So’nggi yangiliklar

00:32Расман: "Милан" Павлович трансферини эълон қилди  1 00:01"Атлетико" "Барселона" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 23:31ЕЧЛнинг янги формати тасдиқланди: анъавий гуруҳ босқичи ўтмишга айланди, қуръани махсус компьютер ўтказади  9 22:30Аёллар футболи афсонаси Марта ўзининг Олимпиададаги катта эҳтимол билан сўнгги ўйинида қизил карточка олди  1 21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  2 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  8 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  6 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  8 18:18Флик "Барса" ҳақида: "Манчестер Сити"дек иш тутмоқчимиз"  0 17:41"Барселона" Европа чемпионининг трансфери устида ишлашни бошлади  3 16:53"Пахтакор" фахрийлари 11 август куни Минскда "Динамо"га қарши ўйнайди  8 16:11Ўзбекистон терма жамоаси амалдаги Жаҳон чемпионига қарши ўйнайди  9

MTJ va bosh murabbiy haqida Yangiliklar

MTJ va bosh murabbiy haqida

O'zbekiston terma jamoasi va bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov xususida gaplashamiz.
Kuni kecha terma jamoamiz JCH-2018 ikkinchi saralash bosqichi doirasidagi dastlabki o'yinini KXDRga qarshi o'tkazdi. Pxenyanda o'tkazilgan bellashuvda mezbonlar ishonchli g'alabaga erishishdi. O'yinni hamma qatori ko'ra olmadim. SHu bois uchrashuv haqida aniq bir gap aytish qiyin. Lekin birinchi bo'limdagi hisob va ushbu bellashuvdagi mag'lubiyat ko'p narsalarga oydinlik kiritdi. Yani terma jamoamiz o'z imkoniyati darajasida o'ynay olmagan va kutilgan natijani qayd eta olmagani aniq. O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ilk bor KXDRga imkoniyatni boy berdi. O'zbekiston terma jamoasi ilk marotaba JCH saralash o'yinlarini mag'lubiyat bilan boshladi. Unga qadar hali biror marta startni mag'lubiyat bilan boshlamagan edik. Bu natija albatta muxlislarni juda ranjitdi va terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov keskin tanqidlar yomg'iriga uchradi. Aniqrog'i, tanqid emas, balki qachon MTJ bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov istefoga chiqadi degan savollar yanada avj oldi.

Bizda har bir mag'lubiyatdan keyin Qosimovning istefosini talab qilish urfga aylanmoqda. Har bir g'alabadan keyin futbolchilarni osmonga ko'tarib, ular naqadar kuchliligi va boshqa murabbiy qo'l ostida o'ynaganlarida yanada kuchliroq o'ynashlarini bot-bot takidlayotganlar ham ko'pchilikni tashkil etadi. Men Mirjalol Qosimovni yonini olib, uni terma jamoada qolishi kerak degan fikrni ilgari surmoqchi emasman. Tanqid bu faqat Qosimovning istefosini talab qilish kerak degani emas. SHunchaki bor kamchiliklarni yoyib tashlash va murabbiy yo'l qo'yayotgan xatolarni misol keltirib, kelajakda shu narsalarni takrorlamaslikka undash kerak aslida. Bu meni shaxsiy fikrlarim. Mirjalol Qosimovni O'FF rahbarlari istefoga chiqarishmayapti. Demakki ular murabbiyga ishonishmoqda va unga kerak bo'lsa imkon berishmoqda.



Vaqtida Mirjalol Qosimov ishdan bo'shash uchun ariza yozganida ham uni bo'shatishmagan. Keyin shartnomaga amal qilib o'z ishini davom ettirgandi Qosimov. Mirjalol Qosimovni ishdan olishmayotganiga ham bosh murabbiyni ayblash qanchalik to'g'ri endi? Mirjalol Qosimov endigina MTJga bosh murabbiy etib tayinlanganida bir gapni aytgandi: "Vatan jamoasini boshqarish taklifini rad eta olmayman, chunki bu bosh jamoamiz" deya bu borada fikr bildirgandi. Ariza yozganidan keyin unga ishonch bildirishlarini aytishganidan keyin Qosimov yo'q ishlamayman deya MTJni shunchaki tashlab keta olmasdi. Mirjalol Qosimov shunday vatanparvar inson. Uning istefosini o'zidan emas, O'FF rahbarlaridan talab etilsa to'g'ri va yaxshi ish bo'lardi. Istefoga chiqmayotganlikda ham birgina Qosimovni ayblash adolatdan emas. Men shu kursida qolaman, ketmayman deb o'tirgani yo'qku Qosimov.

Endi Mirjalol Qosimov yo'l qo'yayotgan xatolar haqida ikki og'iz. Terma jamoamiz bosh murabbiyining xatolaridan biri bu futbolchining tajribasiga ishonib unga imkoniyat beraverishida. Murabbiy sal tavakkalchi, payti kelganda bazi o'zgarishlarni qilishga qo'rqmasligi kerak. Masalan terma jamoaga yangi qon kerak degan edi Qosimov. Lekin MTJda Timur Kapadzeni hisobga olmasa, qolgan "qariya"lardan hali voz kechilgani yo'q. Kapadze o'z imkoniyati darajasi, yoshlarga imkoniyat berish va futbolchi o'z yoshini hisobga olib, vaqtida terma jamoadagi faoliyatini yakunladi. O'zini hurmat qilgan futbolchi aslida shunday qiladi. MTJda eng munosib va tayyor futbolchilar o'ynashlari lozim. KXDR bilan bo'lgan o'yindagi kiritilgan gollarning videosini ko'rdim. Hali aytganimdek, o'yinni to'liq ko'rish imkoniyati bo'lmadi. Bosh murabbiy takidlab o'tganidek, juda oddiy va qo'pol xatolar evaziga oson gollarni o'tkazib yuborganmiz. Uchrashuv debyutidagi gol va stadiondagi muhit terma jamoamizni biroz esankiratib qo'ygan ekan. Tezkor goldan, gollardan so'ng rejalar o'zgarib ketgan. Hisob 2:0 bo'lganidan keyin Odil Ahmedovda yaxshi imkoniyat bo'lgan ekan. Biroq tajribali futbolchimiz ikki metrdan darvozani ishg'ol etolmagan. Yoki ikkinchi bo'limda Sanjar Tursunov, Nasimovlarda gol urish uchun qulay vaziyatlar yuzaga kelgan. Lekin, ammo, biroq... Terma jamoamiz azosining so'zlariga ko'ra, agarda hisobni 4:3ga aylantira olganimizda mag'lubiyatdan ham qutulib keta olardik. Buning uchun etarlicha vaziyatlar yaratilgan, imkoniyatlar bo'lgan. Ikkinchi bo'limda KXDR tabiiyki katta kuch bilan o'ynamagan. Biznikilar esa o'zlarini yo'qotib qo'ymay, oldinga intilishgan va ikki marotaba darvozani ishg'ol etishgan. Bu esa tabiiyki kamlik qildi. Mirjalol Qosimov aytib o'tganidek, qolgan imkoniyatlardan ham samarali foydalanganida ushbu hisobdagi farqni yo'qqa chiqarishimiz ham mumkin edi. SHu erda faqatgina bir narsa odamni biroz bo'lsada quvontira oladi. Yani vakillarimiz birinchi bo'limdan keyin "nokaut"ga uchrab qolishmagan va o'zlarini qo'lga ola bilishgan. Gollarni ham terma jamoamizning kelajakdagi etakchi futbolchilari bo'lishlari kutilayotgan Igor Sergeev va Sardor Rashidovlar kiritishgan. Yana bir narsaga etibor qaratishni istardim, terma jamoamiz safidagi legioner futbolchilarimiz MTJda o'z imkoniyatlari darajasida o'ynay olishmayapti. Yani Vitaliy Denisov, Odil Ahmedov, Bahodir Nasimov, Sanjar Tursunov kabi futbolchilar o'zlaridan kutilgan o'yinni ko'rsata olishmayapti. Bu ham muammo. Ularni yaxshi o'ynamayotganlariga nima sabab bo'layotgani malum emas. Balki bosh murabbiyi ularni to'g'ri o'ynata olmayotgan bo'lishi mumkin dersiz. Balki? Lekin etakchi futbolchilar qanday qilib muhim o'yinlarda "yo'qolib" qolishmoqda?  KXDR bilan bo'lgan uchrashuvda ham aynan Nasimov, Ahmedov, Tursunovlarda gol urish uchun qulay fursat bo'lgan ekan. Biroq bizning ishongan legionerlarimiz, etakchi futbolchilarimiz kerakli paytda jamoamiz joniga oro kira olishmagan. Vitaliy Denisov esa himoyada shu kuni ishonchli tura olmagan. Bu bilan ular atayin KXDR bilan o'yinda o'ynashmagan degan fikrdan yiroqman. SHunchaki bu futbolchilar negadir terma jamoada o'z darajasida o'ynay olishmayapti. Nafaqat KXDR bilan, balki so'nggi uchrashuvlarimizda bu futbolchilar o'yinni o'z qo'llariga olib, jamoadoshlarini o'z ortilaridan etaklaganlarini ko'rganim yo'q. Aynan shular emasmi bizning ishongan "tog'"larimiz? Agarda Denisov, Ahmedov, Tursunovning nomiga qaramaydigan bo'lsak va o'yin davomida ularning ishtirokini  diqqat bilan kuzatadigan bo'lsak, unda maydonda "Lokomotiv"dagi Denisovni, "Krasnodar"dagi Ahmedovni, "Vorskla"dagi Tursunovni qidirib ham topolmay qolamiz. Bu nima bilan bog'liq? Bu borada Qosimov yaxshigina bosh qotirishi shart! Kerak bo'lsa shu futbolchilar alohida gaplashib olishi, muammo nimada bo'layotganini bilishi lozim. Aks holda ularni o'rniga boshqa futbolchilarni o'ynatish kerak.



MTJda hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan va kafolatlanishi kerak emas. Asosiy tarkibga kirishga munosib va loyiq bo'lish lozim. Futbolchining tajribasiga suyansa bo'ladi, qachonki futbolchi o'sha tajribadan unumli foydalana olsa. Quruqqa tajribasi bo'lsayu, ammo uni o'yin davomida kerakligicha ishlata olmasa, unda uning tajribasidan ne naf? Terma jamoamizga yangi qon kerak. Futbolchilarni jalb etishda ham uning tajribasiga emas, o'yiniga, ko'zidagi oloviga, ishtiyoqiga ham etibor qaratish kerak. Bazi o'ynagisi kelmay qolgan futbolchilar o'rniga kuchli ishtiyoqli, terma jamoada o'ynashga ko'zi chaqnab turadigan futbolchilarni olish lozim. O'sha yosh futbolchi ham terma jamoada o'ynab o'z tajribasini oshiradi. Muhim va kerakli o'yinlarda ularga ishonch bildirilmasa, unda ular xalqaro maydondagi tajribasini qaerdan oshirib olishadi? Mirjalol Qosimov buyog'iga terma jamoaning o'zagi sifatida Igor Sergeev, Sardor Rashidov, SHohruh Gadoev, SHuhrat Muhammadiev, Egor Krimec, Eldor Suyunov, Farruh Sayfiev, Jamshid Iskanderov, Ikrom Aliboev kabi futbolchilarga etibor qaratsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Ularga ko'proq ishonch bildirib, ular atrofida jamoa tuzilsa chakki bo'lmasdi. Odil Ahmedov, Azizbek Haydarov, Vitaliy Denisov kabi tajribali futbolchilar ularga bosh-qosh bo'lishlari kerak aslida.
Hujumchi muammosi juda ko'p yillardan buyon davom etib kelmoqda. Igor Sergeev yaxshi hujumchi, kerakli va muhim gollarni ham ura oladi. Faqatgina uning bir o'zi oldingi chiziqda yolg'izlanib qolayotgandek. Terma jamoada uning oldida yaxshi sherik yo'q. Igor Sergeev o'z mahoratini oshirishi uchun ham uning oldiga etarli malakaga ega futbolchi bo'lishi zarar qilmasdi. Aleksandr Geynrix balki 90 daqiqa davomida bir maromda o'ynay olmas, Qosimov aytganidek kurashchan futbolchi emasdir. Lekin ikkinchi bo'limda maydonga tushib o'yinni kuchaytira olish salohiyatiga ega Sasha. Sergeev ham uning oldida shug'ullanib bazi o'ziga kerakli sifatlarini oshirib olishi mumkin. Bizdagi hujumchi muammosini hisobga oladigan bo'lsak, unda bu chiziqda tajribaga suyansak yomon bo'lmasdi. Bu borada Geynrixning xizmatlaridan foydalanib turilsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Geynrix har holda rang-baranglikni yoqtiradigan hujumchilar toifasidan. Uning ijodkorlik darajasi ham yuqori. Bir so'z bilan aytganda Mirjalol Qosimov tarkibda bir-qator o'zgartirishlarni amalga oshirishi lozim.
Terma jamoa bosh murabbiyining istefosini kutib emas, unga bu borada hamma qo'lidan kelganicha yordam berib, kerak bo'lsa qo'llab-quvvatlashi zarur. Terma jamoaga kim bosh murabbiyi bo'lishidan qatiy nazar bu barchamizning jamoamiz. Hamma o'z imkoniyati darajasida ish tutsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Futbolchilar maydonga tushishganidan so'ng yurakdan o'ynashlari kerak. Futbolchi murabbiy tanlash imkoniyatiga ega emas, ayniqsa terma jamoada. Kimda-kim qaysidir murabbiy qo'l ostida o'ynashni istamasa, unda bu haqida ochiq-oydin o'ziga aytgani maqul. SHunchaki har ehtimolga qarshi. Murabbiy o'zi istagan futbolchilarni yig'ib olish imkoniyatiga ega. Uning nomi va tajribasi evazigagina emas, uning ayni paytda tayyorgarligi va o'yinidan kelib chiqib tarkibga jalb etishi kerak. Terma jamoada nomlar emas, munosib futbolchilar o'ynashlari lozim. Mirjalol Qosimov bu muammolarni echimini topishiga ishonamiz va bunga umid qilamiz.

Muxlislar esa tabiiyki sevimli jamoalarini qo'llab-quvvatlashlari kerak. Jamoa g'alaba qozonganda muxlislik qilish oson. Lekin ishqibozlar jamoasining og'ir paytida ham muxlislik qilishni bilishi zarur. Muxlis o'zi nima uchun? Futbolchilarni, murabbiyni haqorat qilish uchun emas, balki kerak paytda ularga dalda bo'lib, qo'llab-quvvatlashlari lozim emasmu axir? KXDR - O'zbekiston o'yini lavhasini ko'rib, nega ular g'alaba qozonganliklarini biroz bo'lsada tushunib etgandekman. Bu kabi olqishlar, muxlislik madaniyati va hamjihatlikda yaratilgan fantastik muhitda futbolchilar istashsa-istashmasa chin yurakdan borlarini berib o'ynab yuborishadi. Biz ham ulardek muxlislik qila olamizmi? O'ylaymanki, bizlarning muxlislarimiz bundanda chiroyliroq ishqibozlik qila olishadi. Qatar bilan bo'lgan o'yindagi muhitni yarata olamiz. Faqatgina bitta kamchiligimiz bor: Biz natijalarga qarab muxlislik qilishga odatlanganmiz. SHu munosabatimizni o'zgartirsak, menimcha natijalarimiz ham har taraflama yaxshilanib boradi.



Hozir hamma Mirjalol Qosimovni istefosini talab qilmoqda va kerak bo'lsa shuni kutmoqda.
Deylik, terma jamoamizga xorijdan kuchli mutaxassisni olib keldik. Lekin o'sha chet ellik murabbiy hozirgi sharoitda ishlaydimi? Albatta yo'q. Terma jamoa murabbiylariga ishlash uchun yaratib berilayotgan sharoitni har bir kichik detallarigacha etiborni kuchaytirish lozim bo'ladi. O'zini hurmat qilgan xorijlik mutaxassis o'z talablarini o'rtaga tashlaydi va shularni bajarilsagina ish boshlashi mumkin. Endi savol tug'iladi, nega aynan shu sharoitlarni Mirjalol Qosimovga taqdim etilmayapti? Yaxshisi Qosimovga kerakli sharoitlarni yaratib berib, unga bemalol ishlash, yangi futbolchilarni sinash uchun imkoniyat yaratib berilsa bo'lmaydimi? Kuchli jamoalar bilan o'rtoqlik o'yinlari tashkil etish shu qadar muammomi? Yo'q, shunachki bu borada stol atrofiga o'tirib biroz ishlash, izlanish kerak. SHular haqida ham jiddiy bosh qotirilsa yaxshi bo'lardi.

Keyin futbolchilar terma jamoada kerakli vitaminlar bilan taminlanishmayapti. Faqatgina bazi legioner futbolchilarimiz o'zlari bilan vitamin olib kelishadi. Qolgan futbolchilarimiz esa nima qilsin? Barcha futbolchilar bir xil maromda o'yinga tayyor bo'lishlari kerak emasmi? Mana bu kabi muammolarni ham bartaraf etish vaqti etib keldi. Etiborsizliklarni yig'ishtirish kerak. Bundan buyog'iga MTJga jiddiy etibor qaratilishi zarur. Osiyo Kubogida Aziz Haydarov imkoniyatidan kelib chiqib, o'z cho'ntagidan butun jamoadoshlariga vitamin harid qilgan ekan. Yo'qdan ko'ra bor deganlaridek o'shanda futbolchilar nomiga bo'lsa ham vitamin istemol qilishgan. Hozirgi zamonaviy futbolda vitaminizaciyaning o'rni juda katta. Bu narsa chetdan qaraganda bilinmasligi mumkin. Biroq aynan shu omillar ham bazi bir natijalarga o'z tasirini o'tkazmay qolmaydi. O'z ishiga professional tarzda yondoshish kerak, shundagina ko'zlangan maqsadga erishish mumkin. Bu borada TJM kerakli xulosani chiqaradi degan umiddamiz.

Terma jamoamizning Toshkentda Eron va KXDRga qarshi o'yinlariga ko'rgan tayyorgarlik jarayonlarini shaxsan o'zim har kuni bevosita kuzatib bordim. SHuningdek, 10 iyun kuni Eronning "Jar"da O'zbekistonga qarshi o'rtoqlik o'yini oldidan o'tkazgan mashg'ulotini ko'rib, o'rtadagi tafovut ancha katta ekanligiga yana bir bor amin bo'ldim. Ishga yondoshish, har bir kichik detallarga bo'lgan etibor, munosabat barchasi boshqacha. Yuksak darajada.

O'FF rahbariyati terma jamoa murabbiylar shtabida Qosimovga yordamchi qilib xorijlik mutaxassis jalb etishni vada berishgan edi. Biz ushbu mutaxassisni qachon ko'ramiz? Terma jamoa murabbiylar shtabida bazi o'zgartirishlarni amalga oshirish zarur. SHuhrat Maqsudovning xizmatlariga rahmat aytib, uning o'rniga Qosimovning oldiga tajribali, malakali mutaxassisni jalb etilsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Baxtiyor Ashurmatov uchta frontda o'zini qanday his qilayotganini bilmadim-u, biroq hozir ushbu mutaxassisning terma jamoadagi faoliyatiga yakun yasab tursa yaxshi bo'lardi. Hali Ashurmatov MTJda ishlash uchun etarli salohiyatga ega emas. Yaxshi bog'bon avval bir joyni gullatadi.

O'FFning xorijlik mutahassis borasidagi vadalari hali ham vadaligicha qolib ketmoqda.

Mirjalol Qosimov ayni paytda juda yuqori bosim ostida qolib ketgan. Qosimov muxlislar tomonidan bo'layotgan ishonchni o'zida his qilmayotgani aniq. Aksincha, muxlislar tomonidan ishonchsizlik kuchaygan. Keling terma jamoa bosh murabbiyini istefosini kutib emas, balki uni qo'llab-quvvatlab, yangi marralar sari intilishida ko'makchi bo'ling. Murabbiylar va futbolchilar muxlislar tarafidan bo'layotgan ishonchni o'zlarida his etishsin!
Biz avvallari Osiyo chempioni, mundiallarning davomiy qatnashchisi bo'lganmidik, endigi bazi o'yinlardagi natijalarni ham rukach qilib, istefoni talab qilaversak. Terma jamoa bosh murabbiyini almashtirish bizning yoki sizning qo'lingizda emas. Keling, sizlar ham o'z qo'lingizdan keladigan ishni, yani terma jamoamizning qo'llab-quvvatlashni kuchaytirib, ularga dalda bo'ling! Zora shu ishonch ularning o'z kuchlariga bo'lgan ishonchni ham kuchaytirib yuborsa. Hali JCH-2018 uchun yo'l uzoq va bu mundialni chiptasini qo'lga kiritish imkoniyati o'z qo'limizda turibdi.
 
Mirjalol Qosimov terma jamoani mundialga etaklay oladigan salohiyatga ega, menimcha. Faqatgina bazi kamchiliklar ustida jiddiy ish borilsa kifoya. O'tgan safar to'plar-nisbati yoki bir ochko kamlik qilgandi. Bu galgi urinishda o'sha kamchiliklarni to'ldira olamiz, ishoning! Bunga kuchimiz ham, qurbimiz ham etadi. Barchasi o'z qo'limizda!

Salomat bo'ling!


SHahboz Beg'amov

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика