Kaxi Maxaradze: “Paxtakor” futbolchilariga haykal qo'yish kerak”
17 dek 2015 11:26
Yangiliklar
Kaxi Maxaradze: “Paxtakor” futbolchilariga haykal qo'yish kerak”
SHuning barobarida “sherlar” o'z chempionlik unvonlarini ham munosib tarzda himoya qildilar. Numon Hasanov jamoasi oltin medal taqdirini deyarli hal qilgan o'yinda Qarshining “Nasaf” klubi maydonida o'ta muhim g'alabaga erishdi. Mavsum avvalida ko'pchilik “Lokomotiv” klubining chempion bo'lishini taxmin qilgandi. Bunga etarlicha asoslar ham bor edi. “Temiryo'lchilar”ning moliyaviy holati hamda tarkibda tajribali futbolchilarning jam bo'lganligi shunday fikrlashga undagandi. Ammo amalda bunday bo'lmadi. “Paxtakor” futbolchilari kuchli iroda namoyish etib, yakunda o'z oldilariga qo'yilgan vazifani bajarishdi. Ayni paytda futbolchilar tatilda. Tez orada yangi mavsumga tayyorgarlik boshlanadi. SHonli tarixga ega jamoani oldinda yanada qiyin kechishi kutilayotgan yangi futbol mavsumi kutib turibdi. Turli gap-so'zlarga qaraganda, jamoani ayrim etakchi futbolchilar tark etadi. CHempionat to'purari bo'lgan Igor Sergeev mavsumni Yaponiya “J-ligasi”da boshlashga yaqin turibdi. Unga jiddiy qiziqish bildirgan “Sanfrechche Xirosima” jamoasi klublar o'rtasida o'tkazilayotgan jahon chempionatida yarim finalga yo'llanma oldi. “Paxtakor” o'z hujumchisini ijara asosida “Sanfrechche”ga transfer qiladi. Terma jamoaga nomzod markaziy himoyachi Egor Krimecning ham o'ziga yaxshi tanish bo'lgan Xitoy chempionatiga yo'l olishi kutilyapti. Jamoa sardori Kaxi Maxaradze ham katta ehtimol bilan “Paxtakor”dan ketadi. Klubning qolgan etakchi futbolchilariga ham qiziqish etarlicha bo'lmoqda. Biz ayni paytda vatani Gruziyada hordiq chiqarayotgan Maxaradze bilan bog'lanib, undan ayni mavzuda intervyu oldik.
- Kaxi, avvalo, sizni chempionlik bilan tabriklayman. Suhbatimiz avvalida mavsum yakunlari haqidagi mulohaza va taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Tabrik uchun katta rahmat. Biz uchun o'ta murakkab va qiyin mavsum bo'ldi, deb hech ikkilanishsiz ayta olaman. Barcha yo'nalishda qiyinchilikka duch keldik. SHunga qaramay, katta matonat namoyish etib, yakunda chempionlik unvonini o'zimizda saqlab qoldik. Tabir joiz bo'lsa, bu yilgi chempionlikni mo'jiza evaziga keldi, deyish mumkin.
- Eng qiyin va chempionlik poygasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan o'yinni ayta olasizmi?
- Bu yil ham “Navbahor” va “Mashal” jamoalariga qarshi kechgan safar o'yinlarida qiyinchilikka duch keldik. O'tgan yili ham shunday bo'lgandi. Menimcha, shu Namangan va Muborakdagi g'alabalarimiz evaziga bu yil ham chempionlik shoxsupasiga ko'tarildik.
- Qarshidi “Nasaf” bilan bo'lib o'tgan 29-tur uchrashuvichi? Bu o'yinni esdan chiqarmadingizmi?
- Yo'q albatta. Aynan Qarshidagi g'alabadan so'ng chempion bo'lishimiz deyarli oydinlashdi. O'z o'yinimizni to'liq namoyish eta olsak, Qarshidan albatta g'alaba bilan qaytishimizni bilardik. CHunki, “Paxtakor”ning potenciali juda yuqori. Futbolchilar o'z imkoniyatlarini maydonda to'liq namoyon eta olsalar, bizning jamoamizni uncha-buncha klub enga olmaydi. “Paxtakor” bugungi kunda O'zbekistonning eng kuchli jamoasi. Bu isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Kezi kelganda shuni aytishim kerak, ayrim odamlar tomonidan atilayotgan “Paxtakor” o'yinlarni sotib oladi degan gap-so'zlar safsata, bo'htondan boshqa narsa emas. Bu narsani men sizga ishonch bilan ayta olaman. Sotib olishga pul bo'lganida, birinchi navbatda biz futbolchilarga berilardi. Keyin bazida eshitib qolamiz, “Paxtakor” chempionga xos o'yin namoyish etmadi, u bunga munosib emas, degan gaplarga ham umuman qo'shilmayman. O'yin hamisha unutilgan, natija esa tarixda qoladi. Qolaversa, “Paxtakor”ga qarshi oliy liganing 15ta jamoasi tish-tirnog'i, 200 foiz kuch bilan maydonga tushali va o'ynaydi. Bu gapim ham haqiqat. Inkor etadiganlar bo'lsa, oliy ligadagi o'yinlarimiz yozilgan disklarni ko'rib chiqishlarini tavsiya qilaman.
- Toshkentda “Metallurg” bilan bo'lib o'tgan o'yin haqida nima deya olasiz?
- Ochig'ini aytaman, biz futbolchilar so'nggi daqiqalarga qadar g'alaba uchun o'ynadik va buni yakunda uddaladik. Ha, ko'pchilik o'yin yakunida belgilangan ikkita penaltiga etiroz bildirdi. Lekin o'sha norozi bo'layotganlar har ikkala vaziyatda jarima maydoni ichida qo'pollik ishlatilganmadi, deb ayta oladilarmi? Tabiiyki, javobi yo'q. Evropa futboliga etibor bersangiz, aksariyat o'yinlarning taqdiri so'nggi daqiqalarda hal bo'ladi. Bu futbol, uni shunday kutilmagan natijalari, oldindan aytib bo'lmayligan holatlari uchun ham yaxshi ko'rishadi. Yana bir bor qaytaraman, “Paxtakor” hech qachon kelishilgan o'yinlarda ishtirok etmagan va ularni sotib olamaydi ham. Biz haqli ravishda chempion bo'ldik. Bunday bo'lmag'ur gap-so'zlarni “Paxtakor” chempioni bo'lishini istamaganlar chiqarishyapti va keng futbol jamoatchiligi orasida tarqatishyapti. Kechirasizu, ikki yildan beri O'zbekistonning eng kuchli jamoasi ekanligimizni amalda isbotlayapmiz. Kutilmagan natija har safar bo'lavermaydi. “Toza futbol” o'ynamaganimda, bunday natijalarga erishmasdik. Eng muhimi, biz uzoq muddat maosh olmay turib ham ko'zlangan maqsadga erishish mumkinligini, hamma narsani pul hal qilavermasligini isbotladik. Oxirgi marta qachon maosh olganimizni eslay olmayman. Bu chempion yigitlarga haykal qo'yish kerak.
- O'zbekiston Kubogining yarim finalida “Bunyodkor”ga imkoniyatni boy berib qo'ydinglar. Ko'pchilik “Paxtakor”ning har ikkala uchrashuvda ham yutqazishini kutmagandi. Bu mag'lubiyatlarni qanday izohlaysiz?
- Menimcha, o'yin taqdiri birinchi o'yinda hal bo'lgandi. Ko'rgan bo'lsangiz, o'sha o'z maydonimizda o'tkazilgan ilk uchrashuvda yirik hisobda g'alaba qozonishimiz kerak edi. Yuzaga keltirilgan ko'plab vaziyatlardan foydalana olmay, ko'kka sovurdik. “Bunyodkor” futbolchilari ham hech narsa qila olishmadi. Adashmasam, o'sha o'yinda raqib darvozasi tomon 24-26 marta aniq zarba berdik. Lekin shu kuni omad biz tomonda emas ekan. Vaziyalarning yarmidan ham unumli foydalanganimizda, javob uchrashuvi oldidan final masalasini hal qilib qo'yardik. Afsus, omad mehmonlar tomonida edi. Ular 4ta havfli hujumning uchtasini golga aylantirishdi. Bilmadim, balki O'zbekiston Kubogidan chiqib ketganimiz bizni yana ham kuchaytirgandir.
- Bu yilgi oliy liganing saviyasi haqida nima deya olasiz?
- CHempionat saviyasi oshayotgani ko'zga tashlanmoqda. CHempion va kumush medal sohiblarining nomi so'nggi turda hal bo'ldi. Oliy ligani tark etadigan jamoa nomiga ham aynan so'nggi 30-turda oydinlik kiritildi. Oxirgi turgacha oliy ligada qolishi dargumon bo'lgan “Buxoro” jamoasi omad tufayli kuchlilar safidagi o'rnini saqlab qoldi. “Dinamo” jamoasi so'nggi daqiqalarda to'p o'tkazib yubormaganida, “Buxoro” oliy ligani tark etgan bo'lardi. SHuning o'ziyoq chempionat saviyasi oshib borayotganining isbotidir. Men hali oliy ligadagi kurashni aytmayapman.
- Endi qanday rejalar?
- Hozircha hech qanday. Gruziyada oilam davrasida hordiq chiqaryapman.
- “Paxtakor” bilan shartnomangiz yakuniga etdi. Kelishuvni uzaytirasizmi?
- Yil so'nggida bu masalaga oydinlik kiritamiz. Ayni paytda bu haqida o'ylayotganim yo'q.
- To'g'ri, “Paxtakor”ning futbolchilardan maosh va mukofot pullaridan qarzi bor. Lekin jamoa rahbariyati yil so'nggida hamma bilan to'laligicha hisob-kitob qilish malum. Bu yil ham shunday bo'lar?
- SHunday bo'lishiga umid qilaman.
- Takliflar etarlicha bo'layotgandir?
- Albatta. Takliflar juda ko'p. Qaysi birini tanlashni ham bilmayapman.
- Qaysi jamoalardan taklif bo'lyapti?
- Bu savolingizga javob bera olmayman, deb qo'rqaman.
- Hech bo'lmasa qaysi davlat klublaridan taklif bo'layotgani aytarsiz?
- Keling biroz kutaylik. Tez orada barcha masalaga oydinlik kiritiladi. Uch-to'rtta xorij klublaridan taklif borligini tasdiqlayman.
- O'zbekiston jamoalari ham o'z safiga chorlayotgan bo'lsa kerak?
- Ha, oliy liga klublaridan ham takliflar bor. Men hozircha “Paxtakor” futbolchisiman. Jamoa bilan shartnomam rasman 31 dekabr kuni yakuniga etadi.
- OCHL qurasi haqida nima deya olasiz? “Paxtakor” bu guruhdan chiqa oladimi?
- To'g'risini aytsam, qura jarayonini kuzatmadim. Qaysi jamoalar bilan tushganini ham bilmayman. Lekin har qanday holatda ham “Paxtakor” o'z oldiga hamisha yuqori vazifalarni qo'yadi. Tarkibida terma jamoaga nomzod futbolchilar ko'pchilikni tashkil qiladi. Lekin yangi mavsumda jamoaning qanday tarkibda bo'lishini bilmayman. SHunga qarab, keyin fikr bildirish to'g'ri bo'lar. Futbolchilar muxlislar ishonchini oqlashga astoydil harakat qilishadi. “Paxtakor” Osiyoda o'z o'rniga ega jamoa. Qolaversa, OCHL musobaqasida eng ko'p ishtirok etgan klub ham hisoblanadi. Fursatdan foydalanib, yanvar oyida O'zbekiston olimpiya terma jamoasiga Osiyo chempionatida omad va g'alaba yor bo'lishini tilab qolaman. Bu jamoada ham “Paxtakor” murabbiylar shtabi va shaxsan Samvel Babayaning o'zi ishlayapti. Terma jamoa tarkibida ko'plab jamoadoshlarim va do'stlarim to'p tepishyapti. Eng muhimi, kutilmagan jarohatlar bo'lmasin. Men Olimpiada yo'llanmasi qo'lga kiritilishiga ishonaman.
- Evro-2016 qurasini ko'rdingizmi?
- Afsuski, bu jarayonni ham ko'ra olmadim. Lekin internet orqali guruhlarni ko'rib chiqdim. Aytishim mumkinki, barcha guruhlarga deyarli teng kuchli jamoalar tushishgan. Alohida bitta guruhni ajratib ko'rsata olmayman.
- Kaxi, bu yilgi mavsum yakunlariga ko'ra uch nafar eng yaxshi futbolchini ayta olasizmi?
- Boshqa futbolchilar hafa bo'lishmasin-u, bu yil Igor Sergeev eng yaxshi futbolchi bo'ldi. Ham klubda, ham terma jamoada bir xil saviyada o'yin namoyish etdi. Haqiqiy hujumchilarga xos harakat qildi. Bejizga chempionat to'purari bo'lmadi. SHu sababli, aynan Sergeevni mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb bilaman. Jurnalistlar o'rtasida o'tkaziladigan so'rovda ham Igorning g'olib chiqishiga ishonaman.
- Murabbiylarning kuchli uchligida kimlarni ko'rishni istardingiz?
- SHubhasiz, Samvel Babayan. Uchchala o'ringa ham O'zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari bosh murabbiyini qo'yaman. Qolgan murabbiylarga chuqur hurmatni saqlagan holda o'z tanlovimni aytdim. O'ylaymanki, oliy liga klublarining qolgan murabbiylari mendan hafa bo'lishmaydi.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar