Katta suhbat. Kaxi Maxaradze: "O'zbekistonda yana 11 yil jon deb qolgan bo'lardim"
16 jan 2020 22:08
Yangiliklar
Katta suhbat. Kaxi Maxaradze: "O'zbekistonda yana 11 yil jon deb qolgan bo'lardim"
Uning yurtimizga kelib o'ynay boshlaganiga 11 yil bo'libdi. Bilamizki, juda ko'p legionerlar olti oy, nari borsa bir yil o'ynab ketib qolishadi. Lekin Maxaradze 11 yildan beri shu erda. SHu bois u bilan suhbatlashganda gaplashsa bo'ladigan mavzular ko'p. Kaxi Maxaradzening intervyusi kattaroq bo'lgani uchun bo'lib berishga qaror qildik. Quyida birinchi qismini keltirib o'tamiz.
- “Lokomotiv”ga qaytish qanday yuz berdi?
- Hammasi juda oddiy. Klub bosh direktor o'rinbosari To'labek Akramov qo'ng'iroq qilib, jamoaga kerakligimni aytdi va shundan so'ng yana “temiryo'lchilar” safiga qaytdim.
- Suhbat uzoq davom etdimi?
- Yo'q, qisqa va lo'nda. Bir og'iz gap va taklifni qabul qildim. “Lokomotiv”ga qaytish men uchun uyga qaytishdek gap, chunki O'zbekistonga kelganimda birinchi shu jamoada o'ynaganman. SHu bois ortiqcha o'ylab o'tirmadim.
- Qaytishingizning asosiy sababi nimada?
- Yana yuqori saviyada o'ynashni xohlayman va bunga qurbim etadi deb o'ylayman. Mavsum qanday o'tishini esa vaqt ko'rsatadi.
- O'zbekistonga kelib o'ynay boshlaganingizga 11 yil bo'ldi. Uzoq muddat bir davlatda to'p tepish siri nimada?
- To'g'risini aytsam, O'zbekiston mening ikkinchi uyim bo'lib qolgan. Anchadan beri shu erdaman va o'zimni xuddi mahalliy fuqarodek his qilaman. Toshkent va Tbilisi bir-biriga juda o'xshab ketadi. Qolaversa bu erdagi o'yin uslubi menga maqul keladi, shu bois anchadan beri o'ynayapman. O'tgan vaqt mobaynida ko'plab tanishlar, do'stlar orttirdim, hamma bilan iliq munosabatlarni saqlab qolishga harakat qilganman.
- “Lokomotiv”dagi birinchi yilni eslaysizmi? Klubga kelish qanday ro'y bergandi?
- Ha, esimda. 2009 yil edi. Men ikkinchi davra oldidan kelganman. O'shanda bosh murabbiyi Vadim Abramov edi. Issiqko'ldagi yig'inda men ham jamoa ko'rigida bo'lganman. Gruziyadan ikki futbolchi kelgandik. SHunday bo'ldiki, Abramov meni olib qoldi, sherigim esa uyga qaytib ketdi. SHu-shu O'zbekistondaman.
- Sizni kim taklif qilgan?
- Hech kim chaqirmagan. Meni Gruziyadan jo'natishgandi. Qo'ng'iroq qilib O'zbekistondan qiziqish bor, borib ko'rikda qatnash deyishdi.
- Qo'ng'iroq qilgan agentingizmidi?
- Yo'q. Toshkentning “Lokomotiv” klubiga kelishdan oldin Tbilisining “Lokomotiv” jamoasida o'ynardim. Klub prezidenti qo'ng'iroq qilib aytdi. Klubda moliyaviy muammolar yuzaga kelgandi, shundan so'ng klub rahbari menga Toshkentdan variant borligini aytdi.
- Sizda agent bormi?
- Yo'q, hech qachon bo'lmagan ham.
- Agentlarga munosabatingiz qanday?
- Hozir futbolda ko'p narsani ular hal qilyapti. Ko'p agentlar murabbiy bilan gaplashib, o'z futbolchilarini taklif qiladi. Buning natijasida yaxshi futbolchini hech kim payqamay qolishi, o'yini zo'r bo'lmagan o'yinchi esa agentning ishi bilan jamoa topib ketishi mumkin. Buning sababi uning agenti borligida.
- Siz ham agentingiz bo'lishini xohlaganmisiz?
- Boshida xohlagandim, hatto menga qiziqish ham bo'lgandi, lekin berilgan vadalar bajarilmagach, ishonmay qo'ydim. Endi ishonmayman desam biroz noto'g'ri bo'lar, yaxshisi ularga qiziqmayman deya qolay.
- O'zbekistonda yana 11 yil qolgan bo'larmidingiz?
- Albatta, jon deb qolgan bo'lardim. Menga bu erda hamma narsa maqul keladi. Yana qolishga to'g'ri kelsa, hech qanday muammo ko'rmayapman.
- 11 yil oldingi “Loko” bilan hozirgisini taqqoslay olasizmi?
- SHaroit jihatdan oldin boshqacha edi. Jamoa 5-6 o'rinlarda yurar, hozirgidek professional klub emasdi. Lekin o'shanda ham yaxshi futbolchilar o'ynagan. Masalan, rossiyalik darvozabon Aleksandr Filimonov. Boshqa legionerlar ham kuchli edi.
2009 yilni 6-o'rinda tugatganmiz. Bu o'sha paytdagi jamoa tarixida eng yaxshi natija edi. Vaqt o'tib klub kuchayib bordi va oxirgi besh yilda uch marta chempionlikni qo'lga kiritdi. Kubokda g'alaba qozondik, Superkubokni yutdik.
- Toshkentga endi kelgan payt qaerda istiqomat qilgansiz?
- “Buyuk Ipak yo'li” metrosi yaqinidagi “Kech” mehmonxonasida. Jamoa o'sha erdagi harbiy mehmonxonada istiqomat qilar, men ham o'sha erda turganman.
- SHuncha yildan beri Toshkentdasiz. O'zingizga uy sotib oldingizmi?
- Yo'q. Uy olish uchun imkoniyat bo'lgan, lekin men zarur emas deb o'ylaganman. Balki keyinroq olarman.
- “Lokomotiv”da ikki yil to'p tepgach (2009-2010 yillar), “Paxtakor”ga o'tdingiz. Bu qanday yuz bergan?
- “Loko” og'ir davrlarni boshdan kechirgandi. Jamoa 2010 yil birinchi ligaga tushib ketdi. Bosh murabbiy o'zgardi. Birinchi davrada yaxshi o'ynagandik. Keyin rahbariyat almashdi, yangi murabbiy keldi va hammasi teskari tus ola boshladi. Oraliq tanaffusda 15 nafarcha yangi futbolchi kelib qo'shildi, lekin shulardan faqat ikki-uchtasi o'ynadi.
Kubok bahslarida ham yaxshi ketayotgandik, uyda “SHo'rtan”ni 2:0 yutdik, safarda esa kutilmaganda 0:4 hisobida yutqazib qo'ydik. Bu orada menga “Paxtakor”dan taklif tushdi va jamoani almashtirishga qaror qildim. “Paxtakor”ga o'tgach yana hammasi iziga tusha boshladi. 2011 yil Kubokda zafar quchdik, undan keyingi yil chempion bo'ldik. 2014 yildan boshlab to 2018 yilgacha faqat chempionlikka erishdim.
- Ko'rinib turibdi, O'zbekistonda o'ynab hamma sovrinlarga ega chiqqansiz.
- Ha, shunday. CHempion bo'ldim, Kubok va Superkbokda g'alaba qozondim, kerak bo'lsa birinchi ligaga tushib ham ketdim.
- “Paxtakor”dan qanday xotiralar qolgan?
- Juda yaxshi. Esda qolarli davrlarni o'tkazdim, ikki yil jamoa sardori bo'ldim. Xullas hammasi zo'r bo'lgan. Oxirgi besh yildan beri o'tgan mavsumni hisobga olmaganda “Lokomotiv”da o'ynab kelyapman va bundan juda xursandman.
- Siz uchun “Paxtakor”dagi eng muvaffaqiyatli mavsum qaysi?
- 2014 yil. Samvel Babayan bosh murabbiy bo'lib ishlagan payt. O'sha yil biz mag'lubiyatga uchramasdan chempion bo'lganmiz.
- 2016 yil “Loko”ga qaytib uch yil “temiryo'lchilar” safida to'p tepdingiz. Nima deb o'ylaysiz, umuman boshqa Maxaradze qaytganmidi?
- SHunday deyish mumkin. CHunki men “Paxtakor”da hujumchi ortida o'ynardim, “Loko”da esa tayanch yarim himoyasiga, bazan markaziy himoyaga qo'ya boshlashdi. Lekin Maxaradze bitta va u hech qachon o'zgarmaydi. Oxirgi paytlarda qaysi chiziqqa qo'yishsa, o'sha erda o'ynab kelyapman.
- Bu yil qaerda o'ynaysiz?
- Ko'ramiz. Murabbiylar hal qiladi. Balki yana himoya markaziga qaytarman. To'g'ri, bir yil markaziy himoyachi bo'lib to'p tepmadim, lekin yana eslashga harakat qilaman.
- Demak, faqat darvozani qo'riqlamagansiz?
- Nega endi? Darvozada ham turganman. Filimonov qizil kartochka olib maydonni tark etganidan so'ng darvozani qo'riqlaganman. Filimonov ikkita gol o'tkazgandi, men esa nolga turganman. O'shanda “Dinamo”ga qarshi o'ynab 1:2 hisobida yutqazganmiz.
- Uch yil “Paxtakor”da, yana uch yil “Lokomotiv”da o'ynab chempion bo'ldingiz. Bundan chiqdi chempion bo'ladigan klublarda o'ynaysiz.
- Balki bu yil yana chempion bo'larmiz. Bunda hech qanaqa muammo ko'rmayapman.
- O'tgan yil “Paxtakor” chempionlikni nishonladi va ikkinchi o'rindagi “Loko”ni 20 ochkoga ortda qoldirdi. Bu yil ham muxlislar “Paxtakor”ning chempion bo'lishiga shubha qilishmayapti.
- Endi muxlislarning fikri turlicha bo'ladi. CHempionlik esa og'izda emas, maydonda hal etiladi. SHundan kelib chiqib Superliga boshlansin, ko'ramiz o'yinlar qanday kechishini. Biz o'z ishimizni bajarishimiz kerak, shundan so'ng hammasi oydinlashib boradi. CHempion kim bo'lishini noyabrda bilib olamiz.
- O'tgan yil “So'g'diyona”dagi mavsum qanday o'tdi?
- Juda yaxshi. Biz to'rtinchi o'rinni egalladik va buni hech kim kutmagandi. U erda ham yaxshi futbolchilar bilan o'ynadim, ajoyib murabbiylar shtabi hamda kuchli rahbariyat bilan ishladim. Mana shu intervyudan foydalanib jizzaxlik muxlislarga alohida rahmat aytib qo'ymoqchiman.
- “So'g'diyona” bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoev haqida fikringiz?
- Yaxshi inson va kuchli murabbiy deb bilaman. Baqoev futbolchilar bilan qanday gaplashish kerakligini biladi, paytida o'zi ham mohir hujumchi bo'lgan va ko'p jamoalarda o'ynagan. Men u bilan iliq munosabatlarni saqlab qolganman.
- Baqoev “Buxoro”da ishlagan payti juda hissiyotga beriluvchan edi. “So'g'diyona”da ham shundaymi?
- U har doim bir xil. Doim yutishni xohlaydi, jamoa uchun har kuni qayg'uradi. Lekin futbolda har doim yutishning iloji yo'q, xato va kamchiliklar bo'lib turadi. Ulug'bek Istamovich buni juda yaxshi tushunadi.
- Yurtimizdagi 11 yil ichida eng omadsiz mavsum deb 2010 yilni aytsa bo'ladi. CHunki shu yili “Lokomotiv” birinchi ligaga tushib ketgandi. Eng omadli mavsum sifatida qaysini ko'rsata olasiz?
- 2014-2018 yillar oralig'idagi barcha mavsumlarni bir xil omadli degan bo'lardim. Hech birini alohida ajratib ko'rsata olmayman. “Paxtakor”dagi chempionlik ham, “Lokomotiv”dagi chempionlik ham nihoyatda yoqimli bo'lgan.
- Faqat Osiyo chempionlar ligasida biroz omad kelmagan.
- 2016 yil xalqaro maydonda yaxshi harakat qilgandik. “Loko” guruhdan chiqib hatto chorak finalgacha borganmiz. Ammo BAAning “Al Ayn” klubiga qarshi bahsda yutqazib qo'ygandik.
- Eng kuchli “Lokomotiv” 2016 yilgi tarkib edi deb ayta olasizmi?
- Ha. Tarkib jihatdan haqiqatan kuchli edik. Juda kuchli futbolchilar o'ynardi. Lekin 2017-2018 yillarda “temiryo'lchilar” o'yin jihatdan to'liq shakllanib jamoani hech kim to'xtata olmay qoldi. O'z o'yin uslubimiz bor edi, futbolchilar bir-birini ko'zini yumib ham tushunardi.
- “Loko”da o'tgan yil ham qolishingiz mumkinmidi?
- Menimcha, qola olmasdim. Bazi ishlar ro'y berdi va ketishim kerakligini sezdim. O'rtaga kimlardir tushdi, qandaydir gaplar bo'ldi.
- Eslay olasizmi, siz chempionatda gol urmagan mavsum bo'lganmi?
- Yo'q, bo'lmagan. Men har yili gol urganman.
- Statistika bo'lgan deyapti. 2010 yil oliy ligada umuman to'p kiritmagansiz.
- (Biroz o'ylanib) Nahotki? Bo'lishi mumkin... Men esa har yili gol urganman deb o'ylar ekanman.
- Gruziyaning Batumi shahrida tug'ilib o'sgansiz. SHahar haqida gapirib bersangiz.
- Batumi poytaxt Tbilisidan 300 km. uzoqda joylashgan. Kurort shahar hisoblanadi. Dengiz bor. SHahar Turkiya chegarasida. Turkiyada Antaliya bo'lsa, bizda Batumi bor.
- SHaharda futbolni yoqtirishadimi?
- Albatta. “Dinamo” Batumi chempionatda ikkinchi o'rinni egalladi va Evropa Ligasi saralash bosqichida o'ynaydi. Hozir klub yangi stadion quryapti. Menga bu jamoadan taklif tushgandi, lekin O'zbekistonda qolishni maqul ko'rdim.
- Hozir Gruziyada futbol darajasi qanday?
- Futbol yildan yilga o'syapti deb o'ylayman. Terma jamoa shakllanib boryapti. Millatlar Ligasida yaxshi ishtirok etdik. Nasib qilsa biz ham Evropa chempionatiga chiqamiz.
- Tbilisi va Toshkent. Qaerni yaxshiroq bilasiz?
- Toshkentni, albatta. Tbilisida ham ko'p joylarni bilaman. Lekin bazan adashib qolishim mumkin. Toshkentni esa yodlab olganman. Kelganimdan beri poytaxtda yashayapman va shaharni o'rganish uchun etarli vaqt bo'ldi.
(davomini kuting...)
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Fikrlar