General Konte 48 yoshga to'ldi!
31 iyu 2017 14:02
Yangiliklar


General Konte 48 yoshga to'ldi!
SHu munosabat bilan Antonio Konte haqida saytimiz arxividan o'rin olgan maqolani etiboringizga taqdim etamiz.
Angliya premer ligasida chempionlik masalasini aniqlash eng qiyin yumushlardan biri ekanligi juda ko'p aytiladi.
Evropaning top chempionatlari ichida eng qiyin va qiziqarli liga deb ko'pchilik APLni tan oladi.
Qaysidir
murabbiyning zo'rligi haqida gapirayotgan bo'lsangiz, agarda o'sha
mutaxassis APLda ishlamasa, unda futbol bilimdonlari APLga kelsinchi, nima
karomat ko'rsatishini o'shanda ko'ramiz, deydiganlar ko'pchilikni tashkil
etadi.
Bu albatta nisbiy. Yani, murabbiy qanday salohiyatga ega
ekanligini faqat APLda ishlab ko'rsatishi shart, degan o'lchov yo'q. Bu absurd.
Har doim ham kuchli mutaxassislar APLda ishlab ketishlari shart emas.
Hozirgi qahramonimiz Antonio Konte esa aynan shu o'lchov bilan ish ko'radiganlarga ham javob berdi.
2011
yilda "Yuventus"ni qo'lga olganida va "botqoq"da yotgan turinliklarni
yuqori elitadagi o'rnini qaytarganida, bu natijani tasodifga yuyganlar ham
bo'lgandi. O'shanda Konte A Seriyadagi o'zining debyut mavsumidayoq "Yuventus"
bilan chempionlik shohsupasigacha chiqqandi va mavsumni mag'lubiyatsiz
yakunlashga erishgandi. Bu hammaning ham qo'lidan keladigan ish emas. Tarkibi
o'sha payt uchun u qadar kuchli ko'rinmagan "Yuve"ni chempion bo'lishini hech kim
taxmin ham qilmagandi.
Lekin Antonio Konte murabbiy sifatida haqiqiy katta futboldagi dastlabki qadamni ancha dadil bosgandi.
B
Seriyadan A Seriyaga qaytgan "Yuventus"ning ishlari unchalik yurishmay
turganda Konte "qutqaruvchi" rolini qoyilmaqom tarzda o'ynagandi.
Ketma-ket ikki yilni 7-o'rinda tugatgan "Yuventus" uchun kelasi mavsumdayoq
yuqori cho'qqini zabt etish bu (o'sha payt uchun) fantastik natija edi.
Keyinchalik
esa Konte "Yuventus" bilan yana ikki yil chempion bo'ldi. A Seriyada 3
mavsum ishlagan Konte har yili "skudetto"ni qo'lga kiritdi.
"Yuventus"ni
uzoq tanaffusdan keyin ECHLga qaytargan mutaxassis ham Konte bo'ladi.
Ammo Konte "Yuventus" bilan xalqaro arenada ulkan g'alabalarga erisholmadi.
Bunga ulgurmadi. Aslida Kontening "Yuventus"dan ketishi ham ECHLga borib
taqaladi. Yani Konte klub rahbariyatidan ECHL uchun tarkibga kuchli
ijrochilarni jalb etishni so'raydi. Ammo klub rahbariyati Kontening
short-listidagi futbolchilarni harid qilishga hali tayyor emasligini
bildiradi. Bundan g'azablangan Konte esa ketishga qaror qiladi va
shartnomani uzaytirishga shoshilmaydi. Klub rahbariyati va Konte o'rtasida
kelishmovchilik yuzaga keladi. Bu orada esa Konte bilan Italiya futbol
federaciya bog'lanadi va murabbiy "skuadra adzurra"ni qabul qilib olishga
rozilik beradi. "Yuventus" rahbariyati Kontening iltimoslarini inobatga
olib, unga futbolchilarni harid qilishga rozi bo'lgan payt esa kech bo'lgan
bo'ladi. Konte esa lavzidan qaytmasligini va Italiya termasini boshqarishga
rozilik berganini aytadi. "Yuventus" rahbariyati esa bir vaqtning o'zida
ikkala jamoada ishlashga ham ruxsat beradi. Ammo Konte bunga rozilik
bermaydi. Italiya terma jamoasidagi faoliyati esa dunyoni yana bir marotaba
lol qoldira oladi.
Konte avvaliga Italiya terma jamoasi bilan Evropa
chempionatining final bosqichiga yo'l oladi. Evro-2016da esa Italiya terma
jamoasi tarixidagi eng kuchsiz deya etirof etilgan tarkib bilan chorak
finalga qadar etib boradi. Evropa chempionatida Kontening Italiyasi nima
karomat ko'rsatganini barcha biladi. CHorak finalda Germaniyaga penaltilar
seriyasidagina imkoniyatni boy bergandi. Italiya matbuoti esa "skuadra
adzurra"ni guruhdan chiqishini ham katta natija deb bong urgandi.
Italiya
esa nafaqat guruhdan chiqdi, balki chorak finalga qadar etib bordi. Bu
yo'lda esa ular amaldagi Evropa chempioni - Ispaniyani yo'lda qoldirib
ketishga muvaffaq bo'lishdi. Germaniya bilan o'yinda ham mag'lubiyatga
uchramagan Italiyaga "lotoreya"da omad etishmadi.
Bu esa Kontening
qanday salohiyatga ega, murabbiy sifatida nimalarga qodirligini amalda
ko'rsatib bergandi. Evropa chempionatidan oldin Konteni "CHelsi" bilan
bitim tuzgani va yangi mavsumdan boshlab Londonda ish boshlashi malum bo'lib
ulgurgandi.
Aynan Evropa chempionatidan keyin Konte degan murabbiy borligi, Antonioni top murabbiylar qatorida tilga olish ancha avj oldi.
Vaholanki, Konte bundan avval ham "Yuventus" bilan ko'p savollarga javob berishga ulgurgan.
Lekin jahon futbolida eng zo'rlarni APLdagi o'yini va ishi bilan o'lchaydiganlar uchun Konte endi tanilgandi guyoki.
Antonio
Konte murabbiylik faoliyatini Angliyada davom ettirishga qaror qilganidan
keyin, APLda unga hech kim raqobat qila olmasligini, "CHelsi"ni birinchi
mavsumdayoq chempion qilishiga ishonishimni aytgandim. Ko'pchilik esa Kontening
salohiyatiga biroz shubha qilishini bildirib, Kontega bu erda raqobat ancha
yuqori bo'lishini takidlagandi.
Italiyada unga raqobatchi yo'q, Evropa chempionatida esa Gvardiola, Mourinyu kabi mutaxassislar ishlamasligi bilan taqqoslangandi.
Konte uchun APL murabbiy sifatida muammo bo'lmasligini aytganimda, futbolni emas, shaxmatni ko'rishni tavsiya etganlar ham chiqqandi.
Kontening
darajasiga, uning qanday salohiyatga ega ekanligiga xolis baho
berilganini noto'g'ri tushunganlar uchun Konte yana bir bor chiroyli javob
berdi. Natijada esa APLda, ha, o'sha Angliya premer ligasi deya atalmush
chempionatda ham ilk mavsumda oltin medallar qo'lga kiritildi.
Eng
qizig'i, Konte qabul qilib olgan "CHelsi" o'tgan yili autsayderlar orasida
adashib qolgan, evrokuboklarsiz qolib ketgan "aristokratlar" edi. Joze
Mourinyuning istefosiga sabab bo'lgan, "CHelsi" uchun sharmandali natijadan
keyin ko'pchilik Kontega qiyin bo'lishini taxmin qilgandi. Albatta hech bir
chempionatda, hech qaysi murabbiy shunchaki osonlikcha chempionlikka erisha
olmaydi. Buning ortida katta mehnat, mashaqqat yotadi. Konte esa shunday
qiyinchiliklar, mashaqqatlarda toblangan, kuchli, top murabbiy.
Avvaliga
ilk mavsumida "Bari"ni A Seriyaga qaytargan. Keyinchalik "Siena"ga A
Seriya "chiptasi"ni taqdim etgan Konte nihoyat Italiyaning oliy divizionida,
yani A Seriyada ishlashga rozilik beradi.
A Seriyada ham B Seriyadan
keyin hech ham to'rttalikka kirolmayotgan "Yuventus"ni eski statusini
tiklaydi. Keyin Italiya terma jamoasi tarixidagi eng kuchsiz jamoa bilan
Evropani lol etadi.
Mana joriy mavsumda eng ko'p tilga olinadigan APLda ham chempionlikni nishonlamoqda.
Konte
tug'ma chempion. Futbolchilik davrida ham "Yuventus"da yuqori darajada
o'ynagan Konte murabbiylik faoliyatini yanada ko'tarinki ruhda davom
ettirmoqda.
Konte qaerda, qaysi jamoada ishlamasin, faqat yuqori
maqsadlarni ko'zlaydigan va ko'zlaganda ham o'sha maqsadga erishadigan kam
sonli murabbiylardan biri.
Etibor bering, Konte qaysi klubni qabul
qilib olmasin, o'sha paytda jamoa qiyin davrlarni o'tkazayotgan bo'ladi.
Konte kelgach esa, jamoada tezda chempionlik kayfiyati, muhiti paydo
bo'ladi. Eng qiziq tomoni, Konte katta transferlarni ko'p ham amalga
oshirmaydi. Imkon qadar qo'l ostidagi futbolchilarni yangi darajaga, yangi
pog'onaga chiqara oladi. Bu endi haqiqiy murabbiylik salohiyatini eng oliy
ko'rinishi. Yani, murabbiy yo'q narsadan bor qila olish qobiliyatiga ega
bo'lmog'i lozim. Konte esa bu narsani isbotlashdan charchamayapti. Konte
"Yuventus"da ham, Italiyada ham, mana "CHelsi"da ham avvalo JAMOA tashkil
qila oldi. Buni esa juda qisqa vaqt ichida barpo etdi.
Angliyadagi
eski "bo'rilar" Arsen Venger, Joze Mourinyu kabi mutaxassilar orasida
yo'qolib qolmadi, aksincha ularni ham munosib ravishda dog'da qoldirishga
erishdi. APLDa paydo bo'lgan va ko'pchilik maqtashdan charchamaydigan Gvardiola
(Manchester Siti) ham ko'p millionli transferlari bilan ECHL yo'llanmasi
uchun kurashayotgan bir paytda, Konte David Luizni ortga qaytarib, taktik
sxemasi uchun Markos Alonsoni olib keldi va chempionlikka erishdi.
Bu
yili Kontega chempionlik yo'lida Mauricio Pochettino ("Tottenxem") hamda
Yurgen Klopp ("Liverpul") raqobat qilmoqchi bo'lishdi. Ammo bu ishni uddalash
ularga qiyinchilik tug'dirdi. Antonio Konte APLdagi "bo'rilar" ichida o'zini
sherdek tutdi va endilikda haqli tarzda bo'yniga Angliya premer
ligasining ham oltin medallarini taqadigan bo'ldi.
Konte kuchli
taktik, strateg, uch himoyachili uslubni "Yuventus"da joriy qilgan, Italiya
terma jamoasida yana hammaga ko'z-ko'z qildi va "CHelsi"ga kelib, Angliyada
ham o'z falsafasidan chekinmagan holda raqiblarini yo'ldan uloqtirib
tashladi.
Bir so'z bilan aytganda, Konte haqiqiy italyan murabbiyi.
Angliyaga
keldi va chempion. Ko'p yillar "Yuventus"da, Italiya terma jamoasida birga
elkama-elka birga ishlagan yordamchisi Karrera shu yili yozda mustaqil ish
boshladi. Rossiyaning "Spartak" jamoasiga bosh murabbiy bo'lgan Karrera
Kontedan o'rganganlarini Rossiya premer ligasida qo'lladi va "Spartak"ning
16 yillik noxush seriyasiga chek qo'yib, nihoyat Romancevdan keyin
moskvaliklarni chempionga aylantirdi.
Konteni oddiy askarga
o'xshataman. Askarlar bilasiz dovyurak bo'lishadi. Konteda ham shunday xislat
bor. O'z vaqtida "Bari"ni A Seriyaga chiqarib, keyin yana quyi divizionda
"Siena"ga A Seriya yo'llanmasini qo'lga kiritishda ko'maklashgan Konte, undan
keyin "botqoq"da qolgan "Yuventus"ni ketma-ket chempionga aylantirdi.
Italiya terma jamoasini ham og'ir vaqtda boshqarishga rozilik berish - bu
dovyuraklikdan darak beradi. O'tgan yilgi mavsumdan keyin "CHelsi"ni
boshqarish ham bu mardlik. CHunki Konteni oldida bir qator variantlar,
yanada maqulroq tanlovlar ko'p edi. Kuchli xarakterga ega va temir
intizomni xush ko'radigan murabbiy Londonga borishga qo'rqmadi. Konte bir
vaqtlari "Arecco"da (2006) boshlagan ishini mana hozirda "CHelsi"da davom
ettirmoqda.
O'sha paytdagi oddiy askar endilikda haqiqiy generalga aylandi, desak mubolag'a bo'lmasa kerak.
Antonio Kontening murabbiylik faoliyati:
2006-2006 yillari: "Arecco" (27 o'yin, 11 g'alaba, 8 durang, 8 mag'lubiyat)
2007-2007 yillari: "Bari" (67 o'yin, 33 g'alaba, 22 durang, 12 mag'lubiyat)
2009-2010 yillari: "Atalanta" (14 o'yin, 3 g'alaba, 4 durang, 7 mag'lubiyat)
2010-2011 yillari: "Siena" (44 o'yin, 22 g'alaba, 14 durang, 8 mag'lubiyat)
2011-2014 yillari: "Yuventus" (151 o'yin, 102 g'alaba, 34 durang, 15 mag'lubiyat)
2014-2016 yillari: Italiya terma jamoasi (25 o'yin, 14 g'alaba, 6 durang, 5 mag'lubiyat)
2016-... "CHelsi" (44 o'yin, 35 g'alaba, 3 durang, 5 mag'lubiyat)
Umumiy natijalari: (372 o'yin, 220 g'alaba, 91 durang, 61 mag'lubiyat)
Kontening murabbiylik faoliyatidagi yutuqlari:
B Seriya chempioni: 1 (2008/2009)
Italiya chempioni: 3 (2011/2012, 2012/2013, 2013/2014)
Italiya Superkubogi: 2 (2012, 2013)
Angliya chempioni: (2016/2017)
SHaxsiy yutuqlari:
"Kumush o'rindiq" mukofoti sovrindori (2009)
"Oltin o'rindiq" mukofoti sovrindori (2012, 2013, 2014)
Italiyada yil murabbiyi "Oskar del Kalcho" (2012, 2013, 2014)
Yil murabbiyi: "Globe Soccer Awards" (2013)
"Premio Nicola Ceravolo" sovrindori (2013)
SHahboz Beg'amov
O’xshash yangiliklar

Fikrlar