Intervyu. O'tkir Yusupov: "O'zbekistonda iqtidorli darvozabonlar juda ko'p"
25 okt 2016 10:35
Yangiliklar
Intervyu. O'tkir Yusupov: "O'zbekistonda iqtidorli darvozabonlar juda ko'p"
Ushbu posbon bugungi kunga kelib "Neftchi"ning asosiy darvozaboniga aylanib oldi. Biz O'tkir Yusupov bilan futbolchilik faoliyati va yakuniga etayotgan mavsum haqida suhbatlashishga qaror qildik.
- Futbolchilik faoliyatingiz qanday boshlangani haqida gapirib bersangiz.
- Maktabda o'qib yurgan vaqtlarimda Otabek Nabiev ixtisoslashgan futbol internatiga olib ketgandi. Bir muddat Toshkent shahar birinchiligida o'ynaganman. Keyin Qudrat Madaminov "Paxtakor" jamoasiga taklif qilgan. Dastlab 2-ligada o'ynaganman, so'ngra birinchi liga va o'rinbosarlar jamoasiga o'tganman. Undan keyin birinchi ligada "SHayxontoxur", "Do'rmon-Sport" kabi klublarda faoliyat olib borganman. "Mashal" klubi darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov Muborakka chaqirgan. O'ylab ko'rib ushbu taklifni qabul qilganman.
- Nima uchun darvozabonlikni tanlagansiz?
- Bilmadimu negadir darvozabonlarning seyvlarini tomosha qilishni yaxshi ko'rardim. O'zimga ham darvozaga turish yoqardi. Futbolchilikni aynan darvozada turib boshlaganman.
- Xorijda qaysi darvozabonlarning o'yinlarini kuzatardingiz?
- Edvin van der Sar! Gollandiyalik darvozabon ajoyib o'yin ko'rsatardi. Bundan tashqari Petr CHex, Iker Kasilyas va Janluiji Buffon kabi posbonlarning o'yinlariga havas qilardim. Ularning o'yinlariga havas qilib darvozani tanlaganman desam ham bo'ladi.
- "Paxtakor"da qaysi futbolchilar bilan birga faoliyat olib borgansiz?
- Ular orasida eng mashhuri Akbar Ismatullaev. U bilan birga ikkinchi ligada faoliyat olib borganmiz. Ko'pchilik futbolchilik faoliyatini yakunlab yuborishgan.
- "Mashal"dagi faoliyat qanday bo'ldi?
- 2011 yilda Muborak klubi tarkibiga borib qo'shildim. U erda dastlab yoshlar jamoasida o'ynadim. 2012 yilda murabbiylar 3-4ta o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushirishdi. Afsuski 2013 yilda jamoa birinchi ligaga tushib ketdi.
- 2014 yilda "Nasaf"ga o'tdingiz...
- Ha, to'g'ri. Denis Ivankov "Mashal"dan "Nasaf"dan o'tgandi. Aynan u meni Qarshi jamoasiga taklif qildi. Faoliyatimda katta o'zgarishlar aynan "ajdarlar" safida bo'ldi. Futbolchi sifatida o'sishga erishdim. Jamoa yuqori o'rinlar uchun kurashardi, oliy liga o'yinlarida ham maydonga tushdim. Ikki yil davomida "Nasaf" sharafini himoya qildim. Hujjatlarimdagi muammolar tufayli Qarshi jamoasini tark etishga majbur bo'ldim.
- Denis Ivankov faoliyatingizda katta o'rin tutgan ekan. U qanday murabbiy?
- Kuchli mutaxassis. Sanjar Quvvatov, Eldorbek Suyunov, Mixail Naumov kabi tajribali darvozabonlarning o'sishida katta xissa qo'shgan inson hisoblanadi. Hozirda ham yangi yosh posbonlarni etishtirib chiqarmoqda. Agar yurtimizda shunday darvozabonlar murabbiylar bo'lsa futbolimizda kuchli posbonlar ko'payib boradi.
- "Neftchi"dagi faoliyat qanday bo'lmoqda?
- Mavsumni biroz bo'sh boshladik. Keyinroq o'zimizga keldik va bir qator g'alabalarni qo'lga kiritdik. Ikkinchi davrada ham yaxshi o'yinlar ko'rsatdik. Bir qator etakchi klublardan ochko oldik va g'alabalarga erishdik. Nolimayman mavsum o'rtacha o'tmoqda. Bu erda anchagina o'yin amaliyotiga ham ega bo'layapman.
- "Neftchi" darvozabonlar murabbiyi Bahodir SHamsiddinov haqida nima deya olasiz?
- Juda yaxshi inson. O'z ishining ustasi hisoblanadi. Vazifasini sidqidildan bajaradi. Mashg'ulotlarni ham qiziqarli o'tkazadi. Klubdagi darvozabonlarning yanada kuchayishi va o'sishini istaydi.
- Farg'onaga kelganingizda raqobatdan qo'rqmayman deb intervyu bergandingiz...
- To'g'ri. Mavsum boshlanmasidan oldin shunday intervyu bergan edim. Hozir ham bu fikrimda qolaman. Sababi raqobat bor bo'lgan joyda o'sish va rivojlanish bo'ladi. Menga raqobat qilayotgan boshqa darvozabonlar ham kuchli posbonlar. Abdumavlon Abdujalilov bilan hayotda do'stmiz. Qaerda bo'lsa ham birgamiz. Yaxshi bola o'z ustida ko'p ishlaydi. Uning otasi ham darvozabon bo'lgan ekan. Abdumavlon mehnatdan umuman qochmaydi. Sergey Smorodin ham yosh iqtidorli posbon. Agar o'z ustida ishlashda davom etsa oliy ligada o'ynab keta oladi deb hisoblayman. Mashg'ulotlar vaqtida barchamiz bor kuchimiz bilan harakat qilamiz, maydonga kim tushishini esa murabbiylar hal qilishadi. Kim maydonga tushsa ham qolganlar uni qo'llab-quvvatlaydi. Qiyin vaziyatlarda bir-birimizga dalda bo'lamiz. Sababi uning o'rnida har birimiz bo'lishimiz mumkin. Darvozabonlarning barchasi bir-biriga do'st deb bilaman.
- "Neftchi" 10-o'rinda bormoqda...
- Ochig'i jamoamiz bundan yuqoriroq o'rinlarga loyiq o'yin ko'rsatmoqda. Kezi kelganda etakchi klublarni mag'lub etishga erishdik, bazida esa kutilmagan xatolar tufayli tayyor g'alabani qo'ldan chiqardik. Mavsum tugashiga bir nechta o'yinlar bor. SHu bahslarda biz g'alaba qozonsak jadvalda yuqorilaymiz deb o'ylayman.
- Farg'onalik muxlislar haqida nima deya olasiz?
- Yutib tursangiz doim muxlislarga yoqasiz. Mag'lub bo'lsangiz aksincha. Bu hamma joyda shunday. Farg'onada ashaddiy muxlislar juda ko'p. Ular "Neftchi" uchun doim qayg'urishadi. Biz ham maydonga muxlislar uchun tushamiz va g'alabaga harakat qilamiz. Ammo futbolda faqat yutadigan jamoa umuman yo'q.
- Mavsum boshida oliy ligada xorijlik darvozabonlarga cheklov qo'yildi. Bunga qanday qaraysiz?
- Bir tomondan baribir chet ellik posbonlar bo'lgani yaxshi edi. Sababi ular bilan raqobat qilib yaxshi saviyaga chiqish mumkin edi. Boshqa tomonda olsak yosh darvozabonlar uchun katta yo'l ochildi. Sababi bu yil o'tgan yillarda deyarli maydonga tushmagan posbonlar oliy ligada o'zlarini ko'rsatishmoqda. O'zbekistonda yosh, iqtidorli futbolchi va darvozabonlar juda ko'p. Ularga imkoniyat berilsa bas.
- Siz uchun qaysi o'yin eng yaxshisi bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Etakchi jamoalarga qarshi bahslarda bor kuch bilan o'ynadik. "Paxtakor", "Bunyodkor", "Nasaf" va "Lokomotiv" bilan o'yinlar keskin o'tdi. Mana shu bahslarda zavq olib harakat qildik. Murabbiylarga ham o'yinlarimiz maqul keldi. Jamoa yutgan o'yin men uchun eng yaxshisi bo'ladi.
- Oliy ligada bu yil 18ta gol o'tkazdingiz. Bu kammi yoki ko'pmi?
- SHaxsan men uchun bu yomon natija hisoblanadi. Qaysidir vaziyatlarda goldan qutqarsam bo'lardi, qaysidir vaziyatda o'zim xato qilganman yoki kutilmaganda gol o'tkazganman. Ikkitasini penaltidan o'tkazgandim. Hech qachon o'z o'yinimdan to'liq qoniqmayman. Xatolarimni ko'rib chiqib keyingi safar buni qilmaslikka urinaman.
- Mavsum davomida 2ta penaltini qaytarishga erishdingiz. Penalti siz uchun lotoreyami?
- Ha lotoreya. Mashg'ulotlar vaqtida penaltini qaytarishni ko'p bor mashq qilaman. To'pni nuqtaga qo'ygan futbolchiga yaxshilab qarab uning qaerga zarba berishini taxminan topishga urinaman. Ko'p narsa omadga bog'liq. Lekin 90-95 foiz gol deb o'ylayman. Darvozabon penaltini qaytara olmasa uni hech kim urishmaydi, biroq futbolchi gol ura olmasa barcha uni tanqid qiladi. Posbonlarning ustunligi ham shunda deb bilaman.
- Balki siz uchun g'alati savoldir: Mavsumda o'tkazgan eng chiroyli golingiz qaysi?
- Menimcha, "Obod" bilan bahsda o'tkazgan ikkinchi golim. Anvar G'ofurov bahs oxirida chiroyli gol urdi. Himoyachining oyog'iga tegib rekoshet hosil qilib darvozamdan o'rin oldi. Bundan tashqari biz o'sha o'yinda alamli mag'lubiyatni ham qabul qilib olgandik. Yana birinchi davrada kubok bahsida "Nasaf" yarim himoyachisi Erkin Boydullaev ham jarima zarbasidan chiroyli gol urgan edi.
- CHet elda qaysi yosh darvozabonlarning harakatlarini kuzatayapsiz?
- "Milan"da yangi yosh darvozabon chiqdi. Janluiji Donnarumma. U xatto Italiya terma jamoasida ham debyut qilishga ulgurdi. Buffonga munosib izdosh paydo bo'lmoqda. Germaniyalik Manuel Noyerga barcha havas qilsa kerak. "Manchester Yunayted" va Ispaniya terma jamoasi posboni David De Xeaning harakatlari ham menga maqul keladi.
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar