Maxaradze qachon kelgandi?
18 sen 2022 01:40
Yangiliklar
Voqeaning asosiy qahramoni 5 yilga futboldan chetlatilgani, jarimaga tortilgani haqida o'qidingiz. Gruziyalik o'yinchi tez orada 35 yoshga kirishini inobatga olsak, yashil maydondagi faoliyati ko'p ehtimol bilan tugadi. Ammo uning hikoyasi boshqacha yakunlanishi mumkin edi...
Karlenovichning tanlovi
Maxaradze O'zbekistonga ilk bor 2009 yilning yozida kelgandi. Unga chempionatimiz eshiklarini "Lokomotiv"ning o'sha davrdagi ustozi ochadi. "Temiryo'lchilar"ning Issiqko'ldagi yig'iniga "prosmotr" uchun bir qancha legionerlar qo'shilishgan. Tajribali Abramovning etibori harakatchan, bo'ydor yigitchaga tushadi. Bu 22 yoshli Kaxi edi. Murabbiy uni olib qolib, boshqa xorijliklarga chiqish eshiklarini ko'rsatdi.
Taqdirning hazili
Maxaradzelar oilasini futbolchilar sulolasi desa ham bo'ladi. Kaxi otasi Malxaz singari Tbilisi va Batumi klublari sharafini himoya qilgan. Uning Toshkentdagi dastlabki o'yini 2009 yilning avgust oyiga to'g'ri keladi. O'sha kuni tarkibida Ahrol Risqullaev va SHavkat Nasibullaev singari himoyachilar o'ynayotgan "Qizilqum" mag'lub qilingan.
Eng qizig'i, futbolchining Superligadagi oxirgi o'yinida ham Risqullaev ishtirok etdi (faqat hakam sifatida).
Darvozabon...
Muxlislar Kaxining universallik xususiyatini yaxshi bilishadi. Uni hujumchi ortida, tayanch zonasida, himoyaning turli nuqtalarida tomosha qilganmiz. Lekin ko'pchilik Maxaradze golkiperga aylangan o'yinni eslay olmasa kerak.
Bu voqea 2009 yilgi mavsumning 18-turida sodir bo'lgan. "Dinamo" marhum Sirojiddin Sayfievning gollari evaziga g'alaba qozongan. Toshkentliklarning rossiyalik posboni Aleksandr Filimonov 75-daqiqada maydondan chetlatilgan edi. "Lokomotiv" zaxira imkoniyatlaridan foydalanib bo'lgani uchun darvozabon o'rnini Maxaradze egallaydi. Qizig'i, o'sha kuni Filimonov 2ta gol o'tkazgan, Kaxi esa nolga turgandi.
"Paxtakor" orqali Germaniyaga
2010 yilda "Loko" birinchi ligaga tushib ketsa ham, Maxaradze Samvel Babayanning nazariga tushib bo'lgan edi. U keyingi mavsumni "sherlar" tarkibida boshladi va 1-marta O'zbekiston kubogini yutdi. 2012 yilda chempionlik ham keldi. Kaxi yildan yilga o'zini yaxshi tomondan ko'rsatib, "Paxtakor" sardoriga aylandi. SHundan keyin Gruziya termasidan chaqiruv olgan qahramonimiz milliy jamoa libosidagi yagona rasmiy uchravini Germaniyaga qarshi o'tkazgan edi (Myullerga nisbatan qo'polligi uchun ogohlantirilgani haliyam yodimda)...
Xato
Kaxining O'zbekistondagi karerasiga uncha-muncha futbolchi havas qiladi. Naq 13 yillik faoliyat davomida qo'lga kiritilgan 6 chempionlik, 3 ta kubok. CHempionlar ligasidagi 41 bahs. O'zbekiton chempionatida o'tkazilgan 328 o'yin, 42 gol. SHubhasiz, O'zbekistongan kelgan eng yaxshi legionerlardan biri.
U klublarimiz uchun hamma ishni qildi: yugurdi, yiqitdi, gol urdi, darvozada turdi, yig'ladi, jarohatlandi... Ammo oxirgisi ortiqcha bo'ldi. Agar Kaxining ertagi yaxshilik bilan tugasa, afsonalar qatoriga qo'shilardi. U ham Abramov yoki Sarkisyandek hurmat qilinar, umrining oxirigacha muxlislari qurshovida yashar edi. Afsus, birgina xato butun boshli 13 yilni "eb qo'ydi".
Muallifning telegramdagi kanali → FR| futbol ANALIZI
O’xshash yangiliklar

Fikrlar