Flikning ketishi adolatli bo'ldimi? Nemis futboli inqirozda! (mutolaa uchun)
15 sen 2023 20:31
Yangiliklar
Flikning ketishi adolatli bo'ldimi? Nemis futboli inqirozda! (mutolaa uchun)
Evro-2024ga 9 oy qolganida Xans-Diter Flik Germaniya termasi bosh murabbiyligidan ketkazildi. Dunyoning eng tartibli va mag'rur birlashmalardan biri uchun bu juda katta muvaffaqiyatsizlik sifatida qaraldi. Flik Germaniya termasi tarixida ilk marta istefoga chiqarilgan murabbiy bo'ldi.
Yaponiyadan uchralgan yirik hisobli mag'lubiyatdan keyin murabbiyga chiqish eshiklari ko'rsatildi. Biroq murabbiy barcha intervyularida ketmasligini va terma uchun mos murabbiyligini aytdi. Biroq Germaniya futbol ittifoqidagilar boshqacharoq o'ylashdi.
Flik "Bavariya"da ajoyib faoliyat olib bordi va 2014 yilgi muvaffaqiyatli mundialda u asosiy tirgaklardan biri bo'ldi. O'shanda u Yoaxim Levning yordamchi murabbiyi edi. Fakt shundaki, bunga qadar 4 marta jahon chempionligini qo'lga kiritgan Germaniya o'z maydonida bo'ladigan Evro oldidan ilk marta murabbiyni istefoga chiqardi. Buning alomatlari yaxshilikdan so'zlamaydi.
Keling, avvaliga Flik haqida so'zlashsak. U nemis futbolidagi eng katta hurmatga ega insonlardan biri. "Bavariya" bilan 4ta sovringa ega chiqqan va 28 yoshidayoq jarohati sababli futbolchilik faoliyatini yakunlagandi. U quyi divizion klublarida muvaffaqiyatli faoliyat olib bordi va 2006-2014 yillar davomida Levga termada yordamchi bo'ldi.
Murabbiy termaning ketma-ket 5 marta yirik turnirlar yarim finaliga chiqishida o'zining katta xissasini qo'shdi. SHuningdek, Bundestimning 2014 yilgi jahon chempionligini qo'lga kiritishida asosiy vazifani bajardi. O'shanda u jamoaning taktikasini yaralishida katta vazifani bajargan, shuningdek, murabbiylar shtabi va futbolchilar o'rtasidagi aloqalarni yaxshilagan.
Lev JCH-2014dan keyin termadan ketganidan so'ng Flik 3 yil davomida Germaniya futbol ittifoqida sport direktori bo'lib ishladi va 2017 yilda tashkilotni tark etdi. "Xoffenxaym" sport direktorligida uzoq bo'lmagan faoliyatdan keyin u 2019 yilda "Bavariya"ga bosh murabbiy Niko Kovachning yordamchisi sifatida qaytdi. Oradan 4 oy o'tib, xovratiyalikni istefoga chiqarishdi. Flik "Bavariya" boshqaruvini vaqtinchalikka qo'lga oldi va jamoa bilan super mavsum o'tkazdi.
Mutaxassis qo'l ostida "Bavariya" o'z tarixida ikkinchi marta treblga ega chiqdi. SHuningdek, ular ECHL tarixida biror marta mag'lub bo'lmasdan sovringa ega chiqqan ilk jamoaga aylandi. SHuningdek, Germaniya va Evropa Superkubogidan keyin klublar o'rtasidagi JCH sovrini qo'lga kiritilganidan so'ng Flik Gvardioladan keyin bir yil davomida egallanishi mumkin bo'lgan barcha sovrinlarni qo'lga kiritgan ilk murabbiy bo'ldi.
Flik ikkinchi mavsumida ham "Bavariya" bilan chempion bo'ldi. Biroq u Xasan Salixamijich bilan urushib qolganidan so'ng ish joyini Germaniya termasiga o'zgartirdi. Milliy jamoada ham u "Bavariya"dagi kabi ishonchli start oldi. U termadagi ilk 8 o'yinida g'alabaga erishdi va bunda jamoa jangovar o'yin namoyish qildi, xuddi "Bavariya"dagi kabi.
Biroq barchasi Qatardagi mundial oldidan bo'lgan 4 durangli va 1 mag'lubiyatli seriyadan boshlandi. JCH-2022da guruh bosqichidan chiqib ketganidan keyin ham Flik o'z o'rnida qoldirildi. O'shanda GFI Flikni Evro-2024 bahslariga termani tayyorlashini malum qildi. Biroq o'rtoqlik o'yinlarida ham ishlar o'nglanmadi.
Evro-2024ga tayyorgarlik mobaynida nemislar 6ta o'rtoqlik o'yinida qatnashib, 1 marta g'alaba qozondi holos. Peru 2:0 hisobida mag'lub qilinganidan keyin terma Belgiyaga 2:3, Polshaga 0:1, Kolumbiyaga 0:2 va Yaponiyaga 1:4 hisobida mag'lub bo'ldi. Ukraina bilan o'yinda esa arang mag'lubiyatdan qutulib qoldi, 3:3. O'shanda Joshua Kimmix bahsning so'nggi daqiqalarida penaltidan gol urib, hisobni tenglashtirgandi.
Flikning termadagi faoliyati shunday yomon yakun topdi. Uning o'rnida masuliyat vaqtinchalikka Rudi Fellerga topshirildi. U 2005 yildan keyin ilk marta termaga qaytdi va o'rtoqlik o'yinida Franciyani (2:1) ham mag'lub etishga ulgurdi. Ayni damda GFI Bundestim uchun bosh murabbiy izlamoqda. Ammo hozirda terma uchun mos ishsiz murabbiylar ko'p emas. Xo'sh, qaysi murabbiy Germaniyani qutqarib qolishi mumkin?
Germaniya futboli ayni damda nafaqat mos bo'lmagan murabbiy, balki, eski tizim sababli ham aziyat chekmoqda. Hatto nomdor bo'lgan va katta maosh oladigan murabbiy ham muammoga aylanishi mumkin. Masalan, Germaniyadagi bir faktni tan olish kerak - so'nggi paytlarda termada Miroslav Kloze kabi hujumchilar etishib chiqmadi.
Hozir yoshlarning rivojlanishi va asosiy jamoaga qo'shilishi ko'proq muammo solmoqda. GFI ushbu muammoni yangicha reformaciya orqali bartaraf qilmoqchi. Biroq ular Bundesligani ham, ikkinchi divizionni ham nazoratga olmayapti. Ligalar DFL nazoratida va tabiiyki, GFIning Bundesligaga tasiri unchalik katta emas.
"Bavariya" hali hamon Germaniyaning gegemoni bo'lib turgani uchun Bundesliga sovriniga bo'lgan raqobat unchalik katta emas. SHuningdek, moliyaviy tomonlama ham birorta klub ular bilan tenglasha olmaydi. Yana bir jihat borki, Bundesliga doimo o'z iqtidorlarini yo'qotib bormoqda. Natijada jamoadagilar tez-tez asosiy jamoadoshlarini almashtirib turishga majbur bo'lyapti.
"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Erik ten Xag aytganidek, APL futbolchisining rivojlanishi uchun Bundesliga juda zo'r joy. Yana bir yomon tomoni shundaki, futbolchilar Bundesligaga APL va LaLiga uchun tramplin sifatida qaraydi. DFL klublarga qo'shimcha homiylar qidirib, yosh futbolchilarning sotib yuborilmasligi uchun harakat qilgandi, biroq bu klublar va ularning muxlislari tomonidan juda yomon qabul qilindi. Muxlislar klublarining begona milliarderlar qo'liga o'tishini istashmadi.
SHu faktorlar sababli Germaniya Evropa chempionati oldidan inqirozli holatga tushib qoldi. Yosh futbolchilarning o'sishi sekinlashyapti va ligadagi ko'plab klublarning moliyaviy tomonlama grandlar bilan tenglashishi imkoniyatlari yo'q. Germaniyaning ayollar va erkaklar termalarining mundialdagi ishtiroki ayni damdagi mahalliy futbolning qandayligini ko'rsatib bera oldi. Biroq bu qanday qilib to'g'rilanishini hozircha bilmaymiz.
Mirjalol Normatov tarjimasi
Fikrlar