So’nggi yangiliklar

02:57Ла Лига. "Барселона" "Сельта"га қарши ўйинда сўнгги дақиқаларда иккита гол ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  81 02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  2 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  26 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  7 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  9 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0 22:00Суперлига. Экстра-тайм: жорий мавсум узоқ давом этган ўйинлар  0 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  3 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  8 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  2

Luiz Felipe Skolari: O'zbekiston termasining Braziliyaga kelishiga to'la ishongandim... Yangiliklar

Luiz Felipe Skolari: O'zbekiston termasining Braziliyaga kelishiga to'la ishongandim...

2009 yilning 9 iyun kuni Bunyodkor bilan 1,5 yillik shartnoma imzolab, dunyo futbolida o'ziga xos shov-shuv ko'targan Luiz Felipe Skolari ayni payt Braziliya terma jamoasini JCH-2014ga tayyorlamoqda.

Tabiiyki, o'z xalqi oldida bo'lib o'tadigan mundial mutaxassis zimmasiga kattagina masuliyat yuklaydi. Pentakampeonlarni qabul qilib olishdan avval Skolari mahalliy Palmeyras klubida ham malum muddat ishladi. Ammo qoniqarsiz natijalar sabab jamoa rahbariyati murabbiyni istefoga chiqardi. Palmeyras 24ta o'yinda bor-yo'g'i 20 ochko to'plab, turnir jadvalining oxirgi o'rinlaridan joy oldi. SHunday bo'lsada, Serjant uzoq vaqt ishsiz qolmadi. Paxmoq qizning baxti, degandek, unga bir yo'la Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimi topshirildi. Avvaliga mahalliy matbuot va muxlislar mutaxassisga ishonch bildirishmadi. Lekin natijalar ijobiy chiqa boshlagach, Skolariga ko'nikishdi. Ayniqsa, Konfederaciya­lar kubogi-2013dagi g'alaba Luizga yaxshigina ochko olib keldi. Kuni kecha 2002 yili dunyoning eng yaxshi murabbiyi sifatida etirof etilgan mutaxassis bilan telefon orqali bog'lanib, eksklyuziv intervyu oldik.

- Janob Skolari, suhbatimiz avvalida O'zbekiston milliy jamoasi haqida gaplashsak. Avvalgi suhbatimizda bosh jamoamizning JCH-2014 final bosqichiga chiqishiga ishonch bildirgandingiz. Biroq...

- Avvalo, serquyosh O'zbekiston xal­qiga sog'inchli salomimni yo'llayman. Bu yurt men uchun begona emas. Bir yil davomida shu davlatda yashadim, ozmi-ko'p urf-odatlariga amal qildim, yaxshi kunlarida mehmon bo'ldim. SHunday ekan, O'zbekiston terma jamoasi taqdiriga qanday befarq qarashim mumkin? Albatta, internet orqali guruh bos­qichining har bir turida qayd etilgan natijalarni kuzatib, tahlil qilib bordim. Ha, avvalgi intervyumda shaxsan o'zim O'zbekiston delegaciyasini aeroportga chiqib kutib olishimni aytgandim. Afsuski, bu istagim amalga oshmaydigan bo'ldi. Ochig'ini aytaman, jamoangizni JCH final bosqichiga chiqishiga 200 foiz ishongandim. Zero, guruhda yuzaga kelgan vaziyat shu so'zlarni qatiy aytishimga zamin yaratgandi. Qanday qilib qulay imkoniyat boy berildi, hayronman... Boz ustiga, 14 ochko to'plab, faqat to'plar nisbatiga ko'ragina mundial chiptasidan mahrum bo'lish... Bu juda alamli holat. 

- Muvaffaqiyatsizlikda ko'pchilik bosh murabbiy Mirjalol Qosimovni ayblayapti. To'g'ri, siz okean ortidasiz, ammo Qosimovning imkoniyatlari va ish uslubidan yaxshi xabardorsiz. Bu borada shaxsiy fikringiz qanday?

- Bilasizmi, natija chiqmagach, hamisha murabbiyni ayblashadi. Aslida muvaffaqiyatsizlik zamirida bosh­qa omillar ham bo'ladi. Ko'p yillik faoliyatim davomida bu kabi holatlarga ko'p bora duch keldim. Bazida klub rahbarlari kerakli sharoitlarni yaratib berishmaydi, ammo natija talab qilishadi. Hech qachon boshdan baland sakrab bo'lmaydi-ku, axir. Jamoa g'alaba qozonsa, futbolchilarni ko'kka ko'tarishadi. Murabbiy esa bir chetda qolib ketadi. Men Jalolni juda yaxshi bilaman. Yosh, istedodli yigit. Qiyin vaziyatda uni qo'llab-quvvatlash kerak. Yosh murabbiylar bunday payt tan­qidlarni ko'tarolmay, sinib qolishlari mumkin. O'ylaymanki, JCH-2014 saralash o'yinlari Qosimov uchun yaxshigina maktab bo'ldi. SHu o'rinda shaxsiy fikrimni bildiraman. Taomning shirin chiqishi masalliqqa bog'liq. Go'shtli taom hamisha mazali bo'ladi. Bu biroz qo'pol o'xshatish, ammo hozirgi mavzuga mos keladi. Bunyodkorda ishlagan paytim mahalliy futbolchilar masalasida qiyinchiliklarga duch kelardik. Yuqori saviya­dagi o'yinchilar barmoq bilan sanarli edi. Ehtimol, hozir ham shunday holatdir... Aslida murabbiy nomzodlar ko'pligidan dovdirab qolishi lozim. Nazarimda, O'zbekiston klublari, xususan, milliy terma jamoasida shunday kamchilik bor. Buning yuzaga kelmasligi uchun bolalar futbol maktablari bo'lmog'i lozim. 3-4ta maktab bilan ish bitmaydi. Maktablar ko'p bo'lishi va ular orasida kuchli raqobat yuzaga kelishi shart. SHu maktablarda tarbiya olgan futbolchilar oliy liga klublari safini to'ldirishadi. Klublar kuchli bo'lsa, mamlakat termasi ham shunga monand rivojlanadi. Sizlarda futbol piramidasi yaxshi ishlamayapti, chog'i...

- Endi O'zbekiston terma jamoasiga xorijdan murabbiy chaqirish haqida gapirilyapti. Xorijlik mutaxassis sifatida bunga qanday qaraysiz?

- Xorijlik murabbiy sehrgar emaski, yo'qdan bor qila olsa? Yuqorida aytdim, masalliqqa qarab taom tayyorlanadi. Xorijlik mutaxassis avval qaerga borayotganini o'rganib chiqadi. Hozirgi sharoitda O'zbekiston jamoasida mahalliy yoki rusiyzabon mutaxassisning ishlagani foydaliroq, menimcha. Xorijlik murabbiy hech qachon o'zi o'ylayotgan narsani futbolchilarga yuz foiz tushuntirolmaydi. Bunga til muammosi yo'l qo'ymaydi. O'zim Toshkentda ishlagan payt xuddi shunday muammoga duch kelganman. Tarjimon hech qachon siz o'ylayotgan narsa, his-hayajonlaringizni o'yinchilarga etkazolmaydi. Keyin mentalitet tushunchasi bor. Murabbiyda futbolchilarni tanlash imkoniyatlari ko'p bo'lmas ekan, kim ishlashining far­qi yo'q. Bugungi kunda o'zbek futboliga nima etishmayapti? Birinchi galda, futbol reklamasi yo'q. Nega evropalik agentlar O'zbekiston chempionatini kuzatishmaydi? CHunki ularda tasavvur va malumot yo'q. Qachon milliy jamoa JCHda ishtirok etsa, o'shandagina butun dunyo O'zbekiston futboli haqida tasavvurga ega bo'ladi. Mamlakatingiz o'smir va yoshlar jamoalarining muntazam kichik mundiallarda qatnashayotganidan xabarim bor. Lekin milliy jamoa JCHga chiqmaguncha, oldinga siljish qiyin. Yaponiya, J. Koreya, Avstraliya terma jamoalari muntazam JCHda qatnashayotgani uchun shu davlat futbolchilarini Evropaning kuchli klublarida ko'ryapmiz. Dunyo tan olishini kutish emas, shunga harakat qilish kerak.

- Mana, JCH-2014ga yo'llanma olgan aksariyat jamoalarning nomi malum bo'ldi. Xulosalaringiz qanday?

- Ko'pchilikning diqqat-etibori Evropaga qaratilgani bor gap. Bu qita­dan bugungi kunda haqiqatan ham, kuchli bo'lgan terma jamoalar JCHga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma olishdi. Pley-offda o'ynaydigan juftliklar ham munosib. O'z qitamizda esa, Urugvay terma jamoasining to'rttalikka kirolmagani biroz hayratlantirdi. Bu erda O'zbekiston va J. Koreya holati kuzatildi. Ekvador to'plar nisbatiga ko'ra, Braziliya chiptasini qo'lga kiritdi. Urugvay esa pley-off­da o'ynaydi. O'ylaymanki, Suares jamoadoshlari endi O'zbekiston uchun Iordaniya­dan revansh olishadi. 

- Bunyodkordan ketganingizdan so'ng Palmeyrasda malum muddat ishladingiz. Lekin San-Paulu klubida uzoq vaqt qolmadingiz. Bunga nima sabab bo'ldi?

- Palmeyras rahbariyati bilan bazi masalalarda fikrimiz bir joydan chiqmadi. Kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Tarkibni kuchaytirish uchun ko'zga ko'ringan futbolchilarni xarid qilish lozimligini aytdim. Biroq rahbariyat bu so'rovni qabul qilmadi. Mavjud tarkib esa kuchli jamoalarga qarshi o'yinlarga dosh berolmadi...

- Bu orada sizni Braziliya termasi jamoasiga taklif qilishdi...

- O'zi Bunyodkorda ishlab yurgan kezlar ham bir-ikki qo'ng'iroq bo'lib, Braziliya termasida ishlashga chaqirishgandi. O'sha payt bu chorlovni qabul qilolmasdim. Mana, taqdir ekan, hozir dunyoning eng kuchli jamoa­laridan biriga murabbiylik qilyapman.

- Braziliyada bo'lajak futbol forumiga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Pentakampeonlarni qabul qilib olgan ilk kunlaringizda sizga nisbatan tanqidlar yangragandi. Bu narsalar o'tib ketdimi?

- O'rtoqlik uchrashuvlaridagi ishonch­li g'alabalarimiz, eng muhimi, Konfederaciyalar kubogidagi muvaffaqiyatli ishtirokimiz tanqidlarga munosib javob bo'ldi. Hal qiluvchi uchrashuvda jahon chempioni - Ispaniyani 3:0 hisobida mag'lub etdik. Qandaydir bir oy ichida jahon chempionlari hisoblangan - Franciya, Italiya, Urugvay va Ispaniya jamoalarini mag'lubiyatga uchratdik. G'alabalarimiz bilan tahlilchilar, muxlislar va matbuotga munosib javob berdik, deb o'ylayman. Lekin qiladigan ishlarimiz va isbotlaydigan narsalarimiz hali ko'p. Bu shunchaki, nurli yo'limizning boshlanishi. Stadionda CHempionlar qaytishyapti, degan so'zlarni eshitganimda, badanimda chumoli yurib ketgandek bo'ldi. Bu kabi so'zlarning mahalliy tribunalarda yang­rashi juda yoqimli.

- Demak, tanqidlarga dosh bera oldingiz...

- Bilasizmi, mahalliy matbuot o'ziga yoqqan murabbiyni olib kelishni istagandi. Bu erda manfaatlar to'qnashuvi ham bo'ldi. Qo'yib bersangiz, nimalarni yozishmaydi. Tarkibga yangi futbolchilarni jalb etganimda, chunonam tanqid qilishdi. Keyin o'zgarishlar o'z foydasini bera boshlagach, jimib qolishdi. Yordamchim Murtoza bilan katta hajmdagi ishlarni amalga oshiryapmiz. Oskar, Neymar singari yoshlardan umidim katta. O'yindan o'yin­ga o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Ammo ko'nglim hali yuz foiz to'q emas. O'yinimizni yanada kuchaytirishimiz kerak. 

- Braziliya terma jamoasi oldiga chempionlik vazifasi qo'yilishi tabiiy. Hozirgi tarkib bilan buni uddalash mumkinmi?

- Albatta. Konfederaciyalar kubogidagi ishtirokimiz orqali chempionlik uchun kurasha olishimizni isbotladik. Endi hamma narsa o'sha paytda jamoaning qanday holatda bo'lishi, JCHga jarohatlarsiz etib borishga bog'liq. Bugungi kundagi jamoaning holatidan qoniq­yapman. Umid qilamanki, mundial arafasida ham bizda muammolar tug'ilmaydi.

- Umuman, bo'lajak jahon chempionatidan nimalar kutyapsiz?

- JCH-2014 Braziliya tarixida unutilmas voqeylik sifatida qolishi kerak. Buning uchun o'z muxlislarimiz ko'z o'ngida g'olib chiqishimiz shart. SHunday murakkab vaziyatda masuliyatli vazifani menga topshirishgan ekan, ishonchni oqlashga astoydil harakat qilaman. Yurtimizda so'nggi bor jahon chempionati o'tgan asrning 50-yili bo'lgandi. Oradan shuncha yil o'tib, Braziliyaga yana katta futbol qaytmoqda. Uni munosib qarshi olishimiz shart. Har doimgidek, Evropa va Afrika qitasi jamoalari ham sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishsa kerak. SHuningdek, J. Amerika jamoalari ham qarab turishmaydi. Ha, mehmondo'stlikni bir chetga surib qo'yamiz (kuladi).

- Janob Skolari, suhbatimiz oxirida Bunyodkordagi faoliyatingizni bir yodga olsak...

- O'zbekistonda o'tgan bir yillik faoliyatim butun umrga tatigulik taassurotlarni qoldirgan. 2009 yilning iyun oyida Toshkentga borganman. O'zbekistondagi debyutim omadli chiqdi. Ilk o'yinda Nasafni mag'lubiyatga uchratgandik. Lekin mamlakat kubogi finalida mag'lubiyatga uchraganmiz. Sentyabr oyida OCHLning chorak finalida Koreyaning Poxang Stilers klubiga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etgandik. O'shanda turnirda g'olib chiqish orqali Klublar o'rtasidagi jahon chempionatida qatnashishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'ygandik, aslida...

- Savollarimizga batafsil javob berganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. SHuningdek, yaqinlashib kelayotgan tavallud ayyomingiz bilan tabriklaymiz...

- Sizlarga ham rahmat. Afsuski, O'zbekiston terma jamoasini kutib olish nasib qilmagan ekan. Ammo o'ylaymanki, katta futbol bayramida yurtingizdan albatta, vakil bo'ladi. Kimni nazarda tutayotganim aniq. Ha, referi Ermatov. Umid qilamanki, u JCH o'yinlarini boshqaradigan hakamlar qatoridan joy oladi.

 

Malumot uchun

Luiz Felipe Skolari - 1948 yilning 9 noyabr kuni Braziliyaning Pasu-Fundu shahrida tug'ilgan. Futbolchilik fao­liyatida himoyada o'ynagan. Murabbiylikni 1982 yili mahalliy SSA klubida boshlagan. O'tgan yillar davomida Juventude, Brazil di Pelotas, Al-SHabab (Saudiya Arabistoni), Gremio Brazil, Gremio, Goyas, Al-Qodisiya (Quvayt), Krisiuma, Al-Ahli (Saudiya Arabistoni), Jubilo Ivata (Yaponiya), Palmeyras, Kruzeyro, CHelsi (Angliya), Bunyodkor klublari, shuning­dek, Portugaliya va Quvayt terma jamoalarida ishlagan. 1999 va 2002 yilda Janubiy Amerikaning eng yaxshi murabbiyi bo'lgan. Aynan 2002 yili FIFA tas­nifi bo'yicha dunyoning eng yaxshi murabbiyi, deb topilgan. Uning qo'l ostida Krisiuma (1991), Gremio (1994) hamda Palmeyras (1998) klublari Braziliya kubogida g'olib chiqishgan. 1995 yili Gremio bilan Libertadores kubogida bosh mukofotni qo'lga kiritgan. 1999 yili esa Palmeyras bilan xuddi shu sovringa ega chiqqan. Bundan tashqari, 1996 yili Gremioni Braziliya chempio­niga aylantirgan. Bunyodkordagi natijalari esa barchamizga malum.

Skolari kichik oila boshlig'i. Uning rafiqasi braziliyalik mashhur rassom Olga. Ular ikki farzandni tarbiyalab, voyaga etkazishgan. Katta o'g'li Leonardo, kenjasi esa Fabricio. Luiz Felipe Braziliyadan tashqari, Italiya fuqaroligiga ham ega. Italiya pasportini 2002 yili olgan. Skolarining laqabi - Katta Fil (Big Phil). SHuningdek, uni Serjant, deb ham atashadi.

Kamoliddin ALIMOV va Mirodilla ALIMBOEV suhbatlashishdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика