So’nggi yangiliklar

19:57Кувайт — Ўзбекистон. Жамоамиз вакиллари стадионда  0 19:55"Боруссия"нинг ЕЧЛдаги муваффақияти МЮга 3,4 миллион фунт фойда келтирди  0 19:34"Ньюкасл" Англияда уй қураётгани туфайли клубдан кетишни истамаяпти  5 19:10Равшан Аҳмедов: "Олимпик"нинг барча жабҳаларда "Локомотив БФК"дан устунлиги кўриниб турди"  0 19:04Сервер Жепаров: "Ўзбекистон кубогида гуруҳдан биринчи ўрин билан чиқиш вазифаси қўйилган"  2 18:55Ўзбекистон U-23 терма жамоасининг Кувайтга қарши таркиби маълум  19 18:52Февзи Давлетов: "Учрашув биз учун осон ўтмади"  0 18:34Ўзбекистон Кубоги. "Олимпик MobiUZ" ва "Локомотив" баҳсида 4 та гол, 2 та қизил карточка кўрсатилди   1 18:30Ўзбекистон кубоги. "Локомотив"да кутилмаган дуранг, "Олимпик"да йирик ғалаба ва бошқа натижалар  3 18:22РПЛ. "Рубин" ва "Локомотив" муроса кўчасини танлашди, ҳакам Ашурматовга қизил карточка кўрсатди  0 18:07Ўзбекистон Кубоги. "Сурхон" "Чиғатой" билан ўйинда иродали ғалабага эришди  1 18:00Гвардиола "Челси"га қарши ўйиндан аввал Палмерни мақтаб қўйди  1 17:38"Рома"нинг Лукакуни сотиб олишга пули йўқ  3 17:00Ироқ ОТЖ етакчиси: "Ўзбекистон кучли терма жамоа эканлигига шубҳа қилмаймиз, аммо плей-офф ҳақида ўйлашга ҳали эрта"  13 16:36Туркманистон клуби Гиннес рекордини янгилади, бироқ у тан олинмади. Нима учун?  20

Erkin ijod. Samvel Babayan - o'z oldiga maksimal maqsadlarni qo'yadigan inson Yangiliklar

Erkin ijod. Samvel Babayan - o'z oldiga maksimal maqsadlarni qo'yadigan inson

Anchadan beri Samvel Babayan haqida erkin ijod tarzida maqola yozish niyatida edim. Babayan mavzusiga to'xtalish bugunga nasib qilgan ekan.

Quyida so'z boradigan maqolani futbolda 15 yildan beri qalam tebratayotgan jurnalistning Babayan borasidagi ichki kechinmalari deb qabul qilasiz. Bu maqola kimgadir yoqishi, kimgadir yoqmasligi mumkin, ammo shuni aytish kerak, Samvel Vyacheslavovichni bir necha yildan beri ozmi-ko'pmi bilganim uchun u kishi haqida o'z bilganlarimni yozishga qaror qildim. 

5 sentyabr, 2017 yil 

Bu kunni unutish oson bo'lmaydi. Salkam ikki yil oldin aynan shu kuni jahon chempionatiga chiqishimizga bir bahya qolgandi. O'z maydonimizda Janubiy Koreyani 1:0ga yutsak ham marra bizniki edi. 2017 yilning 5 sentyabr sanasida “Bunyodkor” stadioni muxlislar bilan liq to'ldi. Barchaning ko'zida mundial umid uchqunlari porlardi. Muxlislar o'z sevimli terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini ko'raman deb hashamatli stadionga kelgan, tribunalarda bo'sh o'rindiqlar yo'q edi. 

JCH-2018 saralash bosqichidan o'rin olgan O'zbekiston - Janubiy Koreya o'yini boshlandi. Bizga faqat g'alaba zarur edi. Raqibni esa durang ham qoniqtirardi. Biz bilan parallel ravishda Tehronda Eron - Suriya bahsi start olgan, deyarli barcha Eronning g'alabasiga shubha qilmasdi. Biz shu kuni zo'r o'yin ko'rsatdik deya olmayman. Raqib Janubiy Koreya bo'lgani uchunmi, yigitlar biroz hayiqib harakat qilishdi. Oxirgi soniyalarga qadar 0:0 hisobi saqlanib turdi, hozir jamoamizdan kimdir gol urib o'zbek xalqining azaliy orzusini ro'yobga chiqarishini kutdik. Ammo unday bo'lmadi. O'yin 0:0 hisobida yakun topdi. 

Endi o'z omadimizni pley-offda sinab ko'ramiz deb turgan bir paytda Tehrondagi bahs 2:2 tugadi. Omar Al Soma qandaydir oxirgi daqiqada Eron darvozasiga to'p kiritib jamoasini pley-off sari etakladi. “Ozodi” stadioni shu payt qanday holatga tushganini bilmadig-u, lekin “Bunyodkor” stadioni uchun bu haqiqiy shok edi. Axir qanaqasiga Eron o'z maydonida Suriyani enga olmasligi mumkin? 

Eron o'z uyida Suriya bilan 10 marta o'ynasa shundan to'qqiztasida g'alaba qozonadi, lekin afsuski o'sha bir durang 2017 yilning 5 sentyabriga to'g'ri keldi. O'ylab qarasak, oxirgi ikkita jahon chempionati saralashida aynan Eron bizni bort ortida qoldirib ketibdi. Avvalgi saralashda Eron safarda Janubiy Koreyani 1:0 hisobida mag'lub etib, bizdagi yarimta imkoniyatni yo'qqa chiqargandi. Oxirgisida esa Suriyani enga olmay yana bizni chetga surib qo'ydi. 

Xullas o'yin 0:0 tugadi. Hamma karaxt holda. Jahon chempionati tugul pley-offdan ham umid uzildi. Bizga bittagina g'alaba etmay qoldi. Media tribunadan matbuot anjumani xonasiga tushar ekanmiz, o'z navbatida sektorlarni tark etayotgan muxlislarga etiborimni qaratdim. Hamma jim ketardi. Hech kim terma jamoani haqorat qilmas, oldinlari bo'lganidek “pozor” so'zi eshitilmas, go'yoki hamma o'zi uchun juda qadrli narsani kutilmaganda yo'qotib qo'ygandek jim bo'lib qolgandi. 

Pastga tushib matbuot anjumani xonasiga kirdik. Kayfiyat yo'q. Dastlab Janubiy Koreya bosh murabbiyi kirib bir narsalar deb ketdi. Keyin O'zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Samvel Babayan kirib keldi. Qanday imkoniyat qo'ldan boy berilgani Babayanning qiyofasidan ham malum edi. U o'yin haqida ikki og'iz gapirib, hozir savollarga javob beradigan ahvolda emasman, meni to'g'ri tushuninglar, terma jamoada ishlagan paytim ko'p gaplar bo'ldi, vaqti kelsa hammasini aytib beraman dedi-yu, boshqa gapirmay chiqib ketdi. Yig'ilib qolgan savollar issig'ida berilmay qoldi. Zaldagi jurnalistlar sarosimaga tushdi: nahotki bosh murabbiy savollarga javob bermasa. Nailoj bu Babayanning tanlovi edi. 

Babayanni nega ko'pchilik yomon ko'radi? 

Rostini aytish kerak, Samvel Babayan deb gap boshlasangiz odamlarning jahli chiqadigan bo'p qolgan. Bazilar o'sha odam haqida umuman gapirma, otini eshitishni ham xohlamayman deydi. Bularning hammasiga bitta narsa sabab: jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz. Lekin masalaga boshqa tomondan yoshdashadigan bo'lsak, avvalgi murabbiylar ham jahon chempionatiga chiqa olmagan. Xorijliklarni qo'ya turaylik, o'zimizdan Vadim Abramov, Ravshan Haydarov, Rauf Inileev, Mirjalol Qosimov - bular ham urinib ko'rishdi. 

Yani terma jamoa shuncha payt jahon chempionatida o'ynab faqat Babayan davrida mundialdan quruq qolgani yo'q. Lekin meni bir savol o'ylantiradi: odamlar nima uchun faqat Babayanni yomonlaydi? Axir terma jamoada undan oldin ishlaganlar bilan ham shu holat bo'lgan-ku?!

To'g'risi, bu savolga javob berish oson emas va savolning javobini hamma o'zicha izlaydi. Kimdir Babayan terma jamoada faqat o'zining futbolchilarini o'ynatdi deydi. Kimdir terma jamoani boshqargan yillari OAV bilan kam muloqot qildi deydi. Har ikkisi fikrda jon bor. 

Albatta, har qanday murabbiyda futbolchilar borasida o'z tanlovi bo'ladi, chunki natijaga murabbiy javobgar. U kimni xohlasa shuni qo'l ostiga chaqiradi. Bu borada yaxshisi bahslashmagan maqul. Ammo OAV bilan muloqot qilish boshqa masala. CHindan ham Babayan terma jamoani boshqargan yili jurnalistlar bilan kam gaplashdi. Juda ko'p mashg'ulotlari yopiq tarzda o'tdi, lekin hozir Ektor Kuper ham shu yo'ldan boryapti.

Babayan matbuot anjumanlaridan birida qo'l ostidagi tarkib O'zbekiston futboli tarixidagi eng kuchlisi degandi. Biz juda yaxshi bilamiz, bu tarixdagi eng kuchlisi emasdi. Agar jahon chempionatiga chiqqanimizda unda boshqa gap edi. Tarixdagi eng kuchlisi deyish avval o'ynab ketganlarga nisbatan birmuncha hurmatsizlik bo'lishi mumkin, biroq Babayan bu o'rinda futbolchilarni ruhlantirmoqchi bo'lgan va futbolchilar shu orqali o'z kuchlariga yanada ko'proq ishonishlarini tasavvur qilgan.

O'ylashimcha, Babayan terma jamoani boshqargan payt OAVda kam ko'rinish bergani, asosan matbuot anjumanlarida savollarga javob berish bilan cheklangani hamda alohida intervyu deyarli bermagani jurnalistlarning noroziligiga sabab bo'ldi va shu sabab uni himoya qiluvchilar qolmadi. Masalan, Abramov, Qosimov, Inileev kabi mutaxassislar bilan bunday hol kuzatilmagandi, shu bois matbuot hozir ham ularni jiddiy tanqid qilmaydi. Demak, bu o'rinda ko'p narsa OAV bilan hamkorlikka bog'liq.

Endi terma jamoaga qaysi futbolchini chaqirish bu hech kim aralashmaydigan masala. Har bir murabbiyning o'z yoqtirgan futbolchisi bo'ladi. Kuperda yo'q deysimzmi? Kuperda ham bor va bu futbolchilar kimligini nomma-nom aytish shart emas. Zukko muxlislar Kuperning yoqimtoylarini allaqachon bilib olgan. Murabbiyning o'yin uslubi va mashg'ulotlarda jamoani qanday shug'ullantirishini istagancha muhokama qilish mumkin, amma tarkibga kimlarni jalb etishini o'ziga qo'yib bergan maqul. 

Muxlislar Babayan terma jamoaga o'yini qovushmasa ham nuqul Sergeevni chaqiraverdi, ortiqcha vazni bo'lsa ham darvozaga Lobanovni qo'yaverdi deydi. Endi nima ham derdik, bu murabbiyning tanlovi. Qolaversa Sergeev O'zbekistondagi eng yaxshi hujumchilardan biri, faqat o'sha payt u “chuqur”ga tushib qolgandi va bunday paytda murabbiy unga dam bersa foydadan xoli bo'lmasdi. Babayan esa o'yini qovushmayotgan Sergeevni tinmay o'ynataverdi. Lobanovga kelsak, u bir nechta o'yinda terma jamoamizni muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Nesterov kuchli edi, biroq murabbiyning tanlovi Lobanov bo'ldi. Hozir Ektor Kuper ham eng kuchli darvozabon qolib boshqasiga ishonch bildirishi mumkin. CHunki uning nazdida boshqa darvozabon kuchli ko'rinadi.

Terma jamoadagi muvaffaqiyat 

Oxirgi o'yindagi durang va jahon chempionatiga chiqa olmaganimizni aytmasak, Samvel Babayan terma jamoada muvaffaqiyatli ish olib bordi deyish mumkin. Esingizda bo'lsa, Babayan terma jamoa KXDRga 2:4 hisobida mag'lubiyatga uchraganidan so'ng bosh jamoani qabul qilib olgandi. Uning debyuti 2015 yilning 3 sentyabrida Yaman bilan o'yinga to'g'ri keldi. Bu o'yinni Geynrix tomonidan urilgan yagona gol evaziga 1:0 hisobida o'z foydamizga hal etganmiz. 

SHundan so'ng ketma-ket g'alabalar boshlandi. Terma jamoamiz JCH-2018 ikkinchi saralash bosqichini ketma-ket 7ta g'alaba bilan tugatdi. Raqiblar darvozasiga 18ta to'p kiritib, o'z darvozamizdan atigi 3ta gol o'tkazib yubordik. Terma jamoamiz Yaman, Filippin, Bahrayn, KXDR va Livanga qarshi bahs olib borgandi. Ayniqsa safarda Bahraynni 4:0 va Filippinni 5:1 hisobida mag'lub etganimizni unutish qiyin. 

Keyin saralashning hal qiluvchi bosqichi boshlandi. Endi birmuncha kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushishimizga to'g'ri kelgandi. 2016 yilning 1 sentyabr (Mustaqillik bayrami) kuni o'z maydonimizda Suriyani 1:0 hisobida mag'lub etish bilan hal qiluvchi bosqichni boshlab oldik. Undan keyin safarda Qatar ham shu hisobda mag'lub etildi. SHu tariqa Samvel Babayanning terma jamoadagi ketma-ket g'alabalari 9taga etib, bu borada mutlaq rekord o'rnatdi. CHunki hech qaysi murabbiy O'zbekiston terma jamoasi bilan qatorasiga to'qqizta bellashuvda zafar quchmagandi. 

Ammo 10-bahsga kelib omad yuz o'girdi. Toshkentda Eron terma jamoasiga 0:1 hisobida yutqazib qo'ydik. O'shanda teng kurashlar ostida kechgan, faqat birgina standart vaziyatdan raqib yutib ketgan o'yin bo'lgandi. Hartugul keyingi turda yana g'alaba biz tomonda bo'ldi. Marat Bikmaev va Otabek SHukurovning gollari tufayli uyda Xitoyni 2:0 hisobida taslim etdik. Lekin shundan so'ng ketma-ket ikkita mag'lubiyat og'ir botdi. Seulda Janubiy Koreyaga 1:2 (Marat Bikmaev maydon markazidan gol urgan) va Malayziyaning qaysidir shahrida yutishimiz kerak bo'lgan o'yinni Suriyaga 0:1 hisobida yutqazib qo'ydik. 

Toshkentda Qatarni enganimizdan so'ng yana ketma-ket ikkita mag'lubiyat kuzatildi. Tehronda Eron terma jamoasiga 0:2 va Xitoyda mezbonlarga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdik. Va oxirgi turga kelib Janubiy Koreya bilan 0:0 o'ynadik. Afsuski, oxirgi uchta bellashuvda to'p kirita olmadik, qolaversa Xitoydan kamida durang bilan qaytishimiz kerak edi. Lekin bu - futbol, bazan harqancha harakat qilganing bilan o'ylaganing amalga oshmaydi. 

Diskvalifikaciya va qaytish 

SHunday qilib jahon chempionatiga chiqish umidi puchga chiqdi. Biz yana bort ortida qoldik. Vazifa bajarilmagach hamma bosh aybdor sifatida Babayanni ko'rsata ketdi. Odamlar kim aybdor degan savolga hech ikkilanmay Babayan deya boshlashdi. To'g'ri, undan ham ayb o'tdi, lekin aybdor faqat murabbiy emasdi, vazifa bajrilmadimi futbolda hamma aybdor bo'ladi: federaciyadan tortib futbolchilar, murabbiylar shtabi va hatto jurnalistlargacha. Bu o'rinda beayb faqat muxlislar. CHunki ular jamoani oxirigacha qo'llab turishdi. 

O'sha yili federaciyada katta o'zgarish bo'ldi. Umid Ahmadjonov rahbar sifatida katta futbolga kirib keldi. O'FF nomi O'FAga o'zgardi. Ahmadjonov bir qator ishlarni amalga oshirdi va shulardan biri Samvel Babayanni hech qanday asossiz futboldan chetlatish bo'ldi. Sababi terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqa olmagani deb ko'rsatildi. Vaholanki bungacha boshqalar ham bu vazifani uddalay olmagandi. 

Natija ko'rsatmaganlikda ayblab futboldan chetlatish g'irt absurd. Bo'lib ham biz yashayotgan jamiyatda bu gap umuman qolipga to'g'ri kelmaydi. Keyin malum bo'lishicha, Babayan “Bunyodkor” futbol klubi kafilligi ostida kechirilgan ekan, biroq O'FA bu haqda umuman oshkor malumot bermagan. Murabbiyni chetlatib matbuotda bong urgan tashkilot negadir uning kechirilgani haqida lom-mim demadi, bunisiyam qiziq. 

Samvel Babayan kechirilganidan so'ng biroz muddat Latviyada ishlab keldi. Va shu yilning 26 fevral sanasida “Lokomotiv” futbol klubi rahbariyati taklifiga ko'ra, klub prezidenti maslahatchisi lavozimida ish boshladi. Babayan ishni bolalar futboliga etibor qaratishdan boshladi. Avvalo “Lokomotiv” bolalar va o'smirlar futbol maktabi poydevorini mustahkamlashga harakat qildi. Maktab murabbiylarining har biri bilan alohida dastur bo'yicha ishladi. 

Bu orada “Lokomotiv” Osiyo chempionlar ligasida o'ynab qatorasiga uchinchi yil guruhdan chiqa olmadi. Superligada natijalar ortga keta boshladi. Jamoa Samarqandda “Dinamo”ga imkoniyatni boy bergach, klub rahbariyati Andrey Fyodorovni istefoga chiqarib, o'rniga Samvel Babayanni bosh murabbiy etib tayinladi. 

Babayan haqida soatlab gapirish mumkin. Uning terma jamoa va “Paxtakor”dagi ishini istagancha muhokama qilsa bo'ladi. Lekin fakt shuki, aynan Babayanning zukko menejerligi tufayli “Paxtakor” klubda pul yo'q kezlari ham oyoqqa tura oldi va doim yuqori maqsadlar uchun kurashdi. Bu o'rinda Babayanning tutgan roli katta. SHu bois ham Samvel Vcheslavovich nomi “Paxtakor” bilan chambarchas bog'liq deya olamiz. 

Kim biladi deysiz, balki Babayan bo'lmaganida “Paxtakor” og'ir kunlarni boshdan kechirgan yillari pulsizlikdan qiynalib pastga tushib ketishi ham mumkin edi. Bu tomondan olib qarasak, Samvel Babayanni har qanday holatda ham o'z oldiga maksimal maqsadlarni qo'yadigan inson desa bo'ladi. Endilikda O'zbekistonning ikki karra "Eng yaxshi murabbiyi" (2014-2015 y.) "Lokomotiv" bilan ham yuqori marralarni zabt etishni maqsad qilgan. 

X.Xoliqov.

Reyting: -462   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика