So’nggi yangiliklar

00:30"Реал" ёзда Пасни "Комо"дан 9 млн еврога сотиб олишга қарор қилди. Нико қайта сотилмайди  0 23:41"Реал" Карвахалга ўринбосар топди  1 23:04Хаби Алонсо "Реал"дан учта юлдузни сотиб олишни сўради  2 22:15“Барселона” ва “Ювентус” “Борнмут” футболчисига қизиқмоқда  0 21:48"Арсенал" ҳимоячиси Салиба: "Мен АПЛни яхши кўраман, лекин асосий мақсадим — Чемпионлар лигаси"  0 21:21Флик Рэшфорд бўйича қарор қабул қилди  3 20:55“Манчестер Юнайтед” “Атлетико” ярим ҳимоячисини нишонга олди  1 20:24“Манчестер Сити” футболчиси январда клубни тарк этиши мумкин  3 19:54Футбол юлдузлари Рождество байрамини қандай нишонламоқда?  11 19:20Ҳатто Польша Биринчи лигаси вакили ҳам Балотелли билан шартнома имзолашни хоҳламади  4 18:49Ямаль: "Мен тун ярмида уйғониб, печенье ейиш учун эртароқ ухлайман"  9 18:20ПСЖ "Реал" асосий футболчисига фойдали шартнома таклиф қилишга тайёр  1 17:51"Челси"нинг икки футболчиси сафга қайтди ва "Астон Вилла"га қарши ўйинга тайёр  1 17:22"Манчестер Юнайтед" Семеньо бўйича муваффақиятсизликдан кейин "Лейпциг" юлдузига кўз тикди  4 16:54"Атлетико" Сёрлотни 35-40 млн евро эвазига сотишга тайёр  1

Matematikani yomon ko'raman Yangiliklar

Matematikani yomon ko'raman

Dilimdagi gaplar va nos chekkanidan tishlari sarg'ayib ketgan futbol muxlisi haqida gapirib bermoqchiman.

Maktab davrida  “katta” bo'lib qolganimni his qilib, hamisha to'zg'ib turadigan sochimni yonga tarashni boshlagunga qadar matematika fanidan hozir o'zimning ham havasim keladigan darajada o'qiganman. Ehtimol, o'sha ruhda davom etganimda o'zimni mutlaqo boshqacha ko'rinishda tasavvurga qilgan, futbol bo'yicha tushuncham esa “Real” va “Barselona”dan nariga o'tmagan bo'lardi. Taqdir hazilini qarangki, o'smirlik davrimdan boshlab baho olishda faqatgina “Sehrli qalpoqcha”dagi Hoshimjon bilan bellasha boshlaganman. 

O'sha kezlarda futbolga bo'lgan qarashim, his-tuyg'ularim o'zgacha bo'lgan. Ayniqsa, mundial orzusi har safar barbod bo'lganida, ko'zimdan oqqan yoshlar Orol dengizining suvidan ko'proq bo'lardi. Albatta, biroz oshirib yubordim. Ehtimol, yig'laganimni yostig'imdan boshqa hech kim va hech narsa his qilmagan. Mendan yoshi katta futbol shinavandalari esa bunday to'rt yilliklarning ko'pini ko'rganini yaxshi anglardim. Shu choqda, men yashagan viloyatdagi shunday bir muxlis yodimga tushib ketdi.

To'g'risi, men uni tanimayman, ismini ham bilmayman, yuzma-yuz ko'rishmaganman ham. Yodimda qolgani, o'zim tengi tirmizaklar bilan futbol tomosha qilgani borganimda, ko'pincha unga ham ko'zim tushardi. Uning yoshi bilan meniki orasidagi tafovut unchalik farq qilmasdi: taxminan 50 yil edi. Tishlarining yarmi to'kilgan, yarmi esa   nos chekkanidan sarg'ayib ketgandi. Yoshi bir joyga borib qolgan otaxon, odatda, har o'yinda aynan bitta o'rindiqqa joylashar va o'yinning boshidan oxiriga qadar jag'ini zindondan ozod qilardi. Bazan menga stadiondagi bellashuvdan uning muxlislik qilishi qiziqarliroq tuyulardi. 

Afsuski, uning maydondagilarga atalgan so'zlarining ko'pini yozib bo'lmaydi. Chol qurmag'ur negadir ko'pchilikning momosini yodga olishdan boshlardi. Lekin u birorta o'yinni qoldirmasdi, o'tirgan joyini ham adashtirmasdi. Ehtimol, uning uchun nechta jahon chempionati armonga aylanganining sanog'ini o'zi ham aniq aytib berolmasa kerak.

To'satdan bu cholni eslaganim, agar u hayot bo'lsa, bugun uning ham uzoq yillik orzulari ro'yobga chiqishi mumkin. Bunday insonlarni esa minglab topish mumkin. Ularning emociyasini ko'rish esa boshqacha kayfiyat bag'ishlagan bo'lardi.

Ha, ular ko'zlarida yosh jilg'alab tomosha qilgan terma jamoa avlodlaridan butun boshli engilmas ramziy jamoa tuzsa bo'ladi. Ularning ko'z o'ngida Qosimov, Abduraimov, Shkvirindan tortib Shackix, Jeparov, Geynrix, Nesterov kabi yurt o'g'lonlari jonini jabborga berishdi.

Birlashgan Arab Amirliklariga yurtdoshlarimizni qo'llab-quvvatlash ilinjida olis safarga yo'l olgan hamyurtlarimizni ne ko'ylarga solishayotganidan xabardorsiz. Albatta, bu holatga faqatgina futbol sabab emasligini ijtimoiy tarmoqni faol kuzatib boradigan kishilar yaxshi bilishadi. Ehtimolki, "milliardlar o'yini" ham bunga bahona bo'lgandir. Shu o'rinda, arablarning bir maqoli yodimga tushadi: “O'zga yurtda hatto quyon ham farzandingga ozor beradi”. Muxlislarning hech biriga Abbos Kiarostamining dadam tug'ilgan davrda suratga olgan "Futbol ishqibozi" filmidagi qahramon taqdirini tilamagan bo'lardim.

O'ylaymanki, vatan shanini qulog'iga quymasangiz ham barchamizdan ko'proq his qilib turgan qorako'zlarimiz quyonyuraklarga o'smirlarimiz amalga oshirgan ishni takrorlab berishadi.

Endi yana biroz matematika to'g'risida boshingizni qotirmoqchiman. Aniqrog'i, nima sababdan bu haqda so'z ochganimga oydinlik kiritmoqchiman. Futbolni kola qilib ichib olgan ko'pgina ishqibozlar jahon chempionati saralash bosqichining so'nggi turlari oldidan guruhlardagi holat, qancha ochko etarli bo'lishi, mag'lubiyat qanday oqibatlarga olib kelishi va boshqa hokazo-hokazolar to'g'risida etarlicha hisob-kitoblarni amalga oshirib bo'lishgan deb o'ylayman. Ularga matematik amallar haqida so'zlashdan mani topa olmadim. Shu bois, shunchaki raqamlardan xoli bo'lgan dilimdagi gaplarni aytishni manzur deb topdim.

O'ylaymanki, bugun O'zbekistondagi har bir xonadonda bayramona kayfiyat hukm suradi. Go'ri nurga tulgur ota-bobolarning ruhi shod aylar ehtimol. Hali zax erga to'shini bermagan bo'lsa, nos chekkanidan tishlari sarg'ayib ketgan nuroniy ham bugun o'yinni tomosha qiladi. Afsuski, uning dilidagilarini tasvirlay olmayman. Chol qurmag'ur bugun ham ko'pchilikning momosini yodga olsa, ajabmas.

Xullas, terma jamoa taqdiri hisob-kitoblarga qolishini, statistikalar to'g'risida bong urishni istamayman. Matematikani yomon ko'raman. Men ko'nglimga ishonaman va unga yo'l ochaman. Ko'ngil esa faqat bitta natijani istaydi...


Oqil Abdubarnoev

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика