Maksim Shackix: "Legionerlar nega ketishdi? Ular mening oldimga kelishdi, shunchaki jamoada o'ynamasligini aytishdi"
19 iyu 23:22
Yangiliklar


Maksim Shackix: "Legionerlar nega ketishdi? Ular mening oldimga kelishdi, shunchaki jamoada o'ynamasligini aytishdi"
- Afsuski, o'tgan o'yinning borishi bugun ham takrorlandi. Birinchi bo'lim unchalik zo'r o'tmadi, hammasi sekin, barchasi biz o'yin boshida kelishgandek bo'lmadi. Nega bunday bo'ldi, buni taxlil qilamiz. Negadir o'yindan oldin boshqa narsani kelishib olamiz-u, o'yinda boshqa ishlarni qilamiz. Ikkinchi bo'lim umuman boshqacha o'tdi. Yaxshi tezlik oldik, baland ishtiyoqda o'ynadik, umuman boshqacha o'yin ko'rsatdik. Uchrashuv tugagandan keyin yigitlarga ikkinchi bo'lim uchun rahmat aytdim. Agarda barcha o'yinda bugungi ikkinchi bo'limdek o'ynasak, bizda ham ochkolar uchun imkoniyat bo'ladi. Tovuq ham donni bittalab eydi. Bugun biz adolatli tarzda bir ochko oldik. Alohida epizodlarni inobatga oladigan bo'lsak, biz g'alaba qozonib ketishimiz kerak edi. Lekin bu futbol. Darvoza ustun, to'sinlari ham futbolning bir qismi. Hatto yaratayotgan yarimta imkoniyatlardan ham foydalana olishimiz kerak. Agarda bulardan gol ura olmasak, g'alaba ham kelmaydi.
- Bugungi o'yinda maydonga tushgan yosh futbolchilarning o'yinidan ko'nglingiz to'ldimi?
- Albatta. Bizda yaxshi yosh futbolchilar ko'p. Shunchaki ularga vaqt etishmayapti. FIFA kunlarida o'tkazgan yig'inimizda ular biz bilan bo'lishdi. Ular orasida juda iqtidorlilari, unchalik yomon bo'lmagan futbolchilar bor. O'yindan-o'yinga ularga sekinlik bilan vaqt berib boramiz. Lekin bularning barchasi tarkibdagi falokatli holatda ekanligiga bog'liq. Zaxiraga qarasangiz, faqatgina yosh futbolchilar o'tiribdi. Garchi 19, 20, 21 yosh bo'lsa-da, ishlarni bunday boshlab bo'lmaydi. Sekinlik bilan ularga ko'proq vaqt beramiz.
- "Andijon" bugun 1 ochko qo'lga kiritdimi yoki 2 ochko yo'qotdimi?
- O'tgan safargi "Buxoro"ga qarshi, bugun "Qizilqum"ga qarshi bo'lgan o'yinlarda bizning 2 ochko ishlab olganimiz emas, 4 ochko yo'qotganimiz to'g'riroq bo'ladi. Men ushbu 2 o'yinda yaratilgan vaziyatlarimizni inobatga olib aytyapman.
- Birinchi davra yakunlanmasdan 3 legioner jamoadan ketganiga munosabatingiz qanday? Ular nega ketishdi?
- Bilmayman, buni futbolchilarning o'zidan so'rash kerak. Ularning o'zlari jamoadan ketishdi. Ularning birortasini majburlaganim yo'q, qarorni o'zlari chiqarishdi. Men hali birorta futbolchini hisobdan chiqarganim yo'q. Ular mening oldimga kelishdi, shunchaki jamoada o'ynamasligini aytishdi. Istamayaptimi, okey. Boshqa futbolchilarni topamiz. Oldimizda 2 tur bor, keyin yig'in o'tkazamiz. Tabiiyki, yangi futbolchilarni olib kelamiz. Ular tartibliroq va sifatliroq bo'lishadi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar