Karlo Anchelotti: Ehtimol, Italiyaga qaytarman, ammo terma jamoaga emas
01 okt 2016 05:32
Yangiliklar
Karlo Anchelotti: Ehtimol, Italiyaga qaytarman, ammo terma jamoaga emas
U jumladan, Marca nashri muxbirlari bilan suhbat chog'i aynan galaktikos bosh murabbiyi sifatidagi ishi yuzasidan atroflicha gapirib berdi. SHuning barobarida faoliyatidagi yangi chorlov mohiyatiga ham to'xtaldi.
- Nihoyat, yana murabbiylik o'rindig'iga qaytdingiz. Faoliyatingiz davomidagi ilk tanaffusdan so'ng ish maromiga qayta tushish murakkablik tug'dirmadimi?
- Yo'q, chunki futbolni chinakamiga yaxshi ko'raman. Mana, murabbiylik ishini juda kuchli jamoada qayta yo'lga soldim. Xullas, g'oyat baxtiyorman. Umuman, bir yillik tatil faqat foydamga ishladi - Kanadada vaqtni maroqli o'tkazdim.
- Xo'sh, nega aynan shu vaqtda tanaffus olishga qaror qildingiz?
- CHunki 20 yillik uzluksiz ishdan so'ng hordiq chiqarishga ehtiyoj sezgandim. Qolaversa, operaciya stoliga yotdim va bu jarayondan keyin menga 2 oycha xotirjamlik zarur bo'ldi. Ha, faoliyatimni Milanda davom ettirishim mumkin edi, biroq o'sha payt qaytishga to'liq tayyor emasdim.
- Biroq Realdan ketmaganingizda, tatil ham bo'lmasdi, shundaymi?
- Bu o'z-o'zidan tushunarli. Lekin Realdagi ishim yakunlandi va tatilni ortiq ortga surib bo'lmasdi.
- Madrid chindan ham, boshqa klublardan keskin farqlanadimi?
- Faqat bir gapni takidlashim mumkin: o'zini hurmat qiluvchi har qanday murabbiy faoliyati davomida Realni boshqarishga urinib ko'rishi kerak. Gap jahondagi eng buyuk klub haqida ketyapti. Madridda sen noyob va deyarli bebaho tajriba orttirasan. Bunaqasi boshqa hech bir jamoada yo'q. Butun er yuzida Realni ko'rishga ishqmandlar ko'p. Jamoani har joyda ulkan olomon qarshi oladi. Mehmonxonalarda, aeroportlarda... Qaytaraman, bu noyob tajribaki, uni amalda sinab ko'rish kerak. Ha-ya, Madriddan istefoga chiqish ham xuddi shunday (kuladi).
- Ochig'i, ko'pchilik Ispaniya poytaxtida 2 yildan ko'proq ishlashingizni kutgandi...
- SHartnomaga imzo chekkan kuniyoq vaqti kelib, hammasi intiho topishini yaxshi bilganman. Tan olishim kerak, Realdagi davr o'ta qizg'in va bosimga boy bo'ldi. Lekin bu 2 yilga ajoyib sifatini qo'llashim joiz.
- Xo'sh, Real va boshqa klublar o'rtasida qanday tafovut borligini payqadingiz?
- Tarix, ananalar, fanatlar... Takror aytaman, butun dunyo Realga oshufta.
- Nima, Qirollik klubida bo'lgan har bir kishi uning muxlisiga aylanadimi?
- Albatta. SHaxsan men ham madridchiman. Klubga shu qadar qattiq bog'langanmanki, buni Milan, PSJ yoki CHelsiga nisbatan muhabbatimga qiyoslash mumkin.
- Madridlik fanatlarga ayniqsa, o'z ofisingizda saqlanayotgan desima (ECHK|ECHLdagi 10-g'alaba) lahzalari aks ettirilgan surat yoqadi.
- U o'zimga ham maqul. Zero, desima - faoliyatimdagi eng yorqin lahzalardan biri. Uni CHLda Milan bilan nishonlagan birinchi g'alabamga tenglashtirish mumkin. Demoqchimanki, har ikkisi men uchun birdek qadrli. Axir kubokni yutish yo'lida yaxshigina ter to'kishimizga to'g'ri kelgan.
- Futbolchilar uchun ham murabbiy, ham do'st bo'lishni qanday uddalayapsiz?
- Eng asosiysi - o'zaro hurmat. Doimo shogirdlarimga hurmat ko'zi bilan qarayman, ular bunga javoban nafaqat men, balki yordamchilarimga nisbatan ham xuddi shunday munosabatda bo'lishadi. Futbolchilar bilan do'stona aloqa o'rnatishning yomon tomoni yo'q. Lekin chinakam do'stlik keyinroq - ularga ustozlik qilishni to'xtatganingdan so'ng boshlanadi. SHu manoda aytsam, hozirda Krishtianu Ronaldu va boshqalar bilan do'stman. Umuman, o'sha payt Realda to'plangan barcha yigitlarga qattiq bog'lanib qolgandim. Ular bilan ishlash jonu-dilim edi.
- Omad shabadasi sizga desimani olib kelgandi, biroq Real boshqaruvidagi ikkinchi mavsumda aynan shu narsa etishmasligidan jabr tortdingiz...
- Ha, biroq o'ta muhim ijrochi - di Mariyaning jamoamizdan ketganini ham unutmaslik kerak. To'g'ri, safimizga qo'shilgan yangi futbolchilar - Kroos va Xames Rodriges o'zlarini yaxshi tomondan ko'rsatishdi. Umuman, o'sha mavsum ajoyib o'tayotgandi. Biroq oxirida bizni jarohatlar qiynab qo'ydi. Deylik, Atletikoga qarshi kechgan muhim bahsda 5 nafar asosiy futbolchimizdan foydalanolmadik. SHunga qaramay, oxirigacha mardona kurashdik, biroq har bir klub murabbiy ishini mustaqil baholash huquqiga ega. Xullas, Madrid rahbariyati o'zgarish qilishni lozim topdi. Aytishim joiz, o'sha istefo klubga nisbatan yaxshi munosabatimni o'zgartirmaydi. PSJ bilan xayrlashuvim esa sal boshqacha chiqqandi - Parijdan o'zim ketishni istagandim.
- O'zi bitta joyda qancha ish yuritish maqul, sizningcha?
- Unchalik uzoq emas. O'ylashimcha, 2 yil - ideal muddat. Ha, Realda ko'proq ushlanib qolishni istaganim rost. Biroq katta klublarda to'xtamay sovrin yutishing talab qilinadi. Afsuski, buning iloji yo'q. Ulkan bosimni his qilishing esa ayni muddao. SHaxsan men bosimni xush ko'raman. Aytgancha, mudom futbolchilar bilan aloqadaman, ularni o'yinlarga munosib tayyorlashim shart. Bunday tig'izlik bosimni o'ylashga imkon qoldirmaydi. Ikkinchi tomondan, agar malum darajada bosim bo'lmasa, zerikib ham qolasan.
- Bavariya qanday ekan?
- Boy tarixga ega buyuk klub. Yaxshi shakllangan, przidenti ham zo'r. Uning o'zi vaqtida futbolchi bo'lgan. Tarkibda esa bir-birlarini yaxshi biladigan saviyali futbolchilar bor - Noyer, Lam, Myuller...
- Gvardiola qoldirgan meros haqida nima deya olasiz?
- Jamoa to'pni nazorat qilish va himoyadan hujumga o'tish bobida juda kuchli. Muhimi, o'ta shiddatli hujum uyushtiradi. Bavariya boshqaruvini qo'lga olganimdayoq inqilob yasamasligimni aytgandim. CHunki bunga hojat yo'q. Xullas, jamoa shu turishida ham raqobatbardosh va endi CHLda ham yaxshiroq natija ko'rsatishga urinishimiz shart.
- Bu turnirda sizni qanday natija qoniqtiradi?
- Tabiiyki, faqat g'alaba. Bavariya oxirgi 3 mavsumda 3 marta yarim finalga chiqdi. Muhimi, hal qiluvchi vaqtlarda jarohatlar pand bermasa, bas. Biroq bu masalaga tasir o'tkazishning iloji yo'q.
- Qaysi klublarni CHL favoritlari sifatida tilga olasiz?
- /alaba qozonishga qodir 7ta jamoa bor: Ispaniyadan 3ta, shuningdek, Yuventus, Manchester Siti, PSJ va Bavariya.
- Ispaniya chempionatida-chi?
- Real - favorit. Bu jamoa har doim chempionlikni ko'zlaydi. Biroq 4 yildan buyon La- ligada maqsadiga erishmayapti. Bu holat jamoa ishtiyoqini oshiradi. Real transferlar bozorida faollik ko'rsatmadi? Qarang, Morata qaytdi, yana Asensio misolida qiziqarli to'ldirish bor. Madridliklarga milliy chempionatda boshqa omadsizlikka uchramaslikni tilayman, CHLda esa ozgina chetga chiqishni, shunda Bavariyada kubokni yutish imkoniyati nisbatan oshardi (kuladi).
- Ronaldu uchun qandaydir chek-chegara bormi?
- Menimcha, Krishtianu joriy mavsum ham odatiy tarzda ko'p gol uradi. Hattoki, jarohat ham unga xalaqit berolmaydi - tayyorgarligi zo'r, baribir. SHunday ekan, chegara bilmaydi, chunki mashg'ulotlarda qalban ishlaydi va tiklanish jarayoniga ham o'ta masuliyat bilan yondashadi. Ha, Ronaldu goho charchagandek ko'rinadi. Lekin tiklanish xuddi mashg'ulotlar kabi o'ta muhimligini teran tushunadi. Oddiy aytganda, zamonaviy futbol talabi darajasida muhim bilimga ega. Ramos bir safar mashg'ulotlardan so'ng shunday degandi: Ispaniyadagi tushunchaga ko'ra, haddan ortiq suv o'simlikka zarar. Demoqchimanki, mashg'ulotlarda futbolchilarga yuklama berishda ehtiyotkor bo'lish kerak. Hozirda jamoalar mavsum davomida chamasi 60tadan o'yin o'tkazishyapti, bu oldingidan 2 baravar ko'p. Demak, barchasini hisobga olib, meyorni unutmaslik lozim.
- Messi yoki Ronaldu? Siz doimo qo'l ostingizda shug'ullangan Krishtianuni birinchi o'ringa qo'yib kelgansiz.
- Do'stlar, Messi bilan ishlab ko'rgan emasman. Umuman, bu savolga javob berish - mantiqsizlik. Bir yil Ronaldu yaxshiroq o'ynasa, ikkinchisida Messi kuchliroq tuyuladi. Muhimi, o'rtadagi raqobat har ikkisiga yordam beryapti. Umuman, gap qoyilmaqom imidjga ega ikki buyuk futbolchi haqida ketyapti. Boshqa futbolchilar ham maydonda shunday zo'r o'ynashlari mumkindir, biroq bunchalik yorqin obrazga ega ekanliklari bilan maqtanolmaydilar.
- Yana o'z faoliyatingizga qaytamiz: ish joyi sifatida nega aynan Germaniyani tanladingiz?
- Bungacha Italiya, Angliya, Franciya va Ispaniyada ishlagandim va doira to'liq bo'lishini istadim. SHu bois, Germaniyadaman. Xo'sh, Italiyaga qaytamanmi? Ehtimol. Biroq faqat klublardan birini qo'lga olishim mumkin, terma jamoadagi ish - men uchun emas. CHunonchi, har kuni qizg'in ish jarayoni bilan band bo'lishni yoqtiraman.
- Realga qaytishingiz ham mumkinmi?
- Nega Yo'q, deyishim kerak? Bunday variantni rad etishimga hech qanday sabab yo'q. Qaytaraman, u erda bebaho tajriba to'pladim. O'z o'rnida, Realda ishlash imkoniyatini taqdim etgani uchun klub rahbariyatiga minnatdorchilik bildirishim joiz.
H. MASAIDOV tayyorladi
Fikrlar