Mirjalol Qosimov: “Murabbiy sifatida 20 yil avvalgi g'alabani takrorlamoqchiman”
17 iyu 2014 08:04
Yangiliklar
Mirjalol Qosimov: “Murabbiy sifatida 20 yil avvalgi g'alabani takrorlamoqchiman”
Bilasizmi, aslida o'sha paytda, yani Osiyo o'yinlari oldidan terma jamoamizga turnir favoriti sifatida qarashmagan. Raqiblar ham bepisandroq munosabatda bo'lgan. Bu esa bizning foydamizga ishlab, ketma-ket qo'lga kiritilgan g'alabalarga zamin yaratgan. Biz Xirosimadagi tarixiy g'alabani yodga olish maqsadida 12-Osiyo o'yinlari g'olibi Mirjalol Qosimovdan intervyu oldik.
- Osiyo o'yinlarida erishilgan yutuqning salmog'i, uning mohiyati qanchalik yuqori ekanligini endi tushunib etyapmiz, - deya so'z boshladi M.Qosimov. – Hozir o'sha onlarni yodga olish juda ham yoqimli. Bir zumda 20 yil to'libdiyu, lekin nazarimda xuddi kecha bo'lib o'tgandek taassurot qoldiryapti. Bu mustaqillik yillarida erishilgan dastlabki katta yutuq edi. Haqiqatan ham, tarkibimiz juda ham kuchli, shu bilan birga ahil bo'lgan. G'alabaning kaliti ham shunda bo'lsa kerak. Ahillikda gap ko'p, yagona maqsad sari birgalikda harakat qilinsa, albatta ko'zlangan maqsadga erishiladi. Qolaversa, stadiondagi muxlislarning qo'llab-quvvatlashi ham kuchimizga kuch, g'ayratimizga g'ayrat qo'shgan. Ayniqsa, yarim finalda Koreyani mag'lubiyatga uchratganimizdan mahalliy ishqibozlar ham bizga muxlislik qilishgan. Final uchrashuvida Xitoy bilan o'ynaganmiz va ushbu hal qiluvchi o'yinda bizga muxlislik qiluvchilarning soni ko'proq bo'lgan.
- O'sha paytda terma jamoa futbolchilari turli klublardan taklif etilgandi. Masalan, siz Vladikavkazning “Spartak-Alaniya”sidan terma jamoa safiga kelib qo'shilgansiz. So'ramoqchi bo'lgan narsam, bir-biringizni tushunib harakat qilishda muammo yuzaga kelmaganmi?
- Yo'q, albatta. Masalan, o'sha paytda Isroil chempionatida o'ynovchi Igor SHkvirin ham men kabi legioner maqomida bo'lgan. SHunchaki, futbolchilarning bir-birini tushunishida muammo bo'lmagan. Eng muhimi, har bir chiziq vakillari o'z vazifalarini bekamu ko'st ado etishgan. Darvozamizni SHeykin ajoyib tarzda qo'riqlagan. Ayniqsa, Koreya bilan o'yinda aynan uning mahorati va jasorati terma jamoamizni finalga olib chiqqan. Men bu narsani hech ikkilanishsiz ayta olaman. O'rta chiziqda Sergey Lebedev, Ilhom SHaripov kabi tajribali yarim himoyachilar o'ynashgan. Himoyada Farhod Magometov, Andrey Fyodorov, Fevzi Davletov, Ulug'bek Ro'zimov singari ishonchli futbolchilar to'p tepishgan. Hujumda Igor SHkvirin, SHuhrat Maqsudov, hujumchilar ortida Azamat Abduraimov harakat qilgan. Xullas, tarkib sezilarli darajada kuchli bo'lgan.
- Terma jamoamiz muvaffaqiyatida murabbiylarning xissasi qay darajada bo'lgan?
- Terma jamoaga Rustam Akramov va Birodar Abduraimov birgalikda ustozlik qilishgan. Har bir raqib jiddiy tarzda o'rganilgan. Nazariy mashg'ulotlarda bizga raqib haqida malumotlar, tegishli ko'rsatmalarni berib borishgan. O'ylaymanki, bu ikki zabardast murabbiyimizning ham tarixiy g'alabaning qo'lga kiritilishida xissalari katta bo'lgan.
- Mirjalol aka, yarim final bu alohida mavzu. Koreyslarga qarshi kechgan o'yinni o'sha paytda finalga qiyoslashgan ekan. Lekin koreyalik futbolchilar maydonda yaqqol ustunlikka ega bo'lishgandi. Nima deb o'ylaysiz, final ostonasidagi o'yinda omad tufayli zafar quchganmizmi?
- Endi omad ham kuchlilarga kulib boqadi, deyishadiku! Ammo, haqiqatan ham, o'sha uchrashuvda koreyalik futbolchilar juda kuchli o'yin namoyish etishgandi. Darvozamiz oldidan tinimsiz havfli vaziyatlarni yuzaga keltirishgan, SHeykin jamoamizni bir necha bor muqarrar gollardan qutqarib qolgan edi. Yura darvozabon yarim jamoa degan iborani yuz foiz oqlagan. Biz asosan qarshi hujum taktikasida harakat qilgandik. CHunki, ochiq futbol namoyish eta olmasdik. Keyin siz aytgandek, omad ham biz tomonda bo'lgandi.
- Azamat Abduraimovning super goli haqida qanday fikrdasiz?
- Azamat haqiqiy hujumchilarga xos tarzda harakat qilgandi. Deyarli maydon markazida to'pni raqibdan olib qo'yib, bir necha futbolchilarni aldab, uzoqdan aylanma zarba bilan darvozani ishg'ol qilgandi. Kechagidek yodimda, to'p darvozabon uchun noqulay traektoriyada to'rdan joy olgan edi. O'sha paytda bu gol haqida mahalliy matbuotda juda ko'p yozilgan, gapirilgan, televidenie orqali qayta-qayta namoyish etilgan.
- 1994 yilning 16 oktyabr kuni Xirosimadagi “Big Arch” stadionida Osiyo o'yinlari g'olibini aniqlab bergan o'yinda terma jamoamiz o'sha paytda dunyoning beshdan bir qism aholisi yashaydigan Xitoyga qarshi maydonga tushgan. Yaponiyalik referi Masayoshi Okada boshqargan final uchrashuvida Igor SHkvirin, Sergey Lebedev, Azamat Abduraimov, SHuhrat Maqsudov tomonidan kiritilgan gollar terma jamoamizning 4:2 xisobidagi g'alabasini taminlagandi...
- Osiyo o'yinlarining eng so'nggi musobaqasi bu – futbolning final uchrashuvi bo'lgan. Ungacha barcha sport turlari bo'yicha g'olib va sovrindorlar aniqlangandi. Olimpiya shaharchasida barcha sportchilar istiqomat qilgani uchun biz bo'sh vaqt bo'ldi, deguncha o'zbekistonlik boshqa sportchilarning ishtirokini kuzatardik va yurtdoshlarimizni qo'llab-quvvatlar edik. Final kuni o'z o'rnida ular ham stadionga kelib, biz futbolchilarga ruhiy dalda berib turishgan. Qolaversa, yaponiyalik ishqibozlar ham bizga muxlislik qilishgan.
- Terma jamoamiz finalda yirik 4:2 hisobida g'alaba qozongan. Tashqaridan qaraganda, bu oson qo'lga kiritilgan g'alabadek taassurot qoldiradi. Lekin uning qay darajada oson yoki qiyin bo'lganligini maydonda 90 daqiqa davomida harakat qilganlar bilishadi. SHunday emasmi?
- Engil g'alabaning o'zi bo'lmaydi. Garchi yirik hisob qayd etilgan bo'lsada, finalda oson g'alaba qozondik, deb ayta olmayman. Menimcha, o'sha kuni maydonga tushgan har bir futbolchi ham shunday fikr bildirsa kerak. Ketma-ket ikkita to'p kiritganimiz bizning foydamizga xizmat qilgandi. Hisob 3:2 bo'lib turgan bir paytda, o'z darvozamizdan to'p o'tkazib yuborganimizda, yakuniy hisob umuman boshqacha bo'lishi ham mumkin edi.
- Oradan 20 yil o'tib, endi bosh murabbiy sifatida terma jamoani Osiyo o'yinlariga boshlab borasiz. Bilishimizcha, terma jamoa oldiga katta vazifalar qo'yilyapti. Musobaqaga esa oz fursat qoldi. Yakuniy tayyorgarlik rejasi ishlab chiqilganmi?
- Haqiqatan ham juda qiziq holat. Ham futbolchi, ham murabbiy sifatida Osiyo o'yinlari g'olib bo'lish imkoniyati mavjud. Tayyorgarlik 20 iyuldan boshlanadi. Toshkentda o'tkaziladigan bir haftalik o'quv-mashg'ulot yig'iniga 1991-93 yillarda tug'ilgan futbolchilar taklif etilgan. SHuningdek, yana uch nafar yoshi katta futbolchini ham tarkibga kiritishim mumkin. Yig'in doirasida mahalliy jamoalarimiz bilan nazorat uchrashuvlari o'tkazish rejalashtirilgan. Albatta, har bir terma jamoa azosini oliy maqsadi ushbu Osiyo o'yinlarida zafar quchish. Federaciyamiz rahbariyati ham terma jamoa oldiga chempion bo'lish vazifasini qo'ygan. O'ylaymanki, bu vazifani bajarib, ona Vatanga yorug' yuz bilan qaytamiz.
- Sentyabr oyida o'tkaziladigan 17-Osiyo o'yinlari FIFA taqvimidan joy olmagan. Bu esa futbolchilarni terma jamoaga uzoq muddatga taklif qilishingizda muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Bu masalani qanday qilmoqchisiz?
- To'g'ri takidladingiz, biz hamisha FIFA taqvimi bo'yicha muammolarga duch kelganmiz. Bo'lajak Osiyo o'yinlari ham bundan mustasno bo'lmaydi. SHuni to'g'ri anglagan holda asosiy urg'uni oliy ligamizda o'ynayotgan o'yinchilarga beramiz. Aziz Haydarov, Vitaliy Denisov, Odil Ahmedov kabi legioner futbolchilarimzni o'z klublari bunday uzoq muddatga qo'yib yubormaydi. SHunday bo'lsada, avvalo, futbolchining o'zi, keyin esa klub rahbarlari bilan gaplashib ko'ramiz.
- Tarkibga jalb qilinishi mumkin bo'lgan yoshi katta uch nafar futbolchi masalasida bir to'xtamga keldingizmi?
- Milliy chempionatimizning birinchi davrasi yakunlandi. Nomzod futbolchilarni kuzatib bordim. 20-28 iyul kuniga belgilangan yig'inimizni yakunlab olgach, murabbiylar shtabi bilan birga bu masalada bosh qotiramiz. Nomzodlar etarli. Uch nafar yoshi katta futbolchini avgust oyida o'tkazadigan yig'inimiz chog'ida aniqlab olamiz.
- Mirjalol aka, siz parallel ravishda milliy terma jamoada ham faoliyat yuritasiz. Tabiiyki, ayrim yig'inlar deyarli bir xil vaqtga to'g'ri kelib qolishi mumkin. Bu masalaning echimini qanday topmoqchi bo'lyapsiz?
- Milliy terma jamoani ham yoddan chiqarmaslik lozim. Har oyda yig'in o'tkazish tasdiqlangan. Avgust, sentyabr va oktyabr oylariga o'rtoqlik uchrashuvlari belgilangan. Osiyo o'yinlarida qatnashadigan futbolchilarning katta qismi milliy terma jamoada ham o'ynaydi. O'ylashimcha, bu borada muammo bo'lmaydi. Osiyo o'yinlari ham biz uchun muhim. 1994 yilgi muvaffaqiyatni takrorlash uchun astoydil harakat qilamiz. Bugunga kelib shakllangan terma jamoa bu vazifani uddalashga qodir. Incheonda o'tkaziladigan 17-Osiyo o'yinlarida chempionlikdan o'zga natija bizni qoniqtirmaydi.
- Bir oy davomida futbol jamoatchiligining diqqat-etibori Braziliya yashil maydonlarida o'tkazilgan JCH-2014 o'yinlariga qaratildi. Sizdan kutilmagan natijalar haqida emas, aksincha, kelasi yilning yanvar oyida Avstraliyada o'tkaziladigan Osiyo Kubogida terma jamoamizga bosh og'rig'i bo'lishi kutilayotgan Osiyo jamoalarining ishtiroki haqida so'ramoqchiman. To'rttala jamoa xattoki bitta umumiy g'alabaga erishmay, mundialdan qaytib kelishdi. Osiyo jamoalarining JCH-2014dagi umumiy ishtirokiga qanday baho berasiz?
- To'rt yil avval JARda bo'lib o'tgan jahon chempionati bilan Braziliyadagi mundialni taqqoslasa, juda katta farq ko'zga tashlanadi. Ispaniya, Italiya, Angliya, Portugaliya, Rossiya terma jamoalarining guruhdan chiqa olmasligini hech kim kutmagandi. Bashoratlar o'zini umuman oqlamadi. Kosta-Rika boshdan baland sakrab, katta shov-shuv ko'tardi. Jamoalarning taktikalarida ham o'zgarishlar ro'y bergan. Jazoir terma jamoasi Germaniyani qiynab ko'ydi. Braziliya nimchorak finaldayoq o'z ishtirokini to'xtatishi mumkin edi. Endi jahon chempionati bu juda katta bozor. Futbolchilar o'zlarini ko'rsatib, katta shartnomalar imzolashga harakat qilishadi. Masalan, Kolumbiya terma jamoasi yarim himoyachisi, JCHda 6 ta gol kiritgan Xames Rodrigesni 5 million dollarga sotib olmagan ekan. JCH-2014dagi yorqin o'yinidan so'ng Rodrigesning bahosi 45 millionga ko'tarilib ketdi. Jahon chempionati futbolchilar uchun o'zini ko'rsatishi uchun katta sahna vazifasini bajarib beradi. Endi Osiyo jamoalarining ishtirokiga kelsak, Eron kuchli guruhga tushgandi. Ularning pley-offga chiqish imkoniyatlari deyarli nolga teng edi. SHunday bo'lsada, Nigeriya bilan durang o'ynashga muvaffaq bo'lishdi. Argentina bilan kechgan uchrashuvda ham katta shov-shuv ko'tarishlariga bir bahya qoldi. Messining individual harakatlari Argentinaga qo'shib berilgan daqiqada uch ochkoni taqdim etdi. Avstraliya ham imkoniyati darajasida o'ynadi. Menga ularning Gollandiya bilan o'tkazgan o'yini juda ham yoqdi. Ochiq futbol bo'ldi. Hisobda oldinda ham bordi. Van Persi, Robben kabi tajribali futbolchilarning mahorati yakunda gollandlarning g'alabasini taminladi. Avstraliya bu o'yini bilan o'zi mezbonlik qiladigan Osiyo chempionatida favorit bo'lishi aniq. Lekin bir narsani unutmaslik kerak, yanvar oyida futbolchilarning qanday sport formasida bo'lishi ham ko'p narsani hal qiladi. Mana Ispaniya, Italiya va Angliya terma jamoalarining aynan mundial chog'ida jismoniy jihatdan tayyor emasligi oxir oqibat natijaga tasir qildi. Futbolchilar robot emaski, har doim bir maromda o'ynasa. Yaponiyadan kuchliroq o'yin kutgandim. Ammo, amaldagi Osiyo chempionlari o'z imkoniyatlaridan pastroq o'yin ko'rsatishdi. Koreya terma jamoasi haqida ham shunday fikrdaman. Bu guruhda Belgiya yaqqol favorit ekanligi oldindan malum edi. Ikkinchi yo'llanmaga Rossiya, Jazoir va Janubiy Koreya terma jamoalari davogarlik qilishdi. Yakunda afrikaliklar 1/8 final chiptasini qo'lga kiritishdi. G'alaba qozonmasdan turib, guruhdan chiqishning iloji yo'q.
- “Bunyodkor”ni tark etganingizdan so'ng sizda milliy chempionat o'yinlarini bevosita stadiondan kuzatish imkoniyati ko'paydi. SHu manoda, oliy liga o'yinlarini kuzata turib, o'zingiz uchun yangi nomlarni kashf etdingizmi? Umuman, birinchi davra sizda qanday taassurot qoldirdi?
- CHempionatimizning birinchi davrasi juda ham qiziq kechdi. Kutilmagan natijalar ham bo'ldi. Hozir “Lokomotiv” va “Paxtakor” jamoalari bir xilda ochko jamg'arib, turnir jadvalida qo'shhokimlik qilishmoqda. “Nasaf” hamda “Bunyodkor” klublari karvonboshilarni taqib etishda davom etishyapti. Birinchi davraning 5 iyul kuni bo'lib o'tgan so'nggi uchrashuvida “Paxtakor” o'z maydonida “Bunyodkor”ni qabul qildi. Undan avval O'zbekiston Kubogi yarim finali doirasidagi “Paxtakor” – “Lokomotiv” o'yinini ko'rdim. Aynan mana shunday qarama-qarshiliklardagi o'yinlar soni milliy chempionatimizda qanchalik ko'p bo'lsa, futbolimiz shunchalik o'sadi. Bundan esa birinchi galda milliy terma jamoa yutadi. Murabbiy nomzodlarning ko'pligidan tanlov masalasida qiynalib qolishi kerak. Afsuski, hozircha bunday o'yinlari soni ko'p emas. Nomzodlar borasida ham juda ham qiyinchilikka duch kelmaysiz. Yana o'sha 4 ta jamoa – “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Nasaf” va “Bunyodkor” chempionlik uchun kurash olib boryapti. Ular qatoriga “Olmaliq”, “Neftchi”, “Navbahor” jamoalari ham qo'shilishini istardim. Keskin qarama-qarshiliklar natijasida istedodli yoshlar etishib chiqadi. Bir maromda kechadigan uchrashuvlarda istedodlarni aniqlay olmaysiz. Keyin yosh futbolchilarga ham murojaatim bor. Faxriy futbolchilarimizdan bir jumlani ko'p eshitamiz: bizning davrimizda Vatan uchun, muxlislar haqqi-hurmati uchun o'ynardik. Pul muhim va birlamchi narsa emasdi. Hoo'irgi futbolchilar aynan moddiyatni birinchi o'ringa qo'yishyapti. Yaxshi futbol namoyish etilsa, pulning o'zi kelaveradi. Ha, faxriylarimizning gaplarida jon bor. Yosh futbolchilar malum bir muvaffaqiyatga erishgandan so'ng o'z ustilarida ishlamay qo'yishyapti. Qaysidir joylarda murabbiylar natija deb yoshlarga etiborni biroz susaytirib qo'yishyapti. Men yoshlarga Odil Ahmedovni ko'p bor misol tariqasida keltiraman. Pulning ketidan chopmadi. Tinmay ishladi, mana hozir pul unig ketidan quvib yuribdi. Yoshlarga ham Odilning yo'lini bersin deb qolaman.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar