"Metallurg" Pro liga talablarini bajarish ustida ishlamoqda
30 jan 19:33
Yangiliklar
"Metallurg" Pro liga talablarini bajarish ustida ishlamoqda
"O'zmetkombinat" AJ boshqaruvi raisi – bosh direktor Bahodir Abdullaev tomonidan yozilgan kafolat xati asosida "Metallurg" 2026 yildan etiboran Liga musobaqalariga qaytdi. Biroq uning aynan qaysi musobaqada ishtirok etishi masalasi yuzasidan o'rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Malumki, "Metallurg" klubida Pro liga talabini bajarish uchun infratuzilma va sharoit mavjud. Biroq o'rtada yuzaga kelgan tanaffus sababli Liga klub bilan bog'liq faoliyatni qayta monitoring qilib bormoqda. Klubning yagona ishtirokchisi bo'lgan "O'zmetkombinat" AJ tomonidan 23 yanvar kuni chiqarilgan qarorga asosan Ulug'bek Mirzaev "Metallurg" klubi bosh direktori etib tayinlandi. Keyingi qadam sifatida klub yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish uchun MyLeague platformasiga qayta ulanishi lozim.
FIFA tomonidan nazorat qilinadigan futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish davri O'zbekistonda 23 fevral kuni yakunlanadi. Biroq 2024 yildan etiboran FIFA klubga yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish uchun taqiq qo'ygan bo'lib, bunga sabab bo'lgan qarzdorlik to'liq bartaraf qilinmaguniga qadar, klub yangi mehnat shartnomalarini tegishli platformaga yuklay olmaydi.
Liga talabi bilan Metallurg FIFA TMS va Legal Portal platformalaridan foydalanish imkoniyatini qayta tiklagan bo'lib, ayni vaqtda klub rahbariyati eski qarzdorlikni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Sobiq legioner futbolchining tasdig'i asosida FIFA "Metallurg" klubidan transfer taqiqini olib tashlasa, Liga "Metallurg" bilan mehnat shartnomasi imzolagan futbolchilarni ro'yxatga olishni boshlaydi.
Shu yilning 23 yanvar kuni Liga ishchi guruhi Bekobod shahrida bo'lib, "Metallurg" stadionidagi holat bilan tanishdi. Mazkur arena 2023 yil yakunlari bo'yicha monitoring xulosalari asosida Liga tomonidan Superliga musobaqasi uchun qabul qilinmagandi. Biroq unda Pro ligani o'tkazish imkoniyati mavjud. Buning uchun maydon parvarishi va uni jonlantirish ishlari hozirdan boshlanishi lozim. Ayni vaqtda klub rahbariyati maydon parvarishi va stadion texnik zonalarini pardozlash ishlari uchun smeta xarajatlarini ishlab chiqmoqda. "O'zmetkombinat" AJ buning uchun mablag' ajratishni nazarda tutgan bo'lib, tez orada maydonni jonlantirish ishlari boshlanadi.
Yuqoridagi masalalar ketma-ketlikda amalga oshirilsa hamda klub qoshidagi akademiyaning barcha tarbiyalanuvchilari MyLeague platformasidan tegishli tartibda ro'yxatdan o'tkazilsa, "Metallurg" faoliyatini Pro ligada davom ettirishi mumkin.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
"Пахтакор" vs "Нефтчи": Қайси бирида чемпионлик имконияти катта?
АПЛ. МЮ "Тоттенхэм"ни ишончли ҳисобда мағлуб этди, "шпорлар" 29-дақиқада ўн киши бўлиб қолишди
Ла Лига. "Барселона" ўз уйида "Мальорка"ни йирик ҳисобда мағлуб этди
Бензема мавсумда тўртинчи марта хет-трик қайд этди
Fikrlar