So’nggi yangiliklar

18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:10Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 0:0 (матнли трансляция)  2 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   1 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  33 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16 14:27ПРО-Лига. "Бухоро" - "Арал": Асосий таркиблар маълум!  0 14:15Эшитдик-да! Усмон Тошев ЎФАни тарк этди  14 14:05Хакими ПСЖ билан шартномасини узайтирди  0 13:47Арихиро Сентоку: "ОКМК билан мавсум якунида тарих яратамиз"   4

Murod Aliev: "Har bir rahbar o'zi ishlagan davrga javob bergani maqul" Yangiliklar

Murod Aliev: "Har bir rahbar o'zi ishlagan davrga javob bergani maqul"

Oxirgi paytlarda “Bunyodkor” klubi o'zbek futbolining bosh mavzusiga aylanib qoldi. CHunki klub moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan o'tkazayotgani bilan birga keyingi taqdiri ham so'roq ostida turibdi.

Albatta, moliyaviy muammo istalgan klubda yuz berishi mumkin. Biroq tayyor o'ynab turgan jamoaning birdaniga yo'q bo'lib ketishi xuddi yuzga tarsaki tushirgandek tasir qiladi. Xo'sh, “Bunyodkor”da hozir hozir vaziyat qanday, klub nimalar bilan band, stadionni O'FA ixtiyoriga topshirish ishlari qanday ketyapti? Biz shu kabi savollarga javob olish maqsadida “Bunyodkor” PFK bosh direktori Murod Aliev bilan suhbatlashdik.

- Murod Boqievich, avvalo klubdagi vaziyat haqida malumot berib o'tsangiz?
- Superligada yomon ketayotganimiz yo'q. Jamoa uchinchi o'rinda bormoqda va yigitlar ko'rsatayotgan o'yindan qoniqyapmiz. Lekin hammasi jamoalar oltitadan ikki guruhga bo'linganidan so'ng aniq bo'ladi. Vaziyat hartugul yaxshi tomonga o'zgaryapti. Oylik maoshlar berilyapti, faqat yutgan o'yinlar uchun beriladigan mukofot pulidan hamon darak yo'q.

- Sizning “Bunyodkor”da ish boshlaganingizga bir yildan oshdi, to'g'rimi?
- Ha, shunday. Bir boshdan boshlaydigan bo'lsam, futbolchilik faoliyatimning katta qismini “Paxtakor”da o'tkazganman, shu bois “Paxtakor”ni juda sevaman va o'zimni “paxtakorchiman” deya olaman. Ammo ish - bu ish. Modomiki hozir “Bunyodkor” futbol klubida bosh direktor ekanman, o'z kasbimdan kelib chiqqan holda “Bunyodkor” haqida qayg'urishim shart. O'tgan yil “Bunyodkor” mavsumni qanday qiyinchiliklar bilan tugatganini yaxshi bilasiz.

Klubga kelmasimdan oldin Umid Ahmadjonov “Paxtakor”ga o'ting birga ishlaylik degan taklif bilan chiqqandi. O'shanda jamoani Jasur Abduraimov boshqarar, ammo chet eldan murabbiy kelar ekan degan gaplar oralab yurgandi. Keyinchalik esa yuqoridan “Bunyodkor”ga borishim hamda klubdagi vaziyatni o'nglashga yordam berishim haqida topshiriq bo'ldi. SHundan so'ng taqdir taqozosi bilan shu klubda ish boshladim.

- Yangi ishga o'tgach, ishni birinchi navbatda nimadan boshladingiz?
- “Bunyodkor”ga kelganimdan so'ng bu orada jamoa bosh murabbiyi o'zgarib, Mirjalol Qosimov yana avvalgi lavozimiga qaytdi. Albatta, ish jarayonida qiyinchiliklar ko'p bo'ldi. Bazi futbolchilarning shartnomasini boshqatdan ko'rib chiqishimizga to'g'ri keldi. Qolaversa klubdagi holatdan kelib chiqib tarkibni yoshartirish ustida ish olib bordik.

Futbolchilardan o'zimizda o'ynab ketgan Anvar G'ofurov, SHohruh Gadoevlarni qaytardik. Lushan davrida o'yin amaliyotisiz qolgan Javlon Ibrohimovga yana imkon berib, unga sardorlik bog'ichini ishonib topshirdik. Bir so'z bilan aytganda, o'tgan mavsumdan ko'nglimiz to'ldi. Jamoa oliy ligada to'rtinchi o'rinni olishdan tashqari, Kubok finaliga qadar etib bordi, faqat “Lokomotiv” bilan kechgan bahsda ozgina omad etishmadi.

- “Bunyodkor” o'rinbosarlari o'tgan yil ham chempionlikni qo'lga kiritdi.  
- Endi o'rinbosarlar haqida gapiradigan bo'lsam, hukumatimizga o'z vaqtida “Bunyodkor” futbol akademiyasi qurilishida bosh-qosh bo'lgani uchun mingdan ming rahmat.  Bilasiz, yoshlar jamoasida to'p tepayotgan barcha futbolchilar klub tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Bungacha Hikmat Ergashev qo'l ostida chempmion bo'lgan o'rinbosarlarimiz SHuhrat Maqsudovga o'tganidan keyin ham shu ananani davom ettirishdi. Bevosita akademiya faoliyatiga to'xtaladigan bo'lsam, bizda futbolchi ko'p va ularning aksari viloyatlardan kelgan.

Muhtaram Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan futbol rivojiga doir qarorda “Bunyodkor” akademiyasi o'rnida Respublika futbol akademiyasi tashkil qilinsin degan band bor. Bu juda to'g'ri qaror bo'ldi. Lekin shu o'rinda bir savol tug'iladi: “Bunyodkor”ning o'z akademiyasi qaerga ko'chadi? Yaxshi bilasiz, qisqa fursat ichida bunday akademiyani qurishning o'zi bo'lmaydi.

Biz bu haqda klub bosh homiysi “UzTransGaz” rahbariyatiga malum qilganmiz. Bu haqda Asqar Tolibjonov bilan gaplashganimda hozircha ikkala akademiya bitta joyda faoliyat olib borishini, keyinroq bu haqda bosh qotirish to'g'ri bo'lishini malum qildi. “Bunyodkor” stadioni katta hududni o'z ichiga qamrab olgan, shunday ekan joy ikkala tashkilotga bemalol etadi.

- Stadionni O'FA ixtiyoriga berish masalasi nima bo'lyapti?
- Endi stadion mavzusiga o'tsak. Stadion qurilishi 2008 yil oxiri, 2009 yilning boshlarida “Zeromax” kompaniyasi tomonidan boshlangan. Buyurtmachi “Bunyodkor” futbol klubi bo'lgan. Stadion qurilishining umumiy byudjeti 356 milliard so'm bo'lgan, ammo nima uchundir o'sha payt qurilishning 74 milliard so'mli mablag'i umumiy hisobga kiritilmagan.

Qoidaga ko'ra stadion avval “Bunyodkor” futbol klubi balansiga o'tkazilib ana undan keyin O'FA ixtiyoriga topshirilishi kerak. Biz bu borada hujjat bilan bog'liq ishlarni allaqachon boshlab yuborganmiz. Hozirgi kunda ham bu jarayon davom etyapti. “Bunyodkor” futbol akademiyasi klub balansiga o'tgan, lekin stadion hozircha o'tkazilmagan. Mana shuning uchun ham ushbu masala ortga surilmoqda.

- Avvalgi yillari futbolchilarga berilgan ko'tarma puli juda katta bo'lgani rostmi?
- To'g'ri, Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti va O'FA birinchi vice-prezidenti Umid Mahamadjonovich aytib o'tganidek chindan ham oldingi rahbariyat davrida shunday ishlar bo'lgan. Lekin men o'tgan yilning 3 may sanasidan “Bunyodkor”da ish boshlagan bo'lsam, kelganimdan beri klubda bunaqa ish bo'lgani yo'q.

Eshitgan bo'lsangiz kerak, “O'zbekneftegaz”ga tegishli klublarning barchasida bu yildan byudjet qisqarishi ro'y berdi. Buni ham to'g'ri tushunish kerak, chunki “O'zbekneftegaz”ning ishi faqat futbol klublarini boqishdan iborat emas, tashkilot shuningdek, mamlakatni obodonlashtirish yo'lida bir qancha qurilish ishlarini olib bormoqda.

Biz imkon qadar o'zimizga ajratilgan smeta bo'yicha futbolchi-yu murabbiylar va xodimlarning oylik maoshini vaqtida berib kelishga harakat qilyapmiz. Ammo bu yil hisobidan hali g'alaba qozonilgan o'yinlar uchun mukofot pullari berilgani yo'q. Faqat shu tomonlama muammo bo'lyapti, xolos. SHuningdek, PFL hisob-raqamiga o'tkazilishi kerak bo'lgan 500 million so'm badal pulini ham to'liq to'laganimiz yo'q. Bu ham moliyaviy qiyinchilik tufayli yuz bergan va sekin-asta hal qilamiz.

- SHunday qilib stadion to'liq O'FA ixtiyoriga o'tishi uchun oldin klub o'z balansiga o'tkazishi kerak, shundaymi?
- Xuddi shunday. CHunki stadionni qurish boshlanganda buyurtmachi “Bunyodkor” klubi bo'lgan. SHu bois ham klub stadionni o'z balansiga o'tkazganidan keyin O'FA ixtiyoriga bera oladi. Ammo hozirgi kunda stadionni klub balansiga o'tkazish oson bo'lmayapti, buning uchun malum miqdordagi summani qurilish tashkilotlariga to'lab berish lozim. Lekin “Bunyodkor” bu pulni to'laydigan ahvolda emas, bu juda katta summa bo'lgani uchun hisob-raqamimizda yo'q. Qisqa qilib aytganda asosiy muammo shunda.

- Bizgacha etib kelgan malumotlarga ko'ra, akademiya ishchilariga 10 iyungacha joyni bo'shatib qo'yinglar degan manoda xabar kelgan ekan.
- To'g'ri, O'FA bosh kotibi Sardor Rahmatullaevdan shu mazmunda xat kelgandi. SHundan so'ng men xat yuzasidan Asqar Tolibjonov bilan gaplashdim. So'ngra bir tadbirda Umid Ahmadjonov bilan ham shu mavzu bo'yicha suhbatlashdim. Bizga yil oxirigacha akademiya shu erda faoliyatini davom ettiraversin, undan keyin nima bo'lishini ko'ramiz deyishdi.

- O'FA birinchi vice-prezidenti Umid Ahmadjonov o'z intervyusida “Bunyodkor”da yuz bergan bazi holatlar bo'yicha to'xtalib o'tgan. Xususan zaxirada o'tirgan futbolchiga 400 million, yoshi 35ga etgan futbolchi uchun 800 million so'm miqdorida ko'tarma puli berilgani. SHu haqda nima deya olasiz?
- Yuqorida aytib o'tganimdek, bu holat avvalgi rahbariyat paytida bo'lgan. Menimcha, har bir rahbar o'zi ishlagan davrga o'zi javob bergani maqul. Men o'zim ishlayotgan paytga javob beraman, boshqalar ham shunday. Hozirgi paytda klub hisob-kitob ishlarini juda puxta olib boryapti. Biz ketadigan mablag'ni avval tiyin-tiyinigacha hisoblab ana undan keyin sarflashga harakat qilyapmiz. To'g'risini aytsam, hozir bizda ko'tarma puli yo'q. Buni futbolchilar ham yaxshi biladi. Yutgan o'yinlar uchun mukofot puli bor, lekin bu ham muammoligicha qolmoqda. SHu bois faqat oylik berish bilan cheklanib turibmiz. Yaqin orada Doston Hamdamov transferidan pul tushsa, shuni mukofot tariqasida jamoaga bo'lib bermoqchimiz.

