So’nggi yangiliklar

03:01Миллатлар лигасининг чорак финалига чиққан барча 8 жамоа номи маълум бўлди  0 02:55Миллатлар лигаси. Роналду иштирок этмаган баҳсда Португалия дуранг ўйнади  1 02:48Миллатлар лигаси. Испания сўнгги дақиқалардаги пенальти эвазига ғалаба қозонди  0 02:15АПЛнинг энг тез югурадиган футболчилари (ТОП 10)  0 01:35Бен Дэвис Сон ҳақидаги хазили учун дисквалификация Бентанкур ҳақида: "Бундай нарсаларга жиддий қараш кераклигини тушундик"  1 23:29Ўзбекистонлик ҳакамлар ЖЧ-2026 саралаш учрашувида ишлайди  2 23:01Алдервейрелд ваҳима касаллиги туфайли Бельгия терма жамоасини тарк этганини айтиб берди  1 21:09Аморимга трансферлар учун тен Хагга нисбатан камроқ пул беришади  3 20:45Эшитдик-да! "Нефтчи" икки мураббийга жавоб бермоқчи  11 20:31"Бавария" стадионидаги чим U15 жамоаси майдонига юбориляпти  7 20:28"Қизилқум"нинг икки футболчисига бир қатор клублар қизиқмоқда  2 19:54Саудия Арабистонида можаро авж олди. Айрим легионерлар маош олишмаяпти  7 19:28Футзал бўйича Олий лига. "Максам-Чирчиқ" "Металлург"дан устун келди  0 19:07Ўзбекистон U-15 терма жамоаси Тошкентда йиғин бошлади  0 18:48КХДР термаси бош мураббийи: "Ўзбекистонга қарши алоҳида стратегиямиз мавжуд"  51

Moziyga qaytib... Nazir Rizametov Yangiliklar

Moziyga qaytib... Nazir Rizametov

Futbol bo'yicha Respublika toifasidagi hakam, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi Nazir Rizametov haqida.

Nazir Rizametov



Rahmatli Davlat Turdialiev 2007 yil 8 mart sanasida "Odamlar orasida" gazetasida taniqli nazoratchi Nazir Rizametovning to'satdan vafot etigani haqida tasirli maqola yozgan edi. Biz hozirgi o'quvchilarda Nazir aka aslida kim bo'lgani haqida ozgina malumot berishni lozim deb topdik. Buning uchun futbolimiz tarixida o'ziga xos iz qoldirgan mutaxassislar haqida barcha malumotlarni o'z ichiga jamlagan Axbor Imomxo'jaevning "Asr futbolidagi asl qadrdonlarim" kitobiga murojaat qilamiz.

Futbol bo'yicha Respublika toifasidagi hakam, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi Nazir Rizametov 1951 yil 9 mart kuni Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi CHimboyliq qishlog'ida tavallud topgan. Nazir CHorvoqdagi 18-o'rta maktabda talim olgach, Toshkent avtomobil yo'llari institutini yakunlagan. O'zining qizg'in mehnat faoliyatini "Glavtashkentstroy" transport boshqarmasida hamda turli xildagi avtokorxonalarda olib bordi. 1979 yildan boshlab u sobiq Ittifoqning armiya, aviaciya va flotga yordam beruvchi ko'ngilli jamiyatlarida xizmat qila boshladi. 1993 yildan boshlab esa Mudofaaga ko'maklashuvchi "Vatanparvar" tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko'rsata boshladi. Keyingi 8 yil mobaynida Mudofaaga ko'maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Toshkent shahar Kengashi raisi bo'lib xizmat qildi.    

O'z o'rnida shuni alohida takidlash joizki, Rizametov rahbar bo'lib borgan joylarda ijobiy o'zgarishlar ro'y bera boshladi. U o'ziga xos yangi-yangi g'oyalar, rahbarlik xislatlari, olgan bilimlarini hayotga to'liq tadbiq etish yo'lidan bordi. Bularning natijasi o'laroq shahar Kengashi Respublikamizda etakchi o'rinlarga ko'tarildi. Hamma joyda kishilar hojatini chiqarish qadrli do'stimiz uchun hayot qonuni bo'lib qolgandi. SHuning uchun bo'lsa kerak, Nazir Ahmedovich xizmat qilgan joyda 7 yoshdan 70 yoshgacha barcha-barcha xodimlar uni ezozlashardi, hurmat qilishardi, sevishardi. Bir so'z bilan aytganda, yurishi, turishi, kiyinishi, muomalasi, insonlarga g'amxo'rligi bilan katta obro'-etibor qozongandi.

