G'iyos Komilov: “Bu yil oliy ligada sensacion natijalar ko'p bo'ldi”
20 noy 2016 12:45
Yangiliklar
G'iyos Komilov: “Bu yil oliy ligada sensacion natijalar ko'p bo'ldi”
Biz “gazchilar” vakili bilan suhbat qurishga qaror qildik. Savol-javobni odatga ko'ra bolalikdan boshladik.
- Futbolga qanday kirib kelganingiz ko'pchilikka qiziq.
- Namangan viloyati CHortoq tumanida tug'ilganman. Yoshligimdanoq futbolga qiziqib qolganman. Mahallada bolalar bilan birga to'p tepardik. Dadam futbolning ashaddiy muxlisi edilar. Meni futbolchi qilaman deb niyat qilganlar. Dastlab CHortoqda 76-sport maktabida Ahmadjon aka qo'l ostida shug'ullanganman. 2000 yildan Toshkentdagi Kadishev dahasidagi 5-sonli futbol internatiga qatnay boshlaganman. Jamshid Abduraimov qo'l ostida futbolning ilk sir-asrorlarini o'rganganman.
- Siz bilan birga o'qiganlar orasida qaysi mashhur futbolchilar etishib chiqqan?
- Internatda Suhrob Berdiev bilan birga o'qiganman. Ayni paytda u “Qo'qon-1912” jamoasida faoliyat olib bormoqda. “Mashal”da o'ynayotgan Jamshid Hasanov ham shu erda talim olgan. Faqat u mendan bitta katta sinfda o'qigan.
- Internatdagi faoliyat qanday kechgan?
- Internat jamoasi safida ikki marta shahar chempioni bo'lganmiz. 2000 yil finalda BO'SM-2 jamoasi bilan to'qnash kelganmiz. Bahsdagi yagona golni aynan men urganman. O'sha uchrashuv juda esda qolarli bo'lgan. 2001 yilda ham Jamshid Abduraimov boshchiligidagi shaharda chempionlikka erishganmiz.
- Gol urganman dedingiz. Yoshlikdan markaziy himoyachi bo'lganmisiz?
- Yo'q unda qanot yarim himoyachisi sifatida harakat qilardim. Keyinroq himoyada ham o'ynay boshlaganman.
- Internatdan so'ng qaerda o'ynagansiz?
- Internatda o'qigan futbolchilar “Lokomotiv” klubi maktabi jamoasiga o'tkazilgan. Bu jamoa safida ikki marta Respublika chempioni bo'lganmiz. Unda bizga Jamshid Abduraimov bilan birga rahmatli Nizom Nortojiev murabbiylik qilardi. 2004 yilda “Lokomotiv” bizni Tailandga “Qirol Kubogi” musobaqasiga yuborgan. U erda ham chempionlikka erishganmiz. Keyinroq Suhrob Berdiev bilan birgalida “temiryo'lchilar” o'rinbosarlar safida o'tganmiz. 2006-2007 yillarda yoshlar jamoasida o'ynab yurdik. Biroq kutilmaganda olingan og'ir jarohat tufayli bir yil davomida futbol o'ynay olmadim.
- Birinchi ligada ham o'ynagansiz...
- Ha, jarohatimni davolab bo'lgach birinchi ligada “Oq-tepa”, “Xotira-79” va “CHust-Paxtakor” kabi jamoalarda faoliyat olib bordim. 2013 yilda “Andijon”da o'ynadim. O'shanda “burgutlar” birinchi ligada o'ynashardi. Fursatdan foydalanib bu jamoaga rahmat aytmoqchiman, sababi faoliyatim o'zgarishida aynan “Andijon”ning xissasi katta bo'ldi. Keyingi yil “Mashal” o'z safiga chorladi. SHundan beri Muborak klubi sharafini himoya qilib kelayapman. 3 yildan beri bu erdagi futbolchilar bilan aka-ukadek bo'lib ketdik. Barcha sharoitlar ajoyib, hech nimadan nolishga haqqim yo'q.
- Aleksandr Xomyakovga qanday tarif berasiz?
- O'zbekistondagi yaxshi murabbiylardan biri. Sababi yosh futbolchilarga ishonch bildirib ularni asosiy tarkibga qo'yishdan qo'rqmaydi. Taktik tomonlama ham kuchli mutaxassis deb bilaman.
- Negadir “Mashal” bu yil o'ziga o'xshamadi...
- To'g'ri, o'tgan yilgi natijamizdan ancha pastdamiz. Yil boshidagi o'yinlarda rejalarimiz amalga oshmay qoldi. Futbolda omad ham katta rol o'ynashini bilasizku. Birinchi davra oxirida safarda “Buxoro”ni, o'zimizda “Nasaf”ni yutib sal o'zimizga kelib oldik.
- Bu yil jamoaning eng yaxshi uch futbolchisi kimlar?
- Darvozabonimiz Javohir Ilyosov. Yosh posbon o'zining ishonchli darvozabon ekanini isbotladi. Yosh yarim himoyachi Sardor Abduraimov ham asosiy tarkib azosiga aylanib oldi. SHahzod SHaymanov ham jamoamizning muhim gollarini urishga erishdi. Ikkinchi davra boshida “Mashal”ga kelgan Kenja To'raev ham yaxshi o'yin namoyish etdi va ko'plab gollar urdi.
- Oliy liganing eng yaxshi uch futbolchilarichi?
- To'purarlar poygasida birinchi o'rinda ketayotgan Temurxo'ja Abduxoliqov. “Metallurg” hujumchisi Zohid Abdullaev ham o'zini ko'rsatdi. Bizning jamoadan Jamshid Hasanovni ham ushbu ro'yxatga kiritgan bo'lardim.
- SHartnomangiz tugamoqda. Keyingi rejalar qanday?
- Ha yil oxirida klub bilan tuzilgan shartnomam yakuniga etadi. Keyingi yil qaerda o'ynashim hozir aniq emas. Qishki tatil vaqtida agar yaxshi takliflar bo'lsa ularni ko'rib chiqaman. Har bir futbolchi chempionlikka kurashadigan va OCHLda o'ynaydigan klublar safida faoliyat olib borishni istaydi. Agar bunday variantlar bo'lmasa “Mashal”da ham qolishim mumkin.
- Bu yilgi oliy ligamiz haqida qanday fikr bildira olasiz?
- 2014 yildan keyin chempionatda yaqqol favorit kuzatilmayapti. O'sha paytlarda bitta klub yakka peshqadam bo'lardi va barcha raqiblarni mag'lub etib muddatdan ancha avval chempionlikni qo'lga kiritar edi. Bu yil esa birinchi o'rindagi jamoa pastda borayotgan jamoaga yutqazib qo'yishi mumkin. Sensacion natijalar ko'p kuzatildi deb o'ylayman. Masalan, “Mashal”ni olsak “Bunyodkor” bilan ikki marta durang o'ynadi, “Nasaf”ni mag'lub etdi, “Paxtakor” bilan durang qayd etdi.
- O'zingiz Namanganda tug'ilgansiz. Ushbu viloyatning bosh jamoasi “Navbahor”ning bunday holatda tushib qolishi achinarli emasmi?
- Albatta achinarli. “Navbahor” shonli tarixga ega bo'lgan jamoa. Bu jamoada menimcha moliyaviy holat yaxshi bo'lmagani uchun shunday ahvolga tushib qoldi. Yaxshi homiy bo'lsa barchasi o'zgacha bo'lardi. Futbolchilar bilan suhbatlarda moliyaviy qiyinchiliklar ko'p bo'lishini aytishardi. Bundan tashaqari murabbiylarning tez-tez almashtirilishi ham jamoa natijalariga tasir qilmay qolmaydi. SHaxsiy fikrim yil boshida Rashid G'ofurovga imkoniyat berish kerak edi. Sababi yangi jamoa tuzish oson emas, 3-4ta o'yindan so'ng darhol ijobiy natijaga erishish qiyin.
- G'iyos Komilov kimlarga rahmat aytmoqchi?
- Menga tarbiya bergan barcha murabbiylarimga rahmat aytaman. Jamshid Abduraimovga minnatdorchilik bildiraman, marhum Nizom Nortojievning ham xissasi katta bo'lgan, “CHust-Paxtakor”dagi murabbiylarga, “Andijon”da birga faoliyat olib borgan Azamat Abduraimovga rahmat. SHuningdek Zafar Musaboev ham menga ko'p to'g'ri maslahatlar bergan. Bundan tashqari “Mashal”da hozirgi barcha murabbiylar va xodimlarga katta rahmat aytaman.
Narzulla Saydullaev
Fikrlar