So’nggi yangiliklar

19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  4 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39Суперлига. "Андижон" - "Динамо" 2:0 (матнли трансляция)  10 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  26 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1

Mirjamol Qosimov: "Mashhur insonning farzandlariga hamisha qiyin bo'lgan" Yangiliklar

Mirjamol Qosimov: "Mashhur insonning farzandlariga hamisha qiyin bo'lgan"

O'zbek futbolida Abduraimov, Bozorov, Do'rmonov, Usmonxo'jaev kabi sulolalar mavjud bo'lib, bu futbolchilar oilasida kasb davomiyligi avloddan avlodga o'tib kelyapti.
Bu sulolalar qatoriga Qosimovlar oilasini ham kiritsak bo'ladi. O'zbek futbolining barcha davrlardagi eng mashhur yulduzlaridan biri Mirjalol Qosimovning farzandlari ayni paytda ota kasbini davom ettirishyapti. Albatta, olma daraxtining tagiga olma tushadi. To'ng'ich o'g'il Mirkamol murabbiylik faoliyatini boshlagan bo'lsa, Mirjamol mana bir necha yildirki, Bunyodkor klubi sharafini himoya qilib kelyapti.

SHuningdek, u O'zbekiston yoshlar terma jamoasining azosi hamdir. Bu yil Mirjamol va uning jamoadoshlari Myanmada o'tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, kelasi yili Yangi Zelandiyada o'tkaziladigan jahon chempionati yo'llanmasiga ega bo'ldi. Mirjamolning hali orzulari bisyor. Birinchi galda kichik mundialda munosib tarzda o'yin namoyish etish hamda Bunyodkorning asosiy tarkibidan joy olish. Biz katta yo'l boshida turgan yosh, istedodli futbolchi Mirjamol Qosimovdan intervyu olganmiz. 

- Mirjamol, Qosimov familiyasi juda ham mashhur. Unga munosib bo'lish esa juda ham mushkul ish. Futbolni kasb sifatida tanlayotgan paytingizda bu haqida o'ylab ko'rdingizmi?
- Dadamning o'yinlarini ko'rib, futbolga mehrim tushgan, desam mubolag'a bo'lmaydi. Tabiiyki, uyimizdagi muhit ham futbolni tanlashimga zamin yaratgan. Hamma bolalar kabi to'p tepishni mahalladan boshlaganman. Uyimiz berk ko'chada joylashgan bo'lib, futbol o'ynashga juda ham qulay edi. O'sha erda mahalladagi bolalar bilan o'qishdan keyin to'p tepardik. Vaqt o'tishi bilan futbolga bo'lgan mehrim kuchayib bordi. Bu qiziqishimni payqagan dadamlar futbol maktabiga olib bordilar. Etiborliga molik jihati shundaki, meni ham Yuriy Gaspadarchuk qo'liga topshirdilar. Futbol ishqibozlarining xabari bor, Yuriy Mixaylovich otamning ilk murabbiyi bo'lgan.



- Futbolni tanlashingizga oiladagilarning, xususan dadangiz munosabatlari qanday bo'lgan?
- Yaxshigina eslayman, bu mavzuda anchagina vaqt o'tirib suhbatlashganmiz. Futbol oson kasb emas, boz ustiga sen futbolchining farzandisan, yaxshigina o'ylab ko'r, keyin futbol bilan shug'ullanishing maktabdagi darslarga halal bermasligi kerak, bularning bariga rozi bo'lsang, senga ruxsat beraman, deb aytganlar. O'z o'rnida men ham munosib izdosh, yaxshi farzand bo'lishga vada berganman. SHundan keyingina CHig'atoy futbol maktabiga olib borganlar. Yuriy Mixaylovich bilan tanishtirib, bu mening murabbiyim, men kabi futbolchi bo'lishni istasang, ularning har bir aytganini so'zsiz bajarishing kerak, deb maslahat berganlar. Murabbiy ham kulib, sen Mirjamolsan, sport, xususan futbolning nonini eyish qiyin, o'z xatti-harakating bilan Mirjalolni uyaltirib qo'yishga haqing yo'q, deb aytgan. O'sha gaplar qulog'imga qo'rg'oshindek quyilib qolgan.

- Onangiz futbolni tanlashingizga osonlikcha rozi bo'lmagandirlar? CHunki futbolchilarning rafiqalariga juda ham qiyin. Turmush o'rtoqlari ko'p vaqtni safarda o'tkazishadi. Farzand tarbiyasi bilan o'zlari shug'ullanishga to'g'ri keladi...
- Albatta, onamlarga qiyin bo'lganini ko'rardim. Siz aytgandek, otam safarda ko'p vaqt bo'lardilar. Lekin futbolga kuchli qiziqishimni ko'rgach, o'zlari sharoit yaratib berganlar. Ammo boshida xuddi otam kabi men tanlagan yo'l murakkab ekanligi, masuliyati juda ham katta bo'lishini aytganlar. Bu yukni ko'tara olasanmi, deb so'raganlar. Qarorim qatiy ekanligini bilgach, menga barcha sharoitlarni yaratib berganlar. Etti yoshimdan shug'ullanishni boshlagan bo'lsam, futbol maktabidagi mashg'ulotlarga ko'pincha o'zlari etaklab olib borardilar. Ulardan minnatdorman, kunning issig'ida ham, qahraton qishda ham ikki soatlab mashg'ulot yakunlanishini kutib o'tirardilar. Qolaversa, bobomning ham bunda xissalari katta bo'lgan. Ko'pincha ular ham mashg'ulotlarga olib borardilar. Futbolni yaxshi tushganliklari uchun mashg'ulotlardan so'ng xatolarimni aytib, to'g'ri yo'lga boshlaganlar.  

- Ismingizni kim qo'ygan?
- Otam qo'yganlar. Buni keyinchalik onam aytib bergandilar. 1995 yili Vladikavkazning "Alaniya" klubi tarkibida o'sha paytdagi UEFA Kubogi doirasidagi uchrashuvda "Liverpul" darvozasini ishg'ol qilganlar. O'sha 12 sentyabr kuni kiritilgan bu golni tez-tez tomosha qilib turaman. O'rganadigan jihatlari juda ham ko'p. Jarima zarbasidan Liverpul posbonini ojiz qoldirgandilar. O'sha o'yin arafasida men dunyoga kelganman. Men tug'ilgan paytda otam safarda bo'lganlar. SHunda o'g'limning ismi Mirjamol bo'lsin, deb o'zlari qo'ng'iroq qilgan ekanlar.  



- Mashg'ulotlarda qatnasha turib, ko'cha futboli bilan professional futbolning farqini tushunib etdingizmi?
- Juda katta farqi bor. Ko'cha futbolida o'zingiz xohlagandek o'ynayverasiz. Professional futbolda unday emas. Murabbiyning ko'rsatmalariga binoan harakat qilishingiz lozim. Futbol jamoaviy o'yin ekanligini aynan professional futbolda tushunib etasiz. Ko'cha futbolida bir o'zingiz yarim jamoani aldab o'tib, darvozaga to'p kiritishingiz mumkin. Lekin katta futbolda bunday emas.

- Etiborlisi, siz ham xuddi otangiz kabi markaziy yarim himoya chizig'ida to'p tepasiz. O'ylaringizni bir necha bor ko'rganmiz, pleymekerlik vazifasini ham bajarasiz. Nima uchun hujumchi yoki himoyachi emas, aynan yarim himoyachi bo'lishga qaror qildingiz?
- Bilasizmi, har bir futbolchining o'z kumiri bo'ladi. Kimgadir havas natijasida malum bir sport turini tanlaydi. Tabiiyki, mening kumir otam bo'lganlar. Ularga havas qilib, futbolni kasb sifatida tanlaganman. Yarim himoya chizig'idagi o'yinlarini hamisha zo'r zavq bilan tomosha qilardim. SHunday o'yinchi bo'lishni orzu qilardim, hozir ham shunga intilib kelyapman. Birinchi murabbiyim harakatlarimni ko'rib, yarim himoyada o'z o'rningni topa olasan, faqat buning uchun astoydil harakat qilishing, mehnat qilishdan to'xtamasliging  kerak, deb uqtirganlar. Keyin Yuriy Mixaylovich Mirjamol, sen otangni uyaltirib qo'ymasliging kerak, sen mashhur familiyani o'zing bilan olib yuribsan, buni hech qachon unutmagin, deb ko'p gapirardilar.

- Eng qizig'i, siz ham otangiz kabi 4-raqamni tanlagansiz.
- Bu ham shu bilan bog'liq. Otamga har tomonlama o'xshash maqsadida 4-raqamni tanlaganman. Nafaqat futbolda, balki hayotda ham dadamlarga o'xshashga harakat qilaman. Oilada juda yaxshi otalar. Hamisha ularga havas qilib kelganman.

- Lekin 4-raqamli futbolkaning o'zbek futbolida o'z o'rni bor. Unga munosib o'yin ko'rsatish esa muhim hisoblanadi. Futbol ishqibozlarining ko'z o'ngida birinchi galda otangiz gavdalanadilar. Raqam tanlayotgan paytingizda bu haqida ham o'ylab ko'rdingizmi?
- O'zi mashhur insonning farzandi bo'lish hamisha qo'shimcha masuliyat yuklab kelgan. Bu haqida juda ko'p o'ylayman. Nafaqat maydondagi harakatlarimga, balki yurish-turishimga ham juda katta etibor qarataman. Otamga yomon gap eshittirishni istamayman. To'rtinchi raqamga munosib izdosh, voris bo'lishga astoydil harakat qilaman.



- XX asr o'zbek futbolining mashhur yulduzi Birodar Abduraimov bilan suhbatlashganimizda otangiz haqida juda iliq fikrlarni aytgandilar. Birodar Xasanovichning so'zlariga ko'ra otangiz asosiy mashg'ulotdan keyin ham qolib, alohida yakka o'zlari shug'ullanganlar. Bu odat sizda ham bormi?
- Bu haqida men ham eshitgandim. Keyin yoshligimda uydagilar bilan bir necha bor mashg'ulotlarga borganimda, o'zim ham bunga guvoh bo'lganman. Menda ham shunday yo'l tutishga harakat qilyapman. Kuniga ikki mahal mashg'ulotimiz bo'lsa, o'zim ham qo'shimcha tarzda shug'ullanaman.
 
- O'yinlaringizdan keyin uyda oila davrasida harakatlaringiz yuzasidan muhokama, tahlil jarayoni bo'ladimi?
- Bo'lmasamchi. Busiz iloj yo'q. Bobom, dadam, akam o'yinlarimni hamisha kuzatib, harakatlarimni tahlil qilib borishadi. Xatolarimni aytib, mana bu erda boshqacharoq o'ynashing kerak edi, mana bunday qaror qabul qilganingda to'g'riroq bo'lardi, deb hamisha munosabat bildirishadi. Dadam o'zlari bevosita maydonda o'yinimni ko'radilar. So'nggi paytlarda shunday  holatlar ham bo'lyaptiki, o'g'limga qo'shimcha bosim tushmasin, deb bildirmasdan o'yinimni ko'rib ketyaptilar. Lekin uyga borganda albatta, o'z munosabatlarini bildiradilar. Mana bu vaziyatda to'pni o'zingda ko'p ushlab qolding, tezroq hujumdagi jamoadoshinga uzatsang maqsadga muvofiq bo'lardi, deb tanbeh beradilar.

- Bir necha yildan beri Bunyodkor jamoasi sharafini himoya qilib kelyapsiz. O'z vaqtida otangiz qo'l ostilaridan o'ynash ham nasib etdi. O'yinda ota-bola munosabatlari qanday bo'lgan?
- Mashg'ulot jarayonida ozgina bosim bo'ldi. To'g'risini aytaman, maydonga chiqishdan oldin hayajon bosdi. Keyin sekin-asta barchasi o'z joyiga tushib ketdi. Ota-bola munosabatlariga kelsak, uyda ota, maydonda murabbiylar. Mana shu aqidaga men ham, otam ham amal qilganmiz. O'zlari ham ota-o'g'il munosabatlarini bildirmaganlar. Tanbeh bergan paytlari ko'p bo'lgan, yaxshigina urishganlar ham.

- Maydonga tushirmagan paytlari hafa bo'lmaganmisiz? Otamlarku, hech bo'lmasa 10 daqiqaga tushirsalar bo'lardi, degan fikr hayolingizdan o'tmaganmi?
- Bunday fikr hech qachon bo'lmagan. Men biror marta ham murabbiylarga etiroz bildirmagan. CHunki, otam shunday tarbiya qilganlar. Har doim aybni birinchi galda o'zimdan izlaganman. Murabbiy zaxirada ushlab turibdimi, demak uning qandaydir bunga asosi bor, deb fikr yuritganman.

- Yoshlar ligasidagi o'yinlarda, keyin yoshlar terma jamoasi tarkibida ham sardorlik bog'ichida jamoadoshlaringizni maydonga boshlab tushgan paytlaringiz bo'lgan. Sardorlik masuliyati og'ir ekanligini tushunib etdingizmi?
- Birinchi navbatda otamlarga bir necha yillar davomida qanday masuliyat yuklangani, zimmalarida og'ir yukni ko'tarib yurganliklarini tushunib etdim. Sardor murabbiy va futbolchilar o'rtasidagi ko'prik vazifasini bajarib beradi. Albatta, tashqaridan qaraganda sardor har doim ajralib turadi. Qo'lidagi bog'ich birinchi galda ko'zga tashlanadi. Lekin unga munosib bo'lish bu boshqa masala. Ana shu masuliyatni har doim ham his qilib kelaman.

- Bu yilgi futbol mavsumi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi uchun omadli keldi. Ravshan Haydarov jamoasi Myanmadagi Osiyo chempionatida yarim finalga qadar etib borib, kelasi yili Yangi Zelandiyada o'tkaziladigan jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Bu jamoa tarkibida siz ham bor edingiz.
- Albatta, o'sha paytdagi quvonchli onlarni yodga olish maroqli. Quvonchimizni so'z bilan tasvirlab berish qiyin. Har bir futbolchi jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qiladi. Biz yoshlarning futboldagi eng katta orzularimizdan biri ro'yobga chiqdi. Tan olish kerak, bu yo'llanmani qo'lga kiritishimiz oson bo'lgani yo'q. CHorak finaldagi raqibimiz Tailand terma jamoasi bizga oxirigacha jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Kuchli raqobat ostida kechgan Osiyo chempionatida kichik mundial yo'llanmasini qo'lga kiritganimizdan juda ham xursandmiz.



- Kelasi yilning 31 may kuni Yangi Zelandiyada yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati boshlanadi. Lekin jahon chempionatiga Osiyo chempionatida qatnashgan futbolchilarning hammasi ham bormasligi mumkin. Selekciya jarayoni hali davom etadi...
- Juda ham to'g'ri aytdingiz. Bu narsani terma jamoaning har bir futbolchisi tushunib turibdi. Hech kimning hotirjamlikka berilishga haqqi yo'q. Hech kimga joy kafolatlanmagan. Buni murabbiyimiz har bir mashg'ulotdan keyin uqtirib turadilar. Rejaga binoan, 24-28 dekabr kunlari Toshkentda qisqa muddatli o'quv-mashg'ulot yig'ini tashkil etiladi. Jahon chempionatigacha har oyda yig'inlar o'tkazish rejaga kiritilganligini aytishdi. Bilishimcha, fevral oyida Toshkentda ham ikkita xalqaro o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazilishi ko'zda tutilgan ekan. 10 fevral kuni JCH-2015ga qura tashlanadi. Guruhdagi raqiblar malum bo'lgach, tayyorgarlik rejasi ham tasdiqlansa kerak. Har qanday holatda ham jahon chempionatiga maksimal darajada tayyorgarlik ko'rish kerak. Bu har bir futbolchi uchun kattagina bir imkoniyat. O'zini shu mundialda ko'rsatish orqali futbolchi o'z kelajagini o'zgartirishi mumkin. Yaxshi jamoalardan taklif olish imkoniyati bo'ladi.

- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
- Bolaligimdan Barselona jamoasining o'yinlarini yoqtiraman. SHu klubga hozirgacha muxlislik qilib kelyapman. Jamoaning o'yin uslubi menga yoqadi, bundan ko'p narsani o'rganish mumkin.

- Mirjamol, siz futbol bilan parallel ravishda karate sport turi bilan ham shug'ullangansiz. Medallaringiz ham etarli ekan. Bir vaqtning o'zida ikkita sport turi bilan shug'ullanish qiyinchilik tug'dirmaganmi?
- Televizorda karate musobaqasini ko'rib, sportning bu yakka kurash turiga qiziqib qolganman. O'sha paytda 6 yoshda edim. O'sha paytda o'zbek karatesining yulduzi bo'lgan Otabek Qosimovga havas qilib, bu sport turi bilan shug'ullana boshladim.

- Karate kata va kumite yo'nalishlaridan iborat. Siz qaysi yo'nalishda ko'proq medallarni qo'lga kiritgansiz?
- Ko'proq kata, yani ko'rgazmali chiqish musobaqalarida g'olib chiqqanman. Do'stlarim Xasan va Xusan bilan jamoaviy kata bahslarida juda ko'p bor chempion bo'lganmiz. Adashmasam, karatedagi qisqa muddatli faoliyatim davomida  33 ta medalni qo'lga kiritganman. Lekin kumite yo'nalishida ham medallarim ko'p bo'lgan. Futbolga qiziqishim yuqoriroq bo'lgani uchun keyinchalik karateni tashlashimga to'g'ri keldi. CHunki, bir vaqtning o'zida ikkita sport turi bilan professional tarzda shug'ullanishning iloji yo'q edi.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика