Madridning kichik derbisi bo'lgan "Xetafe" - "Rayo Valekano" uchrashuvi haqida
26 noy 2015 15:41
Yangiliklar


Madridning kichik derbisi bo'lgan "Xetafe" - "Rayo Valekano" uchrashuvi haqida
Madridga qilgan safarimizning uchinchi kunida aynan shu ikki jamoa o'zaro to'qnash keldilar. "Xetafe" mezbonlik qilgan, ixchamgina, 18 000 nafar tomoshabinga mo'ljallangan "Kolizeum Alfonso Peres" stadionida Madridning kichik derbisi bo'lib o'tdi.
Stadionning umumiy ko'rinishi.
"Real" va "Barselona" o'rtasidagi o'yindan keyin yozilgan maqoladan so'ng ayrimlar, "juda maqtab yuboribsiz, pastki o'rinlarda turadigan jamoalarning o'yinlaridagi tashkilotchilik bizniki bilan bir xilda", deb aytishdi. Rostdan ham shundaymi? Bu o'zim uchun ham qiziq bo'ldi. Stadionga 5 nafar kishi yo'l oldik.
"Real"da qanday uchrashuv kuni qanday savdo shahobchalari qurilsa, "Xetafe"da ham shunday.
Madridda turli tabaqa vakillari istiqomat qiladilar. Markazdagilar ancha o'zlariga to'q. Ularning juda ko'pchiligi "Real"ga muxlisliq qiladilar. "Real" qimmat brend, shunday ekan, uning muxlislari ham o'zlariga ancha to'qlar. Oddiyroq oila vkili "Real"ga muxlislik qilishi mumkin, lekin unga o'yinlarni bevosita stadiondan ko'rish armon bo'lib qolaveradi. Bunday tabaqa vakillari ikkiga bo'lingan. Biri "Xetafe"ga ishqibozlik qilsa, ikkinchisi "Rayo Valekano"ga. "Xetafe" joylashgan hudud Madrid markazidan 13 km masofani tashkil etadi. SHahardagi tirbandliklar natijasida mashinada siz u erga 1 soatdan ortiq vaqtda etib borasiz. Metroda esa 40 daqiqa kifoya, ammo kamida ikki marotaba bir stanciyadan ikkinchisiga o'tasiz. Markazda yashasangiz yoki chetroqda, uchta.
CHipta narxlari Evropa uchun hamyonbop. Ammo ular uchun 100 evroni topish bugungi kunda oson bo'lmayapti. Imkon qadar tejashga intilishadi.
Bu esa "Rayo Valekano"ning avtobusi.
Madrid markazida asosan kichik ulovlarga ko'zingiz tushadi. Ikki kishidan ortiq odam sig'maydigan mashinalar, bu erda ota - ona atamasini, shunchaki er-xotinga almashtiradi. Er - xotin deganda farzandi yo'qlarni nazarda tutdim. SHuning uchun ham ikki o'rindiqli mashinalar ular uchun kifoya. Madrid chetida joylashgan kvartallarda esa buning aksini ko'rasiz, ko'p farzandli oilalar ko'p. Bizda bazida bitta "Damas" ham oilamiz uchun kamlik qiladi. Masalan, mening oilamda shunday. 12 nafarmiz. Ko'p farzandli oila uchun "Real" va "Atletiko" juda qimmatlik qiladi. Bu erda futbol oilaviy bayram, ota borib, bola qolib ketsa, u qattiq hafa bo'ladi. "Real"ning o'yini 2 farzandi bor oilaga kamida 600-700 evroga tushadi. "Xetafe" esa cho'ntakbop, eng yaxshi sektoriga bilet 40 evro, sal chekkarog'ida 30. Faqatgina "Real" va "Barselona" kelsa chiptalarning narxi 60 evroga ko'tariladi. Jamoa ishqibozlari bilan suhbatlashar ekanmiz, 60 evro ham ularga qimmatlik qilishini aytib o'tishdi.
- Futbolda biz dam olamiz. Bu biz uchun oilaviy bayram. Muhimi, hordiq chiqarish. Mana bugun derbi. Muxlislar hursand, birinchi bo'limda ustunlikni "Rayo"ga topshirib qo'ydik. Ko'rib turibsiz, stadionimiz unchalik to'lmaydi. O'rtacha 5-6 ming nafar muxlis kiradi. Lekin "Real" va "Barselona", yana "Atletiko" kelsa to'lib ketadi. CHiptalar ham oshadi. Eng arzoni 60 evrodan bo'ladi. Lekin bu bizning cho'ntagimizga to'g'ri kelmaydi. SHuning uchun aksar chiptalarni mehmonlarning ishqibozlari olishadi.
Ko'rib turganingizdek, stadionda muxlis ko'p bo'lmasa-da, rang va reklamalar unga o'zgacha joziba beradi. Undan tashqari, chiptalar har xil sektorlarga sotiladi. Bizdagi stadionlar bir chekkadan to'ldirib kelishadi.
Haqiqatdan ham "Xetafe" uchrashiga chiptani qiyinchiliksiz oldik. Navbat ham yo'q. SHu kuni o'yinga 5080 nafar muxlis tushdi. Stadion o'zimizdagi "Jar"ga o'xshaydi. Lekin futbol havosi bor edi. Muxlis to'lmagan bo'lsa-da, stadion atrofidagi sanog'i yo'q reklamalar arenaga joziba berardi. Bironta bo'sh joy yo'q-ki, reklama bo'lmasa. Hatto projektorlarning ustunlarigacha ilib tashlangan. Qizig'i, asosiy homiylardan biri "Joma". "Xetafe"ga taalluqli barcha shu brend bilan kiyingan. Stadiondagi muxlislardan tortib, akademiya vakillarigacha. Klub va stadion xodimlari ham. SHundan ham bilsa bo'ladi, "Joma" boshqa brendlarga nisbatan bu kabi klub muxlislari uchun ancha hamyonbop.
Ko'p nafar farzandga ega oilalardan biri
Stadionga kirar ekansiz, ikki jamoa muxlislari qo'shig'ini tinglaysiz. Bizdagi stadionlarda hozircha faqat baraban va surnay tovushi bor. Hali muxlislarimiz o'z madhiyalari va bir necha qo'shiqlariga ega emaslar. Birinchi bo'limni markazda o'tirib tomosha qilganligimiz uchun azart bo'lmagandek bo'ldi. SHundoqqina yonginamizdagi, burchakda joylashgan sektorda jamoaning ashaddiy ishqibozlari muxlislik qilayotgan edilar. Ikkinchi bo'limda ularning oldiga borishga qaror qildik.
Ha, aytganday. Tanaffus boshlanishi bilan muxlislar o'zlarini stadion va sektor atrofidagi kafechalarga urdilar. Bir yo'la kechki tanovul stadionda bo'lar ekan. Marketing borasida "Real" va "Xetafe" o'rtasida hech qanday farq ko'rmadim. Ikkisi ham muxlislarni birinchi o'ringa qo'yadilar. Farqi shunda-ki, "Real" katta brend bo'lganligi uchun 5-6ta homiydan topadigan pulini, "Xetafe" kamida 20-30ta homiydan topishi kerak bo'ladi. Ammo buncha homiyning o'zi yo'q. Undan tashqari, stadionda joy ham qolmagan. Masalan, tablo oddiygina. Hisob va vaqtni ko'rsatib tursa bo'lgani, atrofi reklamalar bilan to'lib toshgan.
O'yin paytida kichik monitorda 2ta brendning reklamasi vaqti vaqti bilan ko'rsatib turildi.
TVdan xuddi tikka turgandek ko'rinadigan reklama, aslida oddiygina erga yozilib qo'yilgan bo'ladi.
Stadion ichiga kirsangiz, "Xetafe" haqiqatdan ham cho'ntakbop jamoa ekanligiga amin bo'lasiz. 70 yoshga yaqinlashgan qariya, farzandi, kelini hamda bo'lsa ikki, bo'lmasa bir nabirasi bilan futbol tomosha qiladi. Bazilar uch nafar farzandi bilan kelgan. "Real"da uzog'i uch kishilik oilalarni ko'rgan edim. Bu erda ular ancha ko'p edi.
"Xetafe"ning o'zbekistonlik muxlisi.
O'yinga kelsam, bir narsani aytib o'tay. Balki bu kulguli ko'rinar, ammo fakt. Bizning futbolchilarni hayotda ko'rsangiz bo'y-basti kichik, ammo TVda katta ko'rinishadi. "Xetafe"ning o'yinchilari Ispaniya chempionatida TVda kichik ko'rinishi mumkin, ammo maydonda ular ancha baqquvat va bo'ydor. Himoyachilarining bari bir tekisda, xuddi maxsus saralab olingandek. SHuni angladimki, bu erga hech yo'g'i oddiy klublarga legioner bo'lib kelish uchun juda qattiq mehnat qilish kerak. Maydonning yonginasida futbol tomosha qilganligim uchun, u erdagi yakka kurashlar, "korpus" qo'yganda oyoqda tik turish, haqiqiy "qars" etib urilishlardan keyin ham futbol o'ynashda davom etishlarida Evro futbol talablariga ko'pchilik nega javob bera olmasligiga javob topdim. Oliy ligamizda sal turtilishga yiqilib tushib hakamdan najot kutadigan futbolchilarga "La Liga" yaqin 15 yilda ham qaramasa kerak. Agar bugundan bolalar futboliga jiddiy etibor qaratmasak, shunday ketaveramiz. Sababi, tizimga aynan bolalar futbolidan poydevor qo'yilishi kerak.
Bu esa muxlislari
Uchrashuvda hisob 1:1 ko'rinishda yakuniga etdi. "Real" va "Barselona" uchrashuvidan keyin fikrlarni kuzatdim, ijtimoiy tarmoqlarda janjal. "Xetafe" gol urdi hamma xursand, "Rayo" esa tenglashtirdi, shunchaki "eh" deb qo'yishdi. O'yin tugadi, hech kim bir birovini so'kmadi. Eng qizig'i, 90 daqiqa davomida biron kishi hakam tomon nomaqbul gaplarni gapirmadi. Uchrashuv yakuniga etganidan keyin esa oilasi bilan kelganlar o'zaro, do'stlar esa birga o'yinni tahlil qilib ketdilar. Yaxshi tomoni, Evropada qayd etilgan natija, u qanday bo'lmasin o'sha kunning o'zidayoq tarixga aylanar ekan. Asablar buzilmaydi. Futbolni deb bir-birovini dilini xira qilish yo'q. Bizning futbolga etishmayotgan narsa bo'lsa kerak.
Madrid safari yakuniga etgach, Italiyaga, Rimga uchdik. Ikki kun 2000 yillik tarixga ega mamlakatda, mahalliy muxlislar bilan ikkita uchrashuvni ko'rdik, "Barselona" - "Roma" va "Yuventus" - "Manchester Siti". Bu haqida ertaga...
Nodirxo'ja Yuldashev
O’xshash yangiliklar

Fikrlar