So’nggi yangiliklar

11:22Рой Кин: "Манчестер Юнайтед" — шунчаки ўртамиёна клуб"  0 10:50Мареска: "Челси"да АПЛнинг энг кучли таркибларидан бирига эга"  0 10:23Слот: "Салоҳнинг ўйинида пасайиш кутманг"  1 09:56"Арсенал" Муҳаммад Қуддусни сотиб олмочқи   1 09:28Мората Ямални Месси ҳамда Роналдуга солиштирди  3 09:00Элит ОЧЛ. Бугун "Пахтакор" "Ал Райян" билан куч синашади  16 08:31"Тоттенхэм" Сон билан шартномани 2026 йилгача узайтиради  1 08:05Флик: "У сафга қайтса, албатта, хурсанд бўламан"  4 07:44"Лацио" ўз уйида "Кальяри"ни таслим этди. Меҳмонлар ўйинни 9 футболчи бўлиб якунлашига тўғри келди  0 07:21Неймарга иккита ўйин етарли бўлди  3 01:21МЮ янги устози: "Манчестер Сити" - дунёнинг энг яхши жамоаси, Гвардиола эса энг яхши мураббий"  2 01:01ЭЛИТ ОЧЛ. Неймар яна жароҳат олди, "Ал Ҳилол" йирик ғалабага эришди  8 00:06Мората ижтимоий тармоқлар ҳақида: "Родри қолганлардан хотиржамроқ"  1 23:09Фирмино ва Махрезнинг голлари туфайли "Ал Аҳли" йирик ғалабани тантана қилди  0 23:04Элит ОЧЛ. Остон Ўрунов жамоаси дурангга рози бўлди  4

Mavsumning 10 nafar omadsizlari: Neymardan De Xeagacha Yangiliklar

Mavsumning 10 nafar omadsizlari: Neymardan De Xeagacha

Bu futbolchilar mavsumni kutilgan darajada o'tkaza olishmadi.

"Championat.Asia" Evropa futboli mavsumini sarhisob qilishda davom etadi. Yaqinda "Mavsumning eng yomon 10 o'yinchisi" haqida material chop etgandik. Bugun esa o'ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagan futbolchilar haqida suhbatlashamiz.


10. Xarri Keyn ("Tottenxem")

O'tgan yozda Xarri Keyn klub rahbariyati bilan janjallashib qoldi. Klub uni "Manchester Siti"ga qo'yib yuborishni istamagani mojaroga sabab bo'ldi. Buning natijasida Keyn boykot elon qildi: mashg'ulotlarga bormadi va "Tottenxem" safida o'ynashdan bosh tortdi. Oxir-oqibat Xarri rahbariyat bilan kelishib oldi, ammo janjal sababli uning samaradorligi ancha pasayib ketdi.

Keyn mavsumdagi birinchi golini oktyabrda, APL 8-turida urdi. U umumiy hisobda 47 uchrashuvda 23ta gol urdi va 9ta golli uzatma berdi. Taqqoslash uchun, o'tgan mavsum barcha musobaqalarning 49 uchrashuvida maydonga tushib, 33+17 natija qayd etgandi.


9. Neymar (PSJ)

Yana bir mashhur forvard — Neymarning bu yil ham omadi kelmadi. Umuman, uning PSJga transferini omadsiz desak, adashmaymiz: yildan-yilga braziliyalikning o'yini yomonlashmoqda. Rekord narxdagi transfer (222 million evro) va futbolchining yuqori maoshi (yiliga 40 million evro) ham parijliklar CHempionlar Ligasi Kubogini olishida yordam berolmadi. Qolaversa, Neymar fevralda 30 yoshni qarshiladi. Endi katta summaga uni kimdir sotib olishi ancha qiyin bo'lsa kerak.

Transfermarkt malumotlariga qaraganda, Neymar bu mavsum jarohat tufayli PSJning 22 o'yinini o'tkazib yuborgan. Statistika ham yomonlashdi: bu mavsum 27 bahsda 12+8 natija, o'tgan mavsum 31 bahsda 17+11 natija. Neymarning o'yini yomonlashgani, ayniqsa, CHempionlar Ligasi uchrashuvlarida yaqqol sezildi: agar o'tgan yili 9 bahsda 6ta gol urib, 3ta golli pas bergan bo'lsa, bu yili 6 uchrashuvda 2 marta assist qayd etdi.


8. Dani Olmo ("RB Leypcig")

Yosh ispaniyalik futbolchi o'tgan tur kashfiyotlaridan biri bo'ldi. OAV malumotiga ko'ra, Evropaning top-klublari Olmoga qiziqish bildirgan, lekin xavbek "Leypcig"da qolishga qaror qilgan. Ehtimol, bu ishi noto'g'ri bo'lgandir, chunki joriy yil Danining o'yini ancha yomonlashdi.

Yaqinda Olmo "Leypcig"ning etakchisi va eng yaxshi o'yinchilaridan biri edi. Agar Bundesliga o'yinlari haqida gapiradigan bo'lsak, ispaniyalik bu mavsum 7 marta "buqalar"ning asosiy tarkibida maydonga tushdi. Dani mushak jarohatlari tufayli ko'p uchrashuvlarni o'tkazib yubordi, "Leypcig" boshlang'ich safidan chiqib ketdi va hali qaytgani yo'q. Olmo o'tgan yil 19ta samarali harakat qayd etdi (7+12), joriy yil esa atigi — 9ta (4+5). Bundan tashqari, Dani Ispaniya termasi safida ham kamroq o'ynaydigan bo'ldi.


7. Luis Suares ("Atletiko")

Urugvaylik o'tgan mavsum "Atletiko" chempion bo'lishida asosiy qahramon bo'lgan edi. Yoshi katta forvard samaradorligi bilan ko'pchilikni lol qoldirgandi. Hattoki, u "ikkinchi yoshligini" o'tkazmoqda deyishgan. Biroq bu shunchaki Suaresning yorqin faoliyati oxiridagi yorqin bir chaqnash bo'ldi, shekilli.

Luis o'tgan yili Diego Simeonening muhim futbolchisi bo'lganiga qaramay, joriy yil La Liganing 19 bahsida "matraschilar" asosiy tarkibida maydonga tushdi. Suares barcha musobaqaning 42 o'yinida 13ta gol urdi va 3ta golli pas berdi. Bu avvalgi yilga qaraganda, yomonroq natija (38 o'yinda 21ta gol va 3 golli uzatma). Asosan shu sababdan "matraschilar" chempionatda "Real"ga qarshi kurashishda qiynaldilar. Urugvaylikning "Atletiko" bilan shartnomasi muddati yozda yakuniga etadi. Mish-mishlarga qaraganda, u faoliyatini "Barselona"da tugatishi mumkin. Luis buning uchun maoshi sezilarli darajada kamayishiga ham tayyor.


6. Markus Reshford ("MYU")

"Manchester Yunayted" chuqur inqiroz davrini boshdan o'tkazmoqda. Jamoa evrokuboklarni tark etib bo'lgan va APLda 6-o'rinni band etib turibdi. Klubning eng umidli futbolchilaridan biri — Markus Reshford esa o'ta omadsiz mavsum o'tkazmoqda. Forvard mavsum startini elkasidagi jarohat sabab o'tkazib yubordi va safga qaytgach ham muntazam ravishda asosiy tarkibda maydonga tushirilmadi. Markus bu holatda bosh murabbiy Ralf Rangnik ishonch bildirmayotgani uchun ranjidi. SHu sababli Reshford MYUning yangi ustozi Erik ten Xag bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi — futbolchi "qizil iblislar" ustozi rejalariga kiradimi yoki yo'q.

Umumiy hisobda Markus APLning 25 uchrashuvida 4ta gol va 2ta golli uzatma amalga oshirdi, yana 1ta gol CHempionlar Ligasiga to'g'ri keldi. Solishtirish uchun: o'tgan yili Reshford barcha musobaqalarda 57 o'yinda 21+15 natija ko'rsatdi. Ushbu statistikaga qarab, Reshford manziliga bo'layotgan xeyt va etirozlarning sababini sezish qiyin emas. "Umid qilamanki, u kallasini bir joydan chiqarib, mening MYU libosida urgan gollarim soni bo'yicha rekordimni yangilaydi", — dedi yaqinda Ueyn Runi.


5. Dominik Kalvert-Lyuin ("Everton")

O'tgan mavsum "iriskalar" hujumchisi chempionatda 16ta gol urgandi — Lyakazett, Vardi, Mane, Sterling, Gabriel Jezus yoki aytaylik, Obameyangdan ko'proq. Dominik Angliiya termasiga taklif qilindi va milliy jamoa libosida ham 4ta gol urdi. Biroq bundan keyin kutilmagan pasayish kuzatildi.

Kalvert-Lyuin 2021/2022 yilgi mavsumni yaxshi boshladi, APLning dastlabki 3 turida 3ta gol urdi, ammo keyin oyog'ining barmog'ini sindirib oldi. Natijada Dominik deyarli yarim yil maydon tashqarisida qolib ketdi va yanvar oyiga kelibgina safga qaytdi. CHempionat oxirigacha u qanchalik istamasin, sport formasini tiklay olmadi. Mavsum startida urilgan uchta gol futbolchi uchun o'zgarmagan natija bo'lib qoldi. Oxirgi turlarda Kalvert-Lyuin salomatligi bilan muammo bo'lmasa-da, hattoki qaydnomaga kiritilmay qolgan vaziyatlar bo'ldi.


4. Yussef En-Nesiri ("Sevilya")

"Sevilya" forvardi o'tgan mavsum keng jamoatchilik etiborini o'ziga qaratdi. Barcha musobaqalarda 24ta gol urdi (ulardan 6tasi CHempionlar Ligasida). Bu mavsum En-Nesiri u qadar samaradorligi bilan ajralib tura olmayapti — 26 o'yinda 4ta gol va 3ta golli uzatma.

Ha, Yussef orada jarohat ham oldi, ammo o'yinidagi pasayish ungacha ham kuzatilgandi. Marokashlik "Sevilya" asosiy tarkibidan tushib qoldi va endilikda transfer bozorida unga bo'lgan talab biroz pasaydi. Avvalroq En-Nesiriga "Arsenal", MYU va "Borussiya" Dortmunddan qiziqish bo'lgan bo'lsa, hozirda Yussefning bu klublarga o'tishi qiyinroq masaladek.


3. David De Xea (MYU)

David De Xea ham ishonchli mavsum o'tkazyapti deya olmaymiz. MYU chempionlik uyoqda tursin, CHempionlar Ligasisiz qolib ketdi. Ispaniyalik golkiper 37 o'yinda 56ta gol o'tkazib yubordi — faoliyatidagi eng yomon natija. SHunday bo'lsa-da, har o'yin o'rtacha qutqarishlar ko'rsatkichi oshgan — 3,5 va 2,7.

"Manchester Yunayted" himoyasida ham muammolari etarli, inqirozdagi jamoa bo'lib qolgani sir emas. Biroq vaziyatni sinchkovlik bilan o'rganilsa, De Xea ham avvalgiga nisbatan ko'proq adashayotganini ko'rish mumkin. InStat malumotlariga ko'ra, bu mavsum David 8ta golli xatoga yo'l qo'ydi. APL top-klublari posbonlaridan birortasi bunday raqamlar bilan "maqtana" olmaydi.


2. Markos Lorente ("Atletiko")

"Atletiko"ning o'tgan mavsum chempion bo'lishiga Luis Suaresning tasiri haqida gapirgandik. O'shanda "matraschilar"ning yana bir qahramoni yarim himoyachi Markos Lorente bo'lgan. La Liganing 37 o'yinida 12ta gol va 11ta golli uzatma.

Bu mavsum Lorente u qadar yorqin o'yin ko'rsata olmayapti. U hozir ham "Atletiko"ning asosiy tarkib azosi, lekin natijalar o'rtasida katta farq bor. Markos chempionatning 27 uchrashuvida bor yo'g'i 2ta golli uzatmani amalga oshirdi. Lorente o'yinidagi pasayishni uning transfer narxi ham aytib turibdi. Transfermarkt malumotiga ko'ra, o'tgan mavsumdagidan 20 million evroga pasaygan.


1. Garri Maguayr ("MYU")

Dunyoning eng qimmat markaziy himoyachisi qandaydir ikki yil ichida Angliya futbol olamining kulgusiga sababchi bo'ldi. 2021/2022-yilgi mavsum davomida Maguayr 16ta (!) golli xatoga yo'l qo'ydi. Yaqin o'tmishda MYU 87 million evro to'lagan futbolchi uchun o'ta achinarli ko'rsatkich.

Angliyada Maguayrning omadsizliklariga uchta sabab bor deb hisoblashmoqda. Birinchi navbatda Garriga 2020 yil yozida amalga oshgan janjal sabab bo'lgan: o'shanda u "Manchester Yunayted"dagi jamoadoshlaridan biri bilan kichik tatilga yo'l oladi, ammo ular kafeda turistlar bilan urishib ketishadi. Futbolchilarni keyinroq voqea joyiga etib kelgan policiya xodimlari tinchlantirishga urinadi, lekin samarasiz. Aytishlaricha, Maguayr policiyachilardan birining yuziga ham urgan.

Bundan tashqari, emishki, Garriga sardorlik bog'ichi "bosim o'tkazmoqda". Endi Maguayr "Lester"da ortiqcha bosimda o'ynagan davrini bir yodga oling-da, hozir uning holati qandayligini tasavvur qilib ko'ring: futbol tarixidagi eng qimmat himoyachi, MYU sardori va qamalib ketishi mumkin bo'lgan janjalkash. Kim biladi, balki ozodlikda qolganining o'zi uning baxtidir.


Nikolay Egorichev championat.asia uchun maxsus

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика