Iroq yana bir yevropalik murabbiyga qiziqib qoldi

Xayrulla Xoliqov
11 iyul 2021
JCH-2022 saralash bahslarining hal qiluvchi uchinchi bosqichiga yo'l olgan Iroq terma jamoasi hozirda bosh murabbiysiz.

Ma'lumki, bu jamoani so'nggi uch yil davomida boshqarib kelgan Srechko Katanets moliyaviy muammo sabab o'z ixtiyoriga binoan ishdan bo'shadi. Chunki Iroq futbol federatsiyasi sloveniyalik murabbiyga besh oydan beri maosh to'lamayapti. 

6 iyul kuni saytimiz orqali Iroq terma jamoasi boshqarishi mumkin bo'lgan murabbiylar ro'yxatini keltirgandik.

Xuan Antoni Picci (Argentina)

Paulo Autori (Braziliya)

Pedro Emmanuel (Portugaliya)

Rezvan Luchesku (Ruminiya)

Pako Errera (Ispaniya)

Serxio Piernas (Ispaniya)

Denni Blind (Niderlandiya)

Bugun chiqqan xabarga ko'ra, short-listdagi murabbiylar soni yana bittaga oshdi. Endilikda Iroq futbol federatsiyasi taniqli italiyalik murabbiy Alberto Zakkeroni bilan ham muzokara o'tkazmoqchi. Zakkeroni uchun Osiyo futboli begona emas, chunki murabbiy bungacha Yaponiya va BAA terma jamoalarida ishlagan. 68 yoshli mutaxassis 2019 yilning yanvaridan beri ishsiz. 

Eslatib o'tamiz, Iroq terma jamoasi JCH-2022 saralash uchinchi bosqich "A" guruhida Eron, Janubiy Koreya, BAA, Suriya va Livanga qarshi bahs olib boradi. 


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia