Intervyu. Xavi: “Barsa” yana barcha sovrinlarni yutishga qodir”
09 mar 2016 22:30
Yangiliklar
Intervyu. Xavi: “Barsa” yana barcha sovrinlarni yutishga qodir”
Kataloniyaliklar afsonasi xorijlik hamkasblarimiz bilan suhbatda turli savollarga javob qaytardi.
- “Barsa”siz zerikyapsizmi?
- Albatta. “Barselona” – jahondagi eng kuchli klub, hayotim jamoasi. Jamoa uchun o'ynash va uning o'yinini televizor orqali ko'rish umuman boshqa narsa. Klubdagi faoliyatim yakunlangan deb o'ylab, to'g'ri qarorga keldim.
- Lekin jamoa tanlovingizga tasir ko'rsatishga urindi.
- Ha, bu haqiqat va buning uchun prezident va Luis Enrikedan minnatdorman. Ular yana bir yil qolishimni so'rashdi. Lekin qarorim yakuniy edi. 17 yillik faoliyatimdan keyin zaxira futbolchisi o'rnida qolishim qiyin edi. To'g'risi, yanvarda biror sovrin yutishga umid qilgandim, biz esa treblga erishdik.
- Klubga boshqa jamoadan kelib qo'shilgan qaysi futbolchilarni takidlay olasiz?
- Bizga ularning jamoaga tez qo'shilib ketishi bo'yicha omad kulib boqqan. Alves, Maskerano, Keyta yoki Abidalga qarang. Ular “Barsa” g'alabalariga katta hissa qo'shishdi. SHuningdek, oxirgi yangilar Rakitich, Bravo, SHtegen haqida ham shunday deyish mumkin. Ular jamoaga kirishib, allaqachon o'zlarini “barsachi” sifatida his qilmoqda. Hali hujumdagi ajoyib uchlik haqida gapirmadim. Enrike yuqori darajadagi murabbiy ekanini bilardim va unga faqat ishonch bildirish kerak edi. Hozir jamoa mavsumni kamida ikki sovrin bilan tugatishiga ishonchim komil.
- Qatarga ketishdan avval Gvardiola bilan maslahatlashdingizmi?
- Albatta, lekin oldin aytganimdek ko'proq Raul bilan maslahatlashdim. Hozir aynan u yashagan uyda oilam bilan istiqomat qilyapman. U menga agar faolligi pastroq, lekin o'sib borayotgan va shu bilan birga murabbiylik faoliyatimda birinchi qadamlarni qo'yishga Qatar chempionati ideal joy ekanini takidladi. Va u haq bo'lib chiqdi. Qaror qabul qilishimda yana Fernando Yerro bilan umumiy do'stimiz Fernando Solanas ham ishtirok etdi. U xuddi Pep va Ronald de Bur kabi Qatarda o'ynagan.
- Murabbiylikda birinchi qadamlarni tashlayapsizmi?
- Ha va bu menga yoqmoqda. Do'stim Feliks Sanches bilan hamkorlik qilyapman. U 23 yoshgacha futbolchilardan iborat Qatar terma jamoasini boshqaryapti. Bizga Rioda o'tadigan Olimpiada o'yinlariga borish uchun bir qadam etishmadi. Bu Qatar futboli uchun haqiqiy turtki bo'lardi.
- O'zingiz o'ynagan va hozirgi “Barsa” o'rtasida katta farq bormi?
- Unchalik emas. Lekin hozir etibor hujumdagi uchlikka qaratilgan. Bu uchlik men hayotimda ko'rgan eng kuchli uchlikdir. Xohlaymizmi-yo'qmi, hozir aynan ular jamoa o'yinini yaxshiroq ko'rinishga keltiryapti. Yana Rakitich, Vidal va Arda Turon kabi o'yinchilar buyuk jamoa o'yinini kuchaytirishdi. Albatta, o'sish jarayonida hal qiluvchi qadam tashlagan Serxio Busketsni yoddan chiqarish kerak emas.
- Uning o'yinidan ko'proq taassurot olyapsizmi?
- Ha, buning uchun menda asos bor. U tobora yaxshiroq o'ynamoqda. Serxio jamoa uchun juda zarur va muhim futbolchiga aylanmoqda. Maydonda u hammadan ko'p ish bajaryapti, har o'yinda buni yaxshiroq amalga oshiryapti. Busi ajoyib himoyalanadi, hujum qiladi, pressingda qatnashadi, u o'yinni boshqalardan yaxshiroq o'qiydi, doim zarur joyda paydo bo'ladi. U hujumdagi uchlikka ko'proq vertikal o'ynashni boshladi. Undan buni avval hech kim kutmagandi. U tez yoki kuchli emas, lekin shunda ham yakkakurashlarda g'olib bo'ladi. Men uchun u jahondagi eng kuchli yarim himoyachi. Uning o'yinini kuzatish zavq bag'ishlaydi.
- Luis Suaresning qanday o'ynayotgani sizni ajablantirdimi?
- Yo'q. U haqida “Ayaks”da o'ynayotgandayoq bilardim. Gabri Luis to'g'risida iliq fikr bildirib, uning o'yinchi va to'purarlik xususiyatlarini takidlagandi. Kam futbolchilargina Messi va Neymarning bunday saviyadagi o'yinlarini tushunishi mumkin. Ular faqat nimanidir amalga oshirish haqida o'ylaydilar, Luis esa ular uchun bo'sh hududlarni yuzaga keltiradi. Jarima maydonida unga teng keladigan futbolchi yo'q. Uning “Barsa” uchun o'ynashni anchadan beri xohlaganini yaxshi bilaman. Suares jamoa libosini kiyishdan baxtli ko'rinyapti.
- Neymar haqida qanday fikrdasiz?
- U haqiqiy bomba. Hozirgi kunda birga-bir holatda unga hech kim teng kela olmaydi. Hujumdagi uchlik maydon va hayotdan bir-biri bilan do'stlashgani ajoyib holatdir. Jamoa bundan ko'p foyda oladi. Umid qilamanki, hammasi shunday davom etadi.
- Jamoaga Puyol kabi himoyachi etishmayapti deb hisoblaysizmi?
- Yo'q. Maskerano bu vazifani yaxshi uddalayapti. Uni Puyolga o'xshash deb bilaman. Xaver kuchli xarakterga ega va maqsad sari intiluvchan. Doim bor kuchini beradi va haqiqiy etakchi. Pike bilan birga doimo yuqori saviyada o'ynashmoqda. Markaziy himoyada ajoyib juftlik hosil qilishgan. Yana Matyo va Vermalenni unutmaslik lozim. Ular o'zlariga yuklatilgan vazifani uddalashmoqda.
- Bartra-chi?
- U haqida gapirish og'ir. Mark ajoyib himoyachi, ammo.. U qiyin holatda qolgan, uning bundan o'tayotgani afsuslantiradi. Uning sabrini alohida takidlashni istardim. Men ham ko'p yillar shunday holatga tushganman. Visente del Boske uni terma jamoaga taklif etishda davom etmoqda. U Bartrani yuqori saviyadagi himoyachi deb biladi. “Barsa”da esa qarorni Luis Enrike qabul qiladi.
- “Barsa” kam to'p o'tkazib yuborishda davom etmoqda.
- Sir shundaki, hamma narsa faqat himoyada o'ynash bilan cheklanmaydi. Jamoa doim to'pni nazorat qilishga intiladi, uni yo'qotgan zaxoti esa faol presingga kirishadi. Bu raqibga tasir qiladi, ular jismonan va ruhan charchashadi. Albatta, raqibda standart vaziyatlarda imkoniyat yuzaga keladi, lekin jamoa bu jihat bo'yicha yaxshi o'ynayapti. Bravo ajoyib, Mark esa unga yaqin saviyaga chiqib bormoqda. Jamoa ixtiyorida ajoyib ikki posbon bor va bu tarafdan “Barsa” uzoq payt o'ylanmasa ham bo'ladi. Hozirgi saviyasini ushlab qolgan taqdirda jamoa yana trebl yutishga qodir. CHunki “Barsa” engilmas jamoa.
- Qaysi raqiblarni jamoa uchun qiyin sifatida etirof etasiz?
- “Bavariya” hozir “Barsa” bilan bir xil saviyada. “Real Madrid”, “Yuventus”, “PSJ”, “Manchester Siti”, “Atletiko” – bu klublar bir pog'ona pastda deb o'ylayman. Bu ularning potencialini etarli baholamayotganim yoki ularda yuqori darajali futbolchilar etishmasligini bildirmaydi. SHunchaki bu jamoalarda “Barsa” o'yinida mavjud bazi jihatlar etishmayotganini ko'ryapman.
- “Yangi Xavi” roliga kim mos keladi?
- Ketganingda o'rningni egallaydiganlar topilishi tabiiy jarayn. Hozir vazifam Inesta va Buskets o'rtasida taqsimlangan. Ular jamoaga yordam berish uchun uslublarini o'zgartirishdi. Yana jamoa uchun o'zini qurbon qilayotgan Rakitichni aytishim mumkin. U uzoq masofaga aniq to'p oshirib, o'rta masofadan darvozaga zarba yo'llaydi.
Terma jamoada Tiago Alkantara bu ishni uddalaydi. Del Boske ham shunday fikrda ekanini bilaman. Uning Braziliyadagi mundialni o'tkazib yuborgani alamli bo'lgandi. Tiago “Bavariya”dek buyuk klubda o'zini yaxshi his qilyapti.
- Arda odatiy o'rnidan ko'ra orqaroqda o'ynayotgani unga tasir ko'rsatyaptimi?
- Yo'q, u bu joyda o'ynay oladi. Lekin Arda darvozaga yaqinroq joyda erkinroq harakat qiladi. U 29 yoshda va sharoitga oson moslashadi. Faoliyatida “Galatasaroy” va “Atletiko” singari klublar sharafini himoya qilgan. Hammasiga u mehnati bilan erishgan. Arda menga juda yoqadi.
- Aleysh Vidal-chi?
- Bu ajoyib kuchayish, ushbu transferdan hayratdaman. U yuqori saviyasini “Sevilya”da ko'rsatgan va terma jamoaga chaqiruv olmoqda. Aleysh Alves va Albaning joyini to'ldiradi. Qanotdagi ikki futbolchi jamoaga katta foyda keltirib, o'z joylarida Neymar, Inesta va Messi bilan bir-birlarini tushunib, harakat qilishadi. Hozirgi tarkib juda kuchli va kimdir uni kuchaytira olishini bilmayman. Buni Luis Enrikedan so'rash lozim. Ayni paytdagi tarkib uzoq vaqt raqoqatbardosh bo'lib qolishi mumkin.
- Qaysi futbolchilar “Barsa”ning hozirgi tarkibiga o'yini bilan moslashib ketardi deb o'ylaysiz?
- Ikki futbolchining o'yinidan iliq taassurot olyapman. Ularda jamoada o'ynab ketish uchun barcha imkon bor. Bular - Marko Verrati va Paulo Dibala. Ular ajoyib o'yin ko'rsatishmoqda va hozirgi jamoaga osonlik bilan kirishib keta olardi.
- Pol Pogba-chi?
- U ham ajoyib o'yinchi va maydonda unga qarshi turish qiyin. Polni terma jamoa va “Yuve”da ajoyib kelajak kutmoqda. Uning o'yin uslubi “Barsa”nikidan farq qiladi. Lekin bu uning iqtidoriga qoyil qolmaslikni bildirmaydi: uni taklif qilishsa, albatta, shartnoma imzolardim.
- Pepning “Siti”ni boshqarishga rozi bo'lishi sizni ajablantirdimi?
- Yo'q. U qishda “Bavariya” bilan Doxada yig'in o'tkazgandi va o'shanda “Siti”ni boshqarishga tayyorgarlik ko'rayotgani haqida aytgandi. Unga Germaniyadagi uch yildan keyin yangi chaqiriq lozim edi. SHu sababli Pep Angliyada ishlab ko'rishni istadi.
- Van Galning “MYU”dagi ishi to'g'risida qanday o'ylaysiz?
- U haqqoniy inson va ajoyib murabbiy. Atrofdagilar tomonidan tushunmovchilikni his qiladi va matbuot bilan yaxshi munosabatda emas. Bular va “MYU”ning natijalarini hisobga olsak, u murakkab vaziyatga tushib qolgan. Bazan Luis Enrike bilan Lui qilgan va aytgan narsalarni muhokama qilardik. O'shanda bu aqlsiz narsadek ko'rinardi, ammo u haq bo'lganini bugun ko'rib turibmiz. U boshqalardan o'zib ketgandi.
- Gvardiola sizga eng ko'p tasir o'tkazganmi?
- SHubhasiz, u Tito, Luis Aragones bilan birga katta tasir ko'rsatgan. Pep va Aragones futbolchilarni boshqalardan ko'proq ruhlantira olardi, ular sababli maksimum natija ko'rsatganmiz. Tito esa haqiqiy enciklopediya edi. Aynan u sababli men Puyolga jahon chempionati yarim finali va “Real” bilan safardagi o'yinda golli paslar berganman. To'pni bizning bir necha futbolchi raqibni berkitib turgan hududga tashlaganman va u erga Puyol etib keladi. Buni Tito o'ylab topgandi. Albatta, Van Galni has eslab o'taman.
- “Real” Benitesni bo'shatib, o'rniga Zidanni tayinladi. Bu haqida qanday fikrdasiz?
- Bir narsani aytib beraman. O'tgan yili Zidan bilan bir tadbirda uchrashdik va u asosiy jamoadagi yulduzlarni shug'ullantirish “Kastilya”da yoshlarni mashq qildirishdan ko'ra yaxshiroq bo'lishini aytgandi. Men kelasi mavsumda bu imkoniyat bo'lishi mumkinligini aytgandim va bu sodir bo'ldi. Uning futboldagi g'oyalari qiziq bo'lishiga ishonaman.
- Iker bilan u Ispaniyadan ketgach, suhbatlashdingizmi?
- Tez-tez gaplashib turamiz. “Portu”da ishlari yaxshi ketmoqda. Iker xotirjam va Madriddagi bosimni his qilmayapti. Yana Telo bilan suhbatlashib, unga “Fiorentina”da omad tiladim.
- Ispaniya terma jamoasining Evropa chempionatidagi imkoniyati haqida qanday o'ylaysiz?
- Ispaniya favoritlar safida. Del Boskeda ajoyib jamoa bor va ular chempionlikni himoya qilishlari mumkin.
- Jamoadagi 17 yillik faoliyatda nimalarni bera oldingiz?
- Ehtimol, bu kibrdek ko'rinar, lekin jamoa tarixidagi eng muhim futbolchilardan biri va “Barsa” o'yin falsafasini jahonga namuna qilishga hissa qo'shganimdan xursandman. Germaniya ham jahon chempionatida bizning uslubni qo'lladi. Yana “Rayo”da Pako Xemes yoki “Levante”da Rubi to'pni nazorat qilishni xohlayapti. “Vilyarreal” ham shunga yaqin uslubda o'ynaydi. Odamlar jamoani o'yin uslubi uchun ham kuzatib borishmoqda. Bu esa jamoada o'ynagan va hozir o'ynayotgan futbolchilar uchun eng yaxshi mukofot.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar