Eshagingni asra, Afandi
15 jan 2023 16:00
Yangiliklar
Eshagingni asra, Afandi
Buxoro shahrining markazida joylashgan hamda ikki yildan oshiqroq vaqt davomida "muolaja" qilinib, yaqindagina qayta bo'y cho'zgan holda O'zbekiston kubogi finalini o'zida qabul qilgan Buxoro markaziy stadioniga kelasi gal janozasi uchungina tashrif buyurishimiz mumkin.
Xabaringiz bor, “Enter Engineering” kompaniyasi Buxoro shahri markazida turizm markazini qurishi haqida xabarlar tarqaldi. Bundan ehtimoliy maqsad turizm sohasini rivojlantirish hamda tarixiy viloyatga tashrif buyuradigan xorijlik turistlar sonini oshirish ekanligi malum va ularning ortidan malum mablag' ham ishlab olinadi.
Davlat statistika qo'mitasi malumotlariga ko'ra, 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida O'zbekistonga 3,6 mln chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Ehtimol bu ko'rsatkich yil so'ngiga qadar 4,5 mlndan oshgandir. Ularning katta qismi fontani raqsga tushadigan yangi shaharchalarga emas, tarixiy qadamjolarimizni ko'zdan kechirish ilinjida tashrif buyurishi sir emas. Yangi turizm markazi qurilgan taqdirda ham yuqoridagi ko'rsatkichlar qanchaga oshishini Vanga xonim ham aytib berolmaydi.
SHu o'rinda miloddan avvalgi asrlarga emas, bundan bir oy ilgari bo'lib o'tgan Qatardagi jahon chempionatiga etibor qaratmoqchiman. Qariyb bir oy mobaynida arab o'lkasiga to'rt yillikning eng nufuzli musobaqasini tomosha qilish uchun 3 404 252 nafar muxlis tashrif buyurgan. Albatta, ularning barchasi ham futbol sohasida fan doktorligini yoqlamagan. Ko'pchilik shunchaki turnir bahona o'ziga xos atmosferada sayohat qilishni istagan. Ular orasida hattoki futbolga umuman qiziqmaydigan shaxslar bo'lganiga ham shubhalanmayman. Qatar ham futbol bahona o'z turizm salohiyatini ancha yuksaltirib oldi.
To'g'ri, O'zbekistonning bu kabi yirik turnirlarini qabul qilishiga hali qanchadan-qancha qovun pishig'i bor. Ammo hozirgi salohiyatimiz ham qita miqyosidagi musobaqalarni o'tkazishga hozirlik ko'rib bormoqda. O'tgan yili 23 yoshgacha bo'lgan yigitlar o'rtasidagi Osiyo chempionati muxlislar o'rtasida qanchalik qiziqishga sabab bo'lganini o'z ko'zimiz bilan ko'rdik. Hattoki, turnirning hal qiluvchi o'yini uchun chiptalar narxi qo'lda "limon"ga chiqib ketdi. Turnir davomida 154 134 nafar kishi stadionlarga tashrif buyurgan. Ular orasida albatta, xorijiy mamlakat vakillari ham etarlicha bo'lgan hamda ko'pchiligi ko'hna va navqiron shaharlarimizga tashrif buyurgan bo'lsa, ajabmas. Qolaversa, turnir faqatgina poytaxtda emas, Qarshidagi stadionda ham o'tkazildi. SHu orqali ko'pgina xorijiy mamlakatlar Qashqadaryo, SHahrisabz kabi vohalar haqida ham xabardor bo'lishdi.
SHuningdek, joriy yilning mart oyida 20 yoshgacha bo'lgan yoshlar o'rtasida Osiyo kubogini ham diyorimiz o'z stadionlarida o'tkazadi. SHu bilan birga, bir qator o'yinlarga Farg'ona mezbonlik qiladi. Demak, vodiyga ham ko'klamda anchagina chet ellik do'st-birodarlarimiz tashrif buyuradi. Albatta, ular orasida terma jamoa azolaridan tashqari ularni qo'llab-quvvatlash uchun ham ishqibozlar guruhi etib kelishi, shubhasiz. Buxoro ham kelgusida xalqaro o'yinlarni qabul qilish darajasiga etib borayotgandi.
Musobaqalarni bir chetga surib qo'yaylik. 1957 yil qurilgan mashhur "Kamp Nou" stadionining muzeyi yiliga 2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi. Bu Kataloniyadagi eng ko'p tashrif buyuriladigan muzeylardan sanaladi. Kataloniyaga tashrif buyurgan sayyoh borki, albatta, ushbu stadion bilan yuzlashmasdan ortga qaytmasa kerak. Muzeyga kirish narxi 31.50 evrodan boshlanadi (taxminan 387 ming so'm) va xizmatlariga qarab 129 evrogacha baholanadi. Championat.asia xodimi Tolibjon Qosimovning ushbu stadionga sayohati to'g'risidagi maqolasi ham elon qilingandi. Mullajiringni sanashga ishtiyoqmand kishilar ham birgina stadion va undagi xizmatlar orqali qancha mahalliy va xorijiy shaxslarni jalb etish hamda qancha daromad qilish mumkinligini kalkulyatoriga solib ko'rishi mumkin.
Qolaversa, Buxoro xalqi ham futbolni yaxshi ko'radi. Jamoaning o'z maydonida o'tkazgan so'nggi beshta o'yiniga o'rtacha 6711 nafar tomoshabin tashrif buyurgan. Bu Pro-liga musobaqasi uchun yaxshi ko'rsatkich sanaladi. Yangi mavsumda esa jamoa Superligada ishtirok etadi va tabiiyki, muxlislar sonining ham ortishi shubhasiz.
25 ming o'ringa mo'ljallangan stadion faqatgina futbol uchun xizmat qilmaydi. Sport majumada ko'plab yoshlar turli yo'nalishlarda shug'ullanishi mumkin. Qolaversa, tongda yoki quyoshbobo o'z ishini yakunlab, o'z yotog'iga ravona bo'lish arafasida kimdir stadion bo'ylab yugurishi, boshqa kimdir shunchaki sayr qilish mumkin. Stadion va uning atrofida turli xizmatlarni yo'lga qo'ygan holda u erni ajoyib ko'ngilochar maskanga aylantirish mumkin, buning uchun milliardlab mablag'ni sarflagan holda uni kunpayakun qilib, qaytadan qurish shart emas, mening nazarimda.
Buxoro viloyati hokimining aytishicha, Buxoro markazidagi stadion avvalgidan ziyoda qilingan holda yangisi qurilgandan keyin buzilishi takidlangan. Stadion asfalt qoplamasi emaski, uni kimningdir tashrifi arafasida bir kechada bitirib qo'ya qolishsa. Yangi maydon uchun ham kamida ikki-uch yil vaqt hamda Benjamin Franklin surati tushirilgan qog'ozlardan ancha-munchasi kerak bo'ladi. Tasavvur qilishiningiz uchun, "Million" jamoasi tomonidan iftixorimiz sifatida tilga olingan "Bunyodkor" stadioni qurilishi uchun 270 mln "ko'kidan" sarflangan. Tadbirkorning o'z cho'ntagidan bitta stadion uchun ushbu summaning yarmichalik pul sarflashiga ham ishonish qiyinroq.
Umid qilamizki, Buxoro aholisining Prezidentga murojaati beetibor qoldirilmaydi. Zero, mamlakat rahbari o'z nutqlarining birida "Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz", deya takidlab o'tgandi. Aks holda, Toshkent futbol klublari soni yana bittaga ko'payishi mumkin.
Tarixiy yoki diqqatga sazovor maskanlarining buzib tashlanishiga o'rganib qoldi odam. Aholi sayr qiladigan joylarning ko'payishi yaxshi hol. Ammo ularni bunyod etish uchun qadrli yoki tarixiy maskanlardan voz kechish kerak degani emas. Yangilanish rivojlanish uchun xizmat qiladi, lekin daraxtlarni kesish yoki inshootlarni buzish hisobiga emas, balki ularni asrab-avaylagan holda amalga oshiriladi. Yo'qsa, 1950 yil bunyod etilgan hamda ne-ne daholarni ko'rgan "Marakana" 2014 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilmagan bo'lardi. Kimdir hamma narsani tag-tugi bilan yangilash istagida bo'lsa, erta-indin Labi Hovuzda bo'y cho'zib turgan Afandining eshagini ham almashtirish fikri unda uyg'onishi mumkin hamda milliy obrazimiz egasini ot ustida boringki, elektrokar ustida ko'rishimiz mumkin. Haykali ham rahmatli bo'lib ketmasa, albatta.
Aytishlaricha, SHavkat Mirziyoev jamoatchilikning etiroziga sabab bo'lgan Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz qurishni to'xtatishga topshiriq bergan. SHuningdek, "Buxoro" futbol klubiga tegishli bo'lgan stadion buzilmasligi ham aytilmoqda. Ushbu turizm markazi boshqa hududda qurilishi mumkin. Bu yaxshi yangilik.
Fikrlar