Jermeyn Defo bilan intervyu
09 sen 2016 01:05
Yangiliklar
Jermeyn Defo bilan intervyu
– Yangilangan “Sanderlend”da ishlar qalay?
– Yomon emas. Bizda yangi murabbiy bor va bazi narsalar o'zgarmoqda. Ish uslubi, o'yin, mashg'ulotlar boshqacha. Bunda biror yomon jihat yo'q. Mashg'ulotlarda to'p bilan ko'proq ishlayapmiz. Bu menga hozircha juda yoqmoqda.
– Murabbiy qanday taassurot qoldiryapti?
– Juda yaxshi. Sem menga Moyes juda yaxshi mutaxassis ekanini aytgandi. Uning ishlagan joylari hammasini aytib turibdi. “Everton”da ishlaganda unga qarshi juda qiyin o'yin o'tkazardik. Ular himoyada tartibli o'ynab, oldinga tez-tez borib, jarima maydoniga to'p oshirishardi. Albatta, u “MYU”dagi faoliyati boshqacha kechishini istagan bo'lardi. Moyesning Ispaniyada ishlagani darhol ko'zga tashlanmoqda. U erda mashg'ulotlarda to'p bilan ko'proq ishlashadi – biz ham shunga etibor beryapmiz. Mashqlar keskinroq tus oldi. Yigitlar bundan xursand. “Siti” bilan o'yindayoq yangiliklar borligi ko'zga ko'rindi. Har kuni yaxshiroq bo'lib borishimizni murabbiy istamoqda. To'pni xotirjam nazorat qilib, raqibni ko'proq yugurishga majbur qilish va golli vaziyatlarni yuzaga keltirish lozim. Lekin ishonchli va tartibli o'ynash ham kerak.
– Futbol uchun yoshingiz ancha katta, lekin hozircha bu sezilmayapti.
– Yosh o'tishi bilan boshqacha o'ynay boshlashing haqida hamma gapiradi. Gari Nevill bir safar yosh o'tishi bilan o'yinchi orqaroq o'ynashini aytgandi: Rayan Giggz engil va tez qanot futbolchisi edi, yarim himoyada tugatdi; Pol Skoulz, hujumchi va hujumkor yarim himoyachi bo'lgani holda o'ynashni markaziy himoyachilardan sal yuqoriroq hududda yakunladi. Lekin barchasi o'zingni qanday his etishingga bog'liq. Mavsumga tayyorgarlik faol kechdi va yaxshi holatdaman. Mavsum boshlangan paytda qila oladigan narsalarni uddalamasang yomon. Bo'sh hududga yugurish, himoyachilarni chalg'itish va ularga muammo yaratish – mening o'yinim. Hujumchi aqlli bo'lishi darkor. Premer-ligada etiborni butun o'yin mobaynida saqlab turish muhim, chunki golli vaziyat birinchi bo'lim boshida yoki oxirgi hushtak chalinishiga oz qolganda yuzaga kelishi ham mumkin. Imkoniyatingni kutib, gol ursa bo'ladigan vaziyatlarda hududga yorib kirish shart.
– APLga qaytishda bu sifatlarni MLSda yo'qotib qo'yganingizdan cho'chimadingizmi?
– Yo'q, umuman. SHunday hisoblayman: agar gol urishingga ishonsang, tushasan va urasan. Premer-ligani sog'indim, shu sababli qaytishga qaror qildim. Bosim, muhim o'yinlar, ishqibozlar – men aniq to'g'ri tanlovni amalga oshirdim.
– “Nyukasl” darvozasiga gol urib, muxlislar qalbidan joy oldingiz. Derbilarda ishlaringiz yaxshi kechmoqda.
– Ha, hamisha muhim o'yinlarda ishtirok etish va g'alabaga hissamni qo'shishga intilganman. Jamoam uchun gol muhim bo'lgandi – yakunda futbolda aynan gollar tufayli g'alaba qozoniladi. O'yinlarda hushyorlikni saqlayman, mashg'ulotlarda astoydil ter to'kaman va har doim g'alabaga ishonaman. Hujumchi gol urishga shaylanishi kerak. Og'ir mehnat albatta taqdirlanadi.
– Derbida qo'shimcha ishtiyoqqa ega bo'ldingizmi?
– 100 foiz. Bu xuddi Kubok finalidek. Erta tongdan shaharda o'zgacha muhit ko'zga tashlandi.
– Sem Allardays o'yiningizga qanday yangiliklar berdi?
– U tufayli yana qanday o'ynayotganimdan rohatlanishga tushdim. Avvalgi murabbiy ham meni maydonga tushirardi, ammo unda uslub boshqacha edi. Joyimda o'ynamadim – goh o'ngda, goh chap qanotda harakat qildim. Bazida gollar urdim, ammo ko'pincha jarima maydonidan tashqarida mehnat qildim. Buni avval umuman amalga oshirmagandim. Bu menga yoqmadi – deyarli golli vaziyatlarga ega bo'lmadim. Sem kelganda oldinda o'ynab, gol urishim zarurligini aytdi. U men bilan birga ishlagan eng yaxshi murabbiylardan biridir. Sem hech narsani qiyinlashtirmaydi – o'zingni ko'rsatishga imkon beradi. Muhimi – o'tkazib yubormaslik. U darvozani quruq saqlab, gol o'tkazib yubormasligimiz kerakligini aytganda xotirjam bo'lgandim. CHunki vaziyat bo'lsa, men gol urishimni takidlagandi. U doim shunday gapirgan va men Semga ishonganman.
– Angliya terma jamoasi libosini yana kiyishga umid qilyapsizmi?
– Albatta. Futbolni, mashq qilishni sevaman. “Sanderlend” libosini har hafta yakunida kiyganimda terim jimirlab ketadi – xuddi ilk bor “Vest Xem” safida maydonga tushganim singari. Angliya terma jamoasi libosini kiyganimda qanday holat kechishini tasavvur qilavering. Buni so'zlar bilan tasvirlab bo'lmaydi. Bunday holat yoshligimda, murabbiy meni 21 yoshlilar jamoasidan asosiy jamoaga o'tkazganini aytganda bo'lgandi. Imkon qadar ko'proq gollar urishga urinaman, shunda yana chaqiruv olaman. Va Er yuzidagi eng baxtli insonga aylanaman.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar