So’nggi yangiliklar

16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  5 14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" 0:1 (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  12 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  24 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3

Husniddin G'ofurov: Hozircha O'zbekistonga qaytish haqida o'ylamayapman Yangiliklar

Husniddin G'ofurov: Hozircha O'zbekistonga qaytish haqida o'ylamayapman

Malumki, O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan biri Husniddin G'ofurov ikkinchi mavsumdirki, Serbiyaning Yavor Matis klubi sharafini himoya qilyapti.
Afsuski, uning jamoasi o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra, Serbiya oliy ligasini tark etdi. Hozirda ivanicaliklar 1-ligada peshqadamlar safida borishyapti. 18 mart kuni o'tkazilgan 17-tur uchrashuvidan so'ng Yavor turnir jadvalida 34 ochko bilan 2-o'rinni egallab turibdi. Peshqadam Surdulicaning Radnik jamoasi hisobida 36 ochko bor. Lekin Yavorning kuchlilar safiga qaytishi haqida gapirishga hali erta. Boisi, kuchli sakkiztalikda borayotgan raqiblar undan ko'pi bilan 5 ochko kam jamg'arishgan.

18 mart kuni o'tkazilgan uchrashuvda Husniddin va uning jamoadoshlari taqibchilardan biri - Borchadan 2:0 hisobida ustun kelishdi. Biz ushbu o'yindan so'ng hamyurtimiz bilan bog'lanib, undan Serbiyadagi ishlari xususida maxsus intervyu oldik.



- Husniddin, avvalo, oxirgi g'alaba bilan tabriklaymiz. O'yinga qisqacha to'xtalib o'tsangiz.

- Rahmat. G'oyat muhim o'yinda g'alaba qozonganimizdan xursandman. Kechagi (suhbat 19 mart kuni uyushtirilgan, - mual.) o'yin oldidan Borcha klubi bilan oramizdagi farq bor-yo'g'i 2 ochkoni tashkil etayotgandi. U ham oliy liga yo'llanmasiga davogarlardan biri. Hujumkor ruhda o'tgan uchrashuvda maqsadga erishdik va endi qolgan o'yinlarda ham ochko yo'qotmaslikka harakat qilamiz. Hozir peshqadam Radnik klubidan 2 ochko ortda qolyapmiz. Turnir jadvaliga etibor qaratsangiz, 1-8-o'rinlarni egallab turgan jamoalarning ochkolari o'rtasida  tafovut uncha katta emas. Birgina mag'lubiyat ham qimmatga tushishi hech gap mumkin. SHu bois, har bir o'yinga alohida tayyorgarlik bilan chiqyapmiz.   

- Umuman, Serbiyadagi ishlaringiz qanday ketyapti?

- Ikkinchi davraning ilk uchrashuvida mag'lubiyatga uchraganimizni hisobga olmasam, hammasi joyida. Eng alamlisi, autsayder hisoblangan Kralevoning Sloga klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydik. O'sha mag'lubiyatdan so'ng 3-o'ringa tushib qolgandik. Kechagi g'alaba bilan yana o'z o'rnimizga qaytdik.

- Yavor safida oliy ligada ham o'ynadingiz. Aytingchi, Serbiyaning 2ta ligasi o'rtasidagi farq nimalarda aks etyapti?

- Ochig'i, katta farqni sezmadim. Bu shaxsiy fikrim. Balki ayrimlar bunga qo'shishilmas. Lekin shaxsan men aytishga arzigulik farq ko'rmayapman. Birinchi ligada ham o'sha tezkorlik va shiddat bor.

- Maydonlarning sifati qanday? Stadionga muxlislar tashrifichi?


- Serbiyada kuchli qor yoqqanligi sababli, chempionatning ikkinchi davra starti bir hafta kechiktirildi. Bugunga kelib maydonlarning holati ancha yaxshilandi. Endi sovuq havo maydonlar sifatiga biroz tasir o'tkazgan. Lekin o'ynab bo'lmas darajada yomon emas. Muxlislar tashrifi esa o'rtacha.

- Masalan, Yavorning o'yinlariga qancha muxlis kiryapti?

- O'z maydonimizda o'tadigan o'yinlarimizga 5 mingdan kam muxlis tushmaydi. Tabiiyki, markaziy uchrashuvlarga nisbatan ko'proq muxlis keladi.

- Jamoangiz 1-ligaga tushib ketganidan keyin muxlislar tashrifi kamayib ketmadimi?

- Yo'q. Evropalik muxlislar aynan shu masalada  boshqa qita ishqibozlaridan ajralib turishadi. Hatto o'rtoqlik o'yinlariga ham etarlicha muxlis keladi. Mabodo, jamoa mag'lubiyatga uchrasa ham, uni haqoratli so'zlar bilan siylamaydilar. Xullas, Evropada futbol sanat darajasiga chiqqanini bejiz takidlamaydilar.



- O'tgan mavsum bilan taqqoslaganda, klubda qanday o'zgarishlar bo'ldi?

- Katta o'zgarishlar yo'q. Jamoani 3-4 nafar futbolchi tark etdi. Asosan yoshlar faoliyatlarini boshqa klublarda davom ettirish istagini bildirishdi.

- Yavor 1-ligaga tushib ketgani uchun shunday bo'ldimi?

- Ehtimol. Harqalay, oliy liga klublaridan yaxshi taklif olgan futbolchilar ketishdi.

- O'z o'yiningizda qanday o'zgarishlar ko'zga tashlanyapti? Muntazam maydonga tushyapsizmi?

- Ha, hozir murabbiylar ishonch bildirishyapti. Faqat birinchi o'yinda zaxirada qoldim. Davralar oralig'ida o'tkazilgan barcha o'rtoqlik uchrashuvlarida asosiy tarkibdan joy olgandim.

- Siz harakat qiladigan chiziqda raqobat qanday, murabbiy bilan o'rtangizda muammo yo'qmi?

- Yo'q. SHunchaki, so'nggi nazorat uchrashuvida jarohatlangan edim. SHu sababli, ikkinchi davraning ilk turida o'yinni zaxiradan tomosha qildim. Balki murabbiylar jarohatim jiddiylashib ketmasligi oldini olishgandir. Lekin raqobat ham kuchli. Buni alohida qayd etish lozim.

- Hozir qaysi poziciyada o'ynayapsiz?

- 3ta joy - o'ng va chap qanot yarim himoyasi hamda hujumchi ortida harakat qilyapman.

- Demak, erkin yarim himoyachi ekansiz-da.


- Xuddi shunday. Murabbiy ko'rsatmasiga ko'ra, qanotlarni o'zgartirib turaman. Kerak vaziyatda hujumchilarga yordam ham beryapman.

- Oliy ligada mavsumni yomon boshlamagandinglar. Jamoangizning 1-ligaga tushib ketishiga nima sabab bo'ldi?

- To'g'risi, buni izohlab berolmasam kerak.

- Nima uchun?

- Jamoada bir mavsum mobaynida 3 marotaba bosh murabbiy o'zgardi. Bir murabbiy endi o'yin uslubini yo'lga qo'ygan payt boshqasi keladi. Mavsumni 3 xil taktikada o'tkazdik. Buni o'zingiz tasavvur qilavering. Kelgan murabbiylarning o'yin uslublari va futbolga qarashlari o'xshash bo'lganida ham mayli edi.

- Jarohat sabab, aksariyat o'yinlarda maydonga tushmabsiz. SHuncha payt maydon chetida qolish...

- O'zimni faqat mashg'ulotlar bilan ovutdim. Aksiga olib, jarohatdan so'ng tiklanishim ham cho'zilib ketdi. 20 kun mashg'ulot o'tkazib, endi maydonga qaytadigan payt tizzamda yana kuchli og'riq sezdim.



- Klubda futbolchilarga tibbiy xizmat ko'rsatish yaxshi yo'lga qo'yilganmi?

- Ha, yaxshi. SHikoyat qilishga haqqim yo'q. Bu savolni tezda tuzalib ketmaganim uchun berdingiz, chog'i. Aytishim joizki, bazi jarohatlar sekin-astalik bilan bitadi. Aksiga olib, mening jarohatim ham shunday bo'lib chiqdi. O'ylaymanki, qiyinchiliklar ortda qoldi va bundan buyon muntazam asosiy tarkibda maydonga tushaman.  

- Yavorda sizdan boshqa legioner futbolchilar ham bormi?

- Jami 3 nafar legioner ro'yxatdan o'tgan. Kuni kecha nigeriyalik yana bir futbolchi safimizga qo'shildi. Undan avval men va nigeriyalik futbolchi o'ynayotgan edik. Qisqasi, mendan tashqari, 2 nafar nigeriyalik bor.

- Jamoa oldiga qanday vazifa qo'yildi?

- Nasib qilsa, shu yilning o'zida superligaga qaytamiz. Klub rahbariyatining talabi ham shu. Umid qilamanki, mavsum yakunida bu vazifani uddalaymiz.

- Imkoniyatlar qanday? Hal qiluvchi o'yinlarni yaxshi o'tkazishga qodirmisizlar?


- Imkoniyat o'z qo'limizda. Eng muhimi, superliga yo'llanmalariga davogar jamoalar bilan o'yinlarda ochko yo'qotmasak, bas.

- Xo'sh, qaysi klublarni asosiy raqobatchi sifatida ko'ryapsizlar?


- Radnik va Metallacni. Har ikkisi superligaga chiqishni maqsad qilgan. Radnik musobaqa jadvalida peshqadamlik qilyapti. Metallac esa 30 ochko bilan kuchli uchlikda boryapti. Keyingi pog'onalarda borayotgan Proleter Novi Sad, Injiya klublarida ham imkoniyat etarli. Biz hozir o'z o'yinimiz haqida o'ylashimiz kerak. SHu o'rinda bir narsani aytishim kerak, 1-liga bo'lsa ham, oson o'yinning o'zi yo'q. Uzoqqa bormaylik, bundan avvalgi o'yinimizda yaqqol autsayderga yutqazdik. Bunday kutilmagan natijalar boshqa etakchi klublar bilan ham sodir bo'lyapti.

- Klub bazasida yashayapsizmi?


- Yo'q. Legionerlarga alohida kvartira berilgan.

- SHaroitlar yaxshimi?

- Nolimayman. Hammasi joyida.

- Maosh etyaptimi?

- Bu borada ham ko'nglim to'q.

- Superligadagi mavsum bilan taqqoslaganda, maoshlar qisqartirilmadimi?

- Har holda, maoshimizda katta o'zgarish bo'lmadi.

- Legionerlar taxminan qancha olishadi?


- To'g'risi, buni bilmayman. Har bir futbolchi shartnomasida belgilangan maoshni oladi. Summaga kelsak, oliy ligamizning aksariyat klublarinikidan yaxshi.

- O'zbekistonga qaytish haqida o'ylamayapsizmi?

- Hozircha yo'q. Menga Evropa futboli yoqyapti. Hali qaytishga ulguraman. Mana, Serbiya chempionatiga ko'nikib qoldim.  Superliga klublaridan ham takliflar olgandim. Lekin Yavorga sodiq qoldim. Nasib qilsa, kelasi mavsum yana kuchlilar safida o'ynaymiz.

- O'zimizdagi klublardan ham chaqiruv bo'lgandir...

- Takliflar bor edi. Lekin yuqorida aytganimdek, Serbiyada qolishni maqul ko'rdim. Yavor Evropadagi yagona jamoam bo'lib qolmasligi uchun astoydil harakat qilaman.



- O'zbekistonda ham mavsum boshlandi. Kuzatib boryapsizmi?


- Albatta. Bu yil oliy ligada kurash yaxshigina qizisa kerak. Birinchi tur o'yinlariyoq buni ko'rsatib qo'ydi. Amaldagi chempion Paxtakor o'z maydonida Olmaliq bilan durang o'ynabdi. Yana oliy liga debyutanti Qo'qon-1912ning mehmonda 3 ochko olishni hech kim kutmagan bo'lsa kerak. Bunday kutilmagan natijalar chempionat saviyasi ko'tarilayotganidan darak beradi.

- Klublarimizning OCHL-2015dagi ishtiroklaridan ham xabardormisiz?


- Ha. Afsuski, guruh bosqichining 3-tur o'yinlari jamoalarimiz uchun omadsiz keldi. Ayniqsa, Paxtakor va Bunyodkorning o'z maydonida yutqazishgani yoqimsiz bo'ldi. Lokomotivning yirik hisobli mag'lubiyati esa hammasidan oshib tushdi. Birgina Nasaf muxlislarni xushnud etdi. Ko'ramiz, 4-tur uchrashuvlari ko'p narsaga oydinlik kiritib beradi. Fursatdan foydalanib, OCHLda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan klublarga omad tilayman.

- Milliy jamoamiz FIFA sanalari doirasida, yani 27 va 31 mart kunlari mos ravishda Janubiy Koreya va Yaponiya termalari bilan mehmonda o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazadi. Siz terma jamoaning kengaytirilgan tarkibidan o'rin olgansiz...


- Nimani so'ramoqchi ekanligingizni tushundim. Ha, terma jamoa libosida maydonga tushishni har bir futbolchi orzu qiladi. Menga shunday baxt nasib etganidan xursandman. O'tgan yili Ummon termasi bilan o'yinda maydonga tushdim. Buning uchun bosh murabbiyimiz Mirjalol Qo'shoqovichga minnatdorchilik bildiraman. U biz kabi yosh futbolchilarga imkoniyat taqdim etyapti. Garchi hozirda 1-liga klubida o'ynayotgan bo'lsamda, terma jamoaga qaytish uchun astoydil harakat qilaman. Faqat jarohatlar ozgina pand berib qo'ydi. Vaholanki, o'sha payt yuqori sport formasiga chiqib borayotgandim. O'ylaymanki, men uchun qora kunlar ortda qoldi. Tez orada yana katta sahnaga chiqish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. Bosh maqsadim - milliy jamoamiz tarkibida JCH-2018 saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Rossiya mezbonlik qiladigan mundialga yo'l olish.


Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика