Intervyu. Muhsinjon Ubaydullaev: "Faoliyatimni "Neftchi"da tugatishni istayman"
27 mar 2020 12:31
Yangiliklar
Intervyu. Muhsinjon Ubaydullaev: "Faoliyatimni "Neftchi"da tugatishni istayman"
Meksikada bo'lib o'tgan o'smirlar o'rtasidagi U-17 Jahon chempionati qahramonlaridan biri, bugungi kunda Navoiyning “Qizilqum” jamoasida o'ynayotgan Muhsinjon Ubaydullaev bilan suhbatlashdik.
- Barchaning etiboriga tushayotgan, siz va bizni zeriktirishga majbur qilgan koronavirus degan balo haqida nima deya olasiz?
- Albatta bugungi kunda barchaning etiborini qozona olgan bu baloni biz, qolaversa butun dunyo, hamjihatlik bilan engib o'tamiz. Qolaversa bunga barchamizning kuchimiz va sabrimiz etadi. Sababi biz Amir Temur, Ibn Sino zurriyodlarimiz. SHu o'rinda barcha yurtdoshlarimizga shuni maslahat berardim. Aziz onalarim, otajonlarim va aka-uka, opa-singillarim barchangiz gigiena rioya qilib, uyda o'tiring. Biz ana shunda bu xavotirsiz virusni engamiz.
- Meksikadagi Jahon chempionatidagi hissiyotlar bilan o'rtoqlashsangiz. Barchamizni hayratlarga etaklagan voqealarni eslasangiz.
- Bu vaqtlar men uchun “oltin davr” deb qalbimda nom qoldirgan. O'shanda o'zimiz ham bu darajaga, bu bosqichgacha kelamiz deb ishonmaganmiz. Albatta barchamiz uchun unutilmas voqealarni hadya etgan edi o'shanda. SHuning uchun ham kim mendan bu haqda surasa “oltin davrim”ni eslarkanmizda deyman (kuladi).
- Navbatdagi savolimiz “Qizilqum”ga oid, jamoaning hozirgi holati qanday?
- Ayni paytdagi holatimizni bilasiz 3ta o'yinda 1 ochlo jamg'arrdik. Albatta bundan fojiya yasamasdan hali mavsum oldinda demoqchiman. O'zimiz uchun muhim ochkolarni qo'lga kiritsak bo'ladi. Hali bunga vaqtimiz ham o'yinlar ham etarli. Jamoamiz tarkibi 60 foizga yangilandi. Ozgina vaqt kerak deb o'ylayman. O'z o'yinimizni topishimizga, xudo xohlasa kerakli ochkolarni to'plashimizga barchamiz ishonamiz. Bu yil jamoamiz oldiga katta vazifalar qo'yilgan. Hozirgi karantin holatida iloji boricha sport formani ushlab turishga harakat qilyapmiz.
- Hamma joyda jamoaning ko'p yillik murabbiyi Hamidjon Aktamov jamoani tark etishi, uning o'rniga boshqa murabbiy kelishi aytilmoqda. Nima deb o'ylaysiz Hamidjon Aktamov jamoani tark etishi kerakmi?
- O'zi qolgani yaxshi albatta. CHunki bu jamoani yo'qdan bor qilgan va hozirgi darajaga kelishiga aynan ushbu inson sababchi, qolaversa jamoadagilar ham shu fikrdalar.
- Murabbiylar haqidagi savollarimizni davom ettiramiz. Nimaga deb o'ylaysiz Aleksey Evstafeev hozirda terma jamoalar uyoqda tursin, Superligamizdagi jamoalarda ko'rinish bermayapti. Yani asosiy rolda emas. Yoki jamoalarimizda uning kuchiga va salohiyatiga ishonmaslik tuyg'usi bormi?
- O'sha paytlar “Neftchi” jamoasida birga faoliyat yuritganimizda oilaviy sabablarga ko'ra jamoa bilan xayrlashib Rossiya davlatiga, oilasining oldiga ketdi. Keyinchalik, bilishimcha u uerda “Krasnodar” jamoasining akademiyasida faoliyat yuritgan ekan. Undan keyin nima bo'lganini bilmadim. SHuni bilamanki uning kuchiga va salohiyatiga men shubha qilmayman. Qolaversa uning murabbiylik salohiyatiga shubha qilganlar. Meksikadagi Jahon chempionatini ko'rishini maslahat berardim.
- Sizni ham aynan terma jamoaga Aleksey Efstafeev taklif qilganmi?
- Ha albatta. Men o'shanda 1993 yilda tug'ilganlar bilan mashg'ulotlarda qatnashayotgandim. Uning o'zi meni kelib,o'yinlarimni va harakatlarimni kuzatgan. Maqul kelgan ekan, o'sha “oltin davr”ni boshimizdan o'tkazdik. Fursatdan foydalanib Aleksey Efstafeev va Ahmadjon Musaevga o'z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
- Bilamiz jamoaga Turkmaniston va Rossiyadan himoyachilar taklif etildi. Hozirda ular jamoaning asosiy tarkibida harakat qilmoqda. Siz bu futbolchilar bilan bo'ladigan raqobatga tayyormisiz?
- Albatta ular yaxshi futbolchilar hisoblanadi. Lekin men hech qachon raqobatdan qurqmaganman va qurqmayman ham. Aksincha raqobat bor joyda o'sish bo'ladi.
- Nima uchun aynan “Qizilqum” jamoasini tanlagansiz?
- 2018 yil “Mashal” jamoasi bilan shartnoma tuzdim va mavsumga tayyorgarlikni boshladim. Lekin PFLning qarori bilan “Mashal” jamoasi 1-ligaga ravona bo'ldi. SHundan so'ng, jamoa rahbariyati kimda oliy ligadan takliflar bo'lsa, bemalol ketishimiz mumkinligini aytishdi. O'sha payt menga “Qizilqum” jamoasidan taklif bo'ldi va aynan shu taklifni tanladim. Xudoga shukur 3-mavsumki shu erdaman.
- Bilamiz, jamoada sizdan tashqari yana bir Farg'ona o'g'loni SHukurali Po'latov ham harakat qilgan. Lekin keyinchalik, u “Neftchi” jamoasiga o'tib ketdi. Nima deb o'ylaysiz sizni ham bir kun kelib “Neftchi” jamoasida ko'rishimiz mumkinmi?
- Katta futbolga aynan “Neftchi” jamoasi orqali kirib kelganman. Albatta men ham faoliyatimni “Neftchi”da tugatishni xohlardim.
- Nima uchun aynan himoyachi bo'lgansiz?
- Yoshligimdan Serxio Ramosning o'yinlariga qiziqaman. SHuning uchun ham himoya chizig'ini tanlaganman. Agar menga boshqa poziciyada to'p tepishimni aytishsa albatta har qanday poziciyada o'ynashga tayyorman.
- Demak jahon futbolida “Real”ga muxlislik qilasiz?
- Albatta! CHunki u “Qirollik klubi” hisoblanadi.
- O'zimizning futbolimizda qaysi jamoaga muxlislik qilasiz. Yoki o'sha jamoaning o'yinlariga yaxshi munosabatda bo'lasiz?
- Men hech qaysi jamoaga muxlislik qilmayman. Lekin menga AGMK jamoasidagi sobiq jamoadoshim, Elguja Grigalashvili bilan to'p tepish zavq berardi. U juda kuchli va aqlli futbolchi. Qolaversa men uni juda ham kuchli hurmat qilaman.
- Muxlislarga aytadigan tilaklaringiz...
- Nima ham deyman. Bizga ishonishda davom eting. Albatta bu ishonchingizni ko'plab g'alabalarimiz bilan oqlaymiz. Qolaversa so'zimning so'nggida yana bir marta qaytaraman, aziz yurtdoshlar havotirga tushmang va qo'lingizni tez-tez yuvishni unutmang.
SHoxrux Meylixolov suhbatlashdi
Fikrlar