- Mukofot pulisiz o'ynash futbolchilarga boshqacha tasir qilmaydimi?
- Jamoa yutsa-yu mukofot puli berilmasa bu narsa baribir futbolchilarga tasir qiladi. Ammo biz doim mavjud vaziyatni klubdagi hammaga tushuntirishga harakat qilyapmiz. Menimcha, hozir mukofot puli berish bo'yicha muammoga duch kelmayotgan klub ikkita bo'lsa kerak: “Paxtakor” va AGMK. Lekin qolgan jamoalarda ham bizdagidek muammo bor deb o'ylayman.

O'zim ham ko'p yil futbol o'ynaganim bois futbolchining hayoti naqadar og'irligini bilaman. Avvalo shuni aytish kerak, futbolchining faoliyati qisqa bo'ladi. Ko'p bo'lsa professional futbolda 15 yil davom etadi va mana shu vaqt ichida yaxshi o'ynab nimadir orttirsam deydi. Albatta, bu - hayot, har bir inson yaxshi topsam, yaxshi yashasam deydi.

Yana shuni unutmaylik, hammaning ham futboldan keyingi hayoti bir tekis kechmaydi. O'z paytida Nizom Nortojiev, Nuriddin Amriev, Marat Kabaev kabilar futboldan so'ng qanday murakkab damlarni boshdan o'tkazganini bilamiz. Bizda futbolchi topayotgan pulni muhokama qiladiganlar, oddiy xalqning maoshi bilan solishtiruvchilar ko'p. Biroq shuni esdan chiqarmaslik kerak, futbol o'ynash oson emas. Bunda jarohat olishing yoki bo'lmasa umuman hech kimga kerak bo'lmay qolishing hech gap emas.

- Hozir klubda yoshlarga bo'lgan etibor hozir qay darajada?
- “Bunyodkor” hamma vaqt o'z tarbiyalanuvchilariga katta etibor qaratib kelgan. Lekin men xohlardimki, futbolchilar ham klubni hurmat qilib boshqa jamoaga ketayotganda rahbariyatni bir og'iz ogohlantirsa. Mana, Doston Hamdamov qanday ketganidan xabardorsiz. Bizda bu futbolchiga nisbatan hech qanday xusumat yo'q. Omadini bersin, kerak bo'lsa katta-katta klublarda o'ynasin, lekin shoshma-shosharlik bilan ketib qolish kerak emas.

CHunki ming qilsa ham klub uni tarbiyaladi, futbolchi sifatida shakllanishiga yordam berdi. Hozir ko'p joyda klublar o'zini o'zi boqishi kerak degan gaplar bo'lyapti. Bunga yuz foiz qo'shilaman, lekin buning uchun bizga hali vaqt kerak. Aytaylik, muxlislar bilan ishlash bo'yicha har doim “Navbahor”ga tan berganman. Ularda stadion doim to'ladi, shunga yarasha chipta ham yaxshi sotiladi.

Lekin poytaxtda bunday emas. Agar gap o'yinga bog'liq desak, “Lokomotiv” ketma-ket ikki yil chempion bo'lgani bilan baribir TTZdagi stadionni to'ldira olmadi, to'g'rimi? Demak, hamma gap o'yinda emas ekan. Biz odamlarga qulay bo'lsin deb tarixda birinchi marta chipta narxini besh ming so'm qilib qo'ydik. Ammo shu narxda ham chipta sotilmagan kunlar bo'ldi.

- OFK licenziyalash talabiga ko'ra klub chipta sotuvidan pul ishlashi kerak. Ammo biz ko'ryapmizki, bazi stadionlarda odam to'ldirish uchun kirish tekin qilib qo'yilyapti.
- Men bu haqda PFL rahbari Omon G'ofurov bilan gaplashdim. Hozir PFLning maqsadi stadionga kirishni tekin qilib bo'lsa ham odamlarni yana futbolga qaytarish. Etibor berayotgan bo'lsangiz, deyarli barcha o'yingohlar hududida turli ko'ngilochar atrakcionlar, egulik do'konlari, klub atributikalari sotiladigan shahobchalar ishga tushirilgan. Bularning hammasi muxlislar uchun. Biz avval odamlarni futbolga qaytarib olaylik, ana undan keyin chipta narxini belgilasa bo'ladi.

- Umid Ahmadjonov yana o'z intervyusida “Bunyodkor” klubi shu paytgacha stadiondan samarali foydalanmagani haqida gapirgan. Bunga nima deysiz?
- Har qanday klub stadiondan to'liq foydalanishi uchun avvalo mana shu obekt o'z balansida bo'lishi kerak. Biz stadion klub balansida bo'lmay turib o'z bilganimizcha foydalana olmaymiz. Bunga haqqimiz yo'q va buni har bir tashkilot yaxshi biladi. Albatta, biz ham xohlaymiz o'yin kunlari hamma joyni ochib qo'yishni, lekin doim ham buning imkoni bo'lmagan. Qachonki stadion to'liq klub ixtiyoriga o'tganidan so'nggina o'z bilganimizcha foydalana olamiz.

- Stadion nomi “Milliy” deb o'zgartirilganiga munosabatingiz?
- Bu endi rahbariyatning qarori. Agar rahbariyat shunday qarorga kelgan bo'lsa, demak shunday buyruq bo'lgan. Lekin o'zim “Bunyodkor” stadioni nomi “Milliy”ga o'zgartirilsin degan hujjatni hali ko'rmadim.

- Stadion nomi o'zgarishi ertami-kechmi “Bunyodkor”ning bu erdan chiqib ketishini bildirayotgandek.
- Menimcha ham shunday bo'lishi ehtimoli katta. Agar chiqib ketsak qiynalib qolamiz, bu bor gap. Eng katta og'irlik birinchi navbatda akademiya bolalariga tushadi. Ular qaerga boradi, qaerda shug'ullanadi, qaerda yashaydi? Xullas savollar ko'p. Qolaversa asosiy tarkib jamoamiz ham shu erda istiqomat qilyapti. Bizda bironta mehmonxonaga ko'chib o'tib o'sha erda turish uchun pul yo'q. Balki O'FA ko'chib kelganidan keyin ham hammamiz birgalikda shu erda ishlarmiz.

- Aytaylik, associaciya bir to'xtamga kelib, mayli “Bunyodkor”ning asosiy va o'rinbosarlar tarkibi boshqa erga ko'chib ketaversin, lekin futbol maktabini o'zimizga olamiz, bolalar Respublika futbol akademiyasiga ko'chib o'tadi deyishi mumkinmi? 

- Menimcha, shunday yo'l tutilsa bu orqali O'FA o'z qaroriga o'zi qarshi chiqqan bo'ladi. CHunki qarorga ko'ra har bir klubning o'z futbol maktabi bo'lishi shart. Agar "Bunyodkor"dan futbol maktabi olib qo'yilsa, unda klubning maktabsiz faoliyat yuritishiga to'g'ri keladi, bu esa O'FA va PFL chiqarayotgan qarorga zid. Qolaversa, aksar yosh futbolchilarni akademiya murabbiylari ming mashaqqat bilan topib kelishgan. Hozir yaxshi futbolchini qidirib topish oson emas.

- Oxirgi savol. Homiylarning klubga bo'lgan munosabati qanday?
- Agar nolisak nonko'rlik bo'ladi. SHu bois har doim boriga shukur qilib yashash kerak. Bosh homiyimiz “UzTransGaz” qo'ldan kelgancha yordam berib kelyapti. Futbolchilar oylik maoshni vaqtida olishyapti, biroq aytib o'tganimdek, mukofot pullarini bera olmayapmiz. Ammo shunga qaramay jamoamizning Superligada ishtirokidan mamnunman va buning uchun jamoadagi barchaga katta rahmat aytsak arziydi.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +27   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика