"Kalchopoli" - asr firibgarligi. "Inter" prezidenti "Yuventus"ni B Seriyaga tushirib yuborgani haqida
02 okt 2020 19:06
Yangiliklar
"Kalchopoli" - asr firibgarligi. "Inter" prezidenti "Yuventus"ni B Seriyaga tushirib yuborgani haqida
Quyida "ForzeJuve" blogi asosida tayyorlangan maqola bilan tanishishingiz mumkin.
2006 yilda policiya tomonidan ochilgan Italiya futbolidagi korrupciya mojarosi sport jamoatchiligiga berilgan tarixdagi eng katta zarbalardan biridir.
Qurbonlar orasida "Yuventus", "Milan", "Fiorentina" va "Lacio" singari klublar ham bor edi. Tergov natijasida turli xil jazolar belgilandi: "Yuventus"ning chempionligi bekor qilindi va quyi divizionga tushirib yuborildi, "Milan" va "Fiorentina" malum miqdorda ochkolardan mahrum qilindi, "binafsharanglilar" CHempionlar Ligasidan chetlashtirildi.
Bu janjal "keksa sinora"ga boshqalarga qaraganda ko'proq zarar keltirdi. B Seriyaga ravona bo'lishdan tashqari, klub CHemponlar Ligasining 2006/2007 yilgi mavsumida qatnashish huquqidan mahrum qilindi va so'nggi 2 yilgi mamlakat chempionligi Milanning "Inter"iga olib berildi. SHu paytdan 2 tomon muxlislari orasidagi o'zaro nafrat tarixi boshlandi. "Neradzurrilar" "Yuve"ning hakamlar bilan ishini eslatishdan charchamasa, turinliklar o'z navbatida "Inter"ga "hadya qilingan" 2 ta Skudettoni karton qog'ozi bilan taqqoslashadi.
"Inter"ning o'sha paytdagi prezidenti Massimo Moratti "Yuventus" direktori Luchano Modjining barcha muzokaralarini OAVga sizdirib, kuchli firibgarlikni to'xtatishga muvaffaq bo'ldi go'yo. U asosiy raqiblardan birini yo'ldan chiqardi va Apenninda "qora-ko'klar"ning hukmronligini o'rnatdi. Bugun hech kimga sir emaski, aynan "Inter" rahbari futbol tarixidagi eng katta janjallardan birini qo'zg'ab, oxir-oqibat o'zi suvdan butunlay quruq chiqishni uddalagan.
"Inter" rahbari jamoani uzoq vaqt davomida saqlab qolish uchun katta millionlarni sarfladi, ammo sovrinlar masalasidagi "qurg'oqchilik" uni taqib qila boshladi. Agar "Kalchopoli" mojarolaridagi asosiy aybdorni topmoqchi bo'lsangiz, kim undan ko'proq foyda ko'rganiga etibor qiling. "Telecom Italia" kompaniyasi, Italiya futbol federaciyasi (FIGC) va "La Gazzetta dello Sport" bilan ajoyib aloqalar janjaldan bir necha yil o'tgach barchani bir xil fikrga olib keldi — Moratti betakror firibgarlikni amalga oshirgan.
Hammasi mamlakatdagi eng mashhur kundalik nashrlardan biri — "La Gazzetta dello Sport"da Luchano Modjining telefon suhbatlari nashr qilinishi bilan boshlandi. (Malumot uchun, ushbu nashr boshqa klublarning fanatlari tomonidan hazil tariqasida "La Gazzetta dello Inter", deb ataladi) Bugungi kunda bu harakat noqonuniy hisoblanadi va nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan josuslik sifatida qabul qilinadi. Ammo o'shanda birinchi bo'lib shov-shuv ko'targan nashr Karlo Buora tegishli edi. Tasofdifni qarangki, aynan shu kishi 2004 yilda "Inter" vice-prezidenti lavozimida ham ko'rinish bergan.
Modjining boshqa raqib klublar rasmiylari bilan suhbatlarining yozuvlari aslida "Kalchopoli"dan 2 yil oldin yozilgan, ammo ularni Turin, Rim va Neapol sudlariga yuborish Morattiga kerakli effektni bermagan. Hokimiyat vakillari dalillar bazasi juda zaif deb hisoblab, bunga ahamiyat berishmagan.
Bu Massimo Morattining "A" rejasi edi. Muvaffaqiyatsizlikdan keyin boshqa yo'l tanlandi — matbuotda katta shov-shuv ko'tarish. SHunchaki emas, omma etiborsiz qoldirolmaydigan darajada. "La Gazzetta dello Sport"dagi maqola OAVning g'azabini qo'zg'adi. Reja ish berdi. Federaciya tekshiruv boshlashga majbur bo'ldi, "Lega Calcio" rahbari Adriano Galliani istefoga chiqdi, chunki u bir paytning o'zida "Milan"da ham faoliyat yuritar va manfaatlar qarama-qarshiligi yuzaga kelishi aniq edi.
Gvido Rossi ("Inter" muxlisi sifatida tanilgan) favqulodda tergov komissiyasining raisi etib tayinlandi va uning birinchi qilgan ishi Massimo Morattining o'zini komissiyaga olib kelish bo'ldi. Rossi "Yuventus"ning quyi divizionga tushirib yuborilishi bilan bog'liq mojarolar yakunlangach Modji va boshqalarning suhbatlarini yozib olgan "Telecom Italia" kompaniyasi prezidenti sifatida ish boshladi. Telekommunikaciyaga ixtisoslashgan kompaniya direktorlar kengashining yana bir azosi — Karlo Buora. Uning kimligini takrorlashning hojati bo'lmasa kerak.
Qiziqarli aloqalar shu bilan yakunlanmaydi. Marko Tronketti "Inter"ning Morattidan keyingi yirik akcioneriga aylangan. SHuningdek, u "Telecom Italia" va "neradzurri"lar bilan homiylik shartnomalariga egalik qiluvchi "Pirelli" kompaniyasining rahbari bo'lgan. Oddiy qilib aytganda, "Telecom Italia", "La Gazzetta dello Sport" va "Inter" bir tomonga tegishli bo'lgan hamda mazkur konsorcium sud jarayonida hal qiluvchi rol o'ynagan.
Mamlakat bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Silvio Berluskonining tasiri "Milan"ni B Seriyaga tushib ketish va ECHLdan chetda qolish xavfidan asrab qoldi. "Yuventus" tomoni esa deyarli harakatsiz edi. Garchi o'sha yilgi turnirga aloqasi bo'lmasa-da, 2005/2006 yilgi Skudetto "Inter"ga olib berildi. CHunki telefon suhbatlarini yozib olish 2 yil oldin boshlangan edi. Lekin nima uchun "byankonerilar" yuridik vositalarni to'liq ishga solishmadi?
Bu qarorning turlicha sabablari bo'lishi mumkin, ammo moliyaviy bandlar asosiylir. Anellilar oilasiga tegishli FIAT kompaniyasining o'sha paytda TIM ("Telecom Italia") bilan jiddiy homiylik shartnomalari bo'lgan, "Yuve" tomoni kelishuvlarning buzilishini istamagan. Yana bir sabab — TIM va liganing o'zaro shartnomasi. Bundan tashqari, "Yuventus"ning apellyaciyasi Italiyada futbolni nomalum muddatga to'xtatib qo'yishi mumkin edi va FIFAdan kelayotgan ogohlantirishlar ham voqealar rivojining boshqacha ko'rinish olishiga imkon bermaydi. Boisi shundaki, Italiya terma jamoasiga xalqaro musobaqalardagi ishtirokini taqiqlab qo'yish bilan tahdid qilingan.
"Kalchopoli" merosi butun italyan futboli uchun og'ir yuk bo'lgani keyinchalik isbotini topdi. "Inter"ning ustunligi va raqobatning yo'qligi klub inqirozini tezlashtirdi. Bu esa butun Apennin futboliga jiddiy tasir qildi. "Neradzurri"larning sobiq hujumchisi Kristian Veri 2009 yilda "Inter"ning fitnasiga oydinlik kiritilishiga yordam berib, butun voqealarga Massimo Morattining aloqadorligi to'g'risida aytdi. Verining so'zlariga ko'ra, jamoa rahbariyati va futbolchilar o'rtasida ichki sirlarni ommaga oshkor qilmaslik to'g'risida hujjat imzolangan.
"Men odamlarga voqeaga aloqador barcha hujjatlarni ko'rsatishim mumkin, shundagina odamlar aslida nima bo'lgani to'g'risida haqiqatni bilib olishadi. O'zim bilmagan holda xato qilganman. Men "Inter" uchun o'ynaganimda maoshimning 70 foizi klub fondi, qolgan 30 foizi "Telecom Italia" fondi tomonidan reklama to'lovlari sifatida to'langan. Bu davlat xazinasiga to'lanadigan soliq miqdorini kamaytirish uchun qilingan hiyla edi. Men "Yuventus" va "Milan" uchun afsusdaman. O'shanda "Inter"ga yaxshilik qilyapman, deb o'ynaganman".
"Kalchopoli" voqealariga munosabat turlicha. Bazilar Massimo Moratti asrning eng katta firibgarligini amalga oshirgani va klubning ulkan yutug'iga aylangani uchun uni qadrlashadi. Qolganlar esa axloq tamoyillariga asoslanib sodir bo'lgan hodisalarni to'liq qoralashadi. Nima ham derdik, barcha fiklar yashash huquqiga ega. Sirli va murakkab tergov jarayoni haqidagi tortishuvlar, muhokamalar hali uzoq yashaydi hamda keyingi "Derbi di Italiya"ni keskinroq ruhda o'tishini taminlayveradi.
Afsuski, bunday harakatlar nafaqat futbolda, balki katta pullar jalb qilingan boshqa sohalarda ham doimiy uchrab turadi. O'zingizni asrang, qadrli o'quvchi! Zero, hayotda barchasi bizga ko'ringanidek emas.
Fikrlar