Intervyu. Doniyor Ismoilov: "Olmaliq” - katta bir oila"
12 may 2016 16:13
Yangiliklar
Intervyu. Doniyor Ismoilov: "Olmaliq” - katta bir oila"
Igor Anatolevich o'tgan yillar davomida Sanjar SHoahmedov, Zohir Pirimov, Azamat Isroilov va Oleg Zoteev kabi futbolchilarni kashf qilgan. Vaqt o'tgani sari yangidan yangi yoshlar etishib chiqaveradi. O'tgan yil oliy ligada debyut qilgan Doniyor Ismoilov bu mavsumda jamoaning asosiy futbolchisiga aylanib bormoqda. Biz bu mavsumda "Metallurg" va "Bunyodkor"ga qarshi bahslarda ajoyib gollar urgan Doniyor bilan suhbatlashishga qaror qildik.
- 1994 yilda CHirchiq shahrida tug'ilganman va hozir ham shu erda yashayman, - deb gap boshladi Doniyor Ismoilov. - Yoshligimda barcha kabi mahallada bolalar bilan futbol o'ynar edim. Keyinroq CHirchiq Olimpiya zaxiralari kollejiga o'qishga kirganman. U erda Davron Xoliqov qo'l ostida shug'ullana boshlaganman. Aynan shu inson mening futboldagi birinchi murabbiyim bo'lgan. Kollejda o'qib yurgan kezlarim CHirchiq shahrining “CHirchiq-Maksam” futzal klubida o'ynaganman. O'shanda Abdujabbor Gaffarov meni klubga taklif qilgandi. “CHirchiq-Maksam”da Bahodir Ahmedov va Nikolay Odushev bilan elkama-elka to'p tepganman.
- Keyin “Zomin”da o'ynagansiz...
- To'g'ri, futzaldan keyin birinchi liganing “Zomin” klubidan taklif bo'ldi. O'z kuchimni sinab ko'rish uchun bu klubga o'tdim. Birinchi ligada ko'p gol urganim uchunmi Qozog'iston birinchi ligasidan taklif bo'lgan. SHunday qilib bir yil davomida SHimkentning “BIIK” klubida faoliyat olib bordim. Afsuski jamoa birinchi ligadan tushib ketgani uchun O'zbekistonga qaytib yana “Zomin”da bir yil o'ynadim.
- “Olmaliq”qa o'tishingiz qanday sodir bo'lgan?
2015 yilda oliy liganing “Olmaliq” klubiga chaqirishdi. Igor SHkvirin jamoada ko'rikdan o'tish uchun taklif qilgandi. Qishki yig'inlarda ishtirok etib jamoa bilan shartnoma tuzgandim.
- Igor SHkvirin qanday murabbiy?
- Igor SHkvirin yoshlarga juda katta etibor qaratadi. Yosh futbolchiga ko'rqmasdan imkoniyat beradi. Xato qilsa uning xatolarini ko'rsatib beradi va o'zining maslahatlarini beradi.
- “Olmaliq”da qaysi futbolchilar bilan yaqinroqsiz?
- Jamoada barcha bilan yaxshi munosabatdaman. Futbolchilar va murabbiylar bilan munosabatlarimiz juda yaxshi, “Olmaliq” - katta bir oila.
- Oliy ligadagi debyutingizni o'tgan G'uzorda “SHo'rtan”ga qarshi bahsda nishonlab gol urgandingiz. O'sha bahsni yodga olsak.
- Uchrashuvda biz 2:3 hisobida yutqazayotgandik. 87-daqiqada murabbiy meni maydonga tushirgandi. Igor Anatolevich menga “o'z o'yiningni ko'rsatsang albatta gol urasan” deb aytgandi. Vaqt oz bo'lsa ham omadim keldi va gol urib jamoamni mag'lubiyatdan qutqarib qolgandim. SHunday qilib oliy ligadagi debyutim juda ajoyib chiqqandi.
- Birinchi va oliy ligada o'ynagan futbolchi sifatida aytingchi ligalar orasida qanchalik farq bor?
- To'g'risi ligalar orasida katta farq bor. Oliy ligada baribir tajribali futbolchilar va murabbiylar faoliyat olib boradi. O'yin tashkil etilishida ham farqlar juda ko'p. Stadionlar borasida ham oliy liga ustun. Oliy ligada bosim ham juda katta.
- Yoshlikda qaysi futbolchiga havas qilardingiz?
- Kichkinaligimda braziliyalik Roberto Karlosning o'yiniga havas qilardim. Uning jarima zarbalari juda ham g'aroyib edi. CHap oyog'i bilan juda kuchli zarba bera olardi. O'zim hujumchi bo'lsam ham himoyachining o'yinini maza qilib kuzatardim. Bundan tashqari Ronaldinoning harakatlari ham meni o'ziga rom qilgan.
- O'tgan yil oliy ligada 3ta gol urgansiz. Bu yil 8ta turdayoq 3ta gol urib bo'ldingiz. Mavsum boshida qancha gol urishni o'z oldingizni maqsad qilib qo'ygandingiz?
- Yil boshida o'tgan yilgidan ko'proq gol urishni maqsad qilgandim. Hozir o'tgan yilgi natijamni takrorladim. Yangi maqsad qancha ko'p gol ursam shuncha yaxshi (kuladi). Biroq asosiysi jamoamning g'alabasi. Men gol ursamu, “Olmaliq” g'alaba qozona olmasa bundan xursand bo'la olmayman.
- Ko'p gollaringizni uzoq masofadan urasiz. Kuchli zarba sohibi bo'lish uchun qo'shimcha mashg'ulotlar qilasizmi? VIDEO
- Mashg'ulotlar vaqtida albatta zarbalar ustida ishlaymiz. Bundan tashqari yakka holda qolib o'z ustimda ishlayman. “Mashqda qiyin bo'lsa, jangda oson bo'ladi” degan maqol borku.
- Futzal yoki futbol. Qaysi biri qiyin?
- Menimcha katta futbol qiyinroq. Lekin ikkalasining ham o'ziga yarasha qiyinchiligi bor deb o'ylayman. Futbolda ham, futzalda ham katta jismoniy kuch talab etiladi.
- Futzal o'ynaganingiz katta futbolda yordam beradimi?
- Albatta yordam beradi. Sababi futzal o'ynaganimda texnikam kuchaygan va tez fikrlashni o'rganganman. Futbolda bu juda katta yordam bermoqda.
- Yaqinda futzal terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yo'llanma oldi...
- Albatta bundan juda xursand bo'ldim. Yurtimiz terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqqani ajoyib bo'ldi. Toshkentdagi Osiyo chempionatida futzalchilarimiz muxlislarga yoqadigan o'yin namoyish etishdi deb o'ylayman. Xudo xohlasa mundialda ham yigitlarimiz yomon natija ko'rsatishmaydi.
- Yaqinda ko'hna qitada Evropa chempionati bo'lib o'tadi. Bu musobaqada qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
- Aslida men Braziliya terma jamoasi muxlisiman. Franciyada o'tadigan Evropa chempionatida Ispaniya favorit bo'lsa kerak. Lekin bu yildan jamoalar soni 24taga etdi. SHu bois sensaciyalar ham bo'lishi mumkin. Kuchsiz deb qaraladigan jamoalar ham o'zlarini ko'rsatishlari mumkin.
- Yoshlar va olimpiya terma jamoasi safida o'ynamagansiz. Milliy terma jamoada o'ynash imkoniyatingizni qanday deb o'ylaysiz?
- O'tgan yil Samvel Babayan olimpiya terma jamoasi yig'iniga chaqirgandi. Lekin jarohatim tufayli o'zimni ko'rsata olmagandim. Xudo xohlasa oliy ligada muntazam o'ynab, ko'p gollar ursam milliy terma jamoaga ham chaqirishadi. Har bir futbolchi buni orzu qiladi.
- “Olmaliq”ning bu yilgi maqsadi?
- Tarkibimiz yomon emas. SHu bois yuqori pog'onalarda yurishga haqlimiz deb o'ylayman. Maqsadimiz imkon qadar teparoq o'rinlarni egallash. O'z g'alabalarimiz bilan bizni har bir o'yinda qo'llab turadigan olmaliqlik muxlislarimizni xursand qilishni istaymiz.
- Siyqasi chiqqan bo'lsa ham shu savolni beraman: ota-onangiz yoshlikda futbolchi bo'lishingizga qarshilik ko'rsatishmaganmi?
- Yo'q. Aksincha bu qarorimni qo'llab-quvvatlashgan. Onam futboldagi birinchi murabbiyim desam ham bo'ladi (kuladi). Yoshligimdan menga barcha sharoitlarni yaratib berishgan. Ulardan doim minnatdorman.
Narzulla Saydullaev
Fikrlar