiligidagi "Napoli" 33 yil deganda ilk bor mamlakat chempioni bo'ldi.
Ushbu chempionlik zamirida juda ko'pchilikning mehnati yotganini barcha yaxshi tushunib turibdi. Biz sizga ularning eng muhim besh nafarini tanishtiramiz.
Aleks Meret
26 yoshli darvozabon o'tgan mavsum David Ospinaning o'rinbosari edi. Bu yil esa almashtirib bo'lmas posbonga aylandi. U 31ta o'yinda maydonga tushib, 23ta gol o'tkazib yubodi. Meret 15ta bahsda o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qola oldi. Raqiblarning 89ta aniq zarbasidan keyin 67ta seyv namoyish etdi, shulardan 22tasi superseyv bo'ldi. Instat portali bo'yicha Meretning butun mavsum bo'yicha o'rtacha 241 ballga loyiq ko'rilgan.
Kim Min Je
190 santimetr bo'yga ega koreyalik markaziy himoyachi shu mavsum boshida Turkiyaning "Fenerbaxche" klubidan "Napoli"ga 18 million evro evaziga ko'chib o'tgandi. A seriyada 32ta uchrashuvda maydonga tushib 2ta gol urgan va 2ta golli pas bergan Kim Min Je jami 2481ta pas berdi (93 foiz aniqlik). Instat bo'yicha u 271 ballga ega - Italiya A Seriyadagi eng yaxshi ikkinchi ko'rsatkich. Bu boradagi birinchi ko'rsatkichga ega futbolchi haqida quyiroqda o'qiysiz. O'tgan yozda transfermarkt portali bo'yicha transfer narxi 14 million evroga baholangan koreyalik futbolchining hozirgi narxi 50 million evroga teng.
Jovanni Di Lorenco
29 yoshli "Napoli" sardori bu mavsum Italiya chempionatida hozirgacha o'tkazilgan 33ta o'yinning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushdi (faqat bitta o'yinda 79-daqiqada almashtirildi) va raqiblar darvozasiga 2ta gol urishga, 4ta golli pas berishga erishdi. U 2355ta to'p uzatishni amalga oshirgan, shundan 87 foizi aniq chiqqan. O'ng qanot himoyachisi Instat portalida 270 ballga ega - A Seriyada uchinchi o'rin.
Xvicha Kvaracxeliya
Instat portali bo'yicha hozirgi vaqtda Italiya A Seriyasidagi eng yaxshi ko'rsatkichga ega futbolchiga ham etib keldik. O'tgan yozda Batumining "Dinamo" klubidan 11,5 million evro evaziga sotib olingan Xvicha Kvaracxeliyani ayni paytda Evropaning deyarli barcha top-klublari o'z safida ko'rishni xohlasa kerak. Ortda qolayotgan mavsum Italiya A Seriyasida 29ta o'yinda maydonga tushib 12ta gol urgan va 10ta golli uzatmani amalga oshirgan gruziyalik futbolchi raqiblari darvozasi tomon 73 marta zarba bergan (43tasi aniq). Mana shu natijalar qayd etgan "Kvaradona" instat tomonidan hozircha 273 ballga loyiq ko'rilgan. Malumot uchun, hozir 22 yoshli Xvichaning transfer narxi 85 million evroga teng.
Viktor Osimxen
Nigeriya terma jamoasi hujumchisi 2020 yil yozida "Lill" klubidan 75 million evro evaziga sotib olingandi. O'shanda "Napoli" Franciya chempionatida o'ynayotgan hujumchi uchun keragidan ortiqcha pul to'ladi deganlar ko'p edi. Oldingi ikki mavsum davomida Osimxen Italiya A seriyasida jami 24ta gol urdi. Bu mavsum esa to'lig'icha Osimxen uchun ataldi desak mubolag'a bo'lmaydi: 27ta o'yin, 22ta gol, 5ta golli pas. 24 yoshli futbolchi raqiblar darvozasi tomon 104 marta zarba yo'lladi, shundan 46tasi aniq chiqdi. Bundan tashqari u sheriklariga 27ta golli vaziyat yaratib berdi. Ayni paytda transfermarkt portali uni 100 million evroga baholamoqda. Osimxen bu borada dunyo bo'yicha 9-o'rinda qayd etilgan. Transfer narxi bunchalik katta bo'lsa ham Viktorni sotib olishni xohlayotgan klublar soni Xvichani xarid qilishni xohlayotganlardan ko'proq.
Fikrlar