Miroslav Blajevichning futbol falsafasi
26 iyu 2016 15:39
Yangiliklar
Miroslav Blajevichning futbol falsafasi
SHuningdek, aql bovar qilmas mashhurligiga ham putur etgan emas. FIFA 1904 jurnali muxbirlari xorvat futboli faxri sanalgan mutaxassis bilan suhbat asnosida bunga to'liq amin bo'lishdi. CHunonchi, u turli voqealarga boy faoliyatidan bazi muhim jihatlarni maroq bilan gapirib berdi.
Miroslav Blajevich Xorvatiya poytaxtiga kelishidan atigi 3 daqiqa o'tib, maktab o'quvchilari qurshovida qoldi. Hammaning maqsadi tayin - afsona yonida suratga tushish yoki undan dastxat olish. Blajevich uch qadam tashladimi-yo'q, rohiba uni qo'lidan tutib, qulog'iga shivirladi: Men mudom sen uchun ibodatdaman, CHiro. Xullas, murabbiyning torgina maydondan o'tib, suhbat uchun tanlangan mo'jazgina restoranga etib olishi uchun 15 daqiqa ketdi...
- Janob Blajevich, ko'rdikki, bu erga kelishingiz bilan hattoki, harakatdagi tramvay ham to'xtab qoldi, chunki uning haydovchisi nazari sizga tushdi...
- Ha, ular doimo shunday qilishadi. Men esa o'z navbatida, ularga qo'l silkitaman: Rahmat.
- SHunchalik mashhurlik yoqimli bo'lsa kerak.
- Ko'chalarda odamlar mudom yonimga kelib, biroz suhbatlashish yoki birga suratga tushishga urinishadi. Garchi bu holat xotinimga yoqmasa-da, shaxsan o'zim har bir kishining munosabatidan o'zgacha xursand bo'laman. Deylik, Bosniyada menga yanada ko'proq etibor qaratishadi. Harqalay, aynan u erda tug'ilganman va buning tasiri bor. O'ylaymanki, bunday iliq yondashuvdan shunchaki, zavqlanishim kerak. Axir bugun hayotman, ertaga esa nima bo'lishini bilmayman.
- Hatto maktab o'quvchilari ham olqishlamoqdalar. Nima, ular sizni va faoliyat yo'lingizni yaxshi bilishadimi?
- Ehtimolki, meni reklama shiorlari orqali tanishar. CHunonchi, hali ham siyosatga ozgina daxlim bor va gazetalarda chiqish qilyapman. Balki ayrimlari Blajevich qanday inson ekanligini ota yoki bobolaridan eshitgandir.
- Qiziq savol - hozir shu paytgacha nechta professional jamoani boshqarganingizni ayta olasizmi? Yani aniq sanog'ini?
- Eh, meni qiynamang, birdaniga aytishim qiyin...
- Bir urinib ko'ring...
- 26ta.
- Yo'q, adashdingiz, jami 28ta jamoaga ustozlik qilgansiz.
- Uh, qoyil.
- SHuning barobarida birgina Zagreb Dinamosida naq 4 marta ish olib borgansiz.
- Esimda, Dinamodagi birinchi muddat sehrli bo'lgandi. Men aynan o'sha vaqt murabbiy sifatida shakllanganman va jamoam o'z o'yini bilan butun hududimizni hayratga solgandi.
- Gap o'tgan asrning 80-yillari boshidagi voqealar xususida ketyapti...
- Ha, asosan 1982 yilni nazarda tutyapman. Zero, biz naq 24 yillik tanaffusdan so'ng Yugoslaviya chempioni maqomiga ega bo'lgandik. Muvaffaqiyatimizni qanday qabul qilishganini tasavvur ham etolmasangiz kerak. Dinamo rahbariyati 42 000 dona mavsumiy abonement sotgandi. 42 ming! O'sha vaqt bu borada biz bilan birgina Barselona tenglashishi mumkin edi. Umuman, o'shanda aynan Zagrebda ishlaganim - bu mening baxtim.
- Biroq faoliyatingizning cho'qqisi Xorvatiya termasi bilan bog'liq. 1998 yilgi jahon chempionatini qanday xotirlaysiz? Mundialdan oldin 3-o'rin haqida loaqal o'ylaganmidingiz?
- CHinakam tarixiy lahzalar. Bu xotirani bizdan hech kim tortib ham ololmaydi. Tabiiyki, Franciya turniridan olam-olam yaxshi taassurotlar bilan qaytganman. O'sha bronza medali qanday qo'lga kiritilganini har bir xorvat eslaydi, menga munosabatni ko'rib turibsizlar (kuladi). Lekin shaxsan o'zim uchun 1982 yil cho'qqiga chiqish davri hisoblanadi, garchi ko'pchilik bu fikrimga qo'shilmasa-da. Ha, JCH-98 barcha fuqarolarimiz qalbini junbushga keltirgani rost. Binobarin, bizdagi urushning to'xtaganiga ko'p bo'lmagandi.
- Odamlar haligacha yarim final yo'lida Germaniya termasini qanday yo'sinda 3:0 hisobida tor-mor keltirganinglar haqida so'rashsa kerak...
- O, aqlga sig'maydigan voqea.
- O'sha o'yinmi?
- O'yinning o'zi emas, balki unga bog'liq hammasi. Misol uchun, o'yindan oldin doimo shogirdlarimga taktik qarashlarimni tushuntirardim, bu juda muhim holat. Axir muayyan rejaga etibor qaratib, bor kuchni uni amalga oshirishga yo'naltirish birlamchi vazifa sanaladi. Aks holda, maydonga tushishdan mano yo'q. Biroq nemislarga qarshi o'yin kuni, hamma mendan reja kutgan payt hech narsa deyolmagandim. Kuchli bosim tufayli o'zimni yomon sezganimdan shunchaki, horg'in o'tirganman. Futbolchilar meni bunday ahvolda ko'rishgach... Qolganini o'zinglar tushunasizlar - bu jamoa ruhiyatiga ijobiy tasir qilgan.
- Demak, shogirdlaringizni shunchaki, maydonga kuzatib qo'ygansiz, shundaymi?
- Yo'q, kiyinish xonasida atayin chamasi 7 daqiqa bir og'iz gap aytgan emasman. Haligacha futbolchilar bunday yondashuvdan qanday holga tushishganini yaxshi eslayman - yuzlari xuddi oppoq qog'ozdek oqargandi. Muhimi, ular g'alaba qozonish yo'lini topishgan, baribir.
- Jamoani shaylantirish uchun qo'rquv holatidan foydalangan ekansiz-da. Bunaqasi kuchli ruhshunoslar xayoliga ham kelmaydi...
- Qo'rquv hissi jamoani falaj qilolmaydi. U bazan futbolchilarga kuch bag'ishlashi va qiyin vaziyatda yordam ham berishi mumkin. Faqat, qo'rquv solish vaqtini bilsangiz, bas.
- Jamoangizning JCH-98dagi muvaffaqiyati siri shumi?
- Yo'q, birgina Germaniya termasiga qarshi kechgan chorak final bahsida shunday yo'l tutganman va bu samara bergan. Turnirni umumiy olganda esa, futbolchilarga 1-o'rinni olishga urinish shartligini tinmay uqtirgandim. Siz esa 3-o'rinni o'ylaganim-o'ylamaganim haqida so'rab o'tiribsiz...
- Jiddiy gapiryapsizmi?
- Maqsad - chempionlik. Bu juda fantastikadek tuyulmagan ham. Axir ixtiyorimda jahon saviyasidagi futbolchilar to'planishgandi: SHimich, Boban, SHuker... Ha, hozirgi tarkib ham chakki emas: Modrich, Manjukich, Perishich, Rakitich... Xullas, Xorvatiyada kuchli jamoa bor. Qarang, yigitlarimiz asosan sayyoramizning eng buyuk klublarida o'ynashadi.
- Jamoani Evro-2016ga olib borgan Ante CHachich sizdan qandaydir maslahat so'radimi?
- SHuni aytishim mumkinki, biz vaqti-vaqti bilan o'zaro gaplashib turamiz.
- Sizningcha, bugungi kunda yaxshi murabbiy qanday bo'lishi kerak?
- Professional futbolda 7ta muhim jihat bor: iqtidor, ishtiyoq, xarakter, aql, mehnatga layoqat, maqsad va omad. Sizda shulardan qancha ko'pi mujassam bo'lsa, muvaffaqiyat qozonish uchun imkoniyatingiz shunchalik oshadi. Aql - bu bilan deylik, raketasozlikdagi ilm darajasini nazarda tutayotganim yo'q. Ichki tuyg'u - instinktdan to'g'ri foydalanish ham aql hisoblanadi.
- Xosep Gvardiola zamonamizning eng yaxshi murabbiyimi?
- Aniq aytolmayman. U o'z ishini yaxshi bajaryapti, biroq Joze Mourino ham bor. Ehtimol, murabbiylarga muayyan davr yakuni bo'yicha baho berish to'g'ri bo'lar. Xuddi Fergyusonni Manchester Yunayteddagi 20 yillik ishi yuzasidan muhokama qilishganidek. Men bir narsani ishonch bilan takidlay olaman: taktika va tizim bilimdoni bo'lishning o'zi yaxshi murabbiy ekanligingni anglatmaydi.
- O'ta talabchan murabbiy sifatida nom qozongansiz...
- Gap shundaki, Xorvatiya termasi yulduzlariga qattiq turmasam bo'lmasdi. Aks holda, ular gaplarimga quloq tutishmasdi. Tartib-intizom va muayyan qoidalarga amal qilish doimo katta ahamiyat kasb etadi. To'g'ri, tan olaman, bazan qattiqqo'llikni biroz oshirib ham yuborgandirman.
- Zamonaviy futbolchilar chindan ham, o'ta erkami?
- Ha, biroq avvallari ham xuddi shunday bo'lishgan. Barchasi murabbiyga, uning nimaga ruxsat berishiyu, nimalarni taqiqlashiga bog'liq. O'yinchilar taltayib ketishlari yoki qoidani buzishlari mumkin - bu tabiiy hol. Lekin navbat ishga kelganida, ular o'z vazifalarini so'zsiz bajarishlari shart.
- Murabbiylik masalasida eng qimmatli tajribani qaerda to'plagansiz?
- SHveycariyada, ish boshlagan joyimda. 60-yillar oxirida futbol o'ynashni tugatib, darhol murabbiylikka qo'l urganman. Buning uchun barcha zaruriy bilimlarga ega bo'lsam-da, ancha vaqtgacha hech kim ish taklif qilmagan. Faqat malum vaqtdan keyin SHveycariya uchinchi divizionida ishlash imkoniyati tug'ildi. SHundan 6 yil o'tib, Son bilan SHveycariya chempioni bo'ldim va mahalliy jurnalistlardan biri shunday yozdi: Blajevich - jahonning eng yaxshi murabbiyi. Men esa bunga ishondim!
- 18 yoshingizda chang'i sporti bo'yicha Yugoslaviya chempionatida g'olib chiqqan ekansiz...
- Ikki nafar akam urushda halok bo'lgan - 1942 va 1944 yillarda. Ota-onam ham hayotdan erta ko'z yumishgan va men 3 nafar singlim bilan qolganman. Bunday qismat inson fel-atvoriga tasir qiladi. Xullas, maqsad sari intilish samarasi o'laroq, 1953 yili o'sha turnirda g'alaba qozonganman. SHundan keyingina futbolga o'tgandim.
- Yana murabbiylik qilishni istarmidingiz?
- Yo'q, bu ishga nuqta qo'yganman.
- Lekin 70 yoshingizda ham xuddi shunday degan edingiz...
- Endigi qarorim qatiy. Futbol hamon hayotim mazmuni, ammo endi uni chetdan kuzatganim maqul. Meni unutishmaganini bilish yoqimli. Xo'sh, yana nimani orzu qilishim mumkin?
A. QODIROV tayyorladi
Fikrlar