So’nggi yangiliklar

18:06"Арсенал" собиқ устози "Реал"ни бошқариши мумкин  3 17:45Фарғона вилояти ҳокими кубоги. "ФарДУ" 5:1 ҳисобида ютди, "Қўқон-1912" U-21 мағлуб бўлди ва бошқа натижалар  0 17:24"Ғазалкент" назорат учрашувида Қирғизистон клубини мағлуб этди  1 16:58Клаттенбург: "Дарвозабонни тўсиб қўйишга қарши янги қоида керак"  1 16:30Ҳаммаси 1-тур ҳақида  1 16:04"Сурхон" Россия жамоаси устидан иродали ғалабага эришди  4 15:35"Насаф" Бобир Абдихолиқовнинг голи эвазига Россия жамоасидан устун келди  3 15:17Испания терма жамоаси етакчисининг ЖЧ-2026да иштирок этиши сўроқ остида  1 14:56"Навбаҳор" Шимолий Македония жамоасини мағлуб этди  2 14:39Рўзимбой Аҳмедов: "Мавсум бошида исталган кучли рақиб билан ўйнаса бўлади"  2 14:15"Қўқон-1912" "Нефтчи" аъзосини ижарага олади  1 13:53"Реал" Португалия терма жамоаси футболчисига қизиқмоқда  0 13:26"Лестер" эгаси отаси хотираси учун клубни сотиш ниятида эмас  1 12:59Трубин ЕЧЛ тарихида фақат 4 нафар дарвозабонга насиб этган ютуқни қайд этди  14 12:38Бугунги ўйинлар: ЕЛда охирги тур ва бошқалар  0

Hammasi 1-tur haqida Yangiliklar

Hammasi 1-tur haqida

28 yanvar kuni O'zbekiston Superligasining yangi mavsumiga qura tashlash marosimi bo'lib o'tdi.

Ushbu tadbir doirasida mamlakat birinchiligida ishtirok etuvchi klublarning mavsum davomidagi taqvimi hamda dastlabki turdagi raqiblari aniqlab olindi. Qura natijalariga ko'ra, chempionat startidayoq bir qator principial va tarixiy qarama-qarshiliklar yuzaga keldi. Quyida 1-tur juftliklarining o'zaro o'yinlar tarixi va qiziqarli statistik tahliliga nazar tashlaymiz.

"Nasaf" — "Xorazm"

Qarshining "Nasaf" klubi mavsumni o'z maydonida "Xorazm" jamoasiga qarshi o'yin bilan boshlaydigan bo'ldi.

Ushbu qarama-qarshilik tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, qiziqarli statistik faktga guvoh bo'lamiz. Mazkur jamoalar O'zbekiston chempionatining aynan 1-turi doirasida shu kunga qadar faqat bir marotaba o'zaro to'qnash kelishgan.

Bu voqea bundan roppa-rosa 27 yil muqaddam — 1999 yilgi mavsumda sodir bo'lgan. O'shanda Qarshida kechgan ochilish uchrashuvida "Xorazm" jamoasi "Nasaf" ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozongan edi.

"Ajdarlar"da 1999 yilgi alamli mag'lubiyat uchun o'z muxlislari qarshisida revansh olish imkoniyati mavjud.


"Buxoro" — "Qo'qon-1912"

Ilk turda qadimiy Buxoro shahri vakillari o'z maydonida "Qo'qon-1912" jamoasini qabul qiladi. Ikki jamoaning chempionat startidagi yo'llari tarixda uchinchi bor kesishmoqda.

Mazkur juftlikning 1-tur doirasidagi o'zaro o'yinlari tarixiga nazar tashlansa, o'ziga xos qonuniyatni ko'rish mumkin: bungacha bo'lgan to'qnashuvlarda kim mezbon bo'lsa, o'sha jamoa g'alaba qozongan va o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

Xususan:

2018 yil: "Buxoro" o'z uyida 1:0 hisobida g'alaba qozongan.

2020 yil: Qo'qonda kechgan bahsda "Qo'qon-1912" yirik 3:0 hisobida zafar quchgan.

Joriy mavsum o'yin Buxoroda bo'lib o'tishini inobatga olsak, tarixiy statistika mezbonlar foydasiga ishlamoqda. "Buxoro" klubi 2018 yilgi muvaffaqiyatli startni takrorlashga urinib ko'radi.


"Lokomotiv" — "Surxon"

Toshkentning "Lokomotiv" jamoasi 2026 yilgi mavsumni o'z maydonida Termizning "Surxon" klubiga qarshi bahs bilan boshlaydi.

Ushbu qarama-qarshilikning etiborga molik jihati shundaki, mazkur jamoalar O'zbekiston chempionati tarixida ilk bor 1-tur doirasida o'zaro to'qnash kelmoqda. 1992 yildan buyon davom etib kelayotgan milliy birinchilik tarixida "temiryo'lchilar" va "uchar tulporlar"ning startdagi yo'llari shu kunga qadar kesishmagan edi.

Shu bois, yangi mavsum starti ushbu juftlik o'rtasidagi yangi tarixni boshlab beradi. Poytaxtda o'tadigan ilk "duel"da kim g'alaba qozonishini vaqt ko'rsatadi.


"Andijon" — "So'g'diyona"

Mavsumning ilk turida "Andijon" jamoasi o'z maydonida Jizzaxning "So'g'diyona" klubini qabul qiladi. Ushbu qarama-qarshilik tarixiy nuqtai nazardan etiborga molik, chunki jamoalarning chempionat startidagi yo'llari oradan roppa-rosa 27 yil o'tib yana kesishdi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, mazkur klublar shu kunga qadar 1-tur doirasida ikki marotaba o'zaro kuch sinashgan va har ikkisida ham jizzaxliklarning qo'li baland kelgan:

1998 yil: "So'g'diyona" — "Andijon" 1:0

1999 yil: "Andijon" — "So'g'diyona" 1:2

Statistika shuni ko'rsatmoqdaki, "burgutlar" hozircha mavsumning ochilish o'yinlarida "So'g'diyona"dan ochko olishning uddasidan chiqa olishmagan. "Andijon"da XX asr oxiridagi ushbu noxush ananaga nuqta qo'yish imkoniyati 2026 yilda paydo bo'ldi.


"Dinamo" — "Navbahor"

2026 yilgi mavsum qurasi Samarqandning "Dinamo" va Namanganning "Navbahor" jamoalarini yana bir bor 1-turda o'zaro ro'baro' qildi. Ushbu hodisani so'nggi yillardagi eng noyob statistik tasodiflardan biri deb atash mumkin.

Gap shundaki, mazkur ikki azaliy raqib qatorasiga uchinchi mavsumdir-ki, O'zbekiston chempionatini o'zaro o'yin bilan boshlashmoqda. Bunday barqarorlik Superliga tarixida kamdan-kam uchraydigan holatdir.

Umumiy hisobda jamoalar 1-tur doirasida to'rtinchi marotaba to'qnash kelmoqdalar va o'zaro natijalarda mutlaq tenglik kuzatilmoqda:

1999 yil: "Samarqand" (Dinamo) — "Navbahor" 2:1

2024 yil: "Navbahor" — "Dinamo" 3:1

2025 yil: "Navbahor" — "Dinamo" 0:0

Ko'rib turganingizdek, tomonlar hisobida bittadan g'alaba va bir durang mavjud. 2026 yilgi bahs Samarqandda bo'lib o'tishini inobatga olsak, "Dinamo" 1999 yilgi muvaffaqiyatini takrorlashga, "Navbahor" esa o'zaro muvozanatni o'z tomoniga og'dirishga harakat qiladi.

"Neftchi" — "Mashal"

Farg'onaning "Neftchi" jamoasi 2026 yilgi mavsumni o'z muxlislari qarshisida Muborakning "Mashal" klubiga qarshi bahs bilan boshlaydi.

Ushbu qarama-qarshilik ham statistik jihatdan yangilik bo'lib, mazkur juftlik Superliga tarixida ilk bor 1-tur doirasida o'zaro to'qnash kelmoqda. 1992 yildan buyon davom etayotgan chempionat tarixidagi mavsumning ochilish o'yinlarida "Neftchi" va "Mashal"ning yo'llari shu kunga qadar kesishmagan edi.

Shu bois, Farg'onada bo'lib o'tadigan uchrashuv ushbu ikki jamoaning 1-turdagi o'zaro qarama-qarshiliklar tarixida debyut hisoblanadi.


OKMK — "Bunyodkor"

Superliga qurasi Olmaliqning OKMK va Toshkentning "Bunyodkor" jamoalarini mavsumning ilk turida o'zaro ro'baro' qildi.

Ushbu jamoalarning chempionat startidagi to'qnashuvlari tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, ular shu kunga qadar faqat bir marotaba 1-tur doirasida kuch sinashishganini ko'rishimiz mumkin.

Bu voqea 2018 yilgi mavsumda qayd etilgan. O'shanda Toshkentda kechgan uchrashuvda kuchlar teng kelgan va tomonlar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishgan edi.

Oradan sakkiz yil o'tib, jamoalar yana mavsumni o'zaro o'yin bilan boshlamoqda. Bu safargi bahs Olmaliqda bo'lib o'tadi va jamoalar o'zaro hisob-kitoblardagi muvozanatni buzish uchun maydonga tushishadi.


"Paxtakor" — "Qizilqum"

O'zbekistonning eng sovrindor klubi "Paxtakor" mavsumni o'z maydonida Navoiyning "Qizilqum" jamoasiga qarshi bahs bilan boshlaydi.

Ikki jamoaning chempionat startidagi yo'llari tarixda ikkinchi bor kesishmoqda. Bungacha bo'lgan yagona to'qnashuv 2017 yilgi mavsumning 1-turida qayd etilgan edi.

O'shanda Toshkentda kechgan uchrashuvda "sherlar" navoiyliklar darvozasiga uchta to'p kiritib, 3:1 hisobidagi ishonchli g'alabani qo'lga kiritishgan.

Oradan to'qqiz yil o'tib, qura ushbu jamoalarni yana 1-turda ro'baro' qildi. Navoiyliklarda 2017 yilgi mag'lubiyat uchun revansh olish imkoniyati mavjud.

CHEMPIONAT STARTIDA ENG KO'P TO'QNASH KELGAN JUFTLIKLAR

"Dinamo" — "Navbahor"

2026 yilgi Superliga qurasi Samarqandning "Dinamo" va Namanganning "Navbahor" klublarini yana bir bor mavsumning ilk turida o'zaro ro'baro' qildi. Ushbu hodisa chempionat tarixidagi noyob statistik ko'rsatkichlardan biriga aylandi.

Mazkur jamoalar so'nggi uch yilda (2024, 2025, 2026) ketma-ket chempionat startini o'zaro o'yin bilan boshlashmoqda. Umumiy tarixga nazar tashlansa, bu klublar 1-tur doirasida to'rtinchi marotaba kuch sinashishadi va bu borada ("Bunyodkor" — "So'g'diyona" juftligi bilan birgalikda) rekordchi hisoblanishadi.

O'zaro o'yinlar statistikasi quyidagicha:

1999 yil: "Samarqand" (Dinamo) — "Navbahor" 2:1

2024 yil: "Navbahor" — "Dinamo" 3:1

2025 yil: "Navbahor" — "Dinamo" 0:0

2026 yil: "Dinamo" — "Navbahor"

Ko'rib turganingizdek, o'zaro natijalarda mutlaq tenglik hukm surmoqda: tomonlar hisobida bittadan g'alaba va bir durang mavjud. 2026 yilgi bahs Samarqandda bo'lib o'tishini inobatga olsak, "Dinamo" 27 yillik tanaffusdan so'ng o'z maydonida "Navbahor"ni 1-turda mag'lub etishga, namanganliklar esa o'zaro muvozanatni o'z foydalariga hal qilishga urinib ko'rishadi.


"Bunyodkor" — "So'g'diyona"

So'nggi o'n yillikda 1-tur doirasida eng ko'p to'qnash kelgan yana bir juftlik Toshkentning "Bunyodkor" va Jizzaxning "So'g'diyona" jamoalari bellashuvidir.

Ushbu klublar ("Dinamo" — "Navbahor" juftligi kabi) mavsumning ilk turida jami to'rt marotaba o'zaro bahs olib borishgan va bu borada rekordchi hisoblanishadi.

O'zaro o'yinlar statistikasi quyidagicha:

2013 yil: "Bunyodkor" — "So'g'diyona" 5:0

2017 yil: "Bunyodkor" — "So'g'diyona" 1:0

2022 yil: "Bunyodkor" — "So'g'diyona" 0:0

2023 yil: "So'g'diyona" — "Bunyodkor" 0:1

Ushbu qarama-qarshilikning etiborli jihati shundaki, "qaldirg'ochlar" mavsum startidagi o'yinlarda "So'g'diyona"ga nisbatan yaqqol ustunlikka ega. O'tkazilgan to'rtta uchrashuvning hech birida "Bunyodkor" mag'lubiyatga uchramagan (3 g'alaba, 1 durang). Bundan tashqari, jizzaxliklar hozircha 1-tur doirasida "Bunyodkor" darvozasiga birorta ham gol ura olmagan (to'plar nisbati 0-7).

GOLLAR SHOUSI

1996 yilgi mavsumning 1-turida Marg'ilonda o'tgan "Atlaschi" — "Neftchi" uchrashuvida darvozalarga naq 7 ta to'p kiritilgan (3:4).

Shundan beri hech qaysi 1-tur o'yinida muxlislar 7 ta gol ko'rishmadi. "Lokomotiv" — "Buxoro" (5:1, 2013 yil) va "Navbahor" — MHSK (3:3, 1994 yil) bahslarida tomoshabinlar 6 ta gol guvohiga aylanishgan.

TINCHLIK ELCHISI

Bekobodning "Metallurg" klubi mavsum startida eng ko'p durang o'ynaydigan jamoalardan biri hisoblanadi.

"Madanchilar" ilk turlarda naq 6 marotaba durang qayd etgan (2012, 2015, 2018, 2019, 2020, 2024 yillarda).

UYDAGI DEVORLAR YORDAM BERMADI

Odatda ilk turda mezbonlar o'z muxlislari qarshisida ustunlikka ega bo'lishga harakat qiladi. Ammo 1992 yil 1-turda o'tkazilgan 8 ta o'yindan faqatgina 2 tasida mezbonlar g'alaba qozongan, xolos ("Temiryo'lchi" va "Yangier"). Qolgan 6 o'yinda mehmonlar ochko qo'lga kiritgan (4 ta durang va 2 ta mehmonlar g'alabasi).

ZERIKARLI START

2022 yilgi mavsumning 1-turi sermahsullik bobida eng past ko'rsatkichlardan biri sifatida qayd etilgan. O'sha mavsumning ochilish bellashuvlari muxlislar uchun haqiqiy "gollar qurg'oqchiligi"ga aylangan.

O'tkazilgan 7 uchrashuv davomida darvozalarga atigi 6 ta to'p kiritilgan. Bu o'rtacha har bir o'yinga 0,85 ta gol to'g'ri keladi deganidir.

7 o'yinning naq 3 tasida hisob ochilmagan (0:0). Qolgan 4 ta o'yinda esa g'olib jamoalar raqib darvozasiga ko'pi bilan 2 ta gol urishga muvaffaq bo'lishgan.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +1   

Fikrlar

   
29 jan 17:41:22
F.K.N.
96 чи йилги Атласчи Нефтчи ўйини жудаям томошабоп даҳшат ўйин бўлганди. Энг қизиғи униси гол урсаям буниси гол урсаям ҳурсанд бўлиб икки томонлама голларни маза қилиб нишонлаб томоша қилгандик.
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика