So’nggi yangiliklar

09:25Илҳом Мўминжонов: "Бубаня билан келишувга эришилди. Олдимизда Суперлигага чиқиш вазифаси турибди"  0 09:00Эшитдик-да! "Бухоро" собиқ футболчилари "Истиқлол"га ўтмоқда  1 08:35Санжар Шоаҳмедов "Металлург"да  1 08:05Маҳмуд Маҳамаджонов: "Андижон"га совринлар ютиш учун келдим"  6 07:40"Арал" россиялик ҳужумчи билан шартнома имзолади  1 00:58Трент АПЛга қайтиши мумкин  4 00:39Саудия Арабистони. "Ал Насср" Роналдусиз иккинчи ўйинда ҳам ғалабага эришди  9 00:11Пеп Гвардиола: "Ливерпуль" ўзгача жамоа бўлиб қолаверади"  2 23:47"Реал" вингери сафдан чиқди  8 23:24"Ал Насср" футболчиси "Зенит"га ўтмоқда  5 22:59Роналду "Ал Иттиҳод"га қарши ўйнашга тайёр бўлган  15 22:30Хамес Родригеснинг янги жамоаси эълон қилинди  2 22:09Расман: Абдуқодир Ҳусанов - "Манчестер Сити"да ой футболчиси!  25 21:40"Мундиалда фақатгина ютамиз, ҳеч нарса йўқотмаймиз" – Фабио Каннаваро билан катта интервью  8 21:01Тажрибали футболчи фаолиятини "Манчестер Юнайтед"да якунламоқчи  3

Mundial tarixi. Yalangoyoq hindlarga taqiq, aviahalokat, ochilish o'yiniga kechikkan hakamlar hamda stadiondagi 200 ming kishini yig'latgan final haqida hikoya qilamiz Yangiliklar

Mundial tarixi. Yalangoyoq hindlarga taqiq, aviahalokat, ochilish o'yiniga kechikkan hakamlar hamda stadiondagi 200 ming kishini yig'latgan final haqida hikoya qilamiz

Futbol bo'yicha jahon chempionatlari tarixiga oid qiziqarli malumotlar bilan tanishtirishda davom etamiz.

BRAZILIYA – YAGONA NOMZOD

Jahon chempionati xalqaro hamjamiyat tomonidan qiziqish etishmasligi sababli umuman o'tkazilmay qolish xavfi ostida edi. Faqatgina Braziliya 1946 yilda bo'lib o'tgan FIFA kongressida ariza bilan chiqib, musobaqani bir shart evaziga qabul qilishni taklif etdi: turnir rejalashtirilgan 1949 yilda emas, 1950 yilda o'tkazilishi kerak edi.

Braziliya va Germaniya bekor qilingan 1942 yilgi jahon chempionatini qabul qilish uchun asosiy nomzodlar bo'lgan. 1934 va 1938 yilgi mundiallar Evropada o'tganini hisobga olsak, tarixchilar 1942 yilgi turnir, ehtimol, Janubiy Amerika mamlakatlaridan biriga berilgan bo'lar edi, degan fikrda yakdil qoldi. Braziliyaning yangi arizasi aynan 1942 yil uchun tayyorlangan loyihaga juda yaqin edi va shu sabab qisqa vaqt ichida maqullandi.

1946 yil 25 iyul kuni Lyuksemburgda bo'lib o'tgan FIFA Kongressida navbatdagi jahon chempionatini o'tkazish huquqini Braziliyaga berish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Braziliyaliklarning raqobatchilari bo'lmadi, chunki jahon urushi oqibatida vayronaga aylangan Evropa davlatlari bunday ko'lamli musobaqani tashkil etish imkoniyatiga ega emasdi. Turnir 24 iyundan 16 iyulga qadar davom etdi. Braziliya mundialga Janubiy Amerika chempioni sifatida tashrif buyurdi.
YALANGOYOQ O'YNASHGA TAQIQ

Hindiston jahon urushi tugaganidan keyingi ilk jahon chempionatiga yo'l oldi – bunga uning raqiblari bo'lgan Birma, Filippin va Indoneziya terma jamoalarining musobaqada ishtirok etishdan voz kechishi sabab bo'ldi. Biroq FIFA mamlakat federaciyasini futbolchilarga yalangoyoq o'ynash taqiqlanishi haqida ogohlantirdi.

Turnirga jiddiy tayyorgarlik ko'rgan, hatto bir nechta o'rtoqlik uchrashuvlarini ham o'tkazgan jamoa bu qarordan mutlaqo kutilmagan holda xabardor bo'ldi. Natijada hind futbolchilari jahon chempionatida ishtirok etmaslikka qaror qilishdi: agar jamoa azolari uchun bir nechta juft poyabzal xarid qilinishiga to'g'ri kelsa, Braziliyaga safar xarajatlari keskin oshib ketishi mumkin edi.YO'LLANMA TUHFA ETGAN NOTEKIS DO'NGLIK

Evropaning uchinchi saralash guruhida mundialga chiqish uchun kurashda ikki kuchli jamoa – Franciya va Yugoslaviya terma jamoalari o'zaro to'qnash keldi. Belgrad va Parijda bo'lib o'tgan ikki uchrashuv ham bir xil – 1:1 hisobida durang bilan yakunlangach, g'olibni aniqlash uchun qo'shimcha bahs o'tkazishga to'g'ri keldi.

Qo'shimcha o'yin Florenciya shahrida bo'lib o'tdi va u nihoyatda keskin kechdi. Jamoalar navbatma-navbat hisobda oldinga chiqishdi, ammo asosiy vaqt yana durang – 2:2 hisobida yakunlandi. Qo'shimcha yarim soatda yugoslaviyaliklar g'alaba golini kiritishga erishdi. 114-daqiqada Chaykovskiyning zarbasidan keyin to'p erning notekis joyiga urilib, yo'nalishini o'zgartirdi. Francuzlar darvozaboni Ibrir bu vaziyatda hech narsa qila olmadi.


G'URURLI SHOTLANDIYA

Saralash bosqichi ilk bor ishtirok etayotgan Buyuk Britaniyaning to'rt vakilini bir guruhga jamladi. Uchrashuvlar boshlanishidan oldinoq shotlandiyalik futbol amaldorlari jamoa faqat guruhda birinchi o'rinni egallagan taqdirdagina Braziliyaga yo'l olishini malum qilishgan edi. Vaholanki, guruhda ikkinchi o'rinni olgan jamoa ham final bosqichida ishtirok etishi inobatga olinmadi.

Biroq Glazgoda bo'lib o'tgan hal qiluvchi uchrashuvda, 135 ming nafar tomoshabin huzurida shotlandlar Angliya terma jamoasiga minimal hisobda mag'lub bo'lishdi. Ikkinchi bo'lim boshida Bentli gol urib, bahs taqdirini hal qildi. Natijada Shotlandiya terma jamoasi guruhda ikkinchi o'rinni egalladi, amaldorlar esa iltimoslarga qaramay, qarorini o'zgartirmadi.


AJRALMAS JUFTLIK

1934 yilda bo'lgani kabi, bu safar ham Ispaniya va Portugaliya terma jamoalari yagona yo'llanma uchun o'zaro kurash olib borishga majbur bo'lishdi. Natija kutilganidek bo'ldi – ikki o'yin yakunlari bo'yicha ispaniyaliklar ustun keldi. Ammo jahon urushiga qadar Ispaniya terma jamoasi har ikki uchrashuvda ham g'alaba qozongan bo'lsa, bu gal portugaliyaliklar o'z uyidagi bahsni durang bilan yakunlashga muvaffaq bo'lishdi.


IKKINCHI URINISH

Yugoslaviya terma jamoasidan mag'lub bo'lganiga qaramay, Franciya terma jamoasi musobaqada qatnashish imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin edi. Jahon chempionati tashkilotchilari bir necha jamoalar ishtirok etishdan bosh tortgani sababli, Franciya terma jamoasini bo'shab qolgan o'rinlardan birini egallashga taklif qilishdi.

Dastlab francuzlar bu taklifni katta qiziqish bilan qabul qilib, hatto Braziliyaga safarga tayyorgarlikni ham boshlashdi. Biroq oxirgi lahzada ular qatiy ravishda rad javobini berishdi. Bunga qura sabab bo'ldi: taqvim francuzlarni bir-biridan ancha uzoq joylashgan shaharlarda o'ynashga majbur qilar edi.


IKKI YO'LLANMAGA UCH NOMZOD

Markaziy Amerika va Karib havzasi mintaqasida final bosqichiga chiqish uchun uch terma jamoa o'rtasida ikki yo'llanma bahsida aylanma turnir tashkil etildi. Saralashni qabul qilish huquqi Meksikaga berildi. Urushdan oldingi Franciyada bo'lib o'tgan jahon chempionatida mintaqa sharafini himoya qilgan Kuba terma jamoasi bu safar omadsizlikka uchradi. Ularning raqiblari – maydon egalari Meksika hamda AQSH terma jamoalari kubaliklar uchun haddan tashqari kuchli bo'lib chiqdi.


SUPERGA TEPALIGIDAGI FOJIA

1949 yil 4 may kuni Portugaliyada o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvidan so'ng qaytib kelayotgan "Torino" futbol klubi o'yinchilari bo'lgan samolyot noqulay ob-havo sharoitida Turin yaqinidagi Superga tepaligida joylashgan cherkov devoriga borib urildi. Halokat oqibatida 18 nafar futbolchi, ularning aksariyati Italiya terma jamoasi azolari bo'lgan, shuningdek jurnalistlar va klub xodimlari halok bo'ldi.

Mutaxassislarning deyarli barchasi fojeaga uchuvchi Perluidji Meronining xatosi sabab bo'lgan, degan fikrga kelishgan. Qalin bulutli ob-havo sharoitida u samolyotni vizual yo'naltirgichlar orqali qo'ndirishga qaror qilgan, bunday yo'naltirgich sifatida esa Superga tepaligidagi cherkov xizmat qilgan. Burilish vaqtida samolyot qanoti erga tegib ketgan. Zarba shunchalik kuchli bo'lganki, qanot uzilib ketgan, samolyot korpusi esa katta kuch bilan toshdan qurilgan cherkov devoriga urilgan. Fojia yuz bergan joyda xotira memoriali barpo etilgan.

200 MING KISHIGA MO'LJALLANGAN STADION

Jahon chempionati arafasida Braziliya dunyodagi eng yirik sport inshooti – "Marakana" stadionini barpo etdi. Albatta, jarayon kechikishlar va asabiy holatlarsiz o'tmadi, garchi u to'liq yakunlanmagan bo'lsa-da, ulkan say-harakatlar tufayli obekt musobaqa boshlanishiga qadar topshirildi.

Stadion aslida pernambukul sport jurnalisti Mariu Filyu sharafiga nomlangan. Chunki u stadion qurilishi g'oyasining eng faol targ'ibotchilaridan biri bo'lgan. Stadion o'zining xalq orasidagi nomi – "Marakana"ni yaqin atrofdan oqib o'tuvchi daryodan olgan va shu nom bilan mashhurlikka erishdi.

200 ming tomoshabinga mo'ljallangan stadion qurilishi uchun 464 ming tonna cement, 10 ming tonna temir armatura va 4 ming kub metr shag'al sarflandi. 

MUSOBAQA O'TKAZISH TIZIMI

Dastlab jamoalar to'rt guruhga bo'lingan edi. Biroq qura tashlanganidan keyin ham bir nechta terma jamoa musobaqada ishtirok etishdan voz kechdi.

Urush davridagi harakatlar oqibatida Germaniya va Yaponiya turnirda ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. Siyosiy sabablarga ko'ra esa Sovet Ittifoqi, Vengriya va Chexoslovakiya jahon chempionatida qatnashishdan voz kechdi. Argentina mezbonlikni Braziliyaga boy bergach, musobaqada ishtirok etishdan bosh tortdi. Natijada, 1950 yilgi jahon chempionatida atigi 13 ta jamoa ishtirok etdi. Ulardan biri Angliya terma jamoasi bo'lib, FIFAga azo bo'lganidan so'ng ilk bor ushbu nufuzli turnirda qatnashdi.

Yangi qura o'tkazilmadi, shu sababli guruhlardagi jamoalar soni turlicha bo'lib qoldi: birinchi va ikkinchi guruhlarda to'rttadan, uchinchi guruhda uchta, to'rtinchi guruhda esa atigi ikkita jamoa ishtirok etdi.

Guruh g'oliblari ikkinchi bosqichga yo'l oldi, u erda ham guruh bosqichi natijalariga ko'ra jahon chempioni aniqlandi. Shuningdek, jahon chempionatlari tarixida ilk bor futbolchilar orqa tarafida raqamlar tushirilgan liboslarda maydonga tushishdi.

Jyul Rimening FIFA prezidenti sifatidagi 25 yilligi munosabati bilan jahon chempionati kubogi aynan uning sharafiga qayta nomlandi.

1-GURUH

"Marakana" stadionidagi Braziliya va Meksika o'rtasidagi ochilish uchrashuvi boshlanishi kechikdi: Angliyadan kelgan hakamlar brigadasi yo'lda ulkan tirbandlikka tushib qolib, o'yin boshlanishiga ulgurmadi. Ularni turnirning cho'zilib ketgan ochilish marosimi qutqarib qoldi – hakamlar Braziliya prezidentining tabrik nutqi paytida stadionga etib kelishdi.

Jamoalarning maydonga chiqishi 21 ta artilleriya to'pidan otilgan o'qlar, qafaslardan uchirib yuborilgan besh mingta kabutar va samolyotlardan sochib yuborilgan minglab varaqalar bilan qarshi olindi. Bunday dabdabali marosim meksikaliklarga shunchalik kuchli tasir qildi-ki, ular maydon egalariga deyarli qarshilik ko'rsata olishmadi. Aslida, o'sha paytdagi eng kuchli hujum uchliklaridan biri – Ademir, Jair va Zizinodan iborat uchlikning bosimiga kamdan-kam jamoa dosh bera olardi. Afsonaviy "Marakana" tarixidagi ilk rasmiy golni Ademir urdi. Uning o'zi o'yindagi so'nggi to'pni ham kiritdi.

Oradan bir kun o'tib, Belu-Orizonti shahrida guruhdagi boshqa raqiblar maydonga tushishdi: Yugoslaviya terma jamoasi Shveycariyani ishonchli tarzda 3:0 hisobida mag'lub etdi. San-Pauluda Shveycariyaga qarshi ikkinchi tur bahsi oldidan braziliyalik muxlislar bayram davom etadi, deb umid qilishgan edi, ammo uchrashuv kutilganidek kechmadi. Bosh murabbiy Flavio Kosta ilk o'yinda qatnashmagan, San-Paulu klubi vakillaridan iborat uch nafar futbolchini asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Ular esa shveycarlarning urushdan keyin takomillashtirilgan "qulf" uslubidagi himoyasini engib o'ta olishmadi.

O'yin davomida evropaliklar qarshi hujum qilishni ham yaxshi bilishlari ayon bo'ldi. Braziliya Alfredo va Baltazarning zarbalaridan keyin ikki bor hisobda oldinga chiqdi, ammo mehmonlar Fatton urgan ikki gol bilan javob qaytarishdi. Yugoslaviya Portu-Alegri shahrida zaif Meksikani osongina mag'lub etib, guruh peshqadamiga aylandi. Ikkinchi bosqichga chiqish uchun ularga oxirgi o'yin – Braziliyaga qarshi bahsda durang ham etarli edi.

Hal qiluvchi uchrashuv oldidan braziliyaliklar ancha dam olgan holda maydonga chiqishdi. Yugoslaviyaliklar esa besh kun ichida 3000 kilometrdan ortiq masofani bosib o'tishga majbur bo'lishdi: Belu-Orizontidan mamlakat janubidagi Portu-Alegriga, u erdan esa Rioga yo'l olishdi. Buning ustiga, o'yin boshlanishidan oldin jamoa sardori Mitich kulgili, ammo og'ir jarohat oldi. Qizib olish mashg'ulotlari paytida u maydonga olib chiquvchi tunnel devoridan chiqib turgan temir ilgakka boshini qattiq urib oldi.

Tribunalardagi muxlislar bosimi ostida qolgan Uels hakami Griffits o'yinni kechiktirmaslikka qaror qildi. Mitichga yordam ko'rsatilayotgan paytda, son jihatdan kamayib qolgan yugoslavlar gol o'tkazib yuborishdi. Sardor maydonga qaytgach, mehmonlar to'p nazoratini tenglashtirib, hatto bir nechta xavfli vaziyatlar ham yaratishdi, biroq ulardan hech birini golga aylantira olishmadi.

Shveycariya – Meksika uchrashuvi terma jamoalar o'z libosida ishtirok etmagan ikkinchi holat sifatida tarixga kirgan. Bunday holat faqatgina 1934 yil Avstriya va Germaniya o'rtasidagi bahsda kuzatilgan – o'shanda har ikki jamoa oq formada kelib qolgan va avstriyaliklar Italiyaning "Napoli" klubidan moviy liboslarni vaqtincha olishga majbur bo'lishgan.

Bu safar Shveycariya ham, Meksika ham musobaqaga qizil libos bilan etib keldi. Masalani hal etish uchun Braziliya futbol konfederaciyasi tanga tashlashga qaror qildi. Omad Meksika tomonida bo'lib, ularga o'z formasida o'ynash huquqi tegdi. Ammo meksikaliklar sportga xos do'stlik ishorasi sifatida bu huquqdan voz kechishdi va shveycariyaliklarga o'z libosida maydonga tushishga imkon berishdi, o'zlari esa formani almashtirishdi.

Meksika terma jamoasiga forma bergan mahalliy klub "Kruzeyro" bo'ldi. Ularning futbolkalari ko'k va oq rangli vertikal chiziqlar bilan bezatilgan edi.

2-GURUH

Butun Braziliya o'z terma jamoasini favorit deb bilgan bo'lsa, boshqa qita vakillari ilk bor jahon chempionatida ishtirok etayotgan Angliya terma jamoasining muvaffaqiyatiga ishonar edi. 1946 yildan buyon inglizlar 29 ta rasmiy uchrashuv o'tkazib, ularning atigi ikkitasida mag'lub bo'lishgan edi. Ular "Marakana" stadionida ham g'alabali seriyani davom ettirib, Chili terma jamoasini ishonchli tarzda 2:0 hisobida mag'lub etishdi. Parallel o'yinda Ispaniya terma jamoasi AQSHni 3:1 hisobida engdi. 

29 iyun kuni Belu-Orizonti shahrida jahon chempionatlari tarixidagi eng shov-shuvli sensaciyalarning biri sodir bo'ldi – Angliya terma jamoasi AQSHga mag'lub bo'ldi. AQSH jamoasi asosan havaskorlar va yarim professional futbolchilardan tashkil topgan bo'lib, ular mintaqaviy ligalarda arzimas haq evaziga to'p tepishardi. 

Angliya hujumchisi Tom Finni keyinchalik shunday degan edi: "Bu mag'lubiyat taqdir tomonidan yozib qo'yilgan o'yinlardan biri edi. Biz amerikaliklar darvozasining barcha ustunlarini "sinovdan o'tkazdik", ular esa kulgili gol urishdi. Biz ular bilan 100 marta o'ynasak, 99 ta holatda osongina g'alaba qozonardik. Ammo bu safar bunday bo'lmadi".

Uni nohaqlikda ayblash qiyin. Ilk 12 daqiqaning o'zidayoq angliyaliklar AQSH darvozasi oldida kamida oltita golli vaziyat yaratishdi, ammo amerikaliklar darvozaboni Borgi (asosiy kasbi – marosim avtomashinasi haydovchisi) barcha zarbalarni qaytardi. Uning ishonchi maydondagi sheriklariga ham tasir qilib, amerikaliklar sekin-asta qarshi hujumlarga o'ta boshlashdi. 38-daqiqada esa Gaitida tug'ilgan Jo Gatens bosh bilan noaniq zarba berganidan so'ng to'p darvoza to'ridan o'rin oldi va AQSH hisobni ochdi. Barcha ikkinchi bo'limda angliyaliklarning hisobni tenglashtirishini kutdi, ammo qahramonlarcha himoyalangan amerikaliklar bunga bardosh berishdi. O'yindan so'ng braziliyalik muxlislar maydonga tushib, kutilmagan g'oliblarni elkalarida stadion atrofida aylantirib chiqishdi.

Shunga qaramay, inglizlarda guruhdan chiqish imkoniyati saqlanib qolgan edi. Buning uchun ikkinchi turda Chilini enggan Ispaniyani mag'lub etish talab etilardi. Ammo ruhiy sinishga qo'shimcha ravishda, angliyaliklar fikricha, italiyalik hakam Galeatining o'ta adolatsiz hakamligi ham tasir qildi. Hakam ispanlar tomonidan sodir etilgan ochiq qoidabuzarliklarga etibor bermadi, birinchi bo'limda Milbern va Mortensenga qarshi qo'pol harakatlar uchun kamida ikki penalti belgilamadi, inglizlarning toza golini esa ofsayd bahonasi bilan bekor qildi. Ikkinchi taymda ispanlar kam sonli qarshi hujumlaridan birini gol bilan yakunlashdi, shundan so'ng Angliya batamom taslim bo'ldi.


INGLIZLAR SHON-SHARAFDAN MAHRUM ETILDI

Bunday natijani hech kim kutmagan edi. Butun dunyo hayratda qoldi! Turnirni yoritib borayotgan muxbirlar natija hech qanday shubha uyg'otmaydi, deb hisoblab, Braziliyaning chekka hududiga o'tkaziladigan o'yinga borishga ham hojat yo'q, degan qarorga kelishdi. 

Angliyaga o'yin natijasi – 0:1 hisobida mag'lubiyat haqida telegramma kelib tushganida esa, London gazetalari buni xatolik deb o'ylashdi va uchrashuv 10:1 hisobida inglizlar foydasiga yakunlanganini yozib yuborishdi. Keyin esa o'quvchilardan uzr so'rashga to'g'ri keldi…

3-GURUH

3-guruhning ilk uchrashuvidayoq favoritlar – Italiya va Shveciya terma jamoalari o'zaro to'qnash kelishdi. Shvedlar Braziliyaga Olimpiya o'yinlari g'olibi sifatida kelgan bo'lsa, italiyaliklar amaldagi jahon chempionlari edi. Biroq har ikki jamoa tarkibi ham eng kuchli holatdan ancha yiroq edi.

Londonda o'tgan Olimpiya o'yinlarida g'alaba qozongan shved futbolchilarining eng yaxshilari keyinchalik Evropaning professional klublariga o'tib ketishgan va o'sha davr qoidalariga ko'ra terma jamoada o'ynash huquqidan mahrum bo'lishgan. Italiyaliklar esa hali-hanuz "Torino" klubi ishtirokidagi aviahalokat oqibatlaridan o'ziga kela olmagan edi. Ortiqcha tavakkal qilishni istamagan "skuadra adzurra" Rio-de-Janeyroga Neapoldan "Izes" teploxodida yo'l oldi. Uzoq davom etgan sayohat futbolchilarning turnirga to'liq tayyorgarlik ko'rishlariga salbiy tasir ko'rsatdi.

Shvedlar Italiyaga jahon chempionatlari tarixidagi ilk mag'lubiyatni taqdim etishdi. Uchrashuv qahramonlari sifatida gazeta va ommaviy axborot vositalari yakdillik bilan darvozabon Svensson va 20 yoshli insayd Skoglundni etirof etishdi. Birinchi taym o'rtasida shved darvozaboni ajoyib seyv evaziga italiyaliklarning hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirishiga yo'l qo'ymadi, Skoglund esa shvedlar urgan barcha uchta golning bevosita tashkilotchisi bo'ldi. Qolaversa, u ikki marta raqib jarima maydonida qo'pol ravishda to'xtatildi, ammo hakamning hushtagi chalinmadi.

Italiyaliklarda o'yinni durangga aylantirish imkoniyati ham bor edi, biroq so'nggi daqiqalarda Karapellezening zarbasi to'singa tegib qaytdi. 1948 yilda terma jamoadan chetlatilgan ikki karra jahon chempioni bo'lgan murabbiy Vittorio Pocco Stampa gazetasidagi maqolasida shunday yozgan edi: "Shvedlarda haqiqiy jamoa mavjud bo'lsa, Italiyada yo'q edi".

Oradan to'rt kun o'tib, Shveciya Paragvayga qarshi bahsda guruh g'olibini deyarli aniqlab qo'ygandek tuyuldi – 26-daqiqaga kelib skandinaviyaliklar 2:0 hisobida oldinda edi. Biroq janubiy amerikaliklar iroda ko'rsatib, o'yin tugashiga 16 daqiqa qolganda hisobni tenglashtirishdi. Bu natija italiyaliklar uchun guruhdan chiqish borasida hech qanday umid qoldirmadi. Shunga qaramay, "skuadra adzurra" o'zlari uchun ahamiyatsiz bo'lgan so'nggi uchrashuvga loqayd yondashmadi: Paragvayni 2:0 hisobida mag'lub etgan italiyaliklar ikkinchi bosqichga shvedlar chiqishiga bilvosita yordam berishdi.

ITALIYALIKLARNING QUVNOQ YIG'INI

Italiya terma jamoasi Rio-de-Janeyroga etib kelgach, shahar markazidagi eng hashamatli mehmonxonalardan biriga joylashdi. Futbolchilar joylashgan qavatda ularning qo'shnilari mashhur argentinalik myuzik-xoll artistlari va kordebalet azolari bo'lib chiqdi. Muhit ancha erkin va beg'ubor edi.

Bundan oldin jahonning amaldagi chempionlariga italiyalik ildizlarga ega bo'lgan mahalliy tadbirkor o'zining shahar tashqarisidagi qasrida yashashni taklif etgan edi. Biroq bu taklif rad etildi.

4-GURUH

To'rtinchi guruhda bir yo'la ikki terma jamoa ishtirok etishdan voz kechgani sababli barcha masala yagona o'yinda hal etildi. Urugvay terma jamoasi Boliviyani 8:0 hisobida er tishlatdi, bu bahsda "seleste"ning eng yaxshi to'purari Oskar Miges xet-trik qayd etdi.

Vaziyatning kulgili tomonini jurnalistlar ham chetlab o'tishmadi: ular hisob-kitob qilib, juda zaif Boliviya terma jamoasi to'satdan dunyoning eng kuchli sakkizinchi jamoasiga aylanib qolganini hazilomuz tarzda takidlashdi.

URUSHDAN OLDINGILAR IKKI NAFAR

Shveycariyalik Fredi Bikkel va shveciyalik Erik Nilsson Ikkinchi jahon urushidan avval va keyingi jahon chempionatlarida ishtirok etgan yagona futbolchilar bo'lib qoldi.

FINAL BOSQICHI

Shveycariya va Yugoslaviyaga qarshi o'yinlar braziliyalik muxlislarning haddan tashqari oshgan ishtiyoqini biroz sovitgan bo'lsa, hal qiluvchi bosqichdagi ilk uchrashuv yana umidlarni eng yuqori cho'qqiga olib chiqdi. Shveciya terma jamoasi tor-mor etildi – 7:1. 17-daqiqada Ademir kutilmaganda yaqin burchakka aniq zarba berib, yirik g'alabaga yo'l ochdi. Shvedlar braziliyaliklarning hujumlarini to'xtatishga urindi, biroq birinchi taym oxirida Ademir va Shiko hisobni 3:0 ga etkazishdi.

58-daqiqaga kelib tabloda 5:0 hisobi porlab turardi – Ademir yana ikki bor gol urib, bor-yo'g'i 41 daqiqa ichida "poker" qayd etdi. 13 iyul kuni Ispaniyaga qarshi o'yin ham g'alabali yurishning davomi bo'ldi: ikkinchi taym o'rtalariga kelib, Ramalets qo'riqlayotgan darvozaga olti to'p kiritildi.

Avval Ispaniya bilan durang o'ynagan Urugvay esa Shveciyaga qarshi bahsda so'nggi 15 daqiqaga qadar mag'lubiyatga uchrayotgandi. Ammo Migesning ikki goli mag'lubiyatni g'alabaga aylantirdi.

16 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da San-Paulu shahrida Shveciya va Ispaniya terma jamoalari maydonga tushishdi. Riodagi "Marakana" stadionida esa Braziliya va Urugvay o'rtasida jahon chempionini aniqlab beradigan bahs start oldi. Mazkur o'yinga jahon chempionatlari tarixidagi eng dramatik sahifalardan birini yozish nasib etgan edi.

FINAL BOSQICHINING HAL QILUVCHI O'YINI: BRAZILIYA FOJEASI

BRAZILIYA — URUGVAY — 1:2 (0:0)

Futbolga befarq bo'lmagan deyarli butun Braziliya aholisi bo'lajak o'yinni keraksiz rasmiyatchilik, go'yoki taqdirlash marosimining bir qismi, deb hisoblar edi. Shveciya va Ispaniya ustidan qozonilgan yirik g'alabalar o'z terma jamoasining mag'lub etilmasligiga bo'lgan ishonchni yanada mustahkamladi. Turnir jadvaliga ko'ra "selesao"ni durang ham qoniqtirar edi, biroq bunday natijaga jiddiy qaralmasdi. Ayrim urugvay gazetalari ham braziliyaliklarga hamnafas bo'lib, vatandoshlarini amalga oshmaydigan umidlar bilan o'zlarini aldamaslikka chaqirishardi. 

Urugvay futbolchilari, ehtimol, umumiy kayfiyatga berilib, bemani kurashga kuch sarflamasliklari ham mumkin edi. Ammo ular safida shunday o'yinchi bor ediki, u shunday deyishga to'laqonli haqli edi: "Men hech qachon o'yinni boshlanishidan oldin yutqazmaganman va boshqalarga ham shunday o'ylashiga yo'l qo'ymaganman". Bu jamoa sardori Obdulio Varela edi, uni El Jefe Negro – "Qora yo'lboshchi" deb atashardi. Tafsilotlarga ko'ra, jamoadoshlarini oldindan chempion deb elon qilingan raqiblarga nisbatan ortiqcha hurmatdan xalos qilish uchun o'yin kuni ertalab u braziliyalik futbolchilar surati tushirilgan o'nlab gazetalarni sotib olib, mehmonxona hojatxonasi polini qoplagan va ustidan yurgan.

Braziliyaliklarga esa, aksincha, bo'lajak o'yinga tayyorlanishga imkon berishmadi. Jamoa kiyinish xonasi siyosatchilar, tadbirkorlar va jurnalistlar bilan to'lib ketgan edi – kimdir o'yinchilarni oldindan tabriklashni, kimdir bo'lajak chempionlar bilan suratga tushishni istardi. Urugvayliklar braziliyaliklar hujumlariga qarshi kurashda samara bergan yagona namuna – Shveycariya tajribasini puxta o'rganishdi. Ular jamoa tuzilishini o'zgartirib, hujum chizig'idagi o'yinchilarni o'z darvozalariga yaqinlashtirishdi va maydon markazida zarur zichlikni yaratishdi. 

Braziliya terma jamoasidagi xotirjam muhit faqat ko'chalarda emas, jamoa ichida ham hukm surgan. Sakkizta jahon chempionatida ishtirok etgan afsonaviy braziliyalik jurnalist Teysheyra Reyzerning aytishicha, turnir davomida Braziliya futbolchilari umuman bazada tunab qolishmagan, kechqurunlari uy-uylariga tarqalishgan. O'z kuchiga ishonch shu qadar baland ediki, futbolchilar bemalol bazmlarga borishgan va bu holat hech kim tomonidan qoralanmagan. Hal qiluvchi o'yin arafasidagi tun yana tantana bilan o'tgan.

O'yin kuni ham Braziliya termasining sarguzashtlari davom etdi. Jamoa avtobusi buzilib qolgan va futbolchilar maydonga chiqishdan oldin mashinani o'zlari itarishga majbur bo'lishgan.

O'yin kutilganidek braziliyaliklarning bosimi bilan boshlandi. Ilk uch daqiqa ichidayoq darvozabon Maspoli Ademir va Jairning zarbalaridan keyin ikki bor o'z mahoratini namoyon etishiga to'g'ri keldi. Umuman olganda, birinchi taym davomida braziliyaliklar yaratgan 17 ta xavfli vaziyat qayd etildi. Qarshi darvozaga esa bor-yo'g'i olti marta xavf tug'dirildi, ammo ulardan biri maydon egalarining xavotiriga sabab bo'ldi – 38-daqiqada Oskar Miges uzoqdan yo'llagan zarbasi bilan ustunni nishonga oldi. Keyinchalik Maspoli bu vaziyat urugvayliklar foydasiga ishlaganini aytgan edi: "Biz o'z gollarimizni kerakli paytda urdik. Agar birinchi taymda gol urganimizda, braziliyaliklarda tanaffusda o'yinga kelib olish va nimanidir o'zgartirish imkoniyati bo'lar edi".

Qanday bo'lmasin, tanaffus baribir maydon egalariga foyda keltirdi. Ikkinchi taym boshlanganidan ikki daqiqa o'tib, braziliyaliklar hisobni ochishdi. Ademir Zizinodan pas qabul qilib, to'pni Friasaga uzatdi, u esa pastki burchakka aniq zarba yo'lladi. Tomoshabinlar quvonchdan junbishga keldi. "Muxlislar oson g'alabalarimizga o'rganib qolgan edi. Bu golni ham navbatdagi shunday g'alabaning boshlanishi deb o'ylashdi", – deya xotirlagandi keyinchalik Braziliya terma jamoasi murabbiyi Flavio Kosta.

Varela bo'lmaganda, bellashuv aynan shunday scenariyda davom etishi mumkin edi. Urugvayliklar sardori to'pni qo'liga olib, o'yinni davom ettirishga yo'l qo'ymadi va hakamlarga gol "ofsayd" holatidan urilganini isbotlashga kirishdi. Keyinchalik u ofsayd umuman bo'lmaganini tan olgan, to'xtalish esa faqat braziliyaliklarning hujumdagi shiddatini pasaytirish uchun kerak bo'lganini aytgan. Omar Migesning xotiralariga ko'ra, Varela to'pni hakamga topshirib, sheriklariga shunday deb baqirgan: "YO g'alaba qozonamiz, yo halok bo'lamiz!" Bu chaqiriq samara berdi.

Oradan chorak soat o'tib, urugvayliklarning o'ng qanot hujumchisi Gija yon chiziq bo'ylab Bigodedan o'zib ketdi va to'pni markazga uzatdi. U erda Skyaffino raqibdan ilgarilab, to'pni bir tegishda darvozaning yuqori burchagiga joyladi. "To'liq sukut cho'kdi, – deb eslagan edi Maspoli. – Ana o'sha paytda men tomoshabinlar bu o'yinda mag'lubiyatdan qanchalik qo'rqishini angladim".

Durang hisobi braziliyaliklarni qoniqtirar edi, biroq ular hujumni to'xtatishmadi – jamoa boshqacha o'ynay olmas edi. Biroq Skyaffinoning goli ularni ishonchdan mahrum qildi va hujumlar samara bermay qo'ydi.

O'yin tugashiga 11 daqiqa qolganda Alsides Gija yana Bigodeni ortda qoldirib, o'z qanoti orqali jarima maydoniga kirib bordi. Darvozabon Barboza markazga uzatma bo'ladi, deb o'ylab, beixtiyor darvozadan oldinga chiqib ketdi. Urugvaylik futbolchi vaziyatni zumda baholab, ochiq qolgan yaqin burchakka kutilmagan zarba yo'lladi. Barboza to'pga intildi, ammo unga eta olmadi. Bu zarba Braziliya orzusining nihoyasi edi.

Oradan 11 daqiqa o'tib, angliyalik hakam o'yinni yakunlovchi hushtakni chaldi va urugvayliklar g'alabasini qayd etdi. Mag'lubiyat tomoshabinlarni shok holatiga soldi. Odamlar ko'rganlariga ishonolmay, jim qolishdi. Bayram umummilliy fojiaga aylandi va tarixga "Marakanaso" nomi bilan kirdi. Gazetalar tribunalarda to'rt nafar odamning jasadi topilganini yozishdi – ular yurak xurujidan vafot etgan edi. Mamlakat bo'ylab o'z joniga qasd qilish holatlari to'lqini tarqaldi, ularning soni bir necha yuztaga etgani haqida xabarlar berildi.

"Marakanani sukutga cho'mdirgan atigi uch kishi bor – Sinatra, Rim papasi Ioann Pavel Ikkinchi va men", – deya o'sha o'yinni tasvirlab bergan edi Alsides Gija.

Taqdirlash marosimi tartibsiz va noqulay tarzda o'tdi. FIFA prezidenti Jyul Rime hamma qatori Braziliya g'alaba qozonadi, deb ishongan va oldindan portugal tilida tabrik nutqini ham tayyorlab qo'ygan edi. U tribunalar ostidagi xonalardan kubokni olib chiqib, maydonga qaytganida, dastlab nima yuz berganini anglay olmadi. Quvonch va olqishlar o'rnida uni motamdek sukut qarshi oldi.

"Men maydonda turgandim, atrofimdan bu erga chiqib kelgan odamlar meni turtkilashardi va men butunlay dovdirab qoldim, – deb eslagan edi Rime. – Yaxshiyamki, yonimda Varela bor edi. Men shunchaki kubokni unga tutqazdim va qo'lini siqdim".

Mag'lubiyat uchun ayb asosan Barboza zimmasiga yuklatildi va bu uchrashuv Braziliya fojiasi sifatida tarixga kirgach, u umrining oxirigacha shu yuk bilan yashashga majbur bo'ldi.

Barbozani shartli ravishda zamonamizdagi Loris Karius bilan qiyoslash mumkin. Ha, u nemis darvozaboni kabi ochiq-oydin, hal qiluvchi xatolarga yo'l qo'ymagan. Ammo uning zimmasiga o'sha mashum – o'tkir burchakdan o'tkazib yuborilgan gol yuklanib qolgan.

Moasir Barbozaga nisbatan nafaqat manaviy, balki jismoniy tahdidlar ham bo'lgan: unga bir necha bor suiqasd uyushtirishgan, kislota sepishga uringanlar, qo'lini sindirishga harakat qilishgan, hatto qaynoq suv quyishgacha borishgan. 1993 yilda esa Braziliya futbol federaciyasi prezidenti Barbozaga terma jamoa o'yinlarini sharhlashni ham taqiqlab qo'ygan.

Ushbu jahon chempionatidan keyin Barboza aynan o'sha fojiali lahza sodir bo'lgan "Marakana" stadionida mamuriy lavozimda ishladi. Voqeadan bir necha yil o'tgach, unga to'p o'tkazib yuborgan darvoza ustunlari topshirildi. Barboza ularni arralab, uyiga olib ketdi va yoqib yubordi. 

Moasir Barboza 2000 yil, 79 yoshida, uzoq yillik yolg'izlikdan so'ng hayotdan ko'z yumdi. Vafotidan biroz oldin, Moasir Barboza intervyuda shunday degan edi:

"Braziliyada eng og'ir jazo – 30 yillik qamoq. Ammo men aybim bo'lmagan bir ish uchun 50 yildan beri jazo o'tab kelyapman".

Futbol afsonasi Pele Braziliya 1950 yilgi jahon chempionati finalida Urugvayga mag'lub bo'lgan paytda atigi to'qqiz yoshda edi. U o'yinni televizorda tomosha qilgan va uchrashuvdan keyin bayramga borishga shaylangan edi, biroq...

"O'shanda otamni ilk bor yig'lagan holda ko'rganim edi. Hammasiga o'sha mag'lubiyat sabab bo'lgan", – degandi u 2014 yilda FIFA.com’ga bergan intervyusida. – "Esimda, unga: "Yig'lamang, dada. Men siz uchun jahon chempionligini qo'lga kiritaman", degandim". 

Shundan beri "Marakana" tomi Urugvay bayrog'i ranglarida – oq va ko'k tusda saqlanib kelgan. To'g'ri, so'nggi rekonstrukciyadan keyin ko'k rang faqat bezak sifatidagi qirralardagina qolgan. Afsonalarga ko'ra, braziliyaliklar stadionni o'z bayroqlari ranglariga bo'yash uchun, albatta, o'z maydonida o'tadigan jahon chempionatida bosh sovrinni qo'lga kiritishi kerak.

1950 yil 16 iyul kuni "Marakana" stadionida bo'lib o'tgan Braziliya – Urugvay o'rtasidagi hal qiluvchi o'yinda o'rnatilgan tomoshabinlar rekordi hanuzgacha yangilangani yo'q. Rasmiy malumotlarga ko'ra, tribunalarda 174 ming nafar muxlis bo'lgan. Biroq guvohlarning takidlashicha, tomoshabinlar soni bundan ancha ko'p bo'lgan – ayrim manbalarda 199 ming, hatto 250 ming nafargacha etgani qayd etilgan.

FINAL HAKAMI

Jahon chempionatida Angliya terma jamoasi bilan birga britaniyalik hakamlar ham ilk bor ishtirok etishdi va ularning nufuzi nihoyatda baland edi. Jorj Rider hakamlar orasida eng hurmatli shaxs hisoblanardi. U FIFA tomonidan shaxsan taklif etilgan, chunki yosh cheklovi bo'yicha umumiy tartibdan o'ta olmas edi: angliyalik hakam final o'yinga jamoalarni 53 yosh-u 236 kunlik paytida olib chiqqan.

ADEMIRNING SAKKIZTA GOLI

Hujumchi Ademir Braziliya terma jamoasining jahon chempioni bo'lishi uchun qo'lidan kelgan barcha ishni qildi. U shvedlarga qarshi o'yinda to'rt marta gol urib, urushdan oldingi davrda polyak futbolchisi Vilimovskiy qayd etgan natijani takrorladi, meksikaliklarni ikki bor xafa qildi, shuningdek, yugoslavlar va ispanlar darvozasiga bittadan to'p kiritdi. Natijada, ko'plab mutaxassislar uni futbol tarixidagi eng yaxshi o'yinchilardan biri deb hisoblaydigan noyob hujumchining hisobida jami sakkizta gol jamlandi. Hozirgacha birorta braziliyalik futbolchi bitta jahon chempionatida bundan ko'p gol ura olmagan. Biroq hal qiluvchi bahs – Urugvayga qarshi o'yinda Ademir gol ura olmadi va Braziliya terma jamoasi ikkinchi o'rin bilan kifoyalandi.

Ramziy jamoa: Roke Maspoli (Urugvay) – Erik Nilsson (Shveciya), Xose Parra (Ispaniya), Shubert Gambetta (Urugvay) – Obdulio Varela (Urugvay), Uolter Bar (AQSH), Alsides Gidja (Urugvay), Zizino (Braziliya), Ademir (Braziliya), Jair Flag (Braziliya), Xuan Alberto Skyaffino (Urugvay).

Mundial tarixi. Futbolchi suvga tushib ketgan, maydon chetidagi policiya golli uzatma bergan hamda murabbiylar hakamlik qilgan ilk jahon chempionatini yodga olamiz

Mundial tarixi. Pora evaziga ishtirokchi bo'lgan chempion, Falastin nomidan qatnashgan Isroil hamda fashizm targ'ibotiga aylangan turnir haqida hikoya qilamiz 

Mundial tarixi. Qura tashlagan 5 yoshli bolakay, irimchi darvozabon va yalangoyoq to'purar, shortigi tushib ketgan Meacca hamda poyabzal qutisida saqlangan kubok haqida hikoya qilamiz


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика