Ivan Rakitichning Gollivudcha hikoyasi
21 sen 2017 15:13
Yangiliklar
Ivan Rakitichning Gollivudcha hikoyasi
Voqea 2011 yilda sodir bo'lgan. O'shanda 21 yoshda edim. Samolyotimiz Ispaniyaga tungi 10larda qo'ndi. So'nggi to'rt yilni Germaniyadagi "SHalke"da o'tkazdi va keyingi tong "Sevilya" men bilan shartnoma imzolashni rejalashtirgan edi. Men qilishim kerak bo'lgan yagona ish - tibbiy ko'rikdan o'tish va hujjatlarga qo'l qo'yish edi.
Akam Deyan men bilan birga kelgandi. Mehmonxonaga borib, klub vakillari bilan tushlik qildik. Tushlikdan so'ng qandaydir sabab tufayli asabiylashdim. Bu kecha uxlay olmasligimni tushunardim. SHu sababli akamga ichishni taklif qildim: "Yuring, ichamiz, keyin esa uxlaymiz".
Bu so'zlarim hayotimni o'zgartirib yubordi.
CHunki mehmonxona barida ishlaydigan ayol... Vau. Bu hammasi sekinlashtirilgan kadrda sodir bo'ladigan filmning bir qismiga o'xshardi. U juda go'zal edi.
O'zimga shunday dedim: "Okey, Sevilya. Vau. Bu joy menga yoqdi".
Ammo "Hola" so'zidan boshqa unga hech narsa deya olmasdim, chunki ispan tilini bilmasdim. Men nemis, ingliz, italyan, francuz va serb-xorvat tillarida gaplasha olardim. Ammo ispanchada emas.
SHu sababli biz akam bilan uning telefoni boshqa Evropa klubining qo'ng'iroqlaridan "portlab" ketmaguncha bar oldida suhbatlashib o'tirdik. Ular Sevilyada ekanligimizni bilishardi va bizga samolyot yuborishni taklif qilishdi.
"Sevilya" bilan rasmiy kelishuv yo'q edi. Ispaniyaga ko'chib o'tish men uchun katta qadam va balki, tavakkal ham bo'lgan. Yangi mamlakat, yangi til. Hech kimni tanimasdim.
Akam so'radi: "Nima qilmoqchisan?"
Men esa shunday javob berdim: "Mmm..."Sevilya" prezidentiga "ha" deb qo'ydim. So'zlarim har qanday imzodan muhimroq".
U javob qaytardi: "Yaxshi, unga shunday deb qo'yaman".
Keyin bar tomonni ko'rsatib, shunday dedim: "Oficiant qizni ko'ryapsizmi? "Sevilya"da o'ynab, o'sha qizga uylanmoqchiman".
Akam menga qarab kulib qo'ydi: "Okey, nima desang shu". U meni hazillashyapti deb o'yladi.
Oficiant qiz oldimizga kelib, ichimlikni ichib bo'lganimizni so'radi.
"Bilasizmi, men hozir ham biroz asabiylashyapman. Uxlay olmasam kerak, keling yana bir stakandan olamiz" - dedim akamga.
Keyingi kun "Sevilya" bilan shartnoma imzoladim va uy topgunimcha, bu mehmonxonada 3 oy yashadim. Har tong barga tushib, go'zal oficiant qizni ko'rish uchun qahva va apelsinli "Fanta" olardim.
Men faqat uning ismi Rakel ekanligini bilganman. U inglizcha gaplasha olmasdi, men esa ispancha. Har kuni shunday...
"Buenos días, Raquel. Un café y un Fanta naranja".
Buni qanday tushuntirishni bilmayman. Bazida kimnidir uchratasiz va sizda g'alati tuyg'ular paydo bo'ladi. Har safar uni ko'rganimda, ichimda bomba portlayotgandek bo'lardi. Haftalar o'tdi, men asta-sekin ispanchada bazi bir so'zlarni o'rgana boshladim. Gapirish qiyin bo'lganida, nima demoqchi ekanligimni qo'l harakatlari bilan tushuntirishga urinardim.
U kulardi va shunday o'ylagan bo'lsa kerak: "Men... Jeyn, sen... Tarzan".
Juda ko'p qahva ichardim. Bu juda g'alati edi.
20 yoki 30 marta uni uchrashuvga taklif qilganman.
U hech qachon "yo'q" demagan, biroq doim ishlashi va keyin uxlashi kerakligini aytib, bahona qilardi. Uch oydan so'ng o'z uyimga ko'chib o'tdim. G'amgin edim. Hammasi tugaganga o'xshadi. Ammo taslim bo'lmadim. Men baribir shaharga borib, shu bardan qahva olishda davom etdim.
U ishlamaganida, o'ylamasdan boshqa joyga yo'l olardim. Oficiant qiz ishda bo'lganda esa - baxtiyor insonga aylanardim.
Vaqt o'tishi bilan ispanchani ancha o'rganib oldim. Biz ko'proq suhbatlashardik. Men o'zimni ispan TVni ko'rishga va mahalliy radioni eshitishga majbur qilardim. Menimcha, men omadli odamman. Qaysi sabab bilan bilmadim, biroq bolqonliklarda til o'rganish bo'yicha iqtidor bor.
Bir kuni Rakel nega men bilan uchrashuvga bormayotganini tushuntirdi: "Sen futbolchisan. Keyingi yil boshqa mamlakatga ko'chib ketishing mumkin. Kechir, ammo yo'q".
Bu qiz men bilan kechki ovqatni birga tanovul qilishi uchun "Sevilya" asosiy tarkibidan joy olmoqchi edim. Ushbu vazifani uddalash uchun etti oy ketdi. Men 27 yanvar kuni klubga kelgan bo'lsam, 20 avgustda quyidagi so'zlar yozilgan SMS oldim: "U singlisi bilan barda ichimlik ichyapti! Ishlagani yo'q!"
Qarang, o'shanda shahardagi deyarli hamma mening hikoyamni bilardi. Demak, kimdir barda bo'lgan va menga sms yuborgan. Manbani kim ekanligini aytmayman.
Do'stimga qo'ng'iroq qildim va birgalikda to'g'ri mehmonxonaga bordik. Rakelning yoniga o'tirdim va shunday dedim: "Sen ishlamayapsan. Nihoyat men bilan kechki ovqatni birga tanovul qilish uchun vaqting bor".
U hayron bo'ldi. Rakel nima qilishni bilmayotganini aytdi...
"Yo'q, men ketmayman. Sen singling bilan o'tirganingni bilaman, ammo bugun boshlashimiz kerak. Ketdik".
SHunday qilib, barni birga tark etdik.
Keyingi kun birga tushlik qildik va o'shandan beri birgamiz. Olti yil. Bizning ikki ajoyib qizimiz bor. Bu men bajargan hayotimdagi eng qiyin ish edi. Bu CHempionlar ligasida g'olib bo'lishdan qiyinroq va ikkisi uchun ham bir xil vaqt ketdi.
Uning oilasi bilan ilk marotaba tanishganimda qiziq voqea yuz bergan. O'shanda ispanchada ishonch bilan gapiradigan bo'lgandim. Ammo katta oilaga tushib qolsang... Ular juda tez va Sevilya akcenti bilan gapirishar edi.
Uning otasi men bilan hazillashishga urindi, ammo u nima deyayotganini tushunmadim va jin ursin deb qo'ydim. Men shunchaki uni tushungandek ko'rinib, kulib qo'ydim.
Menimcha, Sevilya aholisining feli o'zgacha. Ochiq ko'ngil. Qiziq, ammo ayolimni futbol umuman qiziqtirmasdi. SHu sababli ularning hayotida futbol katta o'rin egallmasa kerak deb o'yladim. Biroq ular "Sevilya"ning ashaddiy muxlislari ekan. Xotinimning buvavsi uni uchratganimda vafot etgan ekan. Ammo Rakelning otasi menga uning kasalxonadagi so'nggi kunlari haqida aytib berdi. Hamshiralar uning kiyimini echmoqchi bo'lganida, u soatini bermagan ekan.
Bu "sevilyachilar"ning o'zgacha soati edi.
U shunday degan: "Yo'q, soat menda qoladi. Oxirigacha. Agar ketsam, klub bilan birga ketaman..."
Futbochilar odamlarning hayotiga qanchalik kirib borganini tushunishmasa kerak. Intervyularda bizdan doimo murabbiylar, taktik va mashg'ulotlar haqida so'rashadi, lekin maydondan tashqaridagilar haqida qiziqishmaydi. Bu men uchun katta ahamiyatga ega. Olti yil davomida SHveycariya, Germaniya va Ispaniyada yashadim. "Bazel" va "SHalke"da o'ynadim, biroq menga nimadir etishmayotgandek tuyulardi.
Xotinimni uchratganimda, hayotimda mano paydo bo'ldi va shundan so'ng faoliyatim yangi darajaga chiqdi. "Sevilya"da bir necha ajoyib mavsumlarni o'tkazdim. 2013 yilda Diego Maradonadan so'ng birinchi legioner-sardorga aylandim. Bu katta sharaf edi, ayniqsa bu klub Rakelning buvasi uchun qanchalik muhimligini o'ylaganimda.
Bu onlardan va bu hikoyadan faxrlanaman. Ota-onam Xorvatiyadan, ammo Bosniya urushidan oldin SHveycariyaga ko'chib ketishgan. Ular xavfni his qilishgan. Men SHveycariyada Robert Prosinechkiga muxlislik qilib katta bo'lganman. U mening xorvat millatim qahramoni edi. Bolaligimda u "Real", "Barselona" va "Sevilya"da o'ynashga ulgurgan. SHveycariyadagi do'stlarim bilan normal hayot o'tkazish baxtiga ega bo'lganman. Urush menga tasir qilmagan. Ammo uzoq vaqt oilam Xorvatiyaga qayta olmagan. Adashmayotgan bo'lsam, 7 yoshimda ilk marotaba vatanimizga qaytdik. Buvam va buvimni ko'rish uchun. SHveycariyadagi maktabda o'qiganim va mahalliy bolalar bilan o'ynaganim uchun Xorvatiyani faqat Prosinechki va milliy terma jamoa deb tushunardim.
Onam bir ajoyib voqeani so'zlab berishni yaxshi ko'rardilar. Maktabga borishni boshlaganimda, uchinchi yoki to'rtinchi kundan so'ng, uyga kelib, shunday degan ekanman: "Oyijon, boshqa u erga borishni istamayman. Men shunchaki o'ynashni xohlayman. Necha yil bu ishni qilishim kerak?"
"To'qqiz yil" - dedi onam.
"To'qqiz yil? Yaxshi, faqat to'qqiz yil boraman. Bir kun ham oshib ketmaydi".
Hammasi shunday bo'lgan. 17 yoshimda "Bazel"da o'ynay boshladim.
Orzuim bitta edi. Men Robert Prosinechki bo'lishni va Ispaniyada o'ynashni xohlaganman. "Sevilya" sardori bo'lishni ham.
2014 yilda "Barsa" meni xarid qilmoqchi edi, bu g'alati tajriba bo'lgan, chunki xotinimning oilasi "Sevilya"da qolishimni istagan. O'sha vaqtda futbolchining faoliyatida yirik klubga o'tish uchun faqat bitta imkoniyat bo'lishini tushunganman. SHu sababli ular qarorimni qo'llab-quvvatlashgan. Bu biz uchun juda qiyin qaror edi - birinchi ko'rinishdan ko'ra og'irroq. "Sevilya"dagilar "Barsa" to'laydigan pulga rozi ekanliginini aytishgan. Jamoani yaxshi notada tark etayotganimdan xursand edim. CHunki hayotim "Sevilya"da o'zgargan.
Xotinimning otasi aytgan so'zlari hozir ham yodimda: "Omad, lekin "Sevilya"ga qarshi o'ynaganingizda... Xafa bo'lish yo'q".
"Barselona"da o'ynash - har bir bolakayning orzusi. Tanishtirishga borganimni va kiyinish xonasiga kirganimni eslayman. SHkafimda meni kutayotgan butsalarim bor edi. Etim jimirlab ketdi. Bu shunchaki butsa emas, kataloncha butsam - deb o'yladim.
Futbolchi uchrashuv va sovrinlar yutishni istaydi. Ammo bu klubning bir qismi bo'lish - o'zgacha narsa. Boshqa klublarni hurmat qilaman, ammo "Barselona"da butun dunyodagi muxlislar bilan o'zgacha aloqa bor.
Men buyuk futbolchilar bilan birga o'ynash sharafiga ega bo'lganman. Masalan, Messi. Butun dunyo uning iqtidoridan xabardor. Ammo u mashg'ulotlarda bajarayotgan ishlarini tasavvur qilish uchun, Messining o'yinlardagi harakatini 20 yoki 50 ko'paytiring. Men futbol jinnisiman. Har kuni Lionel bilan birga to'p tepishdan mamnunman. Ammo faqat u bilan emas: Jamoada neymar va Xavi bor edi, hozir esa - Suares, Inesta va Pike bor. Biz bir ritmda harakat qilishga urinamiz - bu katta mashinani eslatib yuboradi. Tugmachani bossang - ichkaridagi barcha detallar o'z ishini bajara boshlaydi. "Barselona"ni televizorda ko'rish va jamoada o'ynash umuman boshqa narsa.
Har kuni futbol o'ynash - men uchun rohat. 10 yil oldin SHveycariyani tark etdim va chet elda orzuim sari intildim. Omadim keldi, hozir "Barselona"daman. Uzoq yillar davomida klub sharafini himoya qilishni istayman.
Barselonaga kelganimda ko'pchilik ispanchani bilishimdan hayron qolishgan. Bu menga tezroq ko'nikib ketish uchun yordam bergan. Xotinimga rahmat aytmoqchiman. U tufayli Tarzandan "Sevilya" sardori va "Barselona" safida chempionga aylandim.
Katta qizimiz 4 yoshda. U futbol Barselona aholisi uchun qanchalik muhim ekanligini tushuna boshlamoqda. Hozir biz futbol uning hayotiga aylanadimi yoki onasi kabi befarq bo'lishiga qiziqyapmiz. Ayni damda u o'rtada.
Agar uyda futbol ko'rsam va boshqasi gol ursa, qizim g'azablana boshlaydi. "Yo'o'o'o'q! Siz gol urishingiz kerak" - deydi u. Messi yoki Suares urishining ahamiyati yo'q. Yo'q, bu etarli emas. Dadasi gol urishi kerak. Buning uchun bor kuchimni ishga solyapman. Balki, bu haqda Leo bilan gaplashib ko'rarman.
Fikrlar