So’nggi yangiliklar

12:25"Олимпик" бугун тарихий натижа қайд этиши мумкин   2 12:18U-20 Осиё кубогига қуръа ташланди. Ўзбекистон Эрон билан ўйнайди  14 12:04U-20 Осиё кубоги. Ўзбекистонга аввалги мусобақаларда гуруҳда қайси терма жамоалар рақиб бўлган?  2 11:51Луис Энрике: "Натижа адолатли бўлмади. Биз "Атлетико"дан кучлироқ эдик"  3 11:30Катанец нега айнан Адҳамзодани чақирди?  24 11:10Ришарлисон жароҳат сабаб "Тоттенхэм"нинг бўлажак ўйинларини ўтказиб юборади  0 10:45"Манчестер Сити" захира дарвозабони Ортега илк бор Германия термасидан чақирув олди  1 10:24Суперлига. Абрамов бугун собиқ жамоасига қарши, "Олимпик" Олмалиқда меҳмон   0 10:21"Ливерпуль" ва "Челси" "Вулверхэмптон" ҳимоячиси учун курашади  0 09:52Палмер "Арсенал"га қарши ўйнай олмаслиги мумкин  2 09:30Бугун U-20 Осиё кубогига қуръа ташланади!   9 09:00"Реал Мадрид" "Лейпциг" ҳимоячисини ўзининг асосий трансфер мақсадига айлантирди  4 08:29ПСЖ "Астон Вилла" тўпурарини ўз сафида кўрмоқчи  0 08:10БУМ! Криштиану Роналду "Ал Ҳилол"га ўтиши мумкин   29 07:33"Тоттенхэм" ва "Ювентус" Эндрикни ўз сафида кўрмоқчи  2

Moziyga qaytib... Yangiliklar

Moziyga qaytib...

Mustaqil davlatimizda millionlar o'yiniga bag'ishlangan ilk haftalik – “O'zbekiston futboli” gazetasi chop etila boshlanganiga bu yil 29 yil to'ladi.

O'sha paytda bu futbol muxlislari uchun ajoyib sovg'a bo'lgan va haftaning chorshanba kunlari ertalabdan ular gazeta kiosklarida turnaqator bo'lib yangi son uchun navbat kutishardi. Gazeta hukumat qarori bilan tashkil etilgan bo'lsa-da, uning nomini o'zgarishi va 1-soni atrofidagi ajobtovur voqealar haqida ko'pchilik bilmaydi. Ularga guvoh bo'lgan va bevosita ishtirok etgan jurnalist Abror Imomxo'jaev o'z xotiralari bilan o'rtoqlashadi...



O'zbekistondagi ilk futbol gazetasi

1993 yilning 18 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori elon qilindi. Qarorning 16-bandida “Sport” gazetasi huzurida “O'zbekistonda futbol” haftanomasini chiqarish tashkil etilsin” ko'rsatmasi bor edi.

Men o'sha paytda “Sport” gazetasining “Futbol” bo'limida ishlar edim va yangi haftanomani tasis etishning tashkiliy ishlari mening zimmamga yuklandi. Nazarimda qaror avval rus tilida tayyorlanib, keyin o'zbek tiliga tarjima qilingan edi. SHu bois ham, “O'zbekistonda futbol” nomi manga nimagadir g'aliz tuyuldi. Bosh muharrirga shuni “O'zbekiston futboli” deb o'zgartirsak qanday bo'larkin degan taklif bilan murojaat qildim. “Esingiz joyidami, Prezident imzolagan qaror matnini o'zgartirmoqchimisiz?” – dastlabki reakciya shunday bo'ldi. Men “hujjatlarni shunday tayyorlayveraman, balki hech kim etibor bermasdan o'tib ketar, mabodo kimdir bilib qolsa, yozuv mashinkasida (u paytda kompyuterlar mavjud emasdi) texnik xato bo'libdi va masul shaxs tekshirmabdi deb menga to'nkab qo'yvurasiz” deb rahbarni ko'ndirdim.

SHu tariqa yangi haftanomaning tasis hujjatlari tayyorlandi, tegishli organlarda ro'yxatdan o'tkazildi va “O'zbekiston futboli” gazetasi O'zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo'mitasida 1993 yil 10 iyun kuni 101-son bilan ro'yxatga olindi. U hukumat qarori bilan tashkil etilgani uchun ortiqcha qog'ozbozlik bo'lmadi va nomdagi o'zgarishni hech kim sezmadi ham (O'zbekiston Respublikasi qonunchilik malumotlari milliy bazasi – Lex.uz saytida hali ham “O'zbekistonda futbol” bo'lib turibdi).

Oradan bir oy o'tib, aniqrog'i 1993 yilning 21 iyul kuni “O'zbekiston futboli”ning ilk soni chop etildi. Tahririyat azolari nishona soniga katta tayyorgarlik ko'rdik, undan qay yo'sindagi maqolalar joy olishi qayta va qayta muhokama qilindi. Arxivimizda Prezidentning to'p bilan tushgan juda chiroyli surati bor edi. Uni qay tariqa berishga kelganda takliflar ko'p bo'ldi. Eng zo'r variant – Islom Karimovning o'z tabrigi bilan berish degan g'oya bo'ldi. Lekin buni qay tariqa amalga oshirishga kelganda boshimiz qotdi.

SHunda bosh muharririmiz (rahmatli) Safar Ostonov Prezident devonidagi tanish amaldorlarga murojaat qildi. Gazeta yurtboshimiz tashabbusi va qarori bilan dunyo yuzini ko'rayotgani, uning ilk sonida o'zlarining tabriklari elon qilinsa nur ustiga alo nur bo'lardi deb tushuntirildi. Biz tayyor matnni ham ilova qildik. Masullar urinib ko'ramiz, lekin vada bermaymiz deb matnni olib qolishdi. Oradan malum vaqt o'tdi. Bu orada ilk songa mo'ljallangan bazi maqolalar (futbol natijalari eskirgani bois) o'zgardi. Lekin biz yurtboshining tabrigini intiqlik bilan kutdik.
Nihoyat matn Prezident imzosi bilan qaytdi. Unda faqatgina bir jumla o'zgargan edi: Islom Abdug'anievich “umid qilaman” degan iborani “ishonaman” deb o'zgartirgandi. Biz uchun uncha farq qilmaydigan jumlaning o'zgartirilishi Prezidentning qatiyligidan darak berardi!

Eng qizig'i, gazeta chop etilayotgan kun sodir bo'ldi. O'sha paytda Matbuotchilar uyining 2-qavatida cenzura bo'limi joylashgan bo'lib, uning xodimlari barcha nashrlar chop etilishidan avval bugungi sondan joy olgan maqolalarni diqqat bilan o'qib chiqishar, etirozli joylarini to'g'irlashar, qisqasi ularning ruxsatisiz bosmoxona gazetani chop etmas edi.

Men ham xursand kayfiyat bilan “O'zbekiston futboli”ning ilk sonini ushbu bo'limga olib kirdim. Xodim gazetaning birinchi sahifasi, yuqoridagi suratni ko'rib boshlig'ining oldiga bordi va qulog'iga nimanidir shivirladi. Boshliq surat va tabrik matnga uzoq razm soldi va O'zA (O'zbekiston Milliy axborot agentligi)ga qo'ng'iroq qildi. Sababi, davlat rahbari bilan bog'liq har qanday xabar ana shu kanal orqali kelardi. U erdagilar bu tabrik haqida xabarlari yo'qligini bildirishgach, boshliq yanada jiddiylashdi. Bu tabrikni qay tariqa olganimizni, uning asl nusxasini so'radi. Men o'sha xonadan bosh muharrirga qo'ng'iroq qildim. U go'shakni boshliqqa berishimni so'radi va unga bunday jiddiy mavzular bilan hizillashib bo'lmasligi, asl nusxa mavjud bo'lmaganda davlat rahbari nomidan tabrik berish aqlga sig'masligi haqida tushuntirishga harakat qildi. Lekin boshliq “bizda instrukciya shunday” deb turib oldi va ruxsatnoma imzosini qo'ymadi.

U paytda internet yo'q, tahririyat “Paxtakor” stadionida (hozirgi O'FA binosi) joylashgan, Matbuotchilar uyi esa Amir Temir hiyobonida. Xullas muxbirlardan biri metroga tushib asl nusxani keltirdi. Boshliq undagi imzoni davlat rahbarining boshqa hujjatlardagi imzolari bilan solishtirdi, deyarli farq ko'rmadi. Lekin masuliyatni bo'yniga olgisi kelmadi va Davlat Matbuot qo'mitasi raisiga qo'ng'iroq qilib vaziyatni tushuntirdi. Rais bir vaqtlar bitta tahririyatda ishlagini sabab Safar akani yaxshi tanirkan, avval unga qo'ng'iroq qilib, tabrik kim orqali kelganini surishtirdi, so'ngra devondagi o'sha amaldordan aniqlashtirdi va nihoyat boshliqqa “ruxsat berilsin” muhrini qo'yishini buyurdi.

Ana shunday ajabtovur voqealar hamroxligida “O'zbekiston futboli” gazetasining ilk soni dunyo yuzini ko'rdi. Etiboringizga o'sha sondagi O'zbekiston Prezidentining tabrigini havola etamiz. (“O'zbekiston futboli” gazetasining 1993 yil 21 iyul 1-sonidan olingan).



Aziz vatandoshlar!
“O'zbekiston futboli”ning nashr etilishi mamlakatimiz ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida muhim voqeadir. Vatanimiz mustaqilligining ikki yilligini nishonlashga qizg'in tayyorgarlik ko'rilayotgan bir paytda ushbu gazetaning tug'ilishi alohida ahamiyatga, mazmunga ega.

O'tgan qisqa davrda respublikamiz barcha sohalarda dunyo miqyosiga chiqa boshladi. Fursat keldi, endi o'zbek futboli ham jahonda o'z mavqeini topishi kerak. Yangi nashr ana shu sharafli ishga sidqidildan xizmat qiladi, deb ishonaman.

Barcha muxlislar va mutaxassislarni futbol gazetasining chiqishi bilan qutlayman.


Islom KARIMOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика