So’nggi yangiliklar

16:39"Андижон" - "Динамо". Таркиблар билан танишинг  1 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" 0:1 (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  13 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  24 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3

Intervyu. SHerzod Azamov: "Terma jamoa libosini kiyishni orzu qilaman" Yangiliklar

Intervyu. SHerzod Azamov: "Terma jamoa libosini kiyishni orzu qilaman"

Qarshining "Nasaf" klubi himoyachisi SHerzod Azamov bilan suhbat uyushtirdik.

SHerzod Azamov o'z vaqtida turli yoshdagi terma jamoalarimiz safida to'p tepgan. "Mashal" va "Nasaf" jamoalarida tanilgan ushbu himoyachi so'nggi yillarni jarohati bois maydondan tashqarida o'tkazishga majbur bo'lgandi. Joriy mavsumdan boshlab "ajdarlar"ning himoya qo'rg'onidagi asosiy futbolchisiga aylangan SHerzod Azamov saytimiz orqali futbolga qanday kirib kelgani, OCHLdagi muvaffaqiyatsizlik sababi va boshqa turli mavzularda gapirib o'tdi.

Suhbat chog'ida shu ko'rinib turdiki, futbolchi hayotda juda vazmin insonligi, keng fikrlashi, maydonda bo'lgani kabi tartibni sevishi bilinib turdi.

SHerzod Azamovning futbolga bo'lgan chanqoqligi uning gaplarida ham namoyon bo'lib turadi. Futbolchi o'zining azaliy orzusi haqida ham ushbu intervyuda so'zlaydi.

  Foto: Sardor Nurov

FUTBOLGA KIRIB KELISHIMGA AKAM SABABCHI BO'LGAN
Futbolga qiziqishimga akam sababchi bo'lgan deya olaman. Akam Konstantin Smirnov qo'l ostida shug'ullanardi. O'shanda akam bilan birga mashg'ulotlarga qatnab futbolga mehr qo'yganman. Futboldagi ilk ustozim bu Grigoriy Grigorievich bo'ladi. Aynan ushbu inson qo'l ostida futbolchi sifatida shakllanganman. Keyinchalik ustozim meni "Mashal" akademiyasiga yuborgan. SHu yo'l orqali katta futbolga qadam qo'yganman.
"Mashal"da to'p tepgan paytimda yoshlar terma jamoasiga ham chaqiruv olardim. Asosan yoshlar terma jamoasi bilan yig'in va musobaqalarda ishtirok etardim. Keyinchalik Viktor Kumikov o'zi bilan birga yana to'qqizta futbolchini "Mashal"dan "Nasaf"ga olib o'tgandi. Ularni ichida men ham bor edim. Qarshiliklar safiga o'tishimga Bahrom Boyjonovich Davlatov ham sababchi bo'lgan desam yanglishmayman. SHu-shu "Nasaf"daman.

JAROHATLAR VA MURABBIYLAR HAQIDA
"Nasaf"ga o'tganimdan keyin juda ko'p jarohatlandim. Belimdan juda jiddiy jarohat olgandim. Keyinchalik oyog'im sindi. Juda ko'p operaciyalarni boshdan o'tkazdim. Futbolchi uchun eng yomon jarohat bu beldagi qism hisoblanadi. SHu boisdan orada 3-4 yilda bir tekis o'ynash nasib etmadi. Bunga uzluksiz jarohatlarni sabab deyish mumkin. SHunga qaramasdan asta-sekin oyoqqa turdim va o'z sport formamni tiklashga muvaffaq bo'ldim. Bu vaqt mobaynida bir necha murabbiylar qo'l ostida o'ynashga to'g'ri keldi. Har biri o'z uslubi va futbolga bo'lgan o'z qarashiga ega. Viktor Kumikov talabchan va qattiqqo'l murabbiylar sirasiga kiradi. Anatoliy Demyanenko esa ochiq ko'ngil, futbolchilar bilan bir xilda muloqotda bo'ladigan mutaxassis deb bilaman. Anatoliy Demyanenko qo'l ostida endi o'ynay boshlaganimda oyog'im sinib qolgani pand bergandi. Ro'ziqul Sadullaevich Berdiev barcha futbolchilar bilan juda inoq. Hammani birdek ko'radi. Jamoada yaxshi muhit va sog'lom raqobat mavjud. Berdiev qattiqqo'l murabbiy ham emas. Lekin juda yumshoq ham deb bo'lmaydi. Barchani bir hil tonusda ushlab turadi.
Ayni paytda jarohatlar u qadar ko'p bezovta qilmayapti. To'g'ri, hozirda elkam bilan bog'liq muammo bor. Bu narsani faqat operaciya yo'li orqali tuzatish mumkin. Boshqa variantlar yo'q ekan. Lekin hozircha operaciya qildirmay turaman. Sababiki, agarda operaciya qiladigan bo'lsak, unda mavsumni yana o'tkazib yuborishga to'g'ri keladi. Mavsum yakunlanganidan so'ng jarrohlik stoliga yotishni rejalashtirib turibman. Elkam sal noto'g'ri harakat qilsa chiqib ketishi mumkin. Bu tavakkal albatta. Lekin o'ynash istagi kuchlilik qilayotgani sabab operaciyani biroz cho'zib turishni istayapman. Endi asta-sekin o'ynashni boshladim. Yana operaciya qildirib mavsumni tomoshabin sifatida o'tkazib yuborishni xohlamayman. Operaciya qildirganimdan so'ng kamida 2-3 oyni maydondan tashqarida o'tkazishga to'g'ri keladi. Keyin esa tiklanish jarayoni vaqtni oladi. SHu bilan bir mavsum yana o'tib ketib qoladi. To'g'risi, jarohatlar meni juda qiynab qo'ydi. Jarohat olganimda klub meni qarovsiz tashlab qo'ymadi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. "Nasaf" qo'lidan kelgancha ko'maklashdi. Asosiysi klub meni qo'yib yubormadi. Yani ko'p jamoalar futbolchisi jarohatlansa va uzoq muddatga safdan chiqsa uni jamoadan qo'yib yuboradi. Ular meni tiklanishimni kutishdi va bu borada anchagina ko'maklashishdi. Ularga etiroz yo'q.

"MASH'AL" VA YOSHLAR TERMA JAMOASIDAGI FAOLIYATI HAQIDA
Yoshlar terma jamoasida to'p surgan paytimda asosiy vaqtni yig'inlarda o'tkazardik. Bu esa klubdagi faoliyatizga o'z tasirini o'tkazadi. Yig'in va musobaqalarga ishtirok etish uchun chaqiruv olardik. O'rtada esa klubdagi o'z o'rningizni yo'qotib qo'yasiz. Yodga qoladigan mavsumni aytib berishim qiyin. CHunki hali tuzukroq futbol o'ynaganim ham yo'q. Buning bariga o'sha aytib o'tganimdek jarohatlar sababchi. Asosiy yodda qoladigan davr yoshlar terma jamoasi bilan Osiyo chempionatidagi ishtirok desam bo'ladi. "Mashal"dagi faoliyatim ham juda uzun bo'lmagan. "Nasaf"ga o'tganimdan keyin orada yarim mavsum bu erda ijarada o'ynadim. Belimdagi jarohatdan keyin Muborakda yarim mavsum o'tkazdim. Keyin "Nasaf"ga qaytdim. Bu orada esa yana yangi murabbiy kelgandi. Hammasini boshidan boshlashga to'g'ri kelardi. Bunaqangi vaziyatlar qayta-qayta bo'lardi.


JAMOADAGI DO'STLARI HAQIDA
"Nasaf"da barcha birdek do'st. Hech kimni ajratib ko'rsatib bo'lmaydi. Bu desangiz unisi ranjib qolishi mumkin. CHunki bizda barcha bir-biri bilan yaxshi munosabatda. Bizlar asosiy vaqtimizni o'z tengdoshlarimiz bilan o'tkazamiz deya olaman. Eldor Suyunov, SHohruh Gadoev, SHuhrat Muhammadiev kabi tengdoshlarimiz bilan birga ko'chalarda sayr qilib yuramiz. Yoshi katta futbolchilar bilan ko'p vaqt birga yurolmaysiz. lekin bu erda hamma bitta jamoa. Bizda barcha inoq. 


Foto: Sardor Nurov

ORZUSI HAQIDA
Futbolchining faoliyatiga baho berishdan oldin barcha uni terma jamoa safida o'ynagan yoki o'ynamaganligiga etibor qaratadi. Meni ham birgina orzuyim bor. Bu ham bo'lsa bir marta bo'lsada milliy terma jamoa libosini kiyish. Bu barcha futbolchining orzusi bo'lsa kerak. Lekin buni juda ham istardim. Olimdagi eng katta vazifalardan biri terma jamoa darajasidagi futbolchi bo'lib etishish. Bu juda katta baxt deb o'ylayman. SHu yo'lda mehnat qilishdan to'xtamayman. Umid qilamanki, agarda jarohatlar bezovta qilmasa va o'z ustimda ishlashda davom etsam, terma jamoa libosini kiyish nasib etib qolar Xudo xohlasa.

MARKAZIY HIMOYADA O'YNASH MENGA KO'PROQ MA'QUL
Menga ko'proq markaziy himoyachi sifatida o'ynash qulayroq. "Mashal"da o'ynab yurgan kezlarimda o'ng qanot himoyachisi sifatida o'ynardim. Ahmad Ubaydullaev boshchiligida yoshlar terma jamoasida markaziy himoyada o'ynardim. Hozirda markazda o'zimni yaxshiroq his etaman. Lekin jamoa manfaati yo'lida murabbiy aytgan joyda o'ynayveraman.

OCHL VA OSIYO FUTBOLI HAQIDA
Osiyo chempionlar ligasi musobaqasida tajribasizligimiz pand berdi. Hujumdagi ishlarimiz yurishmadi. Himoyada ham yaxshi o'ynadik deya olmayman. Asosiy sabab tajribasizligimiz bo'ldi deb o'ylayman. Biz bu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik. Biroq yo'l qo'yilgan xatolarimiz bizga qimmatga tushdi. OCHLdagi eng xavfli futbolchi bu Ahmad Halil deb hisoblayman. Bu futbolchi nafaqat klublarimiz, balki turli yoshdagi terma jamoalarimizni ham ko'p jazolab ketgan futbolchi sanaladi. Ayniqsa Olimpiya terma jamoamizni Londonga bora olmasligiga aynan Ahmad Halilning xizmatlari katta bo'lgan. Biz o'shanda Eldor bilan ikkalamiz zaxirada o'tirgan bo'lsakda, juda alam qilgandi va bu futbolchini eslab qolgandik. Bu yilgi "Al Ahli"ga (Dubay) qarshi o'yin oldidan shu hujumchidan xavfsiragandik. O'yindan oldin Ahmad Halil gol ura olmasligi uchun alohida unga qarshi o'ynadim desam ham bo'ladi.
Osiyo futboli so'nggi yillarda jadallik bilan o'sib bormoqda. Men uchun Osiyo futboli qiziq va doim kuzatib boraman desam yangishmayman. Asosan Yaponiya futboli menga yoqadi. Ularning o'yinidagi tezligi va uslubi qiziqarliroq.


"NASAF"DAN KETISH NIYATIM YO'Q
O'zimga qolsa "Nasaf"da ko'p yillar mobaynida to'p surishni istayman. "Nasaf"dan ketish niyatim yo'q. Lekin hayot bir tekisda o'tadi deb bo'lmaydi. Ko'p narsa murabbiy va klub rahbarlariga ham bog'liq. Avvalo futbolchining o'ziga ham bog'liq. Yaxshi o'ynasangiz jamoa sizni qo'yib yubormaydi. Biroq oldindan bir narsa deyish qiyin. Agentim? Meni shaxsiy agentim yo'q va bu borada takliflar ham tushmagan. Endi hali takidlaganimdek, ko'p vaqt mobaynida futboldan tashqarida qolib ketdim. Jarohat tufayli ko'p muddatni o'tkazib yubordim. Boshqa jamoalardan tushgan takliflar? To'g'risi, hali hech bir jamoa menga bu borada ochiq taklif bilan chiqmagan.


"NASAF" YUQORI CHO'QQINI KO'ZLAYDIGAN JAMOA
"Nasaf"da barcha sharoit yaxshi. Bu tomonlama hech muammo yo'q. Hamma narsa etarli. Lekin jamoa bir xil tempda muqim o'ynay olmayapti. Barcha jamoalarga qarshi bir xil tayyorlana olish qiyin kechmoqda. Bazi o'yinlarda gol urish muammoga aylanmoqda. Kam gol o'tkazayotgandirmiz, lekin gol urishda katta muammolarga duch kelmoqdamiz. So'nggi uchta o'yinda atiga bitta gol kiritdik. Bu "Nasaf"dek jamoa uchun yarashmaydi holat. Rahbariyat oldimizga malum bir vazifa qo'ymagan. Lekin biz doim yuqori cho'qqini ko'zlab o'ynaymiz. Jamoa bilan kelishib o'z oldimizga chempion bo'lishni vazifa qilganmiz. Hali mavsum endi boshlandi va bu haqida gapirishga biroz erta. Lekin "Navbahor", "Metallurg" bilan o'yinlarda yo'qotilgan ochkolar yakunda bizga pand bermasa bo'ldi. Endi yo'qotilgan ochkolarni o'rnini qoplashimiz kerak. Bu yilgi mavsumda meni ajablantirayotgan jamoa "Neftchi" bo'lmoqda. Bu jamoa joriy mavsumni juda ko'tarinki ruhda boshlashdi. Ularning bu kabi start olishlarini hech kim kutmagandi. Keyingi turda bizni qiyin sinov kutmoqda. Farg'onadagi o'yin chiroyli va qiziqarli o'tishi aniq.


Foto: Sardor Nurov

MATBUOT VA TANQIDGA MUNOSABATI HAQIDA
Tanqidga yaxshi qarayman. Agarda sen xato qilmasang tanqid qilishmaydi. Tanqid qilishdimi, demak bunga asos bor. To'g'ri, bazida tanqidni burttirib ham yuborishadi. Lekin ularga tepadan shu narsa yaxshiroq ko'rinib turadi. Buni to'g'ri qabul qilish kerak deb o'ylayman. Bu narsani tushunadigan  insonlar ham bor, tushunmaydiganlari ham bor. Muxlislarimiz juda talabchan va ular asosan bizni tanqid qilib turishadi. Murabbiylarimiz ko'p ham tanqil qilishmaydi. Mening asosiy tanqidchim oilada akam hisoblanadi. Agarda yomon o'ynasam faqat akam meni koyiydi. Bu o'yining "Nasaf" darajasiga to'g'ri keladi, bugungi o'yining umuman mos emas deb xatolarimni aytib turadi.
Matbuot kuzatib turaman. Yangiliklardan boxabar bo'lish uchun asosan "Championat.asia" hamda "Uff.uz" saytlarini o'qib boraman.

O'YINI, YOQTIRGAN FUTBOLCHISI VA MUXLISLIK QILADIGAN JAMOASI HAQIDA
Mashg'ulotlardan tashqari har bir futbolchi 10-15 daqiqa o'zi personal ravishda ishlaydi. Men asosan jarima zarbalarini tepishni mashq qilaman. Mashg'ulotlarda jarima zarbalaridan ko'p bor gol kiritaman. Ammo o'yinda hali gol kiritish nasib etmagan. Mashg'ulotlarda maqtashadi, yaxshi tepasan deb. Lekin mashg'ulotlarda kiritilgan gollar kimga ham kerak? Menga Junino Pernambukanoning o'yini va jarima zarbalaridan kiritgan gollari juda yoqadi. Uning gollari tez-tezda internet saytlari orqali tomosha qilib turaman. Bu bilan jarima zarbalarini amalga oshirishda unga taqlid qilaman demoqchi emasman. SHunchaki bu futbolchi ham jarima zarbalarini amalga oshirish istagi tug'ilganiga sababchi bo'lgan. Yoqtirgan jamoam "Barselona". Faqat ushbu jamoaning o'yinlarini sevib tomosha qilaman va kataloniyaliklarga muxlislik qilaman. "Barselona"ning barcha o'yinini qoldirmay ko'rib boraman. Internetdan bo'lsa ham kuzatib boraman. Men irimchi emasman va irim qilmayman.

OLIY LIGADA XAVFLI HUJUMCHI YO'Q
Oliy ligada hujumchilar juda kamayib ketdi. Hozirda xavfli hujumchilar deb kimni aytsa bo'ladi? Igor Sergeev ayni damda chempionatimizning eng xavfli hujumchilaridan biri desam bo'ladi. Ushbu futbolchi juda mehnatkash va yuqori istedod sohibi deb bemalol ayta olaman. Keyin Sardor Rashidovni tilga olishim mumkin. Biroq Sardor Rashidov vinger hisoblanadi. Lekin shunga qaramay Rashidov raqib himoyasidagi eng katta xavfni tug'dirmoqda. Oldinlari oliy ligamizda juda ko'plab hujumchilar bo'lishgan. Bu borada muammo bo'lmagan. Bazi kuchli hujumchilarimiz vaqtida terma jamoaga ham kira olishmagan. Sababiki raqobat juda katta bo'lgan. Hozir esa tobora kamayib ketmoqda. Ayni damda terma jamoa darajasida o'ynab bera oladigan hujumchimiz bor deb ayta olmayman. Qachondir balki bizda ham yaxshi hujumchilar paydo bo'lishar.

MOURINO, QOSIMOV, GVARDIOLA, ABRAMOV VA BOSHQALAR HAQIDA
Mirjalol Qosimov va Vadim Abramov? Qaysi biri kuchli? Qiyin tanlov. Murabbiy sifatida har ikkalasi ham kuchli mutaxassislar hisoblanishadi. Agarda birini tanlash kerak bo'ladigan bo'lsa, Mirjqlol Qosimovni ustunroq deb bilaman. Vadim Abramov ham kuchli murabbiylar sirasiga kiradi. Agarda ikkalasini ham birdek tanlash imkoni bo'lganida ikkala mutaxassisni ham tanlagan bo'lardim. Lekin Mirjalol Qosimov murabbiy sifatida kuchliroq deb hisoblayman. "Mashal"da ishlab yurgan kezlarida men o'rinbosarlar safida harakat qilardim. O'shanda menga juda ko'p saboq berganlar va murabbiy sifatida ancha ko'maklashganlar. Gvardiola va Mourinoni orasida so'zsiz Gvardiolani tanlayman. Joze Mourinoning o'yin uslubi juda zerikarli va tomoshabop emas. SHaxsan men Gvardiolani undan ustunroq qo'yaman. Karlo Anchelotti davridagi "Real" bilan Joze Mourinoning "Real"i o'rtasida ham farq katta. Anchelotti madridliklarga uzoq kutilgan ECHL sovrini olib bera oldi. Joze Mourino boshqarib borayotgan "CHelsi"ning o'yinida joziba yo'q. Odam zerikadi. Joze juda kuchli murabbiy. Lekin menga ko'proq uning o'yin uslubi yoqmaydi.
Ilhom SHomurodov va Kenja To'raev? Bu ikkisi har xil toifadagi hujumchilar. Bularning ichidan qaysi biri kuchliroq degan savolga javob berishim qiyin. Ikkalasi ham jamoadoshimlarim. SHu bois qaysidir futbolchini ustunroq deya olmagan bo'lardim. Ilhom SHomurodov ko'proq orqaga qaytib o'ynaydigan hujumchilar toifasiga kiradi. Kenja To'raev esa hujumkor o'ynashni sevadigan futbolchi.  


"NASAF"DA TEMURXO'JA ABDUXOLIQOVNI KO'RISHNI ISTASHI HAQIDA
"Nasaf"ga qaysi hujumchini kelishini istardim? Igor Sergeev hamda Temurxo'ja Abduxoliqov variantlari bo'ladigan bo'lsa, unda Temurxo'ja Abduxoliqovni jamoamizda ko'rishni istardim. Uning o'yin uslubi menga yoqadi. Temurxo'ja texnikasi yuqori bo'lgan futbolchi.


SHUHRAT MUHAMMADIEVNING O'YIN HAQIDA

"Nasaf"dagi eng kuchli individual futbolchi kim? SHuhrat Muhammadiev. Buni hamma biladi. SHuhrat juda kuchli futbolchi. Terma jamoada ham, klubda bir hil saviyada o'ynamoqda. Bu narsa oson emas. To'g'ri, Odil Ahmedov singari futbolchilar buni uddalashadi. Lekin bizda bunaqangi futbolchilar kam. SHuhrat Muhammadievga esa bu borada qoyil qolaman. "Nasaf"dan Erkin Baydullaev hamda SHuhrat Muhammadiev Osiyoning boshqa mamlakat chempionatlarida bemalol o'ynab keta olishadi deb o'ylayman. Erkin Baydullaevga bu borada bir qancha takliflar tushdi. Lekin u "Nasaf"da qolishni maqul ko'rdi. Kelajakda SHuhrat Muhammadiev yanada kuchliroq chempionatga yo'l olishiga ko'zim etadi.


"YULDUZLIK KASALI" HAQIDA
O'zbek futbolchilarining hammasida "yulduzlik kasali" bo'ladi. CHet elda ham bu narsa bo'lishi mumkin. Lekin bizchalik emas. Hamma futbolchi malum bir muddat shu kabi hayollarga berilib ketadi va o'zini biroz yo'qotib qo'yadi. Buni inkor etish kerak emas. Terma jamoada o'ynashni boshlagandan keyin futbolchi o'zini biroz boshqacha tutishni boshlaydi. Bu narsa menda ham bo'lgan desam yanglishmayman. O'sha yoshlar terma jamoasida o'ynab yurgan kezlarimda biroz o'zgarib qolish bo'lgan. Lekin kerakli odamlar tezda buni aytib, joyimga tushurib qo'yishgan. Boshqa jamoadoshlarim bilan ham ushbu holat kuzatilgan va yoshi katta futbolchilarimiz o'zi bu borada etarli tajribaga ega va ular "yulduz" futbolchini havoga uchmaslikka o'rgatishadi.


JAMOANING MAG'LUBIYATDAN KEYINGI HOLATI HAQIDA
Bizda mag'lubiyatdan so'ng futbolchilar buni chuqur tahlil qilishadi. SHaxsan men keyingi o'yinda g'alaba qozonmagunimizcha ruhiy tushkunlikka tushib qolaman. Mag'lubiyat menga qattiq tasir qiladi. Lekin murabbiylarimiz tezda keyingi o'yinga ruhiy taraflama ham tayyorlashadi.


SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика