So’nggi yangiliklar

17:39ПСЖда можаро: футболчилар Луис Энрикенинг тактикасидан норози  0 17:12Сердар Азмун: "Ўзбекистон терма жамоаси сўнгги маротаба бизга жиддий муаммо туғдирганига 12 йил вақт бўлди"  21 16:58Икки турда максимал натижа: Эрон устидан тарихий ғалабага эришамиз(ми)?  5 16:36"Барселона" Войцех Шенснини Чемпионлар Лигаси учун рўйхатдан ўтказди  1 16:07"Коринтианс" молиявий муаммолар гирдобида: Депай Бразилияни тарк этиши мумкин  1 15:38"Бавария" Мусиала билан шартномани янгилаб қўймоқчи  0 15:07"Ливерпуль" ҳимоячиси билан шартномани узайтиради  2 14:40"Арсенал" "Лейпциг" ҳужумчисини сотиб олиш режасидан воз кечмаган  0 14:14Хавига МЮда ишлаш варианти таклиф этилмоқда  8 13:49"Байер" ярим ҳимоячиси "Бавария"га ўтмоқчи  1 13:21Амир Ғаленои: "Биз дастлабки икки учрашувда гол ўтказиб юбормаган ягона жамоамиз. Эрон – дунёдаги энг яхши мамлакат"  17 12:55Германия дарвозабони терма жамоага чақирувдан бош тортди  0 12:25Клопп футболга қайтмоқда!  4 11:53Жалолиддин Машарипов: "Эроннинг кучсиз томонлари ҳақида эронлик журналистлар олдида гапиришим тўғри эмас"  8 11:42Владо Радманович: "Катанец билан ўйин давомида доимий алоқада бўламиз"  16

EVRO finalidan eng quyiga. "Super Mario" qaerga g'oyib bo'ldi? Yangiliklar

EVRO finalidan eng quyiga. "Super Mario" qaerga g'oyib bo'ldi?

Aytishadiki: baxt - nisbiy tushuncha, uning ayni formulasi yo'q.

Rost. Kimdir 1 og'iz so'z bilan bu tuyg'uni his qilsa, allakim 2 kosa ovqat yoki 3 qop tilla bilan tuyadi. Eng osoni bolalarning masalasi. Kichik yoshdagi farzandingiz, ukangiz bo'lsa, arzimagan pulga olingan muzqaymoqni qo'liga tutqazayotganda ko'zlariga qarang. 5 daqiqadan keyin tugab qoladigan kichkina narsa uning uchun katta baxt. Ana shu hisni topish juda oson bo'lgani uchun ham odamlar o'limigacha bolalikni qumsab yashaydi. Ammo, atrofimizda shu shirin davri ham achchiq azoblar ichida o'tayotgan minglab, millionlab bolakaylar borligi haqida o'ylab ko'rganmisiz?

Bugun shundaylardan biri — "super Mario" bo'lishi kutilgan, biroq 30 ga to'lmay ko'zdan g'oyib bo'lgan Balotelli haqida gaplashamiz. U 1990 yilning 12 avgust kuni Palermoda ganalik muhojirlar Tomas hamda Rous Barvualar oilasida tug'ildi. Uning hayoti oson boshlanmadi. Tez-tez xastalangan go'dakning oshqozoni 2 yoshiga qadar 2 marta operaciya qilindi. SHifokorlar uning uzoq umr ko'rmasligiga amin edi. Buning ustiga, faqir oila kasalmand bolaning muolaja xarajatlarini ko'tara olmaydigan darajaga kelib qoldi. SHu tufayli hayot kurashi tug'ilishida oldin boshlangan Mario 3 yoshida badavlat Balotellilar oilasiga berib yuborildi.

Boy oilaning farzandiga aylandi, faqirlikdan qutulib, davolandi. Go'yo barchasi iziga tushgandek edi. Ammo qora tanli bo'lgani uchun maktab yillarida suratli ravishda irqchilarning asosiy nishoni bo'lib keldi. Bolakay bunga qarshi chiqa olmasdi, biroq bir kun sabrning ham chegarasi tugaydi: u katta janjal chiqardi. Haq bo'lsa-da, maktab direktori tomonidan aybdor deb topildi. Mario o'z holatini na o'qituvchilariga, na ota-onasiga tushuntira bildi. U tamoman yolg'iz edi. SHundan keyin har qanday dardni ichiga yutdi, kimsaga bildirmadi. Toki hech kim uni ezolmaydigan darajasha chiqguniga qadar...

Balotelli o'z baxtini futboldan qidirdi, butun mehrini sportga yo'naltirdi. Ilk kundan boshqa tengdoshlaridan kuchli, ustunroqligini isbotlashga kirishdi va buni uddaladi. 16 yoshida "Barselona" mashg'ulotlarida ishtirok etib, 3 o'yinda 8 ta gol urdi. Ammo katalon klubiga transfer amalga oshmadi, u uyiga yaqinroq bo'lgan Milanni, "neradzurrilar"ni tanladi. "Inter" ustozi Roberto Manchini unga juda erta ishondi. Mario jamoa uchun 17 yoshda debyut qildi, asosiy tarkibda tushgan ilk o'yinida dublga erishdi. Qora-ko'k libosda ECHLda o'ynagan eng yosh futbolchi ham u edi. Hamma Balotellining iqtidorini gapirar, yaqin kelajakning eng kuchli hujumchisi bo'lishini taxmin qilardi...

Bu orada 18 yoshli yigitcha Gana termasining taklifini rad qilib, "Skuadra Adzurra"ni tanladi. Ha, u allaqachon yulduz edi, ammo hali juda yosh, g'o'r edi. 2010 yilda "Inter" uchun o'ynayotgan Mario jamoaning azaliy raqibi — "Milan"ning muxlisi ekanini ochiqladi. Fursatni qo'ldan chiqarmagan jurnalistlar jonli efirda unga "rossonerilar" libosini kiydirishdi. SHundan keyin "neradzurrilar"ni boshqarayotgan Joze Mourinyu 19 yoshda bo'lishiga qaramay, mashg'ulotlarda Figu va Zanettidan kamroq ter to'kayotgan futbolchi bilan yo'llari ayrilishini malum qildi. 

"Inter" bilan 3 bor A Seriyani, 1 marta CHempionlar Ligasini yutgan Mario 2010 yilning yozida sobiq ustozi Roberto Manchini ishlayotgan "Manchester Siti"ga 28 mln evro evaziga ko'chib o'tdi. Ushbu transferdan sevinayotgan "Siti" muxlislari hali boshlariga kelajak voqealardan bexabar edilar. Mario ilk mavsumida "shaharliklar" uchun 28 o'yinda maydonga tushib 10 ta gol urdi. Qiziq tomoni, u umumiy hisobda 12 sariq, 2 qizil kartochka ham "ishlab oldi". Bu raqamlar bir forvard uchun ishlatilayotgan ekan, uning xarakterini tasavvur qilib olish qiyin emas.

Mario APLning kelasi mavsumida 23 o'yinda maydonga tushib, 13 gol, 1 ta assistga mualliflik qildi. O'sha bittagina samarali uzatma ham "Siti"ga tarixiy chempionlikni taqdim qilgan KPR bilan o'yinning 90+4-daqiqasida amalga oshirilgan. Go'yo maydondagi barcha ishlar joyida edi. Ammo, Balotelli doimiy ravishda OAVning nishonida bo'lib turdi: Ibragimovich uslubidagi intervyular, MYU bilan muhim o'yin oldidan hojatxonasida pirotexnikadan yong'in kelib chiqishi, chempionlikni nishonlash marosimiga kelmasligi, pul, qizlar...

Ayrimlarning devona yoki avliyoligini farqlab bo'lmaydi, deyishadi. Balotelli ham shundaylar tipidan. 2011 yilning yozida "Los-Anjeles Gelaksi" bilan nazorat o'yinida u amalga oshirgan quyidagi harakatni qilish uchun kim bo'lish kerak, bilolmadik.


Mario Italiya terma jamoasi bilan 2012 yilgi Evropa chempionatida qatnashdi va turnirning asosiy qahramonlaridan biriga aylandi. Germaniyaga qarshi yarim final bahsida nemislarni yolg'iz o'zi tiz cho'ktirdi. Hal qiluvchi o'yindagi alamli mag'lubiyat va achchiq ko'z yoshlar...

SHu o'rinda Joze Mourinyuning super bo'lolmagan Mario haqidagi xotirasini keltiramiz.

"Qozonda CHL o'yinini o'tkazyapmiz. Milito va Eto'Oda jarohat borligi tufayli hujumchilardan faqat Balotellini olib borganman. U taxminan 42 yoki 43-daqiqada sariq kartochka oldi. Kiyinish xonasida 14 daqiqa faqat Marioga gapirdim: Sendan boshqa markaziy forvard yo'q. Seni almashtirolmayman. Faqat sokin bo'l. To'pingni o'yna, tamom. To'pni yo'qotsang, qaytarib olishga harakat qilma. Mario, faqat qo'pollik ishlatma. Iltimos! U esa hammasini diqqat bilan eshitdi va tushunganini bildirdi. 2-taymga chiqdik, 46-daqiqa — qizil!", eslaydi portugaliyalik mutaxassis.

2012-13 yilgi mavsum. APLda 12 o'yin o'tkazgan hujumchi faqat 1 ta gol ura oldi. Qishki tatilga yaqin "Siti" mashg'ulotlarida Mario hamda Roberto Manchini o'rtasida janjal kelib chiqdi. SHundan keyin italiyalik mutaxassis ham erka va o'jar shogirdining qiliqlariga ortiq toqat qilolmasligini angladi. Forvard 20 mln evro evaziga Milanga qaytdi. Faqat bu gal sobiq jamoasi "neradzurrilar" safiga emas, bolalikdan muxlislik qilgani "rossonerilar" lageriga. (Eng qizig'i, asrga tatigulik shuncha voqealarni boshdan o'tkazgan futbolchi endigina 22 yoshda edi)

Mavsum oxiriga qadar qizil-qora libosda 13 o'yin o'tkazib, 12 ta gol urgan forvard o'ziga xos "kambek"ni amalga oshirdi. "Milan" tarkibidagi kelasi mavsum ham o'yinchi uchun yomon chiqmadi: 41 o'yin, 18 gol, 8 assist. Ammo, jamoaning ishlari joyidamasdi. A Seriyani 8-o'rinda yakunlagan "Milan" Balotellini 20 mln evro evaziga "Liverpul"ga sotdi.

Biroq, nozik didli yigitga Mersisayd havosi yoqmadi. Uning "Liverpul"dagi eng esda qolarli ishi "Real" bilan o'yinning tanaffusida raqib himoyachisi Pepe bilan libos almashgani bo'ldi, xolos. O'shanda har haftaning dam olish kunlarini "Enfild"da o'tkazadigan ishqibozlarning g'azabini hammadan ko'proq Mario his qilgandi.

Keyin "Milan"ga qaytish, Franciyaga safar, "Nicca", "Marsel"... Ammo, Balotelli hech qachon o'zidan kutilgan o'yinni namoyish qilib berolmadi. U allaqachon kayfiyat futbolchisiga aylanib bo'lgan edi. Mashg'ulotlardagi tanballik, bazan mashqlarni butunlay o'tkazib yuborish, ko'ngilxushlik, sayohatlar — Mario nomining oldiga "super" sifatini qo'shishimizga halal qildi. 

O'jar, janjalkash va mutlaq noprofessional forvard ortiq hech kimga kerakmasdi. Bir paytlar dunyoning eng kuchli hujumchisi bo'lishi taxmin qilingan vunderkind 29 yoshida A Seriya debyutanti va autsayderi "Breshia" darajasiga tushib qolgan bo'lsa, 30 yoshida B Seriyaga yo'l olib, "Monca" tarkibiga qo'shildi. 10 yil oldin OAV u haqda tinimsiz gapirar, muhokama qilar edi. Bugun esa muxlislarning yodidan ham ko'tarilishga ulgurdi.

Balotelli degan nomning buyuklar qatoriga emas, o'z iqtidoriga xiyonat qilganlar karvoniga qo'shilib qolishiga nima sabab bo'ldi? Bu savolga javoban kimlar u og'ir bolalik va irqchiliklar uchun barchadan o'ch olganini aytsa, kimlar o'ziga mos muhitni, jamoa va sheriklarni topolmaganini ro'kach qiladi. Balki, bu fikrlarda ham jon bordir. Lekin, bir narsa aniq. Balotellini hech kim sindirmadi. U o'ziga, o'z nafsiga engildi, o'z dunyoqarashining qurboni bo'ldi. Aks holda, bugun 2021 yilgi "Oltin to'p"ni Kante oladimi, unga berishadimi qabilidagi savollarga o'rin qoldirmas edi.

P.s. Bir paytlar shunday fikr o'qigandim: "Balotelli oq tanli bo'lib tug'ilsa va irqchilik bilan bog'liq muammolarga duch kelmasa, Messi-Ronaldu erasini shu yigit tugatardi". Muallif asli ganalik yigitning iqtidori haqida gapirgan, etiroz yo'q. Ammo, buyuk bo'lish uchun tashqi ko'rinish yoki terining rangi muhim bo'lganda, bugun Peleni tanimasdik. 

Yuqorida aytganimizdek, Mario bor vaqtini boshqalar bilan kurashishga sarflab, o'ziga engildi. Uning xatolarini siz takrorlamang...

Faxriddin Ro'ziev

Muallif :
Reyting: +36   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика