Javlon Mirabdullaev: “Rasmiy o'yinda maydonga tushganimga ham bir yil bo'ldi”
03 iyu 2018 07:11
Yangiliklar
Javlon Mirabdullaev: “Rasmiy o'yinda maydonga tushganimga ham bir yil bo'ldi”
Biz uchrashuv yakunlanganidan keyin, jiddiy jarohatdan so'ng hamon tiklanishni davom ettirayotgan bekobodliklar himoyachisi Javlon Mirabdullaevning fikrlari bilan qiziqdik.
- Javlon, «Lokomotiv» ustidan qozonilgan g'alabaning asosiy omili nimada?
- Ketma-ket ikki mag'lubiyatdan keyin muxlislarni xushnud qilishimiz shart edi. Buni to'g'ri anglab etgan jamoadoshlarim ikkinchi bo'limdagi faol o'yin evaziga juda ham muhim g'alabani qo'lga kiritishdi. Besh daqiqa oralig'ida chempion jamoa darvozasini ishg'ol qilishdi.
- Bundan avvalgi o'z maydoninglarda o'tkazilgan uchrashuvda AGMKga yutqazib qo'ygandinglar. Jamoa o'sha kuni mag'lubiyatga loyiqmidi?
- Olmaliqlik futbolchilarga qarshi kechgan o'yinda yuzaga keltirilgan xavfli vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. G'alabaga bo'lgan ishtiyoq mehmonlarda kuchliroq bo'lib chiqdi.
- Joriy mavsum sizda qanday taassurot qoldirmokda?
- Ikki xil taassurot qoldirmoqda. Ijobiy tomoni, Superligamiz o'z nomiga munosib tarzda o'tmoqda. Qiziqarli, murosasiz, kutilmagan natijalarga boy uchrashuvlar keragidan ko'p bo'lyapti. Kuchli oltilikka kirish ilinjida bo'lgan jamoalar o'rtasida jiddiy kurash ketmoqda. Raqobat juda ham keskin.
Turnir jadvalidagi holat ham bunga ishora qilyapti. Yomon tomoni esa jarohatim sababli, jamoadoshlarimga yordam bera olmayapman. Jiddiy jarohatdan keyingi tiklanish jarayoni cho'zilib ketdi.
- «Metallurg» mavsumni biroz notekis o'tkazyapti. Buning sabablari nimada?
- Ochig'i, sababini o'zim ham tushunmayman. Juda g'alati. Kuchli jamoalarni mag'lub etib, ochko tortib olyapmiz. «Lokomotiv» bunga yaqqol misol. Turnir jadvalida o'zimizdan pastroqda joylashgan klublarga esa yutqazyapmiz. Bilmadim, bolalarda toliqish holatlari kuzatilyaptimi yoki buning boshqa sabablari bormi?
Balki, ayrim o'yinlarda raqib jamoa kuchiga to'g'ri baho bermaslik, mensimaslik bo'layotgandir. Umid qilamizki, endi hammasi joyiga tushib ketadi.
- Toliqish desak, hali chempionatning ekvatoriga ham kelmadik-ku!
- To'g'ri, lekin aniq bir fakt yo'q. Futbol shunday kutilmagan holatlari bilan ham qiziq.
- Andrey SHipilov va uning yordamchilari mashg'ulotlarda ko'proq nimalarga etibor qaratishyapti?
- To'g'risini aytsam, bu savolga javob bera olmayman. CHunki, jarohatdan hali to'liq forig' bo'lmadim va shu sababli ham mashg'ulotlarni o'rinbosarlar tarkibi bilan o'tkazyapman. Asosiy jamoa safiga qachondan qo'shilishimni aniq bilmayman.
Hozirgi holatda o'zimni asosiy tarkibda o'ynashga loyiq deb hisoblamayman. Bosh jamoada o'ynash uchun har tomonlama yuz foiz tayyor bo'lish kerak. Buni ochiq-oydin aytish kerak. SHu sababli ham men hozir Bekobodda o'rinbosarlar tarkibi bilan birgaman. Asosiy jamoa Qibrayda.
- Jarohat futbolning bir qismi hisoblanadi...
- Ha, nimasini aytasiz. Nasib qilsa, hammasi yaxshi bo'lib ketar. SHunga umid qilyapman va astoydil ishlashda davom etaman. Jarohat futbolchining eng katta dushmani hisoblanadi. Qachon jarohat olishingizni bilmaysiz. U kutilmaganda keladi. Kim ham o'ylabdi deysiz, final uchrashuvida Muhammad Salohning jarohat olib, jamoasini qiyin vaziyatda tashlab ketishini.
- Javlon, «Metallurg» bilan qancha muddatga shartnoma imzolagansiz?
- «Bunyodkor» bilan shartnomam tugaganligi sababli, Bekobodga ko'chib o'tgandim. «Metallurg» bilan bir yillik shartnoma imzolaganman. Jarohat sababli, yangi jamoam safiga kechroq qo'shildim. Uyda qolib muolajalarni davom ettirishimga to'g'ri keldi. Keyin Bekobodda alohida shug'ullana boshladim.
- Hozir jarohatingiz qay darajada? Maydonga qaytishga tayyormisiz?
- Afsuski, yo'q. Hali ozgina vaqt bor. Jismoniy tayyorgarligimni maromiga etkazib olishim kerak.
- Maydon tashqarisidan jamoangiz o'yinlarini kuzatish og'ir bo'layotgandir?
- Ha, gapirmang. Boshqa iloji yo'q. Sabr bilan kutyapman.
- Oxirgi marta qachon rasmiy o'yinda maydonga tushgandingiz?
- Agar o'rinbosarlar jamoasidagi o'yinimni hisobga olmasak, aytsam hayron bo'lasiz. So'nggi bor «Bunyodkor» safida maydonga tushganman. O'shanda OCHL doirasidagi uchrashuvda «Al-Ayn» klubi bilan o'ynagandik. SHunga ham bir yil bo'libdi. O'rinbosarlar tarkibida esa «Buxoro»ga qarshi kechgan o'yinda ishtirok etdim.
- «Metallurg»da yangi murabbiylar shtabi ishlayapti. Ular jamoa o'yiniga o'zgartirish kirita olishdimi?
- Ha, SHipilov aqlli murabbiy ekan. Jamoa tarkibi yoshartirildi. O'yinda yaqqol o'zgarish kuzatildi. Hali bu jamoaning eng yuqori potenciali emas. «Metallurg» bundan ham mazmunli va chiroyli o'yin namoyish eta oladi. Buni keyingi uchrashuvlarda isbotlaymiz.
Manaba. "Interfutbol" gazetasi
Fikrlar