Uning yana bir ibrali xilati shunda ediki, u ishga borgan joyida tez kunda jismoniy tarbiya va sport sohasi yashnab ketardi. Ertalabki gigienik gimnastika mashg'ulotlaridan tortib, turli xil sport to'garaklari faoliyat ko'rsata boshlardi. Aynan Nazir do'stimizning tashabbusi bilan tashkilotda sportning triatlon, kemamodel, aviamodel, avtokross turlarida yuqori cho'qqilar zabt etildi. Tashkilot sportchilari O'zbekiston terma jamoasi Jahon va Osiyo chempionatlarida ishtirok etib, yuqori ko'rsatkichlarga erishdilar. Jumladan, kemamodel sporti bo'yicha Andrey Razumovskiy 6 marta va SHavkat Ismatullaev 2 marta jahon chempionligini qo'lga kiritdi. Aviamodel sporti bo'yicha Vladimir Ucin va Evgeniy Xaenok Osiyo chempionatining oltin medallari bilan taqdirlandilar. Viktor Yundin va  Demyan Karaulov esa Jahon Kubogidan kumush medallar bilan qaytdi. Qisqa vaqt mobaynida tashkilotda 4 ta xalqaro toifadagi sportchi, 1 ta xizmat ko'rsatgan sportchi va 10 ta sport ustasi tayyorlandi. Nazirjonning say-harakatlari ila "Rulda rahbar" respublika ko'rik-tanlovlari tashkil etilib, ularning ko'pchiligida Rizamatovning o'zi shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarilganligiga xonadonda avaylab saqlanayotgan kubok va sovrinlar guvohlar berib turishibdi.

Agar sadoqatli do'stimizning shaxsiy sport biografiyasiga chuqurroq nazar tashlaydigan bo'lsak, shu narsa oydinlashadiki, u Moskva Olimpiadasi o'tkazilgan yildan boshlab futbol bo'yicha turli darajadagi uchrashuvlarga hakamlik qila boshlagan. Bu borada unga o'sha davrlarda yurtimizning etakchi hakamlaridan biri bo'lgan Evgeniy SHamsutdinov murabbiylik qilgan. Asosiy sohasidagi o'sha qatiyatlik, halollik, guruhga rahbarlik qila olish, futbolchilar psixologiyasini yaxshi bilish, shaxsiy namuna kabi xislatlar unga bu borada ayniqsa qo'l keldi. 2-3 yil Toshkent shahri va poytaxt viloyati birinchiliklarida sidqidildan xizmat qilgach, uni respublika miqyosidagi musobaqalarga ham taklif eta boshlashdi. Hakamlar qo'mitasi esa eng qiyin va shu bilan birga janjalli o'tishi mumkin bo'lgan o'yinlarga rahbarlik qilishni aynan Rizametovga ishonib topshirardi.

1985 yildan boshlab Nazirjon sobiq Ittifoq chepionati uchrashuvlarini ham mohirlik bilan boshqara boshladi. Biz kattaroq yoshdagi hakamlar u bilan bir guruhga tushib qolishni juda-juda hoxlardik. Men o'zim maydonda hakamlik qilganimda, agar Nazir menga yordam beradigan bo'lsa, maydonning u turgan tomonidan ko'nglim doimo xotirjam bo'lardi, chunki unda bu borada yanglishish degan narsaning o'zi bo'lmasdi-da. SHaxsan o'zim biron bir murabbiyning Nazirjonning hakamligidan norozi bo'lganligini eshitmaganman. U yil yakunlari bo'yicha bir necha marta respublikaning eng yaxshi 10 nafar hakami ro'yxatiga kiritilgan.

Hakamlik faoliyatini faqatgina alo va yaxshi baholar bilan yakunlagan Nazir Rizametov keyinchalik Respublikada hakamlar uyushmasiga va nazoratchi hakamlar qo'mitasiga rahbarlik qildi. O'zbekiston futbol federaciyasi Ijroiya qo'mitasi azoligiga saylandi. Aynan o'sha yillari tinib-tinchimas hamkasbimiz yoniga sadoqatli do'stlari Anatoliy Kovalenko va Radik Seraziddinovni olib respublika hakamlari uchun metodik qo'llanmalar yaratishga bel bog'ladi. 11 yil mobaynida hakamlar uchun o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazdi. Turli xil mamlakatlarda FIFA tomonidan belgilangan yig'inlarga O'zbekistondan taklif etilgan hakamlar delegaciyasiga rahbarlik qildi.

Hozirgi kunda mamlakatimizning Noil Lutfulin, Ravshan Ermatov, Rustam Saidov, Arslon Xotamov, Marat Ismoilov kabi hakamlari xorijiy davatlardagi turli xil o'yinlarni mahorat bilan boshqarishayotgan ekan, ular buning uchun birinchi navbatda ustoz va murabbiylari Nazir Ahmedovichdan minnatdor bo'lishlari kerak. Rizametovning yana bir amalga oshirgan zo'r ishi shu bo'ldiki, u viloyatlarimizda tajribali nazoratchi hakamlarning etishmasligini oldini olish borasida eng shimarib ishga kirishdi, o'quv-yig'inlar o'tkazdi, seminarlar tashkil etdi. Natijada viloyatlarimizda xar qanday darajadagi uchrashuvlarga nazoratchilik qila oladigan mutaxassislar etishib chiqdi: Zafar Paratov va Valeriy Makagonov (Xorazm), Farhod Sultonov va Ibrohim SHaripov (Buxoro), Elbek Musaev va Mansur Rashidov (Samarqand), SHerali SHukurov (Qashqadaryo), Azim Ahmedov (Andijon) va h.k.

Do'stimiz Nazir Rizametov endigina kuch va g'ayratga to'lgan chog'ida shu yil 24 fevral kuni kechqurun biri-biridan asal nabiralarini odatdagidek o'ynatib bo'lib, uyquga ketadi va ... tong saharda Mavjudaxon o'zining suyukli turmush o'rtog'ini uyqudan uyg'ota olmaydi. Bu tinch va osuda xonadonni birpasda dahshatli qichqiriq bosib ketadi. Keksalar aytganlaridek, Yaratganning o'zi suygan bandalarini mana shunday osoyishta va tinchgina, birovga zarracha ham ozor bermasdan Arshu-aloga chorlar ekan. Ardoqli og'aynimiz g'oyatda qisqa va sermazmun hayoti mobaynida jonajon Vatanimizning ravnaqi uchun bor g'ayratini, kuchini, bilimini, istedodini ayamasdan fidokorona mehnat qilib, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish, xalq xo'jaligi va yurtimiz Qurolli Kuchlari uchun barkamol, etuk yoshlarni tayyorlash, futbol bo'yicha malakali mutaxassislar tayyorlash borasida o'zining ulkan va munosib hissasini qo'shdi hamda o'z do'stlari va shogirdlari qalbida bitmas-tuganmas iz qoldirdi.

Biz futbol olami kishilari – barcha-barchamiz bab-baravar hurmat qiladigan va ezozlaydigan do'stimiz va birodarimiz Nazir Rizametovni qo'msaymiz, eslaymiz, sog'inamiz. Aziz ukamizning joyi jannatda bo'lsin, Xudoning o'zi ukajonimizni o'z marhamatiga olgan bo'lsin!

                                                                                                 Axbor Imomxo'jaev.


Menga qalban va ruhan yaqin bo'lgan inson haqidagi xotiralarimni alam va qayg'u bilan qog'ozga tushiryapman. Biz ilk bor uchrashganimizda 30 yoshlarda edik. Men O'zDJTI futbol kafedrasining yosh mudiri, u esa o'sha vaqtdagi DOSAAF huzuridagi haydovchilar maktabining rahbari edi. Bizni bir-birimiz bilan juda ko'p narsalar bog'lab turardi. Ikkalamiz ham yosh va kuchga to'lgan paytlarimiz, qolaversa, futbolga bo'lgan muhabbat, boz ustiga hali hayotda o'z yo'limizni topib ulgurmay, kelajakda oldimizga qo'ygan vazifalarni amalga oshirish xayoli bilan yashar edik. Biz keyinchalik hayotda ham, futbol sohasida ham elkadosh bo'lib, o'sha yoshlik yillarimizni bot-bot eslab turardik.

Eng achinarlisi, hayoti davomida insonlarga yaxshilik qilgan, uy-joy qurib, farzandlarini voyaga etkazgan va endigina o'g'illari rohatini ko'raman deganda, ajoyib do'stimiz bu ko'hna dunyoni tark etdi. U o'z yaqinlariga, qarindoshlariga, shu jumladan, shaxsan men va oilamga juda ko'p hayrli ishlarni amalga oshirdi. Afsuski, u juda erta, yani 59 yoshida olamdan o'tdi, vaholanki, u endigina farzandlar tashvishidan qutulib, do'stlari orasida kattagina hurmatga sazovor bo'lib, yillar davomida qilgan mehnati samarasini ko'rish ostonasida turgan edi.

Bundan 16 yil muqaddam, yani Respublikamiz o'z mustaqilligiga erishib, milliy chempionatimizga asos solingan vaqtdan boshlab Nazir Ahmedovich hakamlik sohasida etakchilikni o'z zimmasiga olgandi. Qaddi qomati kelishgan, jismoniy jihatdan chiniqqan va serg'ayrat Nazir aka xar doim halol va odil hakam bo'lishga intildi. Men bunga u bilan kundalik munosabatlarimda guvoh bo'lganman. U men uchun shunday edi va abatta shundayligicha bo'lib qoladi.

Nihoyatda madaniyatli, o'zgalar oldida doimo o'z hurmatini saqlay oladigan, sodda va kamtar inson edi u. Nafaqat o'zbek, balki rus tilida ham o'z fikrini bemalol va ravon izhor eta olishi, dunyoqarashining kengligi, uning intellektual saohiyatidan dalolat berib turardi. Ammo u o'zining bu xislatlari bilan xech vaqt maqtanmas edi. Nazir aka o'zining hatti-harakatlari bilan yoshlarga haqiqiy referi qanday bo'lishini ko'rsatib turardi.

O'z yurtiga bo'lgan cheksiz muhabbat va vatanparvarlik hissi uning insonlarga bo'lgan munosabatlarida ham o'z isbotini topgandi. U hayotdagi o'zining faoliyati bilan Yaratganga o'ziga xos tarzda minnatdorchilik izhor etar edi. Afsuski, chin manodagi etakchi, o'zining sevimli o'yiniga bor kuch va mahoratini berishga ulgurolmay qoldi. Respublikamiz Mustaqillikka erishib, futbolimiz xalqaro maydonda atak-chechak qilishni boshlaganida Nazir Rizametov 44 yoshda edi. Bu davr esa hakamlar uchun faoliyatining so'nggi yillari bo'lib hisoblanardi. Mamlakatimiz futboli o'zining shonli g'alabalariga ilk marta bundan 14 yil muqaddam erisha boshladi. Agar bu voqealar bundan 10 yil ilgari bo'lganida aminmanki, Nazir aka Osiyo futbolining rivojiga ham salmoqli xissa qo'shgan bo'lardi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, u nafaqat OFK, balki FIFA hakamlari orasida ham o'z o'rnini topgan bo'lar edi. Mana shu tariqa men bu dunyoni bevaqt tark etgan futbolimiz jonkuyari va fidoiysi xaqidagi xotiralarimni izhor etdim.

                                                    Rustam Akromov,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan murabbiy, professor.


                                                     TA'ZIYA O'RNIDA...

(“Odamlar orasida” gazetasining 2007 yil 8 mart sonidan olingan).



Fevralning so'nggi kunlarida o'zbek futbopi o'zining eng sodiq o'g'lonlaridan birini yo'qotdi. Lekin bu haqda juda kam gapirildi. Yoki yozildi. CHunki u inson mashhur futbolchi ham, murabbiy ham emasdi.

25 dekabr kuni Turkiston saroyida 2006 yilgi futbol mavsumi laureatlarini taqdirlash marosimi o'tardi. Sovrinlar o'z egalariga topshirilgach, foyega chiqdik. Tanish-bilishlar bilan suhbatlashish uchun bundan yaxshi imkon topish qiyin. Tabriklar, yaqinda nihoyasiga etgan Osiyo o'yinlari, 2007 yilgi rejalar, bir so'z bilan aytganda, futbol haqida so'z yuritildi. Marosim yakuniga etishiga yaqin esa tanishlardan biri "Sizni Nazir aka so'rayaptilar", deb qoldi. Men avvaliga bu o'ta kamtar insonning chetroqda turganiga hayron bo'ldim. Faqatgina keyinroq, suhbat davomida buni tushundim. Nazir aka har doimgiday hol-ahvol so'ragach, "shunaqa bo'lib qoldi", deb elka qisdilar. Men mavsum davomida uning va u nazoratchilik qilgan hakamlar brigadasining musobaqalarni boshqarish xuquqidan mahrum etilgani haqida eshitgandim. O'shandayoq Nazir akaning yumshoq qilib aytganda, "sharmandali ishda" qo'li borligiga ishonmagandim.

- Xatolar bo'ladi. Balki anglashilmovchilik bo'lgandir. Yana nazoratchilikka qaytarsiz ham, dedim.

- Yo'q, men bu voqeani ko'tara olmayapman. Tanish-bilishlar oldida, farzandlarim oldida aybim yo'q ekanligini isbotlashim kerak. Buni biladiganlar bor. Ammo yonimni olishni xohlashmayapti...

- Nazir aka! Men sizning halol odam ekanligingizga ishonaman! Haqiqat bir kun yuzaga chiqadi, deb tasalli bergan bo'ldim.

- Men ko'z yumganimdan keyinmi?, dedi Nazir aka. Etlarim jimirlab ketdi.

Go'yoki Nazir aka vaqt-soat yaqinlashayotganini bilib tashvish chekayotganday edi. Tashvishlanganda ham u kishiga qo'yilgan "qora dog'"dan qutula olmayotganidan tashvishda edi. Men nima deyishimni bilmay turardim.

- Sizni hurmat qilaman. Faqat mening aybim yo'qligiga ishonsangiz bo'ldi, davom etdi Nazir aka.

- Nazir aka, men sizga ishonaman! Bu bir anglashilmovchilik, hali eslab kulib yurasiz.

- Agar, maboda shunday bo'lmay qolsa, yomon fikrga bormang-da!

Bu suhbatni men so'zma-so'z yozayotganim yo'q. Qolaversa, unga katta ahamiyat ham bermagan edim. Nazir aka hali baquvvat. SHunchaki alam o'tganidan aytdilar, deb o'ylagandim. Xato qilan ekanman. Gazetada berilgan taziyanomani o'qidimu, karaxt ahvolga tushib qoldim. Eh, Nazir aka! Nega so'zlaringizga jiddiy ahamiyat bermadim? Mendan qanday yordam kutgan edingiz? Sizning sofdil inson ekanligingizni bilardim-ku. Nega o'shanda bor ovozim bilan jar solmadim? Nega?

Balki hali ham kech emasdir!

Nazir Rizametovning qanday ayb bilan va nima sababdan jazolangani haqidagi tafsilotlar menda yo'q. SHu bois unga bir baho berish mushkul. Ammo u kishining so'nggi kunlarigacha aziyat chekkanlari aniq. CHunki faqat halol va pok vijdonli insongina aziyat chekishi malum. SHunday ekan, men O'zbekiston Futbol Federaciyasi va uning prezidenti Mirabror aka Usmonovdan Nazir Rizametovga qo'yilgan aybni rasman (vafotidan so'ng) olib tashlashlarini iltimos qilaman. Butun umrini futbolga bag'ishlagan kamtarin inson nomi uning qalbidek pok bo'lsin!

                                                                                          Davlat TURDIALIEV.

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика