Futzal. Bugungi bahslardan so'ng murabbiylar qanday fikrda?
01 noy 2021 20:27
Yangiliklar
Futzal. Bugungi bahslardan so'ng murabbiylar qanday fikrda?
1 noyabr kungi bahslardan so'ng jamoalarning ustozlari uchrashuvlar haqida fikr bildirdi.
SHuhrat Tashmedov ("Paxtakor" futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Og'ir o'yin bo'ldi. "Neftchi" — yaxshi jamoa. Bosh murabbiy Farruh Zokirov katta ish qilgani ko'rinib turibdi. Ikki golimizdan keyin farg'onaliklar bir necha yaxshi hujumlar qila olishdi. O'yin bo'yicha "Neftchi" jismonan kuchliroq ko'rindi.
Yosh futzalchilarni jamoaga jalb qilganmiz. Ularga bugun ko'proq o'yin vaqti berishga qaror qildik.
Farruh Zokirov ("Neftchi" futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Amaldagi chempion jamoaga qarshi o'ynash oson kechmasligini bilgan edik. O'ylaganimizdek, birinchi raqamda o'ynashdi. Qarshi hujumlarda vaziyatlardan foydalana olishdi. Jamoamizda yangi futzalchilar ko'p, jamoa o'yini endi shakllanmoqda. O'z ustimizda ishlashda davom etamiz, vaziyatlarni golga aylantirishga harakat qilamiz.
Abdulla Bo'riev ("Bunyodkor" futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- "Dinamo" yosh bo'lishiga qaramay, juda ham yaxshi jamoa. Uchrashuv qiyin tusda o'tishini oldindan bilar edik. Jamoamiz asosiy tarkibi ikki o'yinchisi jarohati tufayli bugun o'ynay olmadi. Standart vaziyatlardan foydalana oldik. Omad bizning jamoaga kulib boqdi. G'alaba qozonishni futzalchilarim o'z ishtiyoqi bilan ko'rsatishdi va maqsadimizga erishdik.
Dilshod Haydarqulov ("Dinamo" futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- O'yin teng kurashlar ostida o'tdi. Ikkala jamoa ham g'alabaga loyiq edi. Ohirgi daqiqalarda jamoamizdan omad yuz o'girdi. Futzalchilarimning tajribasi etishmagandan deb o'ylayman. O'yin tajribasini oshirishimiz zarur.
Bahodir Ahmedov (HUAXIN-Jizzax bosh murabbiyi):
- G'alaba qozongan bo'lsak-da, yigitlarimning harakatlaridan qoniqish hosil qilmadim. Ko'plab vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Kelgusi bahslarga qadar ushbu kamchilik ustida ishlab, bartaraf etishga harakat qilamiz.
O'yindan oldin ham aytgan edim. Har bir raqibni hurmat qilish kerak. Raqibni mensimasdan maydonga tushib, pand egan holatlarimiz ham bo'lgan. Futzal – bu futbol emas. Futzalda doimiy harakat qilish talab etiladi.
Iskandar Mahmudov ("Stroitel-Zarafshon" bosh murabbiyi):
- Jamoam jismoniy jihatdan mavsumga tayyor emas. Toshkentda va Gulistonda yig'inlar o'tkazik, ammo hali kerakli sport formasiga chiqa olmadik. Kuchli raqibga qarshi birinchi bo'lim munosib qarshilik ko'rsatdik, biroq ikkinchi taymda shogirdlarim jismonan charchab qolishdi.
Fikrlar