Ilhom SHaripov: Mahalliy iqtidorlar tayanchimiz
08 noy 2016 10:31
Yangiliklar
Ilhom SHaripov: Mahalliy iqtidorlar tayanchimiz
Tan olish lozim, Ilhom SHaripov boshqaruvidagi jamoa butun mavsumda ko'tarinki ruhni pasaytirmadi va finish marrasiga 3ta tur qolgan vaqt oliy liga yo'llanmasini rasman naqd qildi. SHubhasiz, Dinamodek o'z tarixiga ega klubning elitada ishtirok etishi ajoyib, ammo kelasi mavsum jamoa qay ko'rinishda bo'ladi? Yangilangan Dinamodan nimalar kutish mumkin? Bu savollar ko'pchilikni qiziqtirayotgani tayin. SHu bois, jamoa bosh murabbiyi bilan bafurja suhbatlash asnosida eng muhim mavzular yuzasidan fikr almashdik.
OLIY LIGA
- Ilhom aka, avvalo, sizni va jamoangiz azolarini oliy liga yo'llanmasi bilan tabriklaymiz...
- Katta rahmat! Bilasizmi, meni ayni payt quvontirayotgan eng muhim omil nima? Mana, jamoa rahbariyati va muxlislar ishonchini oqlab, oliy ligaga qaytish uddasidan chiqdik. Ehtimol, ko'pchilik birinchi ligani nazarga ilmas, ammo ishoning, bu erda juda jiddiy kurash kechadi. Masalan, joriy mavsum yo'llanmalar uchun naq 5ta jamoa kurash olib bordi. SHuning o'zi raqobat ko'lamini ko'rsatib bersa kerak. Biz shu bir yil davomida nafaqat oliy ligaga chiqishni o'yladik, balki mahalliy yoshlarni tarbiyalash borasida ham bir qator ishlarni amalga oshirdik. Hozirga kelib, jamoamiz asosini samarqandlik yigitlar tashkil etyaptilar va bu bilan faxrlanamiz.
- Suhbat boshidayoq murakkab savol berish noqulay, lekin bu barchani qiziqtiradi: moliyaviy taminot. Ushbu masalada klubning ishlari qanday? Oliy ligada mablag' borasida muammolar tug'ilmaydimi?
- Nega noqulay? Savolingizga bemalol javob berishim mumkin. Tabiiyki, Dinamoning o'tgan yili oliy ligadan tushib ketishi muxlislar barobarida viloyatimiz va shahrimiz rahbarlarini ham ranjitgandi. Samarqanddek azim shahar futboli ortga ketgani yaxshi holat emasdi, albatta. SHuning uchun rahbariyat darhol bu masalada tegishli choralar ko'rdi va jamoani qayta shakllantirish uchun katta hajmdagi ishlarga qo'l urdi. Ochig'i, meni Dinamo boshqaruviga taklif etishganida, darhol aynan moliyaviy taminot masalasini ko'targandim. O'shanda zarur sharoit yaratib berilishi aytildi. Mana, o'tgan vaqt davomida vadalarning barchasi amalga oshirildi. Hozir klubimizda qarzdorlik holati mutlaqo yo'q. Oliy ligaga kelsak, ishonamanki, kelasi mavsum ham moliyaviy barqarorlik davom etadi. Xullas, Dinamo muxlislarga yoqadigan o'yin namoyish etsa, bas. Qolgani silliq kechishiga aslo shubham yo'q.
- SHaxsan sizning oldingizga oliy liga yo'llanmasini yutishdan tashqari, yana qandaydir vazifalar qo'yilganmidi?
- Albatta. Bizdan viloyat futbolini rivojlanish yo'liga olib chiqish ham talab qilinmoqda. SHu sababli, mahalliy yoshlarni tarbiyalash va ularni tarkibga faol jalb etish uchun astoydil intildik. Mana, mavsum davomida yoshlarga iloji boricha imkon berdik. Biroq faqat yoshlarning shijoatiga umid bog'lash ham to'g'ri emas. Zero, yosh futbolchi qanchalik iqtidorli bo'lmasin, uni oldinga undaydigan, tajribasi bilan o'rtoqlashadigan o'yinchilarga doim ehtiyoj seziladi. Aynan shuni inobatga olib, Mixail Naumov, Aleksey Nikolaev, Akmal Bozorov, Alisher Xoliqov va Viktor Klishinni jalb etdik. Bu ishimiz samara keltirganini ko'rib turibsiz: yoshlik shijoati va tajriba uyg'unligi hisobiga vazifani bajardik.
KELAJAK
- Hozir samarqandlik muxlislarni bitta jihat o'ylantirishi aniq: keyingi mavsum nima bo'ladi? Jamoa elitada yuqori o'rinlar uchun kurashadimi yoki ligada yana jon saqlashnigina o'ylaydi?
- Ishonchim komil, hech bir jamoa quyi o'rinlarda yurishni o'ziga ravo ko'rmaydi. Hammasi vaqt va sharoitdan kelib chiqib ro'y beradi: kimdir yuqori pog'onalar uchun kurashadi, boshqasi esa shunchaki, ligada qolish vazifasini bajarishga majbur bo'ladi. Yuqorida viloyat va shahar rahbarlari yaxshi sharoitlar yaratib berishganini aytdim. SHunga yarasha, zimmamizga vazifalar ham qo'yilgan. Jamoamiz hozircha ulardan dastlabkisini bajardi. Endi oliy liga uchun raqobatbardosh jamoa tuzishimiz lozim. Bu oson emasligini hamma yaxshi biladi, shu jumladan, rahbariyat ham. SHunday ekan, boshida hech kim o'ta yuqori natija talab qilmasa kerak, ammo muxlislarga manzur keladigan o'yin ko'rsatib, ularni g'alabalar bilan quvontirishimiz shart, baribir.
- Kelasi mavsum uchun taxminiy tarkib tuzib qo'ygandirsiz... Deylik, yangi futbolchilar taklif etasizmi?
- Albatta. Birinchi ligada g'olib chiqish yaxshi, ammo oliy liga mutlaqo boshqa saviyadagi musobaqa. Demak, tarkibni jiddiy kuchaytirish shart. Oliy ligada ishtirok etayotgan har bir klub ixtiyorida kuchli futbolchilar bor. Ularga qarshi turish uchun esa tarkibni talab darajasiga keltirish lozim. Xullas, elitada olovdan ham, suvdan ham o'tgan, etarli tajriba to'plagan bazi o'yinchilarni chaqirishni rejalashtiryapmiz.
- Xo'sh, unda Dinamoni oliy ligaga olib chiqqan o'yinchilar taqdiri nima bo'ladi?
- Futbol raqobat va kurashlardan iborat. Biz futbolchilarimizga har doim imkon beramiz. Ular o'zlarini ko'rsatsalar, albatta, jamoada qoladilar. Umuman, bosh maqsadimiz - mahalliy iqtidorlarni yuzaga chiqarish. SHu maqsad yo'lida boshlangan ishlar to'xtab qolmaydi. Hozir jamoamizda 25 nafar futbolchi bor va ulardan kamida 20 nafarini tarkibda olib qolamiz. Boz ustiga, rahbariyat samarqandlik yigitlarni jamoaga qaytarishni so'rayapti. Hozir oliy ligadagi bir qator klublarda samarqandlik o'yinchilar to'p surmoqdalar. Ularni yana Dinamo tarkibida ko'rishdan hamma birdek xursand bo'lishi aniq.
- Ammo bunga erishish oson emas. Axir professional futbolchining o'ziga yarasha talablari bo'ladi...
- SHak-shubhasiz. Ha, oliy ligada o'z o'rniga ega futbolchini Dinamoga qaytarish uchun uning Samarqandga nisbatan hurmat va ehtiromi kamlik qilishi mumkin. To'g'rirog'i, klubdagi sharoitlar unga maqul kelishi lozim. Bu masalani hal qilish ustida ish olib borilyapti. Zero, jamoamizga mahalliy futbolchilar kerak. Mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida shu ish bilan jiddiy shug'ullanamiz.
IJARACHILAR
- So'nggi yillarda Dinamo uchun ijara asosida taklif qilingan futbolchilardan foydalanish urfga aylanib qolgandek. Bu odat davom etadimi?
- Fikringizga unchalik qo'shilmayman. Negaki, ijaraga futbolchi olish - ancha qulay va tejamkor usul. Zamonaviy futbolda bundan deyarli barcha jamoalar foydalanishadi. Lekin joriy yil atigi ikki nafar ijarachi xizmatiga tayandik: Saidjamol Davlatjonov va Doston Ibragimov. Ikkisi ham Paxtakor tarbiyalanuvchisi. Bu futbolchilarning qay darajada iqtidorga ega ekanliklarini endi hamma yaxshi bilib oldi, menimcha. Zero Saidjamol ham, Doston ham Bahrayndagi Osiyo chempionatida yomon taassurot qoldirmadi. Ularni bejiz chaqirmaganimizni o'zingiz tushunib turibsiz. Davlatjonov va Ibragimov ancha yordam berishdi. Agar shunday futbolchilarni topsak, bajonidil yana ijara kelishuvini tuzardik.
- Darvoqe, aynan Davlatjonov va Ibragimovga tegishli savol: ular kelasi mavsumni qaerda o'tkazishadi?
...
intervyuning to'liq qismini "InterFutbol" saytida o'qish mumkin.
Fikrlar