“Milan” posboni faoliyatini “Aston Villa”da davom ettiradi
14 jan 2020 01:40
Yangiliklar
“Milan” posboni faoliyatini “Aston Villa”da davom ettiradi
“Milan”ning ispaniyalik posboni Pepe Reyna “Aston Villa” bilan shartnoma imzoladi, deya xabar bermoqda ingliz klubi rasmiy sayti.
Bermingem klubi darvozabonni mavsum oxiriga qadar ijaraga oldi. “Aston Villa” safida ispaniyalik futbolchi jarohat olgan Tom Xitonning o'rnini egallaydi.
37 yoshli Reyna joriy mavsumda Italiya chempionatida bitta uchrashuvda maydonga tushib, o'z darvozasidan bitta gol o'tkazib yuborgan. Futbolchining milanliklar bilan shartnomasi 2020 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Ilgari u “Barselona”, “Vilyarreal”, “Liverpul”, “Napoli”, “Bavariya” klublari sharafini himoya qilgan.
Ispaniya termasi safida Reyna 38 ta uchrashuvda maydonga tushgan. U faoliyati davomida Germaniya chempionligi, Angliya va Italiya kubogini qo'lga kiritgan. Terma jamoasi bilan ikki karra Evropa chempionligiga sazovor bo'lgan.
Fikrlar