So’nggi yangiliklar

03:07ЕЧЛ. Дембеле четлатилган ўйинда "Бавария" ПСЖ устидан ғалаба қозонди  11 03:05ЕЧЛ. "Барса" йирик ғалаба қайд этди. "Манчестер Сити" "Фейеноорд"га қарши 3:0 ҳисобидаги устунликни сақлаб қола олмади  8 02:03Левандовски ЕЧЛдаги 100-голини урди. Фақат Роналду ва Мессида бундан кўпроқ  6 01:31Элит ОЧЛ. "Ал Садд" билан дуранг ўйнаган "Ал Ҳилол" плей-офф йўлланмасини нақд қилди. "Ал Насср" ҳам кейинги босқични кафолатлади  5 00:50ЕЧЛ. "Милан" ва "Атлетико" ўз учрашувларида ғалаба қозонишди  1 00:35ЦСКА "Рубин"ни йирик ҳисобда мағлуб қилиб, Россия кубоги ярим финалига йўл олди. Файзуллаевдан гол!  14 23:45Жуд Беллингем: "Олтин тўп" "Реал Мадрид"га келиши керак эди"  6 23:05Расман: Хавьер Маскерано "Интер Майами" бош мураббийига айланди  15 22:19Cуперлиганинг охирги турида учта ўйинда ВАР ишлайди. Қолган учрашувларга қўшимча ёрдамчи ҳакам бириктирилади  7 21:25ПСЖ нега айнан Ҳусановга қизиқиб қолди? Foot Mercato нашри Абдуқодирга Париж клубидан бўлган қизиқиш тафсилотларини маълум қилди  16 20:29Рўзиқул Бердиев: "Рақиб маҳоратли ўйинчиларга эга жамоа, аммо биз кўпроқ ўз ўйинимизга эътибор беришимиз зарур"  10 19:45Небойша Йовович: "Муҳими ўйинга бўлган тайёргарлик ва ғалабага бўлган ишонч"  3 18:57Нкунку "Челси"дан Бундеслигага қайтиши мумкин  0 18:33Жоржиньо ёзда "Арсенал"дан кетади  0 18:11"Футбол олами". Суперлигада қолиш учун кураш авжида ёхуд 25-турдаги барча воқеалар ҳақида   0

Javlon Guseynov: “Andijon”da o'ynab o'sishga erishdim” Yangiliklar

Javlon Guseynov: “Andijon”da o'ynab o'sishga erishdim”

Mavsum avvalida “Andijon” jamoasiga kelib qo'shilgan Javlon Guseynov joriy yil barqarorlikka erishdi va oliy ligada o'ynab keta oldi.

SHu bilan birga u “burgutlar”ning asosiy o'yinchilaridan biriga aylana oldi. Himoyadagi ishonchli o'yinlari natijasida Javlon mahalliy muxlislarning suyuklisiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa ikkinchi davrada 24 yoshli futbolchi jamoasining haqiqiy etakchilaridan biri bo'lmoqda deyish mumkin. Andijonliklar ketma-ket uchta o'yinda g'alaba nashidasini surgandan so'ng elitada qolishi deyarli aniq bo'lib ulgurdi. “Neftchi” bilan bahsdan so'ng Javlon bilan suhbatlashishni rejalashtirgandik. Nihoyat kuni-kecha futbolchi bilan uchrashdik va o'zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

- Javlon, avvalo suhbatimizni “Neftchi” bilan kechgan o'yin haqida boshlasak. Axir bu tarixiy g'alaba bo'ldi?
- Bu kabi derbi o'yinlari doimo keskin va murosasiz tarzda kechadi. O'zingiz ham shu kuni ko'rdingiz, har ikki jamoaga ham qiyin bo'ldi. Raqib jamoa haqida tasavvurga ega edik. Va oldindan bilardikki, oson bo'lmasligini. Xudoga shukur muxlislarimiz va rahbariyat oldida yuzimiz yorug' bo'ldi.  

- “Neftchi” bungacha 3-o'rin ham kurashga kirishayotgandi. “Andijon” esa oliy ligada qolish uchun. SHu bois faqat ochig'ini ayting, Farg'onadan g'alaba bilan qaytishlaringga shaxsan siz qanchalik ishongandingiz?
- Bu – futbol. Unda oldindan bir narsa deyish qiyin. Har qanday jamoaga qarshi o'ynasa bo'ladi. Yashirishni keragi yo'q, shu kuni biz safardan durang bilan qaytsak ham bu biz uchun g'alabaga teng bo'lardi. “Neftchi”dek raqibni maydonidan bir ochko bilan qaytish ham ijobiy edi. Lekin biz g'alaba qozondik va katta shov-shuv uyg'otdik. SHu kuni jamoamizni qo'llab-quvvatlash uchun Farg'onaga borgan minglab muxlislarimizning daldasini ham alohida etirof etishni istardim. Bizga katta kuch bag'ishladi.  


- Etiborlisi “Andijon” bungacha Farg'onada “Neftchi”ni sira yutmagandi...
- Ha, o'yindan oldin bu haqda aytishdi. Qora ananani buzish uchun ham astoydil o'ynadik. Barchamizda shu kuni ishtiyoq yuqori edi. Yashirishni keragi yo'q, “Neftchi” bilan bahsdan oldin “Metallurg”ni yutgandik va ruhan yuqori darajada edik. Qolaversa rahbariyat ham o'z vaqtida mukofot pullarini berib, taqdirlagandi.

- SHu kuni “Andijon” tarkibida “Neftchi”ning bir qator sobiq o'yinchilari xarakat qildi. Siz ham o'z vaqtida Farg'ona jamoasida o'ynagansiz. Aytingchi o'yinga qanday tayyorgarlik ko'rgandingiz?
- Odatiy tarzda. Bilasizmi men “Neftchi”dan ketayotganimda rahbariyat va murabbiylar shtabida boshqalar ishlagandi. Hozir esa umuman boshqa mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. SHu bois kimgadir nimanidir isbotlash maqsadim yo'q edi.

- Tan olish kerak, goldan so'ng jamoangiz deyarli himoyalandi. Bunday paytda siz kabi mudofaa chizig'i vakillariga oson bo'lmasligi turgan gap. Fikrimizga qo'shilasizmi?
- Albatta. Goldan so'ng mezbonlarning hujumga o'tishi tabiiy xol edi. Bunga tayyor turgandik. SHu kuni omadimiz ham keldi deb o'ylayman.

- “So'g'diyona” bilan o'tgan o'yin haqida nima deysiz?
- Dastlabki 20 daqiqada “uxlab” qoldik. “Neftchi”ni yutib kelgach, yigitlarda qandaydir xotirjamlik sezildi. Natijada o'z darvozamizdan tezkor gol o'tkazib yubordik. Biroq keyinchalik vaziyatni o'zgartirishga muvaffaq bo'ldik. Jizzaxliklar ham oliy ligada qolish uchun jiddiy kurashmoqda. Ular ham imkon qadar ochko bilan qaytishga urindi. Ammo biz shu kuni o'z maydonimizda yutmasak bo'lmasdi.

- Mazkur o'yinga viloyat hokimining shaxsan o'zi tashrif buyurdi va uchrashuvdan so'ng kiyinish xonasiga kirib, o'yinchilarni tabrikladi. Bunday paytda har qanday futbolchi to'lqinlanib ketsa kerak?
- Fikringizga qo'shilaman. Andijon viloyati hokimi SHuhratbek Qo'shoqboevich futbolning chinakam ishqibozi ekanligiga shubha yo'q. Vaqt topdi deguncha klubdan xabar oladi. Adashmasam shu kungacha u kishi tashrif buyurgan o'yinlarda gollar ko'p bo'lib va jamoamiz yutmoqda. Fursatdan foydalanib viloyat hokimiga butun jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman.  

- So'nggi uch o'yinda g'alaba qozonilganidan so'ng “Andijon”ning kuchlilar safida qolishi deyarli aniq bo'lib ulgurdi. To'g'risi, bunday bo'lishini ko'pchilik kutmagandi...
- “Neftchi”ni mag'lub etishimiz menimcha butun O'zbekistonda sensaciya bo'ldi. Ko'pchilik savol bera boshladi: Qanday qilib yutdinglar deb. Oldimizga qo'yilgan eng asosiy vazifa ham elitada qolish edi. Qaysidir manoda buni uddaladik. Bundan juda xursandmiz. 


- Bunga jamoa qanday erishdi?
- Birinchi navbatdagi ahillik evaziga degan bo'lardim. Rahbariyatdan tortib futbolchiyu, barcha ishchi xodimlargacha o'zaro munosabatlar iliq do'stlik rishtalari o'rnatilgan. Klubni elitada olib qolish kerak ekan, hamma bir kishi uchun bir kishi hamma uchun xarakat qilmog'i lozimligini barcha tushunib etdi. Futbolchilar maydonda ham bir-birini qo'llab-quvvatlab, kimdir xatoga yo'l qo'ysa boshqasi uning ortidan aybini yopib ketdi. Ichki muhit alo darajada. Bu juda muhim omillardan biridir.

- SHuningdek davralar oralig'ida qilingan transferlar ham to'la-to'kis o'zini oqladi. To'g'rimi?
- SHubhasiz. Anvar Berdiev, Iqbol Boboxonov va Abdulloh Olimovning yordami katta bo'lmoqda. Ayniqsa tajribali hujumchi Berdiev kelgach gol ura boshladik. Birinchi davrada oldingi chiziqda ishlarimiz unchalik yurishmayotgandi.  

- Edgar Gess istefoga chiqarilgach, murabbiylar shtabida Sergev Kovshov va Nozim Mullaoxunov ish boshladi. Har bir murabbiyning ish uslubi bo'lgani kabi, yangi murabbiylar kelgach mashg'ulot jarayoni ham o'zgartirilgandir?
- Ha. Edgar Yakovlevich davrida asosan jismoniy tayyorgarlikka etibor qaratilardi. Tartib intizom keragidan ortiq darajada qattiq bo'lgandi. Yigitlar “davleniya”da yurardi. Sergey Gennadevich esa futbolchilarga erkinlik berdi. Tabiiyki mashg'ulot o'tkazish jarayoni ham farq qiladi. Ko'proq to'p bilan ishlanmoqda. Darvozaga zarba berish ustida ham shug'ullanyapmiz. Mashg'ulot yakuniga etgach xohlovchilar o'zlari alohida to'p bilan ishlamoqda.  

- Bu yil mana “Andijon” tarkibida oliy ligaga qaytdingiz. CHetdan qaraganda joriy mavsum barqarorlik kuzatildi va katta o'sishga erishdingiz. Buni o'zingiz ham xis qilyapsizmi?
- Ha. O'z ustimda jiddiy ishladim va jamoamning asosiy tarkibidan o'rin olishga intildim. Nolimayman bu yilgi mavsum men uchun omadli o'tmoqda. Klub oldiga qo'yilgan vazifani bajarishda ozmi-ko'pmi o'z hissamni qo'shganimdan xursandman.

- “Andijon” tarkibida bu yil o'zingizni ko'rsata oldingiz. Kelasi yil sovrinli o'rinlar uchun kurashadigan klublardan takliflar bo'lsa ketib qolmaysizmi? Bunday deyishimizning boisi ilgari ko'p bor guvoh bo'lganmiz, “burgutlar” safida yuqori sport formaga kirib, keyinchalik etakchi klublar chorlovini qabul qilgan futbolchilarni.
- Ayni paytdagi klubim bilan amalda shartnomam bor. U yil so'nggida yakuniga etadi. Yashirmayman boshqa klublardan og'zaki takliflar yo'q emas. Lekin bilasizmi meni “Andijon”da hamma narsa qoniqtiryapti. Bu erda futbol o'ynab xordiq chiqaryapman desam ham bo'ladi. Rahbariyat bilan ham munosabatlarimiz alo darajada. “Andijon”da o'ynab ozmi ko'pmi muxlislar mehrini qozondim. O'z o'yinimni topib ketishimda ham bu klubning xissasi katta. Agarda rahbariyat mavsum so'nggida menga yangi shartnoma taklif qilsa, stol atrofida o'tirib barchasini bafurja gaplashib olamiz. Kelasi yil ham jamoaga kerak bo'lsam bajonidil shu erda qolib o'ynashga tayyorman.   


- Vodiyda ilgari ham “Neftchi” tarkibida o'ynagansiz. Mana endilikda “Andijon”dasiz. Qanday farqlarni sezyapsiz?
- Muxlislik bo'yicha olib qaraganda, andijonliklar nomer bir deya bemalol aytgan bo'lardim. Ularni kerak bo'lsa mamlakatimizda ham birinchi raqamli deyish mumkin. Farg'onada muxlislar stadionga juda ko'p kiradi. Ammo Andijonnikiga o'xshash ashaddiylarini bungacha ko'rmagandim. Garchi jamoa autsayderlar qatoriga tushib qolgan paytlarda ham muxlislarimiz bizni xattoki safar o'yinlarida ham yolg'izlatib qo'ymayapti. “Qizilqum” bilan uchrashuvga borganimizda o'sha erda ham andijonlik 5-10ta ishqibozni ko'rdik. Ularning qo'llab-quvvatlashini ko'rib, maydonda boshqacha kayfiyatda o'ynaysiz-da. Ayniqsa uy o'yinlarimizda rohatlanasa kishi.   

- O'zi “Andijon” safiga kelib qo'shilishingiz qay tariqa amalga oshgandi?
- Qishda PFL Kubogi o'yini orqali. Bungacha birinchi liga ishtirokchisi “NBU-Osiyo” tarkibida edim. “Andijon” sport-direktori Ulug'bek Mirzaev ko'ng'iroq qilib, bitta sinov-nazorat o'yinida maydonga tushish orqali ko'rikdan o'tishimni maslahat berdi. Bunday paytda ortiqcha o'ylanib o'tirishning mavridi emasdi va darhol taklifga labbay deya javob berdim. CHunki har bir futbolchi oliy ligada o'ynashni istaydi. Menda shunday imkoniyat paydo bo'lganidan xursandman.   

- “NBU-Osiyo” rahbariyati ham elita klubiga o'tishingizga qarshilik ko'rsatmagandir?
- Ishonasmizmi “Andijon”ga qo'shilishimdan ikki kun oldin “bankirlar” bilan yangi bitimga imzo chekkandim. SHunga qaramay klub rahbariyati meni to'g'ri tushundi va yangi jamoamda omad tiladi. Fursatdan foydalanib “NBU-Osiyo” rahbariyatiga ham minnatdorchilik bildirgan bo'lardim.

- Birinchi liga bilan oliy ligani taqqoslaganda farq kattami?
- Albatta farq bor. Lekin birinchi ligada ham oson o'yinlar yo'q.

- Bu yilgi birinchi ligani kuzatib boryapsizmi?
- Saytingiz orqali uchrashuvlarda qayd etilgan hisoblar bilan tanishib boraman. Vaqtim bo'ldi deguncha birinchi liga o'yinlarini ko'rishga otlanaman. Bu yil “NBU-Osiyo”ning ayrim o'yinlariga borib ko'rdim.

- Bu yil qaysi jamoa elitaga to'g'ridan-to'g'ri yo'l oladi deb o'ylaysiz?
- (O'ylanib) “Oq-tepa” bo'lsa kerak. Ularning tarkibi kuchli. Lekin “Obod” ham yaxshi jamoa. Asosan 25-26 yoshli futbolchilar yig'ilgan. Qolaversa “Bunyodkor” o'rinbosarlar tarkibida xarakat qilgan futbolchilar o'ynamoqda. Bu jamoada do'stlarim ko'p. Ular bilan gaplashib turaman.

- “Neftchi”dagi faoliyatingiz to'g'risida ham aytib bersangiz?
- Boy tarixga ega bo'lgan klubda o'ynaganimdan xursandman. “Neftchi”ga borib qolishim do'stim Pavel Smolyachenko bilan bog'liq. U bilan yoshlar terma jamoasida birga o'ynaganimizda do'st edik. 2012 yili qishda Samarqandning “Dinamo” jamoasi yig'inida ishtirok etib yurdim. Ammo keyinchalik o'sha paytdagi bosh murabbiy Ahmad Ubaydullaev ayrim sabablarga ko'ra ruhsat bergandi. SHundan so'ng Smolyachenko bosh murabbiyga meni tavsiya qildi. Har yili qishda Farg'onada o'tkaziladigan Hokim Kubogi turniridagi o'yin orqali Yuriy Vazgenovich meni sinab ko'radigan bo'ldi. Adashmasam “Andijon”ga qarshi bahsda “Neftchi” tarkibida xarakat qildim. O'sha uchrashuvda bitta gol urishga ham erishgandim. O'yindan keyin Sarkisyan meni o'z xonasiga chaqirdi va qolishimni aytib, yangi shartnoma taklif qildi.  

- Asosiy tarkibda kamdan-kam ko'rinishi berardingiz. Bu o'sha paytdagi raqobatning kuchliligi bilan bog'liqmi?
- Ha, shunday desa ham bo'ladi. Asosan uchrashuv qaydnomasiga kiritilardimda, zaxirada o'tirib imkoniyat berishini kutardim. O'sha paytda markaziy himoyada SHukurali Po'latov bilan SHavkat Nasibullaev o'ynardi. 2013 yili rahbariyatda katta o'zgarishlar bo'lgach, bir qator futbolchilar kabi men ham klub bilan xayrlashganman.  

- SHundan so'ng asosan birinchi ligada o'ynadangiz. Elita klublaridan chorlovlar bo'lmaganmidi?
- Ochig'ini aytaman, bo'lmagandi. Yo'qsa kim ham elitada o'ynashni istamaydi deysiz. Taklif bo'lishini kutardim. “Neftchi”da yurgan paytlarimda o'z ustimda ishlashni susaytirib yuborganimni keyinchalik tushunib etganman. Ammo unda kech edi. Yoshlik qilib mashg'ulotlarda ham jiddiy yondoshmagan ekanmiz. Boshqa bunday xatoga yo'l qo'ymaslikka o'zimga-o'zim vada berganman.   


-Tasavvur qilaylik, sizga saviyasi past bo'lgan chempionat ishtirokchisidan taklif bo'ldi. Ammo to'laydigan maoshi katta miqdorda. Bunday paytda qanday yo'l tutasiz?
- Agar shunday imkoniyat tug'ilsa obdon o'ylab ko'raman. Hammasini tarozini pallasiga solib ko'rgach, o'zim uchun qulay bo'lgan taklifni qabul qilaman. Menga ko'proq oliy ligada qolib, yanada o'sishim maqulroqdek. Lekin moliyaviy jihatdan hayratlanarli bo'lgan taklif tushsa, uni qabul qilishim ham mumkin. CHunki kim ham moddiy tomondan mustahkam bo'lishni istamaydi deysiz.

- O'z ampluangiz bo'yicha aytadigan bo'lsangiz, bu yil kimlarning o'yini yoqmoqda?
- “Lokomotiv”dagi markaziy himoyachi Nemanya Yanichichni ko'rsatgan bo'lardim. (Biroz o'ylanib) To'g'risi, ro'yxatni yana kim bilandir davom ettirishga ham hayronman.

- Sizningcha joriy mavsumda qaysi jamoa chempion bo'ladi?
- CHempionat tugashiga uchta tur qoldi. Turnir jadvali va bo'lajak o'yinlarga ko'z tashlasak, “Lokomotiv”ning bu boradagi imkoniyati yuqoriroq ko'rinmoqda. “Nasaf”da ham “Bunyodkor” bilan o'yinga qadar imkoniyati yaxshi edi. Ammo endi ular bor etiborini 3-o'ringa qaratsa kerak.

- Oliy liga bilan qaysi jamoa xayrlashadi deb o'ylaysiz?
- “Buxoro” jamoasini kamsitmagan xolda aytamanki, ularning elitada qolish imkoniyati tobora pastlab ketdi. Ayniqsa so'nggi turda “Navbahor”ga o'z uyida yutqazib qo'yganidan keyin. Oldindagi uchta o'yin ham ular uchun oson kechmaydi. 15-o'rin egasi esa pley-off orqali elitada qolsa kerak degan tahminim bor.

- Bu yil sizni hayron qodirgan jamoa qaysi bo'ldi?
- “Nasaf” meni qoyil qoldirdi. Deyarli bir xil tarkib bilan ketma-ket uch yildan buyon barqaror o'yin namoyish etib kelmoqda. Bu yil mana O'zbekiston Kubogini ham qo'lga kiritdi. Ajablantirgani esa “Buxoro” bo'ldi. CHempionat boshida tarkibini sezilarli ravishda etakchi o'yinchilar bilan kuchaytirib olgan buxoroliklar o'zidan kutilgan natijani qayd eta olmadi. Ikkinchi davrada ham taniqli futbolchilarni xarid qildi. Ammo ko'rib turganingizdek elita bilan xayrlashuvchi asosiy nomzod bo'lib turibdi. Tarkibdagi futbolchilariga nazar tashlang, xayron qoldiradi. 


- Legionerlar haqida fikringiz qanday?
- Bu borada birinch navbatda Artur Gevorkyanni alohida takidlab o'tgan bo'lardim. Juda kuchli legioner. Jamoasiga katta foyda keltirmoqda. Qolgan xorijlik futbolchilarning saviyasi deyarli bir xil. U kabi o'yinchilarni o'zimizdan ham topish mumkin.

- “Andijon”ning moldaviyalik posboni-chi?
- Gennadiy Moshnyaga haqida ham iliq fikrlarni bildirish mumkin. Ko'plab uchrashuvlarda bizni muqarrar gollardan saqlab qolmoqda. Ayniqsa u ikkinchi davrani yuqori suratda o'tkazmoqda deyish mumkin.

- Himoyachi sifatida bu yil sizga qaysi hujumchilarga qarshi o'ynash qiyin bo'ldi?
- “Metallurg” to'purari SHahzodbek Nurmatovni aytgan bo'lardim. Bekobobdliklar bilan Kubok va chempionatda jami to'rt marotaba o'ynagan bo'lsak, Nurmatovga qarshi o'ynash qiyin kechdi.

- “Andijon”dagi himoyachilar haqida fikringiz qanday?
- Hammamiz bir-birimizni tushunib o'ynamoqdamiz. Aytarli muammo yo'q. Yosh jihatdan ham deyarli tengmiz. Uchrashuv chog'ida bir-birimizga yordam beramiz. Ahillik birinchi o'rinda turadi.

- Jamoadagi qaysi futbolchilarni o'ziga xos xususiyatlari bo'yicha tariflab o'tgan bo'lardingiz?
- Asror Rahmonov juda xushchaqchaq yigit. Boshida klubga kelganimda Asror aka borasida tasavvurim umuman aksincha edi. Ammo keyinchalik Rahmonovning hammaga xush kayfiyat ulashib yurishini bildim. Ko'p xollarda hammani kuldirib yuradi. Xonadoshim Abdulatif Abduqodirovni esa juda beg'am deb aytgan bo'lardim. Jamoamiz etakchisi Sanjar Asqaraliev ham huddi Asror Rahmonov singari hammaga xushkayfiyat ulashib yuradi. Kezi kelganda tanbeh berib turishni ham kanda qilmaydi. Tajribali hujumchi Anvar Berdievni esa hammaga o'rnak bo'ladi deb aytish mumkin. Insoniylik fazilatlarini ko'rib, qoyil qolamiz. Ko'pchilik aytadi yoshartirish kerak deb. Lekin Berdiev singari o'yinchilarni borligi zarar qilmaydi. Maydon tashqarisida ham ularning foydasi katta bo'lmoqda. Umuman olganda klubda har bir futbolchining o'ziga yarasha o'rni va xarakteri bor. Har birini xurmatini joyiga qo'yishga xarakat qilaman.

- Ilgari yoshlar ligasida ishtirok etgan futbolchi sifatida aytingchi, bu yil qanday o'tmoqda?
- Oldin dublda yoshlarni o'ynashi qiyin bo'lgan. 3-4ta o'rin bo'lgan. Unga kirish uchun 20tadan ziyod futbolchi kurashardi. SHu bois bo'lsa kerak, o'sha paytlarda yoshlarni etishib chiqishi sezilarli darajada edi. Ammo so'nggi yillarda yoshlar ligasida asosan yoshlar bo'lib ketdi. Bu xuddi bolalar turniridek bo'lib qoldi menimcha. Saviya jihatdan biroz pastlagan nazarimda.  

- Evropadagi ishqibozlik qiladigan klubingiz qaysi?
- Real Madrid.

- Kitob o'qib turasizmi?
- Opamlar kitob o'qishga majburlashgan. Ammo ozgina kitob o'qisam uyqum keladi. Endi elektron variantdagi kitoblarni o'qishga xarakat qilaman.

- Maktabdagi baholaringiz qanday bo'lgan?
- (Kulib) Futbolchini bahosidan bo'lgan. Yani 3-4 olganman.

- “Championat.asia”ning doimiy o'quvchisi ekanligingizni bilish qiyin emasdek. Saytning yutuq va kamchiliklari deya nimalarni aytgan bo'lardingiz?
- Albatta “CA”ni doimo kuzatib boraman. Har bir o'yinni natijasini shu sayt orqali bilaman. Juda qulay. Bir xillik yo'q. Kun ora yangi-yangi loyihalarni ko'ryapmiz. Ko'z tegmasin.

- Loyihalar borasida fikringiz?
- “Penalty”ni birinchi o'ringa qo'ygan bo'lardim. Juda ajoyib chiqmoqda. Keyingi o'ringa esa “KECHA, BUGUN, ERTAGA” loyihasini qo'yaman. Video jihatdan olib aytadigan bo'lsak, “GOAL” ham yaxshi chiqmoqda.  

- Jurnalistlardanchi?
- Har bir xabar yoki maqolani o'qigach tagiga ko'z yugurtirib muallifni ko'rib qo'yaman. Nodirxo'ja aka Yuldashevning tasirli maqolalari ajoyib chiqmoqda. Kuyunib, achchiq haqiqatlarni aytmoqda. OAV xodimi aslida ham shunday bo'lmoq darkor. 


- Yotirgan taomingiz?
- Xonimni sevib tanovul qilaman. Andijondan uyga ketayotganimda ayolimga xonim tayyorlab turishlarini buyurtma beraman. Keyin Andijoncha palov ham juda ajoyib. (Kulib) “Neftchi”ni yutib kelganimizdan so'ng ketma-ket uch kun osh egani bordik. Bu gaplardan keyin ko'pchilik muxlislar bizning futbolchilar oshni ko'p tanovul qilgani uchun ham yaxshi o'ynay olmadi deyishlari ham mumkin. O'zbeklarda bir gap borku: o'ldirsa ham osh o'ldirsin degan. O'zbekistonda yursangiz eng avvalo osh eysizda.  

- Xobbingiz nima?
- Futbol o'ynashdan tashqari yana moshinalarga qiziqaman. O'zimni shaxsiy avtomashinam ham bor. Lekin uning nomi sir bo'lib qolsin.

- Birinchi murabbiyingiz kim bo'lgan?
- CHig'atoyda millionlar o'yini bilan professional tarzda shug'ullana boshlagan paytlarimda Marat Kabaev ustozlik qilgandi. O'sha paytda Alibobo Rahmatullaev, Aleksandr Lupashko hamda Isroil Ergashev kabi o'yinchilar bilan birga bo'lganmiz. 1991 yilda tug'ilgan yigitlar guruhidan ko'pi keyinchalik futbol bilan xayrlashgan.

- Darvoqe, o'sha paytda CHig'atoy futbol maktabining obro'si yuqori bo'lgan. Iqtidorlilarning etishib chiqishi ham sezilarli darajada bo'lgandi. To'g'rimi?
- Ha, o'sha paytda etibor yaxshi bo'lgan. Xurmati kuchli edi. Har kim ham maktabga kira olmasdi. Afsuski bugungi kunga kelib futbol maktab nurab borayotgandek tuyulmoqda. Suniy maydonning ahvoli ham tobora yomonlashib bormoqda. Oldin “Futbol-MED”ga borish bahonasida futbol maktabda bo'lib qaytardik. Endi u erga hech kim bormay qo'ydi.

- Oilangizda sizdan boshqa futbolchilar bormi?
- Yo'q. Akam o'z vaqtida millionlar o'yini bilan shug'ullangan. Lekin keyinchalik tibbiy ko'rikdan muvaffaqiyatli o'ta olmagach xayrlashishga majbur bo'lgandi. SHundan so'ng meni CHig'atoyga olib borgandi. Dadam ham futbolga juda qiziqadi. Internet saytiga qay tarzda kirishni o'rgatib qo'yganman. Hozir har bir o'yinimiz paytida hisobni bilib borishga urinadi. Saytga har kuni kirayotgani bois futbolga oid gazetalarni olmay qo'ydi.


Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика