So’nggi yangiliklar

12:17ПСЖ ва АПЛ клублари Уильямснинг Испанияда қолишни афзал кўришини ҳис қилишмоқда. "Барселона" – фаворит  0 11:48Лондон клуби Ван-Биссака борасида МЮ билан музокаралар ўтказмоқда  1 11:25Шерзод Қодиров "Динамо"дан кетди?!  0 11:04«Бухоро» «Локомотив» футболчиси билан шартнома тузди  2 10:40Лени Йоро «Арсенал»га қарши учрашувда жароҳат олди  4 10:12«Ювентус» юлдузи Лондонга кўчиб ўтишга яқин  1 09:46Неймар идеал футболчи қандай бўлиши кераклиги ҳақида фикр билдирди  2 09:17«Пахтакор» икки нафар футболчи билан шартнома тузганини эълон қилди  7 08:50Sofascore. Кечаги учрашув учун Ўзбекистон ОТЖ футболчилари қандай баҳоларга лойиқ кўрилди?  41 08:24Париж-2024. Япония муддатдан аввал плей-офф йўлланмасини қўлга киритди  20 08:00Ўртоқлик учрашуви. ОКМК «Машъал»ни кичик ҳисобда мағлуб этди  1 07:35Ўртоқлик учрашувлари. «Арсенал»дан камдек, Манчестер клубларида мағлубият ва бошқа натижалар  3 01:39Расман: Ўткир Юсупов — "Фулад" футболчиси!  11 01:32"Арсенал" Рафиньянинг трансфери бўйича "Барселона"га кўп миллионлик таклиф тайёрлайди  2 01:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1, Ҳимоядаги хато қимматга тушди  20

Mahorat yoki tanqidlardan himoyalanish formulasi Yangiliklar

Mahorat yoki tanqidlardan himoyalanish formulasi

Teglar :  LokomotivNasafOCHL
Ketma-ket mag'lubiyatlar har qanday futbolga beetibor bo'lmagan insonning kayfiyatiga jiddiy tasir ko'rsatadi.

O'tgan kuni "Lokomotiv" o'z og'zidagi tayyor g'alabani mag'lubiyatga aylantirib qo'yishlariga jim turib qaradi. Kecha esa "Nasaf" darvozasi "Al Sadd" tomonidan 4 marotaba ishg'ol etilayotgan payt qarshiliklar bunga qarshilik ko'rsata olishmadi. SHunisi alam qildi. To'g'risi, "Nasaf"ni Dohadan ochko bilan qaytishi juda mushkul ish edi. Lekin Tehrondagi kabi kurashsiz yutqazmasligini taxmin qilgandim. Jamoa Tehrondagi o'yinga nisbatan kurashdi. Ammo jamoa kurashga tablodagi hisob 2:0 bo'lganidan keyin kirishdi. Kurash kech boshlandimi yoki Xavi barchasini juda erta hal qilib qo'ydimi, bu endi ahamiyatsiz.

Kim mahoratsiz: Murabbiy yoki futbolchilar?

"Loko" "Al Duhail"ga qarshi bahsda murabbiylarning noto'g'ri taktikasi evaziga tayyor g'alabani qo'ldan chiqardi. Jamoa birinchi bo'limning so'nggi 20 daqiqasida ko'rsatgan futboli bilan qatarliklarni qanday qiyin ahvolga solib qo'ya olishini ko'rsatdi. Tanaffusdan keyin esa negadir juda erta hisobni o'ylab, jamoa natijani saqlab qolish uchun o'ynadi. Ikkinchi taymni qarshi hujum rejasi asosida boshlagan "Loko" bu ishni uddalaganda, murabbiylar naqadar to'g'ri qaror qilishganini aytib, ularni maqtash mumkin edi. Fakt shuki, ular buni uddalay olishmadi. Fakt shuki, yakunda bu taktik yurish juda katto xato bo'lib chiqdi. "Lokomotiv" o'zining hujumdagi keng imkoniyatlarini ikkinchi bo'limda ishga solmadi. Vaholanki jamoaning aynan hujum chizig'i yuqori potencialga ega. Tanaffusdan keyin mudofaa chizig'ini tartibli o'ynashiga etibor bergan murabbiylar shtabi taktik rejani o'zgartirishda xato qilishdi. Himoyada bexato o'ynash esa ularga 90 daqiqa nasib etdi. Ammo futbol bir taym yoki 90 daqiqa emas, hakam xushtagi chalinguncha o'ynaladi.

O'yini chiqib turgan, hujumlari o'tkirlashayotgan jamoa ikkinchi bo'limda umuman boshqacha qiyofada tushdi. Natijada esa jamoa qanday qilib tayyor g'alabani mag'lubiyatga aylantirib yuborganini tushunmay qoldi. Muhammadievning jarohati tufayli maydonga tushirilgan Salim Mustafoev qandaydir sanoqli daqiqalar maydonda harakat qilib,yakunda o'yin antiqahramoniga aylandi. Bu erda mag'lubiyatga Mustafoevni ayblamoqchi emasman. SHunchaki taktikada ham, o'yinchi almashtirishda ham xato qilgan va bir zumda g'alaba mag'lubiyatga aylanganiga murabbiy asosiy javobgar bo'ladi.

O'yindan keyin Miklyaevga "Lokomotiv"ga nima bo'ldi, nega jamoa OCHLda ketma-ket mag'lubiyatlarga ko'milib qoldi?, degan savolimga murabbiy shunday javob qaytardi: "Mahorat etishmayapti".

To'g'ri, "Lokomotiv"ni bu qadar yuqori tanlovli yaxshigina tarkibini xalqaro maydonda boshqara oladigan mahoratli murabbiy etishmayapti. Andrey Miklyaev futbolchilarga mahorat etishmayapti, demoqchi bo'ldi. Menimcha, jamoaga mahoratli murabbiy etishmayapti. Futbolchilar borasida hozirgi kunda "Lokomotiv"ga  havas bilan qaraydigan jamoalar juda ko'plab topiladi.

Muhammadiev o'yinni oxirigacha tugatib qo'ya olmasmidi, degan savolimga esa Miklyaev quyidagicha javob berdi: "Yo'q, biz majburiy o'zgarishga qo'l urishga majbur bo'ldik. CHunki SHuhrat Muhammadiev jarohati tufayli uni almashtirishni so'radi. Lekin mag'lubiyatga birgina Mustafoevni ayblash noto'g'ri, bunga butun jamoa aybdor. G'alaba ham, mag'lubiyat ham jamoaniki".

Xush, mag'lubiyatga butun jamoa aybdor ekan. Murabbiychi? O'sha butun jamoa to'g'ri boshqara olmayotgan murabbiy balki eng katta aybdordir?

Jamoa 90-daqiqada 1:0 hisobida yutib turib, qandaydir daqiqalar ichida buni 1:2 aylantirib qo'ysa, unda bu shubhasiz murabbiyning no'noqligi natijasi hisoblanadi. Yani mag'lubiyat to'liqligicha murabbiy gardaniga tushadi.

Raqib jamoa murabbiyi Belmadi tanaffusdagi taktik o'zgarishlar natijasida o'yinda burilish yasadik, deb g'alabaga bosh omil sifatida tanaffusda qo'l urgan o'zgarishlarini sanab o'tdi. To'g'ri, bunga u haqli. CHunki jamoasi g'alaba qozondi va o'zgarishlari o'z samarasini berdi.

Menimcha, "Duhail"ni g'alabasiga Belmadining o'zgarishlaridan ham ko'ra ko'proq "Loko" murabbiylar shtabining noto'g'ri reja tomon erta ketib qolishgani sabab bo'ldi. Bu esa Belmadining rejasini amalga oshishiga yanada yordamlashib yubordi xolos. CHunki har ikkala gol ham "Lokomotiv" futbolchilarining xatolari evaziga kiritildi. Xatoga keltirgan yo'l esa noto'g'ri tanlangan taktika mahsuli. Murabbiylar futbolchi almashtirishda ham topishni bilishlari muhim ahamiyatga ega. Taktika tugul, futbolchi almashtirishda ham ruscha aytganda, "ugadat" qilolmadi murabbiy. Mustafoevni qanday ruhlantirgan yoki unga nimani ko'rsatma bergan bilmadim-u, ammo futbolchi maydonda tushib nima qilish kerakligini payqay olmagani shundoq ko'rinib qoldi.

Etiborlisi, "Lokomotiv"ning OCHLdagi ketma-ket uchta mag'lubiyatidan keyin ham jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatlari saqlanib qoldi. Hammasi o'z qo'lida. Xatolarni tuzatish, to'g'irlash uchun imkoniyat paydo bo'ldi. Bundan foydalanish esa boshqa masala.

Xulosa shuki, "Lokomotiv" guruhdan chiqqan taqdirda ham jamoaga mahoratli murabbiy kerak. Avvalo guruhdan chiqish uchun mahoratli murabbiy kerak aslida!


Tanqidlardan himoyalanish formulasi - "Nasaf"

"Nasaf"da esa biroz boshqacha holat. To'g'risini aytamiz, "Nasaf" OCHLda guruhdan chiqishiga ko'pchilik ishonmagandi. Xattoki Berdiev aytganidek, "Nasaf"ni ushbu "kvartet"da 6 ochko olishi ham ko'pchilik uchun kutilmagan holat bo'ldi. Bu musobaqaga tajriba maktabi sifatida qarayotgan va shu bilan birgalikda aynan shunday chiqishlar orqali futbolchilardagi bosimni olib tashlashga urinayotgan murabbiyni kechagi mag'lubiyatda bosh aybdor qilishga shoshilmaymiz.

Ko'pchilikda bir fikr shakllanib qolgan, yani "Nasaf" yutsa jamoa zo'r, ishtiyoqi baland va murabbiyi yuqori salohiyatga ega deb maqtaladi. Yutqazganda esa jamoaning oldiga guruhdan chiqish vazifasi qo'yilmagani eslab, tarkibdagi nechta etakchilar jamoani tark etishgani aytiladi. Bu fikrda jon bor. Yani, ikki xil natija uchun aynan mana shu ikki tashxis amalda ko'p qo'llaniladi. "Nasaf"ga vazifasiz o'ynayotgan jamoa sifatida qarab, vaziyat yumshatiladi. "Nasaf"ni aynan shu sharoitda o'ynayotgani ham ularni tanqid toshlaridan himoya qilib kelmoqda. SHu boisdan ham yutganidan keyin maqtovlardan semirayotgan "Nasaf", yutqazganda o'rinli vajlar bilan oqlanmoqda. Aslida ham shunday. Buni inkor etib bo'lmaydi.

Xush bunga Kim aybdor? Bu borada mavsum avvalida alohida maqola yozgandim. 2016 yili esa nisbatan hozirgidan ko'ra yaxshi va kuchli tarkibga ega jamoa bilan guruhda qolib ketganida Berdievga tanqid toshlarini otgandim. Bu orada murabbiy ancha o'sishga erishdi. Lekin tarkib bundanda g'ariblashdi, tor zaxira esa yanada torayib ketdi. "Nasaf" yanada yoshardi. Birgina plyus jihat shuki, Berdievning murabbiy sifatida yanada shakllangani, tarkibdagi avlodlar almashuvini muvozanatni ushlagan holda o'tkazayotgani "Nasaf" foydasiga ishlamoqda. O'sha tanqidlardan keyin faqatgina Berdievda kasbiy o'sish kuzatildi. "Nasaf"da esa hamon vazifa yo'q. Nega "Nasaf" OCHLda yutqazsa ham bu qadar keskin tanqidga uchramasligiga asosiy sabab - jamoa oldiga aniq vazifa yo'q. "Nasaf" qiyinroq sharoitda o'ynashga, murakkab holatlarda nisbatan yaxshi natija qilish fonida tanqidlardan holi qolmoqda.

Masalan, "Lokomotiv"da aniq vazifa bor. OCHLda guruhdan chiqish eng kamida minimum natija. Jamoa guruhdan chiqishi shart ekanligini mavsum oldidan murabbiylar hamda klub rahbariyati tomonidan takidlanadi. "Nasaf"da esa aksincha holat. Vazifa yo'qligidan Berdiev bu turnir asosan yosh futbolchilar uchun tajriba maktabi bo'lib xizmat qilishini aytdi. Boshqa nima ham qilsin? Vazifa yo'q, chunki shunga yarasha futbolchilar, ijrochilar unga berilmagan. Yaxshisi shunday holatda o'ynagan maqul. O'xshasa, yani yutsak, maqtovlarga ko'milamiz. Yutqazsak jamoa holati barchasiga javob berib turibdi, degan mazmundagi fikr va hayol bilan yashamoqda "Nasaf". SHu boisdan ham jamoaga top darajaga chiqish uchun bir pog'ona etishmayapti. O'yin tashkil etish, futboldagi o'z suratiga ega jamoa sifatida "Nasaf"dan qo'pchilik ko'rqadi.

Lekin haqiqiy g'oliblik ruhi shakllanishi uchun jamoa safiga tajribali futbolchilar zarurligi katta o'yinlarda, safardagi muhim bahslarda yaqqol bilinib qoladi. Kechagi o'yin yaqqol misol. "Nasaf" kecha yirik hisobda yutqazdi. Ketma-ket ikkinchi safar uchrashuvida "Nasaf" yirik hisobda, yani darvozasidan 2tadan ko'p gol o'tkazgan holda mag'lub bo'ldi. 2015 yoki 2016 yillari "Nasaf" darvozasiga 2tadan ko'p ura oladigan jamoa topilmagandi. Bu nimadan darak? Albatta tajriba o'z so'zini aytmoqda. Yuqori ishtiyoq Qarshida muxlislar ko'magi ostida har qanday raqibni qiynab qo'yadi. Mehmonda esa ishtiyoq emas, asosan tajriba qo'l keladi. Bu esa hozirgi "Nasaf"da yo'q.

Dragan CHeran va Artur Gevorkyanni taqqoslaydiganlar uchun "Nasaf"ni OCHLdagi istalgan o'yinini ko'rishni tavsiya qilaman! CHeran zo'r futbolchi, sifatli legioner, gap bo'lishi mumkin emas. Ammo Gevorkyan darajasidagi etakchi futbolchi emas. Gevorkyan "Nasaf"ning xalqaro maydondagi o'yinlarida jamoani o'z elkasida ko'tarib yurgan va muhim gollarga assistentlik yoki mualliflik qilgani ko'pchilikni yodidan ko'tarilmagan bo'lsa kerak. Dragan esa bu ishni hozircha faqat milliy chempionatda uddalamoqda. Gevorkyan bilan CHeranning asosiy farqi shuki, biri har ikkala musobaqada bir xil statusdagi futbolchi ekanligini isbotlagan. Ikkinchisi milliy chempionatda "ajdar", OCHLda "ajdar"ga aylana olmayotgan Dragan.

Yana o'sha mavzu - Kimga mahorat etishmadi: Murabbiy yoki futbolchilar?

Kechagi mag'lubiyat bo'yicha nima deyish mumkin? Avvalo Miklyaev aytganidek, mahorat borasidagi tafovut o'z so'zini aytdi. Kecha "Nasaf" taktik taraflama yutqazmadi. Murabbiy chizgilari o'yinni hal etmadi. Mutlaqo noto'g'ri. SHunchaki ijrochilar o'rtasidagi tafovut murabbiylarning taktik aralashuvlariga ham o'rin qoldirmadi. "Nasaf" ham o'ynadi, intildi, ammo "Al Sadd" bemalol qilgan ishni ular amalga oshirishda hayajonlanishdi. Dastlabki daqiqalardagi tezkor gollar jamoani esankiratib qo'ydi. Kecha murabbiylar o'rtasidagi taktik kurashdan ko'ra, ijrochilar o'rtasidagi farq birinchi planga chiqdi.

Berdievni yo'l qo'ygan xatolarining birinchisi - jamoani o'yinga ruhan kerakli darajada tayyorlay olmaganida bo'ldi. CHunki futbolchilar maydonga tushiboq Xavi faktori qurboniga aylanishdi. CHunki birinchi o'tkazib yuborilgan golda Xavi jarima maydonchasi ichida paydo bo'ldi va birgina to'pga teginish bilan tablodagi hisobni jamoasi foydasiga ochdi. O'sha vaziyatda Xavini kim qo'riqlashi kerakligi butun jamoani yodidan chiqqanmidi yoki Xavini jarima maydonchasi ichida paydo bo'lishini hech kim kutmagandimi? O'sha gol "Nasaf"ning mudofaa chizig'i kechagi uchrashuvga butkul tayyor emasligini ko'rsatgandi. Amalda ham shunday bo'lib chiqdi va keyingi gollarda ham aslida jamoaning eng kuchli chizig'i bo'lmish himoyadagi bo'shliqlar "Al Sadd"ga qo'l keldi.

Berdievning yana bir xatosi shunda bo'ldiki, jamoa o'yin boshlanishi bilanoq to'p nazoratini o'z qo'liga olishi va tezkor hujumlar orqali "Al Sadd"ni hujumga o'tmasligini taminlash kerak edi. "Al Sadd"ni zararsizlantirishning eng yaxshi va samarali usuli aynan shu edi. Bu o'xshamadi. SHuningdek, murabbiyda o'yinga tayyorlangan ikkinchi reja bormidi yoki yo'q, buni aytish mushkul. SHunchaki Berdiev uchrashuvning 3-daqiqasidanoq ikkinchi rejaga o'tib juda katta tavakkalga qo'l urishni istamadi yoki "B" rejaga o'tish jarayonidagi qabul qilingan ikkinchi goldan so'ng tablodagi hisob imkon qadar yiriklashib ketmasligi asosiy planga chiqdi.

O'sha kungi g'alabadan keyin Murabbiy imzosi, degan maqola yozgandim. O'sha o'yinda "Nasaf" aynan murabbiy imzosi ostida o'ynagan va g'alaba qozongandi. Bu mag'lubiyatga ham o'sha murabbiy imzosi mavjud. Faqat bazan katta joylarda kichikroq imzo o'tmay qoladi. Berdievning Qarshidagi "imzosi" ko'p narsani hal etishi mumkin. Lekin Dohada o'sha "imzo" o'tmay qolishi yoki boshqa faktorlar ruy berish ehtimoli mavjud. O'sha boshqa faktorlar kecha amalda ruy berdi.

"Nasaf" o'rin olgan guruhda vaziyat yanada chigallashdi. "Nasaf" uchun juda qiyin va chigal vaziyat vujudga keldi. Hozirgi holatda jamoa o'z guruhida 12 ochko to'plab, yani keyingi ikkita bellashuvni yutgan taqdirda ham keyingi bosqichga chiqa olmasligi mumkin. "Al Vasl"ning barcha raqiblar uchun shunchaki "go'sht"ga aylanayotgani, guruhda qaysidir jamoa 12 ochko bilan ham "kvartet"da "Al Vasl"ga eng yaqin qo'shni bo'lib qolish ehtimolini oshirmoqda.

Hali imkoniyat, umid bor. Bizda umid har doim bo'lgan va bo'ladi. Lekin o'sha umiddan foydalanishda kelganida doim oqsaymiz. Umid qilamizki, bu safar hammasi biz umid qilgandek bo'ladi. Boshqa chora yo'q.

Muallif :
Reyting: +40   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика