So’nggi yangiliklar

16:36"Рома" Пауло Дибала "Ал Қодисия"га кетишига тайёр   1 16:00БУМ! АПЛда келишилган ўйин?  5 15:41"Олимпик"да бош мураббий ўзгарди  4 15:22"Барселона" форварди "Ал Ҳилол" таклифини рад этди  1 15:00Opta суперкомпютери Бундеслига старти олдидан чемпионлик учун асосий даъвогарни тахмин қилди  1 14:30"Манчестер Сити" мухлислари учун нохуш хабар — "шаҳарликлар" ярим ҳимоячиси оёғини синдириб олди  2 14:05Расман: Рональдиньо Жуниор фаолиятини Англияда давом эттиради  3 13:37"Ювентус" "Милан" ҳимоячисини ижарага олиш бўйича таклиф юборди. Футболчининг ўзи бу трансферга рози  2 13:13"Бунёдкор" майдонига нима бўлди? Стадион директори батафсил маълумот берди  17 12:51Маурисио Почеттинонинг кейинги манзили маълум  4 12:26Расман: "Брайтон" Браян Груда трансферини эълон қилди  2 11:56Расмий хабар: Қирғиз Республикаси - Ўзбекистон учрашуви қайси шаҳарда бўлиши маълум  26 11:50"Жиннихона" — Фердинанд "Челси" ҳақида  6 11:42"Бунёдкор" қоида бузилиш билан гол урди, "Қизилқум"нинг голини хато билан бекор қилишди. Суперлига 15-тур ҳакамлик таҳлили  3 10:50Камавинганинг жароҳати жиддий бўлиб чиқди. Унинг қачон сафга қайтиши маълум  4

Futbol Ekspress - 20 yoshda! Yangiliklar

Futbol Ekspress - 20 yoshda!

6 may kuni FEning ilk soni chop etila boshlaganiga 20 yil to'lar ekan.

Futbol ichida yurganligimiz, bevosita targ'ibotchisi hisoblanganligimiz uchun ham o'zimizni bemalol bir jamoaga qiyoslashimiz mumkin. Buning uchun barcha omillar etarli: Arsen Venger singari ana shuncha davrlardan buyon jamoani  boshqarib kelayotgan bosh murabbiyga egamiz. Xo'jalik ishlariga javobgar masullarimiz, tashkiliy tomonlarni o'z vaqtida hal etadigan xodimlarning borligi, klubni eslatib yuborsa ajab emas. Faqat bizning to'p suradigan maydonimiz mana shu oq qog'ozdan iborat. Xalqaro maydonlarda futbolchilarimiz erishgan g'alabalardan ulardan kam bo'lmagan holda xursandligimizni izhor etamiz. Omadsizlikka uchralganda, xafagarchiligimizning darajasi ancha-munchasidan ortiqroq turishi mumkin. Ijobiy tomonlardan biri, yaxshigina tarkibga egamiz. Yillar davomida shakllanib kelmoqda. Ahil jamoa. Albatta, har qanday klubda yuz bergani singari bizda ham turli transferlar amalga oshib turadi. O'yini o'xshamay, o'z ustida ishlamay qo'yganlar va omadlarini boshqa sohada sinab ko'rmoqchi bo'lganlar oramizda topiladi. Asosiysi, iqtidorli yosh ijrochilarga etibor qaratilib, yildan-yilga shakllanib kelayotganligimiz quvonarli holdir.


RIVOJLANISHNING EVOLYUCION YO'LINI TANLAGAN AHIL JAMOA
Hazrati Navoiy tabiri bilan aytganda, Oson ermas bu maydon ichra turmoq.... 20 yillik muddat aytishga qulayga o'xshaydi. Mana shu davrlar mobaynida barqarorlikni saqlab, bag'rikenglikka amal qilib, turli munosabatlar bildirilganda bazan nohaqliklarini anglab tursak-da, fikr bildiruvchilarning gaplariga kasb taqozosi tufayli quloq tutib kelinadi. Jamoaning eng katta yutug'i - nuqtai nazar bildirilganda xolislikka amal qilinishidir. SHu vaqtga qadar biror guruh, shaxslar manfaatidan kelib chiqib ish yuritmaganligimiz bilan bemalol faxrlana olamiz. Maqolalarimizda birovlarning aybi yoki kamchiligini ko'z-ko'z qilish emas. Yiqilganni tepkilash bizning uslubimizga mos tushmaydi. O'lkamizda yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlar, bevosita futbol ichidagi chiroyli holatlarni qalbi toza insonlargina ko'ra bilishadi. Hukm chiqarishda, bosiqlikda shoshilinch ish tutilmaydi. Voqelikka yondashilayotganda bir tarafning fikrini eshitiboq haqiqat qaror topdi, degan xayolga borilmaydi. Imkon qadar ikkinchi tomonning mulohazalari ham o'rganishni asosiy vazifamiz deb bilamiz. Futbol xo'jaligi ichidagi ayrim kamchilik, nohaqliklarga befarq tomoshabin bo'lib tura olmasligimizni takidlashimiz mumkin.

O'z o'rnida, tezkorlikda holatga munosabatni bildirishimizni doim isbotlab kelishga urinamiz. Endi oyoqqa turayotgan sohalarning bazi etishmovchiliklarini to'g'ri tushunib, chora izlashlariga imkon qadar ko'maklashishimiz mumkin. Gazetaning asosiy yutug'i, barqarorlikni ushlab turishga jiddiy ahamiyat qaratilayotganligidir. Bazan his-hayajonga berilganda yurak o'zingizga bo'ysunmay qolganida, aql ila ish yuritish afzal ko'riladi. SHunday pallalarda bosiqlik ustun turishi, masalaning echimi bo'la oladi. Jamoalarimizning xalqaro maydonlardagi ishtiroklari, turli yangiliklar borasida malumotlarni o'z vaqtida etkazib turishga intilamiz. Ijobiy taraflarni keragicha  targ'ib qilishimiz turgan gap. O'zimizdagi oliy, birinchi va viloyatlar chempionatlaridagi vaziyatlarni ham nazarimizdan qochirmaslikka intilamiz. Ommaviy, bolalar futboliga ko'proq etibor qaratishimiz ham maqtanarli tomonlarimizdan biridir. Mamlakatimizda qad ko'tarayotgan har bir yangi stadion, klublar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida birinchilar qatorida xabar berib, voqelikka batafsil yondashib, hikoya qilishimizni doimiy ravishda kuzatib boradigan o'quvchilarimiz juda yaxshi bilishadi. Ertangi kunimiz hisoblangan bolalar futboli mavzusiga gazetaning deyarli har sonida to'xtalish qilishimizdan yaxshi xabardorsizlar. CHuqur o'yga toldiradigan, tahliliy tarzdagi materiallarimiz balki siz kutgan darajada emasdir. Buning o'ziga yarasha sabablari bor. Iqtidorli yoshlarimiz endi o'sib, shakllanib, tushunchalari charxlanib bormoqda. Yaxshi bilasiz, sport, xususan futbol jurnalistikasi mamlakatimizda hali maqtanadigan darajaga chiqqani yo'q.

CHunki bu borada o'zimizning maktab yaratilganiga uzoq muddat bo'lgani yo'q. Qolaversa, o'rgatadigan aniq ilm dargohida ham aynan millionlar o'yiniga moslashtirilib tahsil beriladigan fakultetiga duch kelmaysiz. Asosan futbolni sevib, mehr qo'yganligimiz hisobiga doim izlanib, nashrimizni o'quvchilarga maqul tushadigan holatda taqdim etish uchun izlanib kelayotganligimizni takidlash joiz. Saflarimiz esa voqelik jarayonida kengayib boraveradi. Vaqtinchalik yo'lovchilar esa yarim yo'lda tushib qolishib, omadlarini boshqa sohalarda izlab ko'rayotganlarini ham to'g'ri tushunamiz. Balki bizdan olmagan manaviy, moddiy ozuqani  boshqa joyda topgan bo'lishsa ajab emas. Har kim o'z dunyoqarashidan kelib chiqib faoliyat yuritadi, qaror qabul qiladi.

BOSHLOV HECH QACHON OSON CHIQMAGAN
20 yil ortga sizlar bilan yana bir karra nazar tashlab o'tsak. Mamlakatimizda birgina otaxon gazeta - O'zbekiston futboligina chop etilardi. Sohada malaka borasida etuk sanalgan qalamkashlarni topish amrimahol edi. SHukurullo Ishoqov boshchiligida ishtiyoqmand, futbolni teran anglaydigan yoshlar saralab borildi. Garchi jurnalistikadan xabarlari yo'q bo'lsa-da. Kimdir boshlab berishi kerak edi-da axir! SHunday polaponlar qatorida Ulug'bek Mirzaev, Olimjon Eshonxo'jaev, Barotbek Usmonov singari ukalarimiz o'zlarining ijobiy qirralarini namoyish etishdi. Izlanib, yangiliklarni yig'ishda jon koyitganlari hali-hamon yodimizda. Oyoqqa turib olish mashaqqatlari bor edi. Kamchiliklarimiz mana shu jarayonda ko'rinib qoldi: bevosita Andijonda chop etilayotganligimiz sababli, dastlab gazetada bir taraflama maqola, suhbatlar paydo bo'la boshladi. Bu kimningdir manfaatini himoya qilib chiqadigan holat emasdi. Mahalliychilik ustun kelib, shuningdek Andijon klubiga bo'lgan mehrimiz ustun turib, jamoa ishtirokidagi uchrashuvlarga to'xtalayotganda bilib-bilmay turli bo'yoqlarni ishlatib yuborganligimizga to'g'ri kelganligini tan olamiz. Mag'lubiyatga uchraganlarida noxolis hakamlik, raqib jamoa tomonidan ishlatilgan ayrim qing'irliklarga to'xtalarmidik-ey! Hammasi klubga bo'lgan  mehrdan dalolat berardi.

Asta-sekin o'sib borishimiz oqibatida bunday kamchiliklar, mahalliychilikka berilish kabi xatolardan forig' bo'lishimiz kuzatildi. Barchasi ortda qola boshladi. Teran, xolis fikrlar ustunligi sezila boshladi. Ayniqsa, Oybek Yunusov  do'stimiz mehnat qilgan mahallarda professionalizm sezilib turdi. CHunki tajribali jurnalistning sohadagi bilimi katta ekanligi tufayli, sohaning yosh vakillariga o'qib o'rganishlari uchun asoslar etarli edi. Bugunga kelib Oybek ham alohida murabbiy sifatida boshqa  jamoani  boshqarmoqda. Sport va O'zbekiston futboli gazetalariga boshchilik qilayotganidan yaxshi xabardor bo'lsangiz kerak. SHuningdek, masul sifatida yana bir malakali jurnalist SHerzodbek Sodiqovning mehnatlarini ham alohida takidlab o'tmoqchimiz. Deyarli barcha materiallar uning qo'lidan o'tardi. Muallifga kamchilik va yutuqlarini aytib, yo'l-yo'riq ko'rsatishdan o'zini olib qochmasdi.


HAMKORLARIMIZ SONI ORTIB BORDI
Albatta, gazetaning yanada o'qimishli chiqishi borasidagi fikrlarning barisi xalqning ichidan olinadi. Yangilik bobida katta sakrashga erishilgan o'sha mahallarda hech qanday internet vositalaridan foydalanilmasdi. Ko'cha-ko'yda telefonini kovlabyurganlarga duch kelmasdingiz. Barcha yangiliklar OAV orqali olinardi. CHet el futboli haqida berib borilgan turli xabarlar, xorij chempionatlari borasidagi malumotlar ham o'quvchilarimizda katta qiziqish  uyg'otgan. CHunki kabel televidenielari hali yaxshi rivojlanmagan va xorijning top-chempionatlari haqida deyarli malumotlarni olish uchun turli izlanishlar evaziga amalga oshardi. Dastlab qo'rg'oshinda quyilgan harflarda bosmadan chiqqan gazeta, bugunga kelib eng ilg'or texnologiyalar yordamida o'quvchilar qo'liga etib bormoqda. Dastlabki sonlardagi rasmlarning sifati borasida turli etirozlar tushganligi bor gap. Hozirga kelib bemalol solishtirib olishingiz mumkin. Ilk sonda juda yaxshi eslaymiz, Andijon futbolining afsonasi Bahodir Rahmonovning Futbolda mayda muammolar bo'lmaydi sarlavhali suhbatini elon qilgandik. Kuni kecha sobiq futbolchining o'zi bilan ham bog'lanib, ilk intervyusini eslash-eslamasligi borasida so'radik. Qoyil qolganimiz, hattoki qaerda o'tirib suhbatlashganligimizgacha yodida bor ekan. Taniqli mutaxassis bugungi kunda ham Futbol Ekspressning doimiy hamkorlari qatorida tilga olinadi. Ko'p mahallarda tahliliy fikrlari orqali chiqish qilib turadi. Muhammadmuso Usmonovga Farg'ona futboli borasida murojaat etib turamiz.

Yozyovonlik Qodirjon hoji ota va qo'qonlik Mo'ydinjon ota Yo'ldoshevlarni ham alohida takidlab o'tmoqchimiz. Qolaversa, taniqli mutaxassislar Islom Ahmedov, Bahrom Hakimov, Usmon Toshev, Rustam Akramov, Vadim Abramov, Rauf Inileev, Murodbek Ismoilov, Vadim SHodimatovlar dolzarb mavzularda mulohazalarini bildirishdan o'zlarini olib qochishmaydi. Juda ko'p klub vakillari bilan iliq munosabatlar o'rnatishga erishilgan. Mamlakat milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanni ham bemalol hamkorlarimiz qatoriga qo'sha olamiz. Ustozimiz Axbor Imomxo'jaevning doimiy suhbatlari orqali manaviy ozuqangizni boyitib kelayotgan bo'lsangiz ajab emas.  Farg'onalik Noil Gubanovning keskin, to'g'ri tarzdagi fikrlarini o'quvchilarimiz iliq qarshi olishmoqda. Baxtiyor Tolipov (Qo'qon-1912), Salim Zokirov (Neftchi) singari klub rahbarlari voqelikka munosabat bildirish borasidagi iltimoslarimizni javobsiz qoldirishmaydi. SHuningdek, barcha viloyatlardagi futbol federaciya masullari bilan do'stona aloqa o'rnata olganligimiz bilan maqtansak arziydi. Xullas, siz bilan birgalikda vatanimiz futbolini  targ'ib etishda davom etaveramiz. Oldinda o'ylab qo'ygan qiziqarli rejalarimiz bisyor. Sodiq muxlislarimiz bundan keyin ham biz bilan birga bo'lishlariga umid bildirib qolamiz. Jamoamizning bugungi kundagi azolari haqidagi to'liq malumot, bildirgan fikrlari borasida gazetamizning kelgusi sonida batafsilroq to'xtalib o'tishni niyat qilganmiz.

Abdulhafiz ABDULAZIZ o'g'li.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика