Furqat O'rolov: “10ta gol o'tkazib yuborgan bo'lsakda, yigitlarga etirozim yo'q”
21 avg 2014 14:35
Yangiliklar
Furqat O'rolov: “10ta gol o'tkazib yuborgan bo'lsakda, yigitlarga etirozim yo'q”
G'allaorolliklarning ushbu yirik mag'lubiyatga nima sabab? SHu va boshqa savollarga javob olish maqsadida jamoa bosh murabbiyi Furqat O'rolov bilan suhbatlashdik.
- Furqat aka, boshqaruvingizdagi “G'allakor-Avtomobilchi” Toshkentda yirik hisobda mag'lubiyatga uchradi. Buni qanday izohlaysiz?
- Futbolda shunaqasi ham uchrab turadi. O'yin yaxshi o'tdi. Raqib jamoaning bizdan kuchli tomonlari ko'p edi. Aksincha “G'allakor-Avtomobilchi”ning tarkibi esa asosan mahalliy yoshlardan tashkil topgan. Bilasizmi biz jamoani endi-endi shakllantirmoqdamiz. 1995-1996 yillarda va undan keyingi yillarda tug'ilgan yigitlar ijrosida jamoa tuzganmiz. Bular bilan bir yilning o'zidayoq natija ko'rsatishning o'zi bo'lmaydi. Malum bir vaqt kerak bo'ladi. Etibor bergan bo'lsangiz bugun 8 nafar yangi nomlarni tushirdik. Ular bugun birinchi ligada debyut o'yinini o'tkazdi.
- Yirik mag'lubiyatdan keyin shogirdlaringizga qandaydir etirozlar bormi?
- Yo'q. Ularni ayblab o'tirmayman. Barcha aybni o'z bo'ynimga olaman. Yuqorida aytib o'tganimdek, shogirdlarimda katta futbol tajribasi kam. Ular qo'ldan kelganicha o'ynadi. Bundan ortiq o'yin kutish qiyin edi. Yigitlarga o'yindan so'ng etiroz bildirmadim. Aksincha ularga bu bahs saboq bo'lganini, bundan to'g'ri xulosa chiqarish kerakligin uqtirdim.
- Aytishlaricha jamoangiz moliyaviy muammolarga duch kelgani bois, o'yin kunlari yig'ilmoqda ekan. SHu rostmi?
- Ha, inkor etmayman moddiy jihatdan muammolarimiz bor. “Oq-tepa” bilan o'yinga ham o'zimiz xohlaganchalik tayyorgarlik ko'ra olmadik. Imkoniyatdan kelib chiqib ishlamoqdamiz. Tumanimiz hokimligi ham bizni iloji boricha moliyaviy tomondan qo'llab-quvvatlab kelmoqda.
- “Oq-tepa” bilan o'tgan o'yinda jamoangiz darvozasi tomon 3ta penalti belgilandi. Bunga nima deysiz?
- Hakamlar haqida gapirishdan doim o'zimni tiyib kelganman. Foydasi yo'q, gapirgan bilan...
- Jamoangiz birinchi bosqichda ham yirik hisobda mag'lubiyatga uchragandi. “SHo'rtan”ga qarshi bahsda 9ta gol o'tkazib yuborilgandi...
- Ha, to'g'ri. Lekin buni ajablanarli joyi yo'q, menimcha. “SHo'rtan” haqiqatdan ham kuchli jamoa. Ularga qoyil qolaman. Har tomonlama mag'lub bo'lgandik.
- “Oq-tepa” bilan “SHo'rtan”ni solishtira olasizmi?
- SHubhasiz g'uzorliklar kuchli ekanligini aytgan bo'lardim. “Oq-tepa” bilan o'ynasa bo'ladigan raqib.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi.
Fikrlar