Hamid Derakshan: "Bizda "Bunyodkor" haqida barcha ma'lumotlar bor"

Narzulla Saydullayev
2 mar 2015, 12:47
OCHL 2-turidan o'rin olgan "Bunyodkor" - "Persepolis" o'rtasidagi o'yindan oldingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mehmonlar ustozi Hamid Derakshan ishtirok etdi.
"Barchaga Assalomu alaykum. Umid qilamizki ertaga yaxshi o'yin o'tkazamiz. Bizda "Bunyodkor" jamoasi haqida ko'p ma'lumotlar bor, juda yaxshi va kuchli jamoa. So'nggi bor Dubayda o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazgandik. Lekin bugungi tarkib o'sha paytdagi tarkibdan anchagina o'zgargan. Yaxshi natijaga erishishga umid qilamiz", - deydi Hamid Derakshan.

- Ertaga jamoa o'z o'yinini ko'rsatadimi yoki safarda bo'lgani tufayli "Bunyodkor"ga qarab o'ynaydimi?
-
Albatta biz raqibning oldingi o'yinlarini tahlil qilish natijasida o'yin olib bormoqchimiz. Asosiy maqsadimiz g'alaba qozonish.

Eronlik jurnalist savol: - "Persepolis" 1-turda yaxshi o'yin ko'rsatgandi. Ertaga ham yaxshi o'yin ko'ramizmi?
- Biz butun kuchimizni ishga solib o'yin ko'rsatmoqchimiz. Yana bir bor qaytaraman, maqsadimiz - g'alaba.

- Tarkibda yo'qotishlar bormi?

- Jamoada faqat ikki nafar futbolchi jarohat olgan va Eronda qolgan.

- Jamoa oldiga OCHLda qanday maqsad qo'yilgan?
- Dastlabki turda kuchli raqibni 3:0 hisobida mag'lub etdik. Birinchi qadamni juda yaxshi qo'ydik.

- Braziliyalik futbolchi Tadeu ham jarohat olganmi? U Toshkentga kelganmi?
- Yo'q unda jarohat yo'q. U jamoa bilan birga Toshkentga yetib kelgan.

- "Persepolis"ning keyingi yil OCHLga chiqish imkoni juda past. Jamoa asosiy e'tiborni Eron chempionatiga qaratadimi yoki OCHLgami?

- Biz imkon qadar yaxshi o'ynashga urinamiz. Osiyo chempionlar ligasini yaxshi boshladik, ichki chempionatda ham yuqori o'rinlar uchun kurashamiz.

- "Persepolis" jamoasi Eronda anchagina taniqli, nima deb o'ylaysiz uning O'zbekistonda ham muxlislari bormi?
- O'zbekistonda ham ko'plab eronliklar yashashadi. Agar ertaga ular kelib bizga muxlislik qilishsa xursand bo'lardik.

- Eron klublari Osiyo miqiyosida kuchsiz. Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Keyrush "Persepolis" klubi bilan qanday aloqalarni o'rnatgan?

- Unday demagan bo'lardim. Sababi OCHLda o'ynayotgan klublarning bir qator futbolchilari terma jamoada o'ynaydi. Eron terma jamoasi murabbiyi bizning klub bilan doimiy aloqada.


Narzulla Saydullaev

